Nodir maʼlumotlar

“Sulton 625 (1227)-yilda Isfahondan chiqib, Gurjiston sari yoʻl oldi. Oʻsha yili uning qasos va gʻazabidan qoʻrqqan Rum va Suriya sultonlari, Gurji, Alon, Loʻgʻz (lazgin), Sarir (avar), Qifchoq, Suan, Abxaz, Shonat hukmdorlari... Sultonni yoʻq qilish uchun birlashgan va xuddi bir qilichdek holatga kelgan edilar.

Sulton... Mindurga (baʼzi manbalarda Mindoriy, Bulmisiy) borib, u yerda istehkom qurdi. Dushman askarlari yaqinlashgach, doʻmbira va surnay sadosi bilan erkag-u urgʻochi tuyalarning ovozi oʻzaro qorishib ketdi. Lashkarlar qator-qator boʻlib, jangovar holatda kutib turdilar. Qarshi tomonning qoʻshiniga qiyoslaganda Sultonning qoʻshini dengiz oldidagi daryoga oʻxshardi.

...Sulton gurji qoʻshini qoʻmondoni Ivanega elchi joʻnatib, “Sizlar uzoqdan keldingizlar... charchagansizlar. Shuning uchun birdan jang boshlamaylik. Avval ikki tarafdan pahlavonlar maydonga chiqib kurashsinlar...” deb xabar yubordi. Bu taklifni Ivane qabul qilgach, har ikkala tomondan maydonda jang qiluvchilar tanlandi.

Gurji tomondan togʻdek jussali pahlavon, unga qarshi Munkar kabi Sulton maydonga chiqdi. Lashkari xavotirlanib turganda Sulton takbir aytib, bir hamla qilib oʻsha malʼunni otdan yiqitib, narigi dunyoga joʻnatdi. Uning uch oʻgʻli navbatma-navbat Sultondan yegan zarba oqibatida ota izidan jahannamga ravona boʻldi. Ularning ketidan Bisutun togʻi kabi vujudli, ustun kabi nayzaga ega boʻlgan va fil kabi hayvonning ustiga minib boshqa bir Aznovur (gurji tilida polvon) Sulton qarshisiga chiqdi.

Sultonning oti charchagan, yurishga yaramaydigan holga tushgan edi. Sulton otini erkalatib, “hayyu hayt” deya dalda berdi. Ot qaytadan kuchga kirdi. Sulton Aznovurning hujumlarini qoʻlini pana qilib qaytardi. Ammo Aznovur hujumni tezlashtirib, Sultonni yarador qildi. Sultonning ahvoli tobora ogʻirlasha boshladi. Ana shunda kutilmagan voqea roʻy berdi. Aznovurning navbatdagi hujumiga chap bergan Sulton koʻkka sapchigan ot ustidan raqibi boshiga nayza tushirdi. Aznovur bor boʻyi bilan Sulton otining oyoqlari ostiga quladi. Har ikki tomon lashkari Sultonning faqat Zol oʻgʻli Rustam qila oladigan ishni uddalaganini koʻrgach hayratdan yoqa ushladi. Bundan gurji qoʻshini sarosimaga tushdi, Sulton lashkarining esa qoʻrquvi gʻoyib boʻldi.

Sulton qamchisi uchi bilan hujum buyrugʻini bergach, lashkarlar jangga kirdi. Bir onda gurjilar ortga oʻgirildi. Mana shunday tarzda gʻalabaning dastlabki belgilari koʻrindi, gʻoliblikning sarin nuri har tomonni qamradi. Oʻsha jangdan keyin Paygʻambar dinining tamali quvvatlanib, Sultonning haybati va buyukligi jamiki qalblarga oʻrnashdi, hukmdor-u amaldorlar uning xizmatiga kirmoq uchun navbat olib, saf tortdi”.

Bu tarixiy lavha atoqli muarrix Olovuddin Otamalik ibn Bahovuddin Muhammad Juvayniyning (1226–1283) “Tarixi jahongusho” (“Jahon fotihi tarixi”) asaridan olingan. Muallif soʻnggi xorazmshoh Sulton Jaloliddin Manguberdining (Mengburniy) salkam 40 mingli lashkar bilan 80 ming sonli gurji qoʻshinini magʻlub etganidan naql qiladi.

Asardagi bu tarixiy lavhaga alohida eʼtibor qaratayotganimiz bejiz emas. Gap shundaki, xalqimizning moʻgʻullarga qarshi ozodlik kurashida yuksak jasorat va matonat koʻrsatgan Jaloliddin Manguberdi va uning safdoshlari taqdiriga oid ushbu maʼlumot “Jahongusho”dan boshqa birorta tarixiy asarda uchramaydi.

Muarrix Sulton Jaloliddinni “Sulton Muhammadning oʻgʻillari orasida yosh jihatdan kattasi, jasorat va bilim jihatdan ustuni, saltanat toji va ilohiyot chirogʻining nuri” deb taʼriflaydi. Xorazmshoh Olovuddin Muhammad bilan oʻgʻli Jaloliddin oʻrtasida oʻzaro hurmat-ehtirom nihoyatda kuchli boʻlgan. Lekin urush ota-oʻgʻil munosabatiga ham maʼlum darajada putur yetkazadi. 1219-yilda moʻgʻullar Xorazmshohlar davlatiga urush boshlaganda Olovuddin Muhammad hujum emas, mudofaa usulini tanlaydi. Jaloliddin esa otasi tanlagan yoʻlni maʼqullamaydi, unga eʼtiroz bildiradi. “Qoʻshinni guruhlarga ajratgan holda shaharlarga boʻlib tashlash, moʻgʻullarga qarshi kurashda himoya usulini tanlash, dushmanni koʻrmasdanoq qochishga urinish davlat va aql sohibi qiladigan ish emas. Agar Sulton dushmanga qarshi turishni, u bilan jang qilishni istamasa va yurtni himoya qilmasdan qochish fikrida boʻlsa, u holda fursatni boy bermasdan va oyoqlarimiz halokat botqogʻiga botmasdan jasur va mard lashkarning boshqaruvini menga topshirsin. Aks holda... biz pushaymonlik seliga duchor boʻlamiz”, deya ogohlantiradi u.

Xalqimizda “Nomus toptalgan joyda mard tugʻilar” degan naql bor. Moʻgʻullar bosqiniga qarshi kurashda Jaloliddin Manguberdi bilan birga Temur Malik, Qulbars Bahodir, Sanjoqxon, Elchi Pahlavon, Urxon, Jahon Pahlavon, Kuch Tegin Pahlavon, Yilon Bugʻu, Barakatxon, Axosh Malik, Alpxon kabi koʻplab amirlar, lashkarlar, sarkardalar qahramonlik namunasini koʻrsatgan. “Jahongusho”da shu kabi xalq qahramonlari xususida ham ohorli maʼlumotlar keltirilgan. Umuman, noyob tarixiy dalillar asarning har bir jildida, har bir bobida bisyor.

Kosa tagida nimkosa

Oʻrta asrlarda hukm surgan Xorazmshohlar davlati (1097–1231) va moʻgʻullar oʻrtasida yuzaga kelgan nizo, urushlar toʻgʻrisida oʻnlab tarixiy asar yaratilgan. Ular orasida tarixiy voqealik xolis, haqqoniy yoritilgan “Tarixi jahongusho” alohida oʻrin tutadi. Asar Sharq mamlakatlarida moʻgʻullar hukmronligi haddi aʼlosiga yetgan davrda – 1252–1260-yillarda bitilgan. Unda Movarounnahr, Xorazm, Xuroson, Mochin (Xitoy), moʻgʻullar yurtida 1100-yildan 1260-yilgacha kechgan voqea-hodisalar qalamga olingan.

“Hikoya qilingan baʼzi voqealarni oʻz koʻzim bilan koʻrdim, baʼzilarini ishonchli kishilardan tingladim. Bir qismini esa sahih ekaniga qatʼiy dalolat qilingan tarixiy manbalardan oldim. Vafodor va uzoqni koʻra oladigan doʻstlarim oyoq tirab turib olgani sababli bu kitobni yozishni rad qilmoqning imkoni boʻlmadi”, deydi muallif debochada.

“Tarixi jahongusho” uch jilddan iborat boʻlib, birinchisida moʻgʻullar haqida hikoya qilinadi. Muqaddimadan tashqari 41 bobni oʻz ichiga olgan bu jildda Chingizxonning davlat tepasiga kelishi, hukmdor sifatida chiqargan qonunlari, Uygʻur, Olmaliq, Qoyaliq, Foʻlod, Bulgʻor, Os, Rus oʻlkalarining bosib olinishi, oʻgʻillari Joʻji, Chigʻatoy, Oʻqtoy, Tulu taqdiriga oid maʼlumotlar beriladi. Muallif moʻgʻullarning baʼzi ishlarini ulugʻlaydi. Ayniqsa, Oʻqtoy xoqonni madh etadi, Kuyukxonni maqtaydi, Joʻji, Botu faoliyatiga ijobiy baho beradi. Shunga koʻra ayrim muarrixlar Juvayniyni moʻgʻulparastlikda ayblagan. Xoʻsh, bu yondashuv toʻgʻrimi?

Ilk jildning keyingi boblarida Chingizxonning Xorazmshohlar davlatiga yurishi, Oʻtror, Jand, Fanokat, Xoʻjand, Buxoro, Samarqand, Xorazmning bosib olinishi, Sulton Jaloliddin qoʻshini bilan Sind sohilidagi jang, Tuluning Xuroson, Marv, Saraxs, Nishopur va boshqa shaharlarni egallashi kabi voqealar qalamga olingan. Moʻgʻullar sodir etgan xunrezliklar, obod shaharlarning kultepaga aylantirilishi, begunoh insonlarning qilichdan oʻtkazilishi, ayollarning nomusi toptalishi oʻquvchini larzaga soladi. Fojialardan muarrix qalbi ham gʻamga toʻlganini sezish qiyin emas. Buxoroning bosib olinishini tasvirlar ekan, “Bu jangda ikki tomon yoʻqotgan odamlar sonini menga aytganlarida ishona olmadim. Shuning uchun ham bu yerda yozmadim”, deya qaygʻu izhor etadi muallif.

Otamalik Juvayniy moʻgʻullar xizmatida boʻlgani va asar ularning buyurtmasiga koʻra yozilgani vajidan Chingizxon hamda uning avlodlarini ulugʻlashi tabiiy edi. Lekin muarrix hodisalarni shunday sanʼatkorona tasvirlaydiki, moʻgʻullarning yutugʻi sifatida aks ettirilgan voqealar ularning vahshiyligi timsoliga ham aylanadi. Boshqacha aytganda, muallif “kosa tagida nimkosa” usulidan foydalangan holda ularni sharaflagandek boʻlib koʻrinarak yovuz qilmishlarini fosh etadi.

“Tarixi jahongusho”da Xorazmning, Gurganjning bosib olinishi bunday tasvirlanadi: “Qisqa vaqt ichida ustunlikni qoʻlga kiritgan moʻgʻullar shaharga kirib, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, hammayoqni yoqib, oldidan chiqqanlarni oʻldirdilar. Qarshilik koʻrsatuvchi qolmay, hamma taslim boʻlgach, shahardagilarning barchasini tashqaridagi boʻsh maydonga haydadilar. Soʻng ularni oʻldirish uchun lashkar qoʻliga topshirdi. Bu qatliomda 50 mingdan ziyod moʻgʻul lashkarining har biriga 24 kishi toʻgʻri keldi. Xorazm chiyaboʻrilar kezadigan, boyqush va qargʻalar in qurgan makonga aylandi”.

Marv shahri bosib olinganidan keyin yuz bergan hodisalarni ham hayajonsiz oʻqimoq dushvor: “Moʻgʻullar ayollarni erlaridan, bolalarni onalaridan, opalarni ukalaridan ajratdi. Ota-onalar koʻzi oldida bokiralar nomusiga tegdi. Keyin barchasini oʻldirish uchun lashkarga taqsimlab berdi. Har bir askarga uch yuz-toʻrt yuzdan qurbon toʻgʻri keldi... Din va davlat buyuklaridan Sayyid Izziddin Nasaaba yoniga olgan bir guruh bilan oʻn olti kecha-yu kunduz maqtullarni sanab chiqdi. Ularning soni, yashirin joylarda va shahardan uzoqda oʻldirilganlardan tashqari, bir million uch yuz mingdan ziyod edi”.

Qirgʻinbarotda yuz minglab odam qatl etilganini ochiq tasvirlarkan, Otamalik Juvayniy moʻgʻullar ustidan hukm oʻqiydi goʻyo.

Davlat umrboqiyligi siri nima?

Juvayniyning muarrix sifatidagi yutugʻi tarixiy shaxslarga baho berishda haqqoniylik tamoyilidan ogʻishmasligida namoyon boʻladi. Zamon oʻzgarishlari, davr epkinlari, hayot talotumlariga qaramay, adolat-u xolislik mezoniga sodiq qolmoq oson boʻlmagan, albatta.

Qayd etganimizdek, Orol dengizidan Hind okeanigacha, Qozogʻiston dashtlaridan Turkiya chegaralarigacha boʻlgan hududda hukm surgan Xorazmshohlar davlati, xususan, Sulton Jaloliddin Manguberdi haqida oʻnlab tarixiy asar yaratilgan. Masalan, “Munshaot” (Rashididdin Vatvot), “Siyrat as-Sulton Jaloliddin Mengburniy” (Shihobiddin Muhammad Nasaviy), “Muʼjam al-buldon” (Yoqut Hamaviy), “Jaʼmi ul-hikoyat” (Muhammad Avfiy), “Al-Muzof ul-badoye uz-zamon” (Afzaliddin Kirmoniy) singari manbalarda xorazmshohlar ulugʻlansa, ayyubiylar va moʻgʻullar tarixchilari qalamiga mansub “Al-Komil fit-tarix” (Ibn al-Asir), “Mufarrij ul-qulub” (Jaloliddin ibn Vosil), “Mirʼat uz-zamon” (Sibt ibn Javziy), “Rohat as-sudur” (Muhammad ibn Rovandiy), “Taboqoti Nosiriy” (Minhojiddin Juzjoniy) singari asarlarda ular qoralanadi.

XIII asrning 40-yillaridan boshlab muarrixlar bitiklarida xorazmshohlar salbiy boʻyoqda tasvirlanishi tabiiy edi. Chunki mazkur davlat moʻgʻullar tomonidan yoʻq qilingan, tarix sahnasidan ketganlarni esa xohlagancha tanqid qilish mumkin. Juvayniy bunday yoʻl tutmoq oʻrniga xolislikni afzal biladi. U Xorazmshohlar davlatining gullab-yashnagan davri, tarixiy taraqqiyoti xususida haqqoniy maʼlumotlar keltiradi. Masalan, u Qutbiddin Muhammadni ilm-fanni ulugʻlovchi, Olovuddin Otsizni nihoyatda jasur, yurt istiqboli yoʻlida otashin kurashchi, Abulfath Elarslonni boshqalarga nisbatan shafqatsiz, toj-taxt uchun kurashda zulmkor, Olovuddin Takishni esa xalqqa mehribon, madaniyat va maʼnaviyatni yuksaltirgan hukmdor deya tavsiflaydi.

Juvayniy 1200–1220-yillarda davlatni idora etgan Olovuddin Muhammad hayoti va faoliyatiga teranroq nazar tashlaydi. Uni Xorazmni qudratli imperiyaga aylantirgan hukmdor sifatida ulugʻlaydi. Koʻp oʻlkalarni qilichini qinidan chiqarmay egallaganini eʼtirof etadi.

Juvayniy Xorazmshohlar davlati tanazzuli haqida soʻz yuritganda ham boshqa tarixchilar singari Olovuddin Muhammadni qoʻrqoqlikda ayblamaydi, bilʼaks, tanazzulga olib kelgan omillar haqida vazminlik bilan mulohaza yuritadi. Shuningdek, Sulton Muhammadning oʻgʻillari – Rukniddin Gʻursanjiy, Gʻiyosiddin Pirshoh, Oʻzloqshoh, Oqshohlar, onasi Turkon Xotun shaxsiyatiga ham xolis baho beradi.

“Jahongusho”ning ikkinchi jildi asosan Sulton Jaloliddin Manguberdiga bagʻishlangan. Jaloliddin boy berilgan mamlakatning bir qismini moʻgʻullardan qaytarib olib, yangi davlat tuzadi va uni oʻn yildan ziyod vaqt davomida boshqaradi. Xuroson, Kirmon, Fors, Fors Irogʻi, Mozandaron, Ozarboyjon, Gurjiston, Shom, Jazira kabi oʻlkalarni chingiziylar bosqinidan himoya qiladi. Juvayniy yozganidek, Jaloliddin oʻn bir yilda oʻn toʻrt marta katta jangga kirdi va shulardan oʻn ikkitasida gʻalabaga erishdi. Bu kamdan-kam sarkardaga nasib etadigan ulkan yutuqdir.

Juvayniy Jaloliddinning mardliklarini ehtirom bilan zikr etadi. Hatto uning moʻgʻullar ustidan qozongan gʻalabalarini ham xayrixohlik bilan qalamga oladi. Manguberdi bir gal 300 sonli lashkar bilan moʻgʻullarning 700 askarini magʻlub etganini bayon etar ekan, “U yonidagi kamsonli lashkari bilan sherdek jang qildi. Agar uning oʻrnida hatto Rustami Zol oʻgʻli boʻlsa ham qochishdan boshqa chorani oʻylamagan boʻlardi. Lekin u dunyoning qatron rangli kafanini kiygunga qadar dushmanga qarshi turdi”, deb taʼkidlaydi.

Muarrix Jaloliddinning 1227-yili Isfahon yaqinida moʻgʻullar ustidan erishgan gʻalabasini ulugʻlab, shoir Kamoliddin Isfahoniy yozgan qasidadan parcha keltiradi. “Dunyo va dinning buyugi Mengburniy ismli sultonni Olloh jahon podshohligiga munosib koʻrdi. Uning ustun quvvatiga va yetuk fikrlash qobiliyatiga, sanab adogʻiga yetib boʻlmas fazilatlariga ofarin”, deyiladi qasidada.

Moʻgʻullar muarrixi sifatida asar bitgan Otamalik Juvayniyning Chingizxon va uning avlodlari dushman deb bilgan sultonlarni ulugʻlashi misli koʻrilmagan hodisa edi.

“Jahongusho” faqat tarixiy bitikkina emas, badiiy soʻz sanʼatining goʻzal namunasi, bilim qudratini ulugʻlovchi, falsafiy mushohadalar, hayot tajribalarini oʻzida jamlagan asar hamdir. Muallif har bir voqea-hodisadan keyin Qurʼoni karim, hadislar, maqollar, arabiy va forsiy sheʼr, ulug‘ allomalar hikmatlaridan namuna keltirib, fikrlarini yanada oydinlashtiradi. “Bilimsizlar belini yostiqqa suyagan kuni bilimli kishilarning beli sindi”, “Ilm va fazilat ildizlari faqat olim-u fozillarning yordami ila poydor boʻladi”, “Davlatni oyoqda tutib turadigan narsa bilimdir”, “Bilimdonlar johillarning xizmatiga kirsalar, barkamol kishilar razillik kasaliga duchor boʻlsalar, hayot zulmat qoʻyniga choʻmadi”, “Insonning nomi va shuhrati uning ikkinchi umridir” kabi ohori toʻkilmagan fikrlar, quyma satrlar muallifning yuksak iqtidoriga shohidlik beradi.

Sohibdevonlar merosi

Juvayniy davlat arbobi sifatida ham oʻzidan oʻlmas meros qoldirgan. Xurosonning Juvayn qasabasida tavallud topgan Olovuddin Otamalikning oilasidagilar oʻz davrining fozil insonlari, arboblari boʻlgan. Katta bobosi Bahovuddin Muhammad ibn Ali yetuk shoir, xorazmshoh Sulton Takish saroyi mulozimi edi. Shu xonadon vakili Muntajibiddin Badiul-kotib Juvayniy saljuqiy hukmdor Sulton Sanjar devonida bosh kotib vazifasida faoliyat yuritgan. Otamalikning keyingi bobosi Shamsiddin ibn Muhammad ibn Ali esa Sulton Muhammad Xorazmshoh va Sulton Jaloliddin Manguberdi saroyida moliya ishlarini boshqargan. Otasi Bahovuddin Muhammad Xuroson, Mozandaron, Ozarboyjon, Gurjiston, Onadoʻli, Iroq, Yazd oʻlkalarini boshqargan moʻgʻul hukmdorlari saroyida munshiylik qilgan, baʼzi shaharlarda noiblik vazifasini ado etgan. Arabiy, forsiyda sheʼr ham bitgan. Otamalikning akasi Shamsiddin Muhammad Xuroson, Hindiston, Gurjiston, Iroq hududlarida saltanat yuritgan moʻgʻul hukmdorlarining bosh vaziri edi. Shu bois oʻsha davrga oid asarlarda juvayniylar “sohibdevonlar oilasi” deya zikr etilgan.

Olovuddin Otamalik ham sulola anʼanasini davom ettiradi. 1243-yilda moʻgʻul hukmdori Amir Argʻun xizmatiga kirib, dastlab devonda kotiblik qiladi, keyin moliya ishlarini boshqaradi. Oʻsha davrda turli oʻlkalarga tayinlangan amirlar har ikki-uch yilda Chingizxonning bosh qarorgohi Qoraqurumga borib, xalqdan yigʻilgan boj-u xirojni topshirgan va joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan xoqonga hisob bergan. Hisobotning toʻgʻriligini tekshirish uchun joylarga taftishchilar ham yuborilgan. Shu bois hisobot topshirish jarayoni baʼzan oylab, yillab davom etgan. 1256-yilga qadar Amir Argʻun xizmatida boʻlgan Olovuddin Otamalik Juvayniy u bilan hisobot topshirgani toʻrt marta Qoraqurumga borgan. Bu safarlar uning hayotida oʻchmas iz qoldirgan. Moʻgʻullarning koʻplab yurtlarni vayronaga aylantirganini oʻz koʻzi bilan koʻradi. Yer-la yakson etilgan shaharlar, madaniyat va sanʼat yodgorliklari, yondirilgan madrasa-yu masjidlar muarrixning xotirasiga muhrlanadi.

1256-yili Xuroson taxtiga Chingizxon avlodidan Xulogu chiqadi. Otamalik uning koʻzga koʻringan maʼmuri, ishonchli kotibiga aylanadi. 1257-yili moʻgʻullar Kaspiy dengizi sohilida joylashgan Ismoiliylar davlatini yoʻq qiladi. Otamalik Juvayniy Xulogu qoʻshini safida ismoiliylarga qarshi yurishda ishtirok etadi. Muhoraba yakuniga yetgach, Otamalik moʻgʻul tojdoriga vayron boʻlgan oʻlkani qayta obod qilishni maslahat beradi. Ana shu maslahatga koʻra Ismoiliya shaharlaridan Olamut, Qohira va Xabushon qayta quriladi.

Otamalik Xulogudan shuhrati Sharqqa yoyilgan Olamut kutubxonasi talon-toroj qilinmasligini ham soʻraydi. Moʻgʻul hukmdori uning bu iltimosini ham yerda qoldirmaydi. Shu tariqa Juvayniy saʼy-harakati bilan nodir qoʻlyozmalar, rasad ilmiga oid manbalar, asbob-uskunalar saqlab qolinadi.

Otamalik 1258-yilda Xulogu qoʻshinining xalifalik poytaxti Bagʻdodga yurishida ham qatnashadi. U keyinchalik “Tasli­yat’ ul-ihvon” risolasida bunday yozadi: “Sen mulkingni xohlaganingga berasan, xohlaganingdan tortib olasan” hukmi ostida Olloh Iroq, Bagʻdod va Xuziston mamlakatlarini abbosiy xalifalardan olib, jahon podshohi Xuloguga taslim qildi. U esa 657 (1259)-yilda... oʻsha mamlakatlar boshqaruvini ushbu satrlar muallifiga topshirdi va unga barcha ishlarda mutlaq vakolat berdi”.

Alqissa, Otamalik Juvayniy moʻgʻullar nomidan Iroq va Bagʻdodni 24 yil davomida boshqardi. U butun kuchini mamlakat obodligi, xalq farovonligiga sarfladi. Qishloqlar aholisi va dehqonlar gardaniga yuklangan soliq, xirojlarni kamaytirdi. Bagʻdodning gʻarbiy qismida – Frot daryosidan Koʻfa va Najaf shaharlarigacha boʻlgan oraliqda katta kanal qazdirdi. Kanalning ikki sohilida yuz ellikdan ziyod qishloq barpo ettirdi. Asrlar davomida qurib-qaqshab yotgan Ombor va Najaf shaharlari oraligʻida yam-yashil ekin maydonlari, obod maskanlar vujudga keldi. Najafda Hazrati Ali shahid boʻlgan joyda katta rabot qad rostladi. Iroqliklar ekin-tikin ishlariga jalb qilindi. Natijada oʻlkaning daromadi bir necha barobarga oshdi. Muarrixlarning guvohlik berishicha, Bagʻdod shahri Juvayniyning boshqaruv davrida abbosiylar davridagidan ham gullab-yashnagan. U moʻgʻullar hujumi vaqtida vayron boʻlgan qadim kentni qaytadan qurdirgan.

Juvayniylar ilm va ijod ahliga har jihatdan yordam koʻrsatgan. Tarixiy manbalarda sohibdevon oila vakillari mingdan ziyod alloma, shoir-u adibga gʻamxoʻrlik qilgani bayon etilgan. Oʻz navbatida, mazkur sulola namoyandalariga bagʻishlab koʻplab asarlar bitilgan.

Buyuk astronom va faylasuf Xoja Nosiriddin Muhammad Tusiy (uning asarlari Mirzo Ulugʻbek madrasasida darslik sifatida oʻqitilgan) faoliyat olib borgan Tus rasadxonasi juvayniylar tomonidan doimo mablag‘ bilan taʼminlab turilgan. Tusiy “Avsaf ul-ashraf” asari hamda “Tarjimai samarai Batlimus” (tarjima) kitobini juvayniylarga bagʻishlagan.

Otamalik Juvayniy moʻgʻul hukmdorlarining hurmatini qozongan, yuqori lavozimda faoliyat yuritgan boʻlsa-da, hayoti tahlikali kechgan. 1262-yili Bagʻdodda mulhidlar (ismoiliyalik qotillar) uni xanjar bilan jarohatlaydi – tabiblar saʼy-harakati ila oyoqqa turadi. Dushmanlari bir necha bor tuhmat uyushtirib, uni yoʻq qilishga urinadi, ammo bu harakatlar natija bermaydi. Bir gal Majdulmulk Yazdiy degan kimsa “Otamalik Bagʻdodning jamiki boyliklarini oʻzlashtirib olib, moʻgʻul xoqonlarini aldamoqda” degan ayblovni ilgari suradi. Otamalik qoʻlga olinadi, biroq tekshirishlar natijasida maʼlumot tasdiqlanmaydi. Majdulmulk qatl etiladi, Otamalik esa zindondan ozod qilinadi.

Chingiziylarga qaramlik, mansab-u boylik talashish oqibatida yuzaga kelgan mojarolar uni ham maʼnan, ham jismonan charchatadi. 1282-yilda Xuroson, Fors Irogʻi, Kirmon hududlarida hukmdorlik qiluvchi moʻgʻul hukmdori oʻzgaradi. Amirlik lavozimini egallagan Abokaning oʻgʻli Argʻun otasining mulozimlarini davlatga xiyonatda ayblab yoʻq qilishga kirishadi. Hatto marhum aʼyonlarning jasadini qabrdan chiqartirib oʻtda kuydiradi. Otamalik Juvayniy Bagʻdodni tark etadi. Mugʻon shahrida xafaqon kasaliga chalinadi va 1283-yil 5-mart kuni vafot etadi. Akasi Shamsiddin va uning besh oʻgʻli, nevarasi, Otamalikning ikki oʻgʻli xunrezlik qurboniga aylanadi. Shu tariqa sohibdevonlarning moʻgʻul saroyidagi faoliyati xotima topadi.

Moʻjiz soʻz

“Tarixi jahongusho” fors tilida, saj (nasriy qofiya) usulida yozilgan. Asarning turli yillarda koʻchirilgan yettita qoʻlyozma nusxasi bugungi kungacha yetib kelgan.

“Jahongusho” qisqa fursatda shuhrat qozongan. Juvayniy boshlab bergan anʼanani izchil davom ettirgan koʻplab asarlar yaratilgan.

“Jahongusho” XX asrdan boshqa tillarga tarjima etila boshladi. Dastlab Leyden shahrida Muhammad Qazviniyning “Maxsus muqaddima”si bilan birga toʻliq holda fors tilida nashr etiladi. 1958-yili Kembrij shahrida sharqshunos Jon Boyl tarjimasida birinchi va ikkinchi jildlari ingliz tilida chop qilinadi. Keyinroq doktor Mursal Oʻzturk tomonidan toʻliq ravishda turkchaga oʻgiriladi. Muayyan qismlari olmon, fransuz, ispan, venger, chex, xorvat, rus, polyak va boshqa tillarga tarjima qilingan.

“Jahongusho”ning birinchi va ikkinchi jildini tarjimon Nazarbek Rahim oʻzbek tiliga oʻgirgan va 2015-yili chop ettirgan.

“Faqat aql va naql bilan erishiladigan, anglash va idrok qilishdan uzoq boʻlmagan narsalarni ikkiga ajrata olamiz. Ulardan birinchisi – Paygʻambar moʻjizasi, ikkinchisi esa soʻzdir. Moʻjiza soʻzda koʻrinadi”, deb yozgan edi Juvayniy “Jahongusho” debochasida. Uning oʻzi ham soʻz bashariyat kechmishi va tarix tadrijini ifodalaydigan, avlodlarga haqiqatni yetkazadigan ulkan moʻjiza ekanini isbotlay oldi.

Kamol MATYOQUBOV

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Muarrixning chigal qismati” maqolasi