Avtobusda yonimda ketayotgan ayol telefonidagi audio yozuvni tinglab borardi. Beixtiyor qulogʻimga kirayotgan uzuq-yuluq soʻzlardan yozuv biron bir imom yoki ulamoning maʼruzasi ekanini angladim. Manziliga yaqinlashdi shekilli, ayol eshikka qarab yoʻnaldi, shu lahzalarda telefonidan eshitganim “... agar shunday boʻlsa, qiyomatda ham yalangʻoch javob berasiz” degan soʻzlar boʻldi. Seskanib ketdim, Alloh asrasin.
Shu onda hammamizga juda tanish boʻlgan rivoyat “lop” etib yodimga tushdi: tushida tishi tushib ketgan shoh mulozimlaridan buning taʼbirini soʻrabdi. Hukmdor unga javoban: “Shohim, hamma qarindosh-urugʻingiz vafot etib, oʻzingiz yolgʻiz qolasiz”, degan aʼyonga eng ogʻir jazoni; “Qarindosh-urugʻingiz orasida siz hammadan uzoq umr koʻrasiz” degan mulozimga esa katta boylik inʼom etilishini munosib koʻribdi.
Shukrlarkim, yurtimizda vijdon, eʼtiqod erkinligi qonunlar bilan kafolatlangan; bu borada savollarimizga javob olish, bilmaganlarimizni oʻrganish, ibodatlarni ado etishimiz uchun imkoniyatlarimiz dahlsiz. Oʻz oʻrnida amr-u maʼruflar, nahiy munkarlar uchun shart-sharoitlar yetarli. Faqat... yuqorida telefon orqali maʼruzani eshitganda rivoyat yodimga tushgani sababi shuki, diniy mavzuda gapirganda ayrim maʼruzachilar (ular orasida ilmdorlar ham, boshqalardan eshitib olganini oʻzi anglab-anglamay takrorlaydiganlar ham bor) shunaqa ohang, shunaqa soʻz-iboralarni tanlaydilar va shariat yoʻllarini shunchalar tor-u tanqis, ogʻir qilib koʻrsatadilarki, ayrim tinglovchilar bundan qattiq qoʻrquvga, vahimaga tushadilar, oʻzlarini jurʼatsiz, amallarni bajarishga ojiz his etadilar.
Tanganing ikki tarafi boʻlgani kabi, voqea-hodisalar, fikr-mulohazalarga ham turlicha yondashish mumkin. Aytaylik, falon-falon notoʻgʻri, nojoʻya ishlari uchun inson qiyomatda yalangʻoch turib javob beradi, deyishning oʻrniga, misol uchun deyman-da, insonning libosli boʻlishi qanchalar yaxshi, oʻngʻay, fazilatli holat ekanini chiroyli izohlab, shu holatning aksi boshiga tushib qolmasligi uchun nimalar qilish afzal ekani haqida tushuntirish mumkin. Zero, imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: “Yengil qiling va qiyin qilmang. Xushxabar bering va nafratlantirmang. Oʻzaro yordam bering va ixtilof qilmang”, – deganlar. Chunki oʻzgalarga nisbatan tahqir va malomatlarni yogʻdirish, oʻzganing fikrini eshitmaslik hamda xolislikning yoʻqolishi natijasida haqiqatdan yuz oʻgirish, kishilarni dindan bezdirish, insonlar orasida kelishmovchilik kabi kutilmagan vaziyatlar kelib chiqishi tarixda koʻp kuzatilgan.
Muhtarama ULUGʻOVA