Kim qancha yashasa ham hosilasi “dunyo derazasi”dan bir boqishlik muddat boʻlib qolaveradi. Muhimi, oʻsha derazadan qanday boqishda. Izidan kelayotganlar ibrat olishga arzirli meros qoldira bilishida. Ana shunda u bu dunyo derazasidan mazmunli boqib ketgan boʻladi. Bugun professor Shomirza Turdimov bilan ana shu mavzular xususida suhbatlashdik.

– Inson taqlid qilib oʻsadi, yashaydi degan gap bor. Chunki taqlidchilik har qanday tirik mavjudot rivojlanishining asosiy usullaridan biri. Eng ajablanarlisi, odam miyasi oʻziniki boʻlgani bilan undagi maʼlumotlarning aksari jamoaviy ong hosilasi ekan. Demak, inson ongi jamoaviy tushunchalar, ramzlar va ishonchlar sandigʻi, ularni ishlab chiqaradigan va tarqatadigan vositadir. Shu oʻy-xayollar taʼsirida sizdan soʻramoqchi boʻlganim: jamoaviy ong shakllanadimi yoki tayyor hosilami?

– Eng avval inson hayotida taqlidning oʻrni masalasiga toʻxtalsak.

Haqiqatan ham taqlid bolalikda hayotiy tajribalarni oʻzlashtirishning eng asosiy vositasi. Bolalar folklori, oʻyinlarining juda koʻp qismi taqlid asosida ekani shuni isbotlaydi. Lekin inson hayotida taqlidning darajalari bor. Agar inson bir umr taqlidchi boʻlib qolsa, unda shaxs shakllanmaydi. Chunki shaxs degani insonning oʻzini oʻzi namoyon etishi va himoya qilishidir. Shaxs boʻlib yetilmasa, inson ommaning ichida yoʻqolib ketadi. Haqiqiy katta shaxslar yoʻlboshlovchi boʻladi.

Maʼlum miqdordagi baʼzi shaxslar ommaning niqobida yuradi. Omma va ommaviy ong degan tushunchalar ham mavjud. Bular nima oʻzi? Har bir atamaning aniq chegaralarini belgilab olish darkor. Ommaviy ongning ahamiyati ayniqsa hayvonlar hayotida yaqqol bilinadi. Biologlarning tasdiqlashicha, agar ommaviy ong boʻlmasa, hayvonlarning mavsumiy koʻchishi sodir boʻlmaydi.

Siz soʻragan savolga kelsak, insoniyat hayotida jamoaviy ong qayerdan paydo boʻladi, qanday rivojlanadi degan masaladan boshlash kerak. Shu oʻrinda bir oʻxshatishni keltirmoqchiman, ammo aytib qoʻyayki, har qanday oʻxshatish aybli boʻladi, chunki u bitta masalani izohlaydi va faqat oʻsha masala yuzasida oʻzini oqlaydi, ammo boshqa tarafdan aybli boʻlishi ehtimoli koʻp. Yumaloq favvorani koʻz oldimizga keltiraylik. Uning umumiy sathi, otiladigan oʻrni bor, lekin otiladigan joyi umumiy sathdan baland boʻladi. Umumiy sath jamoaviy ong deganimizga toʻgʻri keladi va maʼlum maʼnoda ommaning fikr darajasini belgilab ham beradi. Suv otilib chiqadigan joyni SHAXSning ongiga qiyoslash mumkin. Shaxslarning ommadan ajralib turishi ularning otilib chiqishida koʻrinadi.

Mashhur Tesla aytadi: “Mening miyam radiopriyomnik, butun kashfiyotlarning hammasini tepadan, ana shu yadrodan olaman, lekin u yadroning qayerda ekanini aniq bilmayman, ammo borligiga iymonim komil”. Dinda ham bu atamaning muqobili bor. Lavhul mahfuzda butun dunyo taqdiri bitilgan deyilishi ana shu tushunchaga toʻgʻri kelsa kerak. Men dinshunos emasman va bu narsalarga aniq javob bera olmayman, biroq maʼlum miqdordagi anglamlarimdan Tesla aytgan yadro Lavhul mahfuz boʻlsa kerak deb oʻylayman.

Barcha insonlarning taqdiri oldindan bitib qoʻyilgan degan oddiy ifodadan oladigan xulosamiz shuki, inson hayotida oʻzlashtiradigan narsalarning hammasi bir-birini takrorlaydi. Insonning “taqdiri azaliy, iymoni amaliydir”. Taqdirning azaliyligi qachon tugʻilishimiz, qachon oʻlishimizni bilmasligimiz boʻlsa, iymonning amaliyligi bajargan amallarimizda koʻrinadi. Shuningdek, kulli aqlimiz amal bilan, tajriba bilan, fikrlash bilan koʻp narsaga erishish imkoniga ham ega. Qolaversa, shaxs sifatida shakllanishimizda amallar muhim oʻrin tutadi. Agar odam taqlid doirasida qolib ketsa, u shaxs boʻlolmaydi. Taqlidchilar umumiy sathdan nariga oʻtolmaydi. Insonning imkonida doimo yangilanish ehtiyoji bor.

“Muhabbat eski narsa, har koʻngil uni yangirtar” deydilar. Muhabbatning ham darajalari borki, yuksak sevgiga erishgan bilan avom sevgisiga ega boʻlganlarning koʻngli bir-biriga mos kelmas. Sababi, suvning tepadan toʻkilishi bor, tepaga otilishi bor. Shu kabi har bir tushunchaning qaysi oʻrinda, darajada turganini baholash muhimdir.

– Fikrlash har kimning shaxsiy doirasida roʻy beradi, ammo amaliyotda ommaviylik hukmron. Shu sababdanmi rivojlanish koʻpchilik qabul qilgan yoʻnalishda amalga oshadi.

– Shaharda yashashning oʻz qoidalari, keng dalada yashashning oʻz amallari bor. Ikkovining shart-sharoiti bir-biriga toʻgʻri kelmaydi. Masalan, shaharda yoʻl harakati svetofor orqali boshqariladi va buni hamma qabul qiladi, qabul qilmagan jarimaga tortiladi. Ammo choʻlning oʻrtasida svetofor oʻrnatish aqldan tashqari narsa. Shu kabi koʻpchilik qabul qilgan yoʻnalish – jamiyat qabul qilgan yoʻnalishdir. Kiyim kiyish jamiyat axloq normalariga mos keladi, ammo oʻrmonda yashaydigan odam uchun buning ahamiyati yoʻq. Bunday qoidalar jamiyatning rivojlanishiga xizmat qiladi. Axloq dinning asosi ekanligi bekorga emas, chunki odamga uyat, halol-harom degan tushunchalar singdirilgan boʻlishi kerak. Shu tushunchalar poymol boʻlganda jamiyat izdan chiqadi va rivojlanish toʻxtaydi.

Shaxsning baʼzi harakatlari ommaga toʻgʻri kelmasligi mumkin, chunki shaxs omma uchun yashamaydi. U oʻzi uchun yashaydi, omma u uchun qiziq emasdek. U qarashlarini ommaning mezonlari bilan oʻlchamaydi. Shunisi eʼtiborliki, folklorda ham, mumtoz adabiyotda ham, hayotda ham xoslar degan tushuncha bor. Folklorda eranlar, homiylar “aybli” tasvirlanadi. Buning sababini juda oddiy tushuntirish mumkin. Agar omma bir odamni eran deb bilsa, shu odamda katta quvvat borligini sezsa, albatta uni suiisteʼmol qilishga harakat qiladi. Hayotda homiylarning quvvatini omma suiisteʼmol qilmasligi uchun tabiat deysizmi, xudo deb olasizmi, umuman borliqni tartibda ushlab turuvi bir qudratli KUCH ularning harakatini yashiradi.

Masalan, ertakda homiylik qiluvchi boʻrining choʻloq boʻlishi shundan. Aslida bu boʻrining quvvati juda katta. Buni esa faqat qahramongina anglaydi, lekin boshqara olmaydi, oʻzi boshqariladi. Bu kuchni anglaganning darajasi ham homiyning darajasiga yaqinlashib qolgan boʻladi. Bular sirni oshkor qilmaydi, oshkor qilsa quvvatdan mahrum boʻladi. Shu uchun aytiladiki, xoslarning yoʻli TIG‘ yoʻlidir, agar xato qilsa, tig‘ uni kesib ketadi. Xuddi shu kabi har kimning fikrlashi shaxsiy boʻlsa-da, rivojlanish umumiy boʻladi. Xoslarning fikrlari koʻpincha ommaning mezonlariga teskari keladi. Xosning xosligini omma bilmasligi kerak, mana shu – mezon.

Agar bilsa, uning xosligi yoʻqoladi va kuchi qolmaydi.

Har bir davrning oʻz eranlari, chiltanlari boʻladi, bu haqda avom va xos oʻrtasidagi farqni sezgan, bilgan, his qilgan odamlar gapirgani maʼqul, biz oddiy odamlarmiz, folklorda tasvirlanganini ayta olamiz, xolos. 

– Inson tabiatida botiniy ong, yaʼni intuisiya (savqi tabiiy) aksariyat hollarda ongli fikrlashdan keladi. Shunday holda qay biriga quloq solgan maʼqul?

– Intuisiya degani insonning asl va tabiiy holatiga uygʻunligidan kelib chiqadi. Biror narsa qilishdan avval xayolingizga kelgan oniy fikr “yoʻq” degan boʻlsa-yu, siz unga qarshi borib, teskarisini qilsangiz, u koʻpincha amalga oshmaydi. Baʼzi odamlarning ichki sezgisi suvdek tiniq boʻladi. Intuisiya, sezish tabiatga uygʻunlikdan darak beradi. Oʻtmishning odamlari tabiatga hamisha yaqin boʻlgan. Tabiatga yaqinlik tabiiy qonuniyatlarga boʻysunib yashashni bildiradi. Insonning halqumi toza boʻlsa, tabiatga ters bormaydi. Halqumi toza degani halol yeb, halol yashash demakdir. Kishining oʻyi, soʻzi, amali uygʻunlashish kerak, bu esa har kimning ham qoʻlidan kelmaydi.

Odamda juzʼiy va kulliy aql bor. Juzʼiy aql – qoʻriqchi. Aqlning darajalari xalq ertaklarida aytib qoʻyilgan. Uch aka-ukaning birinchisi juzʼiy aql egasi boʻlib, u tanasi nimani buyursa, shuni qiladi. Uning boradigan joyi oshpazga oʻt yoquvchilikdir. Ikkinchisi hammomga boradi, aqli yetarli, faqat tanasini tozalaydi-yu, koʻngilni tozalamaydi. Kenja esa borsakelmas yoʻldagi aql va muhabbatni tanlaydi. U yalmogʻiz – nafsni yengishi kerak. Nafsni esa oʻldirib boʻlmaydi, uni yengish mumkin. Yalmogʻiz – nafs suvga choʻktiriladi. Suv esa koʻngil oynasidir. Xalq qoʻshiqlarida:

“Eshik oldi oydin koʻl,

Oyna solsam botmaydi.

Men yorimga xat yozsam,

Javoblari kelmaydi”,

deb aytiladi. Bu yerda ham koʻngilning oynaga oʻxshatilishi bor. Koʻngil oynasi qanchalik toza boʻlsa, uning tubidagi xazinalar shunchalik koʻrinadi.

– “Tilni shaxslar emas, xalq yaratadi” degan naql bor. Soʻzlarni ham odatda xalq topadi. Ayrim soʻzlarni olimlar, yozuvchilar yoki tilshunoslar yaratgan boʻlishi mumkin, lekin shu soʻzlar ham omma foydalana boshlagandan keyingina tan olinadi, muomalaga kiradi. Shunday ekan, soʻzda alohida shaxslarning emas, balki jamoaning ongi oʻz aksini topadi. Odamzotning jamoaviy donoligi xalq ijodida barhayot. Soʻzning magik xususiyati ham aynan koʻpchilikka tegishli ekanida, unda koʻpchilikning ulushi borligida, shunday  emasmi?

– Maʼlumki, Momo Havo Odam Atoning qovurgʻasidan yaralgan, yaʼni qayta ishlangan “mahsulot”. Odamning farishtalardan ustunligi unga barcha narsalarning ismi oʻrgatilganida edi. Ism faqat soʻzgina emas, u har bir narsaning quvvati hamdir. Soʻzning quvvatini folklorda magiya deymiz. Kompyuterning raqamli kodlari orqali programmalar yaratilganidek, soʻzdan ham quvvat yaraladi. Lekin biz soʻzni mardikordek ishlatamiz, oʻtmishdagilar soʻzning poetik quvvatini sezishgan, tirik saqlashgan. Masalan, “qip-qizil nartdek yuz” degan iborani olaylik. Nart – uzumning shoxasi. U sogʻlom boʻlsa, qizarib turadi. Yuzning ham tozasi qizarib, nurli boʻlib turadi. Xalq esa oʻxshatishlarning barini tabiatdan olgan. Inson soʻz yaratishi mumkin, ammo yaralgan narsalar asosida yaratadi. Soʻz yaralishining ibtidosi, strukturasi u yoqda turibdi. Inson esa bor soʻzlardan soʻz yasay oladi. Men “la” soʻzi haqida koʻp gapiraman, ashula, yalla, alla, oʻlan, lapar va hokazo. Bu soʻzlarning barining oʻzagida “la” turibdi. Buni juda qadimiy soʻz, ohang boʻlsa kerak deb oʻylayman. Chunki u kuyga, irga oʻxshaydi. Buni aniq bilaman deb aytolmayman, chunki “bilaman” deyish inson imkoniyatlarini cheklab qoʻyadi. Narsalarning ustidan hukmronlik qilish, uni yengishdek koʻrinsa-da, aslida yengilishdir. Narsalar va odamlarni borligicha qabul qilish kerak, lekin hukm chiqarish shart emas, hukm faqat Ollohdan.

Folklorni xalq yaratadi, ommaviy ong shunday yaraladi. Inson kanallari ilhom holatida yadro bilan bogʻlanadi. Ijod va ijro yoʻli yadroga bogʻlangan payti soʻz ham, shakl ham, kuy ham osongina quyilib keladi. Buni oʻrgatib boʻlmaydi. Jaloliddin Rumiy bilan Shayx Tabriziyning bir-biriga muhabbatini “pastdagi”lar tushunmaydi, uni anglash uchun oʻsha darajaga yaqin kelishi kerak. Odamning gapirayotgan soʻziga qarab baholash mumkin, lekin uning ongida qanday fikrlar kechayotganini koʻrib boʻlmaydi. Odamlar bir-birini toʻliq anglay olmaydi. Inson intuisiyasi, sezgilarini soʻz bilan ifodalash mushkul, bu yerda soʻz ojiz qoladi.

Folklordagi biror qoʻshiq yo ertak bir odamning taqdiridan soʻzlamaydi, u butun xalqning taqdirini gapiradi, unda butun xalqning quvvati yigʻilgan. Biz shu quvvatga bogʻlanamiz va ular anglaganini anglaymiz. Buning ham darajalari mavjud. Qanchalik katta darajada anglansa, shunchalik quvvatga ega boʻladi. Masalan “Ahmadlar” degan ertakni olaylik. Undagi Ahmad suvchi, Ahmad toshchi va Ahmad kamalak kabi koʻmakchilarning barcha quvvatini Ahmad qahramon yengib, ularning bor kuchini oʻziga singdirib oladi. Natijada yigʻma Ahmad paydo boʻladi. Shu kabi insonning quvvati uning egallagan bilimlari bilan emas, balki borini jonli qabul qilishiga bogʻliq.

– Kishining ruhiy holati shundayki, u qayerda boʻlmasin, nima qilmasin har doim yolgʻiz emasligini ongli yoki ongsiz ravishda his qiladi. Shu bois odamlar orasidami, oʻzimi, choʻldami, togʻdami – qatʼi nazar oʻzini yakka sezmaydi. Har doim ruhiy olam bilan aloqadorlik bor. Ushbu jamoaviy ruhiy holatning shakllarga kirishi, soʻzga aylanishi folklorning kuchini, yashovchanligini taʼminlovchi omil deb bilaman. Sizning bu boradigi fikrlaringiz?

– Rauf Parfining qanchalik quvvatli shoir ekanini koʻpchilik biladi. Uning bir gapi bor: “Odamni qamab qoʻyish mumkin, lekin uning ruhini zanjirlab boʻlmaydi”. Yana bir eng qiziq gapi: “men tushimni boshqara olaman” deb aytadi. Men buni bekorga aytmayapman. Shaxs qanchalik oʻzini-oʻzi anglasa, bilimi shunga yetsa, u katta quvvatga ega boʻladi va unga odamlar bilan suhbatlashish shart emas. Tush bilan hushning unga farqi qolmaydi. Tush bilan hushning farqi shuki, tushda zamon va makon yoʻq, hammasi aralashib yaxlit singishgan boʻladi. Odamga bekorga tush va hush berilmagan deb oʻylayman. Chunki bu holat odamni navbatdagi bosqichga tayyorlash. Navbatdagi bosqichni biz faqat taxmin qilamiz, chunki hech kim borib qaytmagan. Tushlarni tahlil qiladigan boʻlsak, shuning oʻzi bizga koʻp bilim va tajribalarni oʻrgatadi. Soʻz, holat, zamon, makon haqida ham men shugʻullanadigan sohaning shu tajribalar ichida turgani xursand qiladi. Odamning odamga munosabati ham uning qaysi darajada turganini bildiradi. Uni yashirib boʻlmaydi – soʻzidan, harakatidan, amalidan bilinib turadi. Bu yerda falonchi deyish shart boʻlmaydi, chunki uning falonchiligini oʻzi gapirib, bildirib qoʻyadi. Soʻzlarni, harakatlarni birov izohlashi shart emas, buni anglamaganlar amalga oshiradi. Har bir harakat odamning oʻzidan gapiradi.

– Aksariyat ijodkorlar uslub, shakl haqida bosh qotiradilar. Oʻziga xos ovoz, yoʻnalishga ega boʻlish – hamma ijodkorlarning orzusi, maslagi. Sizning folklorshunos boʻlishingizga nima turtki boʻlgan hamda uslubingiz ramzlar bilan oʻralganining sababi nima?

– Men yoshlikdan folklorshunos boʻlaman degan niyatda oʻqishga kirganman. Ergash otaning ishini davom ettiramiz deb oʻylaganmiz. Ergash Jumanbulbulning yubileyidan soʻng uning ijodiga qiziqqanim sababli folklorshunos boʻlishim kerakligini anglaganman. Bu qondan oʻtgandir balki. Odamlar oʻqib oʻrganadigan narsalarni men eshitib oʻsganman. Dastlab Xorazm xalq qoʻshiqlarini oʻqiganman. Qoʻshiqda aytiladiki:

“Shoyi roʻmolimni shamolga yoydim,

Tillo duzuvimni boʻynimga osdim,

Tut ostida yotgan ekan boʻz bola,

Opajon, bilmayin oyogʻin bosdim”.

Koʻp qoʻshiqlarda roʻmol obraziga duch kelaverdim. Va ularning barini bir joyga yigʻib koʻrdimki, roʻmol oʻz maʼnosida kelmayapti. Roʻmolning oila ramzi ekanligini, uning marosimdagi oʻrni va xalq qoʻshiqlaridagi mazmunining uygʻunligini koʻrdim. Shundan soʻng boshqa ramzlarga qiziqib ketdim. Shu tariqa ramzni jahon adabiyotshunosligidagi mezonlar asosida oʻrganib chiqdim. Har bir janr, har bir asarning semantikasini oʻrganishga ehiyoj tugʻilgan. Barcha narsalarning mohiyatida ramzlar yotganini intuitsiya orqali sezganman. Yoshligimdan “Goʻroʻgʻli” dostonlarini oʻrganish asosiy maqsadim boʻlgan. Chunki Qoʻrgʻon dostonchilik maktabini va uning tarixini oʻrganishda “Goʻroʻgʻli” dostonlari muhim oʻrin tutadi. Uning mohiyatida oʻlib tiriluvchi mif turganini anglab yetgach, asos – oʻzanga tushib olganman. Mendeleyev jadval tuzgani kabi “Goʻroʻgʻli” dostonlari mohiyatini, uning strukturasini yagona jadvalga solib oldim.

Rasm chizishga qiziqaman, lekin rassom boʻlaman deb harakat qilmaganman. Hech qachon falonchini chizaman yoki falon ramzni chizaman deb oʻylamaganman, qoʻlim oʻzi chizib ketaveradi. Buyam bir neʼmat deb bilaman.

– Ijod azaldan inson taqdiri, uning ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi oʻrnini doim koʻrsatib kelgan. Insonning mohiyati uning kurashuvlari zamirida ochilib borar ekan, asli uning maʼno-mohiyati nimadan iborat oʻzi?

– Dunyo dinlarini olaylik, ularning bari Olloh yagonaligini targʻib qiladi va paygʻambarlarga bu yoʻlda kurashish kerakligi aytiladi. Ijod insonning oʻzini namoyon qilishi boʻlib, egallagan bilim va tajribalari yuzaga chiqadi. Shu oʻrinda yahudiylarning bir latifasi esga keladi. Bir Zakiy Zakiya degan odam tugʻilibdi, yashabdi va xudoning oldiga boribdi. Xudo undan soʻrabdi:

– Sen kimsan?

– Men Zakiy Zakiyaman.

– Toʻgʻri, seni Zakiy Zakiya qilib joʻnatganman, lekin mening oldimga Zakiy Zakiya boʻlib kelmading, sen Zakiya emassan, – debdi xudo.

Manoqiblarning oxirgi nuqtasini olib qaraylik, hammasida insonning zimmasiga qanday vazifa yuklangan boʻlsa, oʻsha vazifani uddalab borishi turadi. Ruhning ezgu holatda manziliga yetib borishi muhim. Eng mukammal ilohiy bilimlar tepadan tushsa, inson egallagan bilimlar tepaga bormogʻi lozim. Inson muqaddas kitoblarda aytilganidek yashasa, oʻyi, soʻzi, amali bir boʻlsa, adashmaydi. Bu yoʻlda inson avvalo oʻzi bilan oʻzi kurashishi kerak. Bular aytib kelingan gaplar. Oʻzingni angla, oʻzingni namoyon qil degan gaplar yangi gap emas. Qoʻshiqlarda aytiladi:

“Amudaryo oqar ketar,

Qirgʻogʻini yiqar ketar,

Bu dunyo bir derazadir,

Har kim undan boqar ketar”.

Bunda juda chuqur maʼno bor. Amudaryoning oqishi umrning oʻtishi boʻlib, dunyo derazasiga bir kelib, boqib ketish hammaning boshida bor. Muqaddas bitiklarda aytilganidek, mohiyat insonning hayot yoʻlini munosib yashab oʻtishidadir. Butun bilimlar inson hayotda munosib yashab oʻtishiga qaratilgan. Allada bolaning ongiga ohang yoziladi. Topishmoq va tutalda olamni obrazli tasavvur qilish boshlanadi. Ertakda bilimlar anglanadi. Oʻyinda esa bolaning jamiyatga qoʻshilishi yoʻllari oʻrgatiladi. Masalan, “Odamtoy” ertagini olaylik. Unda qoʻli, koʻzi va oyogʻi yoʻq bir qizni olib qochib, qalʼaga borganda kun koʻrish uchun ovga ketishadi. Qiz har kuni uy tozalab, bitta mayiz topadi va buni mushugi bilan boʻlib yeydi. Bir kuni mushuk kelmaydi. Qiz mayizni yeb qoʻyadi. Mushuk kelib soʻrasa, yeb qoʻyganini aytadi. Mushukning jahli chiqib, olovni hoʻllab, oʻchirib qoʻyadi. Qiz olov izlab yalmogʻizning oldiga boradi. Kampir bit qovurib oʻtirgan boʻladi...

Ertakdagi qalʼa nimaning ramzi, mayiz nega bitta? Bularni anglash ertakdagi bilimni ochadi. Bularni bola qanday boʻlsa shunday, boricha qabul qiladi. Xalqimiz bejiz “bolaga besh yoshgacha podshodek munosabatda boʻl” demaydi. Shu paytda uning gard qoʻnmagan ongiga barcha bilimlar yoziladi. Oʻn toʻrt yoshgacha quldek va keyin doʻstdek boʻlish uqtiriladi. Ana shu paytda oʻsmirning shaxsi shakllanadi, taqlid davri tugab, fikrlash jarayoni boshlanadi, shu davrda u bilan hamfikr boʻlish juda zarur. Masalan, Navoiyning toʻqqiz yoshida “Mantiqut-tayr”ni yodlab olgani bejiz emas, hech kim uning boshida turib “yoshingga munosib asar oʻqi” demagan, chunki koʻngli shunga toʻgʻri boʻlgan.

Navoiy bobo nimani idrok qilgan bilmayman, lekin yozgan asarlari shundan dalolat beradiki, u kosmik planda fikrlagan.

Shu narsa aniqki, adabiyot ri-voj-lan-may-di, adabiyot yangilanadi. Eski narsalar yangi shaklga kiradi, xolos. Chunki rivojlanish uchun keyingisi avvalgisini inkor qilishi kerak. Har bir davrning oʻz adabiyoti boʻladi. Navoiy davrini biz adabiyotning eng choʻqqisi deb bilamiz, ammo har bir davrning oʻz yulduzlari boʻladi. Temiriylar saltanatining mahobati Navoiyning poetik tafakkurida koʻrinadi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur, ustoz!

Jamila ASQAROVA suhbatlashdi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 3-son.

“Taqlidchi va shaxs sharhi” suhbati