“Oʻzbek xalq shevalari lugʻati”da yozilishicha, baʼzi shevalarda “egachi” (“әkәji”, “egәch’”) deb akaning xotini, yaʼni yangaga nisbatan aytiladi. Ammo adabiy tilda, shuningdek, baʼzi shevalarda “egachi” deganda “opa” tushuniladi, “egachi-singil” – “opa-singil” demak.

Bu soʻz “ega” soʻzidan yasalmagan, “Devonu lugʻotit-turk”da “ekā” soʻzi bor va shunday izohlangan: “ekā – opa. Oʻgʻuzlar ezā deydilar”. Baʼzi oʻzbek shevalarida bu soʻz “acha”, “eja”, qirgʻizlar ham “opa”ni “eja” deydilar. “Boburnoma”da Bobur bu soʻzni “aka” shaklida qoʻllaydi, ammo “Moʻgʻullarning sirli tarixi” asarida “ākā” soʻzi “ona” maʼnosida qoʻllangan.

“Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da Sh.Rahmatullayev “egachi” soʻzini: “akaning xotini, yoshi katta xotinga ayol kishining murojaat soʻzi. Bu soʻz qadimgi turkiy tildagi “opa” maʼnosidagi “ekā” soʻzidan eʼzozlash maʼnosini ifodalovchi “-chi” qoʻshimcha bilan hosil qilingan”, deb izohlaydi. Ammo “Devonu lugʻotit-turk”da “ekāch” shakli ham bor va shunday izohlangan: “ekāch – oʻzining ortiq ziyrakligi bilan odamlarga xuddi oʻz singlisidek tuyuluvchi yosh qiz; bu soʻz yosh qizlarni sevish, erkalash uchun qoʻllanadi” (DLT. I t. 1960. 86-b.). Bu izohdan “-ch” qoʻshimchasining kichraytirish, erkalash maʼnosi ham borligi anglashiladi.

“Moʻgʻullarning sirli tarixi” obidasida turkiy soʻzlarning koʻpligi haqida avvalgi maqolalarda ham aytgan edik, asarda “opa” maʼnosida bir necha oʻrinda aynan “egachi” (āgāči) soʻzi ishlatilganini koʻrish mumkin. Xususan, Chingizxon tatarlar ustidan gʻalaba qozonib, tatar Yeke-Cheren (Yākā Čārān)ning qizi Yesugan xatun (Yāsügān qatun)ga uylanmoqchi boʻladi. Shunda Yesugan Chingizxonga: “mening Yesuy ismli opam bor (āgāči Yāsui), xon mendan oldin opamga uylansa...”, deb opasini ham xonga taklif etadi. Asarning hozirgi moʻgʻul tiliga qilingan tabdilida asliyatdagi: “mening egachim Yesuy” – “miniy egch Yesuy”, deb oʻgirilgan, yaʼni hozirgi moʻgʻul tilida ham turkiy “egachi” – “opa” maʼnosida “egch” shaklida qoʻllanadi.

Alqissa, “egachi” – “opa”ning sinonimi, “-chi” qoʻshimchasi eʼzozlash, erkalash maʼnosida, baʼzi shevalarda akaning xotiniga nisbatan ham “egachi” deb aytilishini esa hurmat yuzasidan deb tushunish mumkin.

Abduvohid HAYIT