Ingliz zobiti Artur Konolli XIX asrda ilk bor “Katta oʻyin” atamasini qoʻllaganida geosiyosatdagi eng kuchli metaforalardan birini isteʼmolga kiritgani xayoliga ham kelmagan. Bu istiloh Britaniya va Rusiya imperiyalarining Markaziy Osiyo, shuningdek, Afgʻoniston, Fors oʻlkasi va Tibetdagi raqobatini anglatadi.

Vahmkor oʻyin bugunga qadar toʻxtagani yoʻq, fursat oʻtishi bilan ishtirokchilar soni ortib, qoidalar-u usullar oʻzgardi, xolos. “Yangi Katta oʻyin” muhitida qudrat sohiblarining diqqati Markaziy Osiyoga qadalgan. Bellashuvga endi Vashington, Pekin, Bryussel, Tokio, Yangi Dehli ham qoʻshilgan.

Ikki qoʻchqorning boshi

1840-yilning iyul oyida ingliz razvedkachisi Artur Konolli Qandahorda yangi vazifaga tayinlangan hamkasbi Henri Kresvik Roulinsonga yoʻllagan maktubida “Sizni ajoyib oʻyin, katta oʻyin kutayotir!” deb taʼkidlagan edi. Yozuvchi Redyard Kipling “Kim” romanida (1901) qoʻllagach, bu atama yanada ommalashdi.

XIX asrda Britaniya va Rusiya imperiyalari Markaziy va Janubiy Osiyodagi hududlarni egallash, chegaralarni qayta belgilash uchun harbiy kuch va diplomatik muzokaradan foydalangan. Rusiya Turkistonni bosib oldi, Angliya esa Hindistonda nazoratni mustahkamladi. Shu tariqa XX asr boshlariga kelib, Kaspiy dengizi sohilidan Sharqiy Himolaygacha boʻlgan hududlardagi davlatlar, qabilalar ikki imperiyaning qalamraviga oʻtdi.

“Ikki qoʻchqorning boshi bir qozonda qaynamas”, deydilar. Britaniya Rusiyaning janubga ekspansiyasi Hindistonga tahdid solishidan qoʻrqar, rus davlati esa ingliz monarxiyasi taʼsiri Markaziy Osiyoga yoyilishidan xavotirda edi.

Manbalarga koʻra, “Katta oʻyin” 1830-yil 12-yanvarda Hindiston nazorati kengashi prezidenti, lord Ellenboro general-gubernator, lord Bentinkka Buxoro amirligi bilan savdo munosabatini yoʻlga qoʻyish vazifasini topshirgandan soʻng boshlangan. Angliya Afgʻonistonda protektorat oʻrnatib, Usmoniylar, Fors, Xiva va Buxoro davlatlarini Rusiya bilan bufer hudud sifatida saqlab qolishni maqsad qilgan. Shuningdek, Rusiyaning Fors koʻrfazi yoki Hind okeanida portga ega boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik orqali asosiy dengiz savdo yoʻllarini nazorat qilish koʻzlangan edi. Ikki imperiya oʻzaro raqobatlashar ekan, Rusiya Afgʻonistonni betaraf hudud oʻlaroq taklif qilgan (Becker S. Russiaʼs Protectorates in Central Asia: Bukhara and Khiva, 1865–1924. Routledge, 2005. P. 47).

“Katta oʻyin” rasman 1895–1907-yillar oraligʻida nihoyalandi. 1895-yil sentyabr oyida London va Sankt-Peterburg Pomir chegara komissiyasi protokolini imzoladi. 1907-yil avgustida yovlashgan ikki davlat oʻrtasida ittifoq tuzildi, Afgʻoniston, Fors, Tibet kabi bahsli hududlar yuzasidan ham kelishuvga erishildi.

Adoqsiz kurash

“Katta oʻyin” 1907-yildan keyin ham davom etgan. Tarixchi David Noakning yozishicha, u 1919-yildan Britaniya va Sovet Ittifoqi oʻrtasidagi qarama-qarshilik sifatida qaytadan boshlandi. Veymar Respublikasi va Yaponiya yangi ishtirokchilar sifatida maydonga chiqdi. Oʻsha yillarda kurash Britaniya Hindistoni, Xitoy, Sovet Ittifoqi va Yaponiya Manchjuriyasi chegaralaridagi hududlar ustida kechgan (Noack D. The Second Tournament of Shadows and British Invasion Scares in Central Asia, 1919–1933 // The Oxus Society for Central Asian Affairs, 14 December 2020).

Olim Aleksandr Andreyevning fikricha, Sovet Ittifoqi 1930-yillarda ham “Katta oʻyin”ni davom ettirgan boʻlib, asosiy yoʻnalish Tibet va Moʻgʻulistondagi yashirin diplomatiya va josuslik faoliyati edi. Rossiyaning Hindistonga bostirib kirish loyihasi ham inqilobchi Lev Troskiy tomonidan qayta tiklangan (Andreev A. Soviet Russia and Tibet: the Debacle of Secret Diplomacy, 1918–1930s. Leiden, Brill, 2003. Pp. 13-15).

Tarixchi Hizer Kempbell Britaniya ham “Katta oʻyin”ni davom ettirgan deb hisoblaydi. Jumladan, Hindistonning sobiq general-gubernatori, lord Karzon sovetlarga qarshi oq gvardiyachilarni qoʻllab-quvvatlash siyosatini ilgari surgan (Campbell H. Great Game Thinking: The British Foreign Office and Revolutionary Russia // Revolutionary Russia. 34 (2), 2021.  Pp. 239-258).

1979-yilda sovetlar Afgʻonistonga bostirib kirgach, Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcher darhol afgʻon qarshilik kuchlariga harbiy yordam koʻrsatgan. Bu hodisa “Ikkinchi Katta oʻyin” nomi bilan mashhur boʻldi. Qirollik josuslik xizmati (MI6) afgʻon mujohidlarini Sovet Ittifoqiga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatladi, jumladan, ularni yashirincha qurollantirdi va moliyalashtirdi (Curtis M. Training in Terrorism: Britainʼs Afghan Jihad. British Foreign Policy Declassified. 20 July 2025).

Koʻp qutbli raqobat

1996-yili “The New York Times” gazetasida chop etilgan maqolada yozilishicha, “Markaziy Osiyo yana bir bor yirik davlatlarning koʻhna va beayov geosiyosiy oʻyinida qorongʻi jang maydoni vazifasini oʻtamoqda. Gʻarb ekspertlari fikricha, Kaspiy dengizi mamlakatlarining hali toʻliq oʻzlashtirilmagan neft va tabiiy gazi mintaqani kelajak asrda yangi Fors koʻrfaziga aylantirishi mumkin. Boshlanayotgan oʻyindan koʻzlangan maqsad – neft ustidan nazorat qiluvchi sobiq sovet respublikalari rahbarlari bilan doʻstona munosabat oʻrnatish, Rossiyaning shubha-gumonlarini aritish va jahon bozori uchun muqobil, xavfsiz quvur yoʻllari joriy etishdir” (The New Great Game in Asia // The New York Times. 2 January 1996).

“Yangi Katta oʻyin” geosiyosiy raqobatdan koʻra koʻproq geoiqtisodiy kurashga doʻnmoqda. Bu jarayonda Xitoyning roli – Buyuk Britaniyaga, Rossiyaniki esa Rusiya imperiyasiga oʻxshaydi. “Xitoy va Rossiya ikki kuchli oʻyinchi, Markaziy Osiyo davlatlari esa nisbatan zaif mustaqil subyektlar hisoblanadi” (Chen X., Fazilov F. Re-centering Central Asia: Chinaʼs “New Great Game” in the Old Eurasian Heartland // Palgrave Com­munications. 4 (1) 71, 2018.  Pp. 1-12).

Boshqa tadqiqotchilar fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari oʻz siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini diversifikatsiya qilishga muvaffaq boʻlmoqda.

Xitoy Rossiyaga  qarshi muvozanat  kuchi boʻlishi  mumkin edi,   biroq   2001-yilda   Pekin   va Moskva  strategik  sheriklik munosabatini oʻrnatdi. Tahlilchi   Ajay   Patnaik ham shunga yaqin xulosani ilgari suradi: “Xitoy asosiy mintaqaviy mexanizm sifatida ShHTdan ehtiyotkorlik bilan istifoda etmoqda va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi manfaatlariga qarshi bormayotir” (Patnaik A. Central Asia: Geopolitics, Security and Stability. Taylor & Francis Group, 2016. Pp. 28-31).

2021-yil avgustida Afgʻoniston hokimiyatini “Tolibon” harakati qayta egallagani maʼlum. “Yangi Katta oʻyin” Rossiyaning afyun ishlab chiqarishni tartibga solishdagi manfaatlari, Xitoyning nodir maʼdanlar bilan bogʻliq intilishlari, Hindistonning ortib borayotgan roli va Gʻarbning ishtibohli ishtiroki asosida kechmoqda”, deb yozadi isteʼfodagi admiral Jeyms Stavridis (Stavridis J. Rare earth trillions lure China to Afghanistanʼs new Great Game // Nikkei Asia. 21 August 2021).

“Katta oʻyin” avj nuqtasiga yetgan XIX asrda Markaziy Osiyo ikki imperiya dona suradigan shaxmat taxtasi sifatida koʻrilar edi. “Yangi Katta oʻyin” esa koʻp qutbli raqobat boʻlib, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Yaponiya va boshqa davlatlar “Yevroosiyo yuragi”ga yoʻl topmoqqa urinayotir. 

AQSh

Vashingtonning Markaziy Osiyodagi roli epizodik, ammo katta ahamiyatga ega. 2011-yil 11-sentyabr voqealaridan keyin AQSh Afgʻonistondagi amaliyotni qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston (Qarshi-Xonobod, 2001–2005) va Qirgʻizistonda (Manas, 2001–2014) harbiy baza ochdi.

AQShning mintaqadagi manfaatlari uch ustuvor maqsad bilan bogʻliqdir: 1) terrorizmga qarshi kurash (Afgʻonistondagi beqarorlikning shimolga yoyilmasligini taʼminlash); 2) geosiyosiy muvozanat (Rossiya – xavfsizlik jabhasida, Xitoy – infratuzilma hamda savdoda yakka hukmron boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik); 3) meʼyorlarni ilgari surish (boshqaruv islohotlarini ragʻbatlantirish, inson huquqlari va suverenitetni himoya qilish).

2015-yilda yoʻlga qoʻyilgan “C5+1” formati AQSh–Markaziy Osiyo muloqotini institutsional darajaga koʻtarmoqda. Vashington mazkur format orqali Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirgʻizistonni xavfsizlik, savdo, energetika, texnologiya va boshqa sohalarda muloqotga chorlamoqda.

2025-yil 5-iyun kuni Vashingtonda Atlantika kengashi tomonidan oʻtkazilgan ilk AQSh–Markaziy Osiyo forumida oʻta muhim minerallar masalasi muhokama etildi. Qozogʻiston 20 turdagi muhim mineral, jumladan, dunyo uranining 40 foizini ishlab chiqarayotganini qayd etdi. 2030-yilgacha besh ming kilometr temiryoʻl qurilishi va Kaspiy dengizidagi transport flotini ikki barobarga koʻpaytirish rejasi taqdim etildi. Oʻzbekiston ham amaliy harakatga oʻtib, 2025-yil aprel oyida Vashington bilan oʻta muhim minerallar boʻyicha anglashuv memorandumi imzoladi.

2025-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oq uyda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi. Oʻzaro munosabatlarda yangi sahifa ochgan mashvaratda doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni taʼsis etish, vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamgʻarmasini ochish takliflari ilgari surildi.

Faol harakatlarga qaramay, Vashington geografik jihatdan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Boz ustiga, Rossiya va Xitoy mintaqa davlatlariga kamroq siyosiy shartlar bilan tezkor moliyaviy mablag‘ taklif qilmoqda. Yevropa ham dadil qadamlar tashlamoqda. Jumladan, 2025-yil aprelida Samarqandda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitida Bryussel 13 milliard yevrodan ziyod sarmoya vaʼda qildi.

Prezident Jo Bayden davrida “C5+1 oʻta muhim minerallar dialogi” va “B5+1 biznes forumi” kabi platformalar yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, Donald Tramp maʼmuriyati hali yagona mintaqaviy strategiyani taqdim etganicha yoʻq. Markaziy Osiyo rasmiylari AQShning pragmatik, manfaatga asoslangan yondashuvini ijobiy qabul qilgan boʻlsa-da, oliy darajadagi tashrif yoki rasmiy majburiyatlarning yoʻqligini qayd etish oʻrinlidir. Agar AQSh mintaqada muhim oʻyinchi boʻlib qolishni istasa, siyosiy munozaralardan amaliy ishga oʻtishi, jumladan, oʻta muhim minerallar, infratuzilma va savdo yoʻlaklari boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirishi zarur.

Rossiya

Rossiya tarixan Markaziy Osiyoni oʻz “tomorqasi” deb daʼvo qilib kelgan. Endilikda Moskvaning strategiyasi sinovdan oʻtmoqda. Nisbiy pasayishga qaramay, Moskva hali ham ilkida muhim taʼsir vositalarini saqlab qolmoqda. Shulardan biri – energiya manbalaridir. Moskva uzoq muddatli tabiiy gaz yetkazib berish bitimlari hamda narx siyosati orqali mintaqaga oʻz soʻzini oʻtkazishga intiladi. Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) orqali iqtisodiy taʼsirini mustahkamlashga urinadi. Biroq Xitoyning “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi yoki Yevropa Ittifoqining investitsiya dasturlari qarshisida YOIIning jozibadorligi yoʻqoladi.

Rossiya Qirgʻiziston va Tojikistonda harbiy bazalarini saqlab qolmoqda. Qolaversa, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) orqali ham muayyan taʼsirga ega. 2022-yil yanvarida KXShT qoʻshinining Qozogʻistonga kiritilishi Rossiyaning harbiy aralashuvga qodir ekanini koʻrsatdi. Biroq Ukraina urushidan soʻng Moskva barqarorlashtiruvchi kuch sifatidagi nufuzini boy berdi.

Madaniyat va til ham muhim qurolga aylangan. Rus tili mintaqa boʻylab umumiy muloqot vositasi sanaladi. Rossiyadagi koʻp sonli mehnat muhojirlari esa chuqur ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda. Migrantlarning pul yubormalari Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikiston uchun hayotiy ahamiyatga ega boʻlib, Moskvaning “tortish kuchi”ni ham namoyon etadi. Biroq mintaqa yoshlari tobora koʻproq Yevropa, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreyadan imkoniyat izlamoqdaki, bu istiqbolda jiddiy oʻzgarish yasashi shubhasiz.

Siyosiy jabhaga kelsak, Kremlning Markaziy Osiyo yuritayotgan koʻp vektorli diplomatiyaga moslashishi qiyin kechmoqda. Moskva mintaqada “imtiyozli manfaatlari”ni saqlab qolishga urinayotgan boʻlsa-da, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatda muvozanat oʻrnatishning uddasidan chiqdi. Oʻzbekistonning Ukraina urushida betarafligi, Vashington, Pekin va Bryussel bilan faol diplomatiyasi buni yaqqol koʻrsatadi.

Sirasini aytganda, Rossiya “Yangi Katta oʻyin”da mintaqa geosiyosiy kelajagining yagona hakami emas, balki raqobatchilardan biri oʻlaroq namoyon boʻlmoqda.

Xitoy

Xitoy chorak asr ichida ikkinchi darajali sherik maqomidan “Yangi Katta oʻyin”ning asosiy ishtirokchisiga aylandi. Keng koʻlamli infratuzilma loyihalari, energetika hamkorligi va siyosiy muloqotni oʻz ichiga olgan strategiya Pekinga misli koʻrilmagan mavqe vaʼda etmoqda.

Xitoyning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi negizini iqtisodiy aloqalar, xususan “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi tashkil etadi. 2013-yilda ilgari surilgan ushbu tashabbusga koʻra, mintaqa muhim tranzit hudud sanaladi. Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻl loyihasi Chin oʻlkasining nafaqat transport aloqalarini mustahkamlash, balki mintaqaviy taʼsirini kuchaytirishga ham qodirligini koʻrsatadi. Xitoy muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash, tabiiy gaz boʻyicha hamkorlikda ham mustahkam oʻrin egallagan.

Osmonosti mamlakati institutlar va diplomatiya orqali ham oʻz rolini kengaytirmoqda. Xitoy–Markaziy Osiyo (C+C5) formati doimiy kotibiyatga ega boʻlib, mintaqa bilan Moskva yetakchiligidagi tashkilotlardan mustaqil ravishda muloqot olib borish imkonini beradi.

Xitoy Rossiya singari harbiy bazaga ega boʻlmasa-da, ShHT doirasida terrorizmga qarshi kurash va chegara nazorati boʻyicha hamkorlikni amalga oshirmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarida Xitoy kuzatuv texnologiyalari tobora koʻproq tarqalmoqda, bu orqali Pekin ichki xavfsizlik tizimlari ustidan taʼsir kuchiga ega boʻlishi mumkin.

“Yumshoq kuch” usullari va madaniy aloqalar iqtisodiy, institutsional tashabbuslar bilan baqamti olib borilmoqda. Markaziy Osiyoda taʼlim dasturlari, Konfutsiy institutlari va ommaviy axborot vositalari orqali Xitoyning ijobiy qiyofasi targʻib-tashviq qilinmoqda.

Xitoyning tobora ortib borayotgan ustunligi, iqtisodiy qaramlik va yerlarni boy berish borasida xavotir ham mavjud. Masalan, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi muayyan guruhlar Pekinni tanqid qiladi, biroq hukumatlar iqtisodiy manfaatlarni muhofaza etish maqsadida bunday noroziliklarni soʻndirishga intiladi.

Umuman, “Yangi Katta oʻyin” sharoitida Xitoyning Markaziy Osiyodagi rolini chekka qoʻshnidan yirik investor va strategik hamkor darajasiga koʻtarilish deb tavsiflash mumkin. Moskva va Vashingtondan farqli oʻlaroq, Pekinning siyosati izchil ravishda mustahkamlanmoqda.

Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga normativ diplomatiya va selektiv iqtisodiy hamkorlik tamoyillari asosida yondashib, Rossiyaning hukmron siyosati va Xitoyning tajovuzkor strategiyasi oʻrtasida “uchinchi yoʻl”ni taklif etmoqda. Bryussel Markaziy Osiyo boʻyicha strategiya (2019) hamda “Global darvoza” (2021) tashabbusi orqali raqamlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya va boshqaruv islohotlariga urgʻu bermoqda. Soʻnggi yillarda Rossiyani chetlab oʻtuvchi transport yoʻlaklari, xususan, Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagiga (Oʻrta yoʻlak) investitsiya kiritish faol muhokamada.

2025-yilning bahorida Samarqandda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni koʻpaytirish; innovatsiyalar, “yashil” energetika, tog‘-kon, qishloq xoʻjaligi, transport, logistika va raqamlashtirish sohalarida qoʻshma dasturlarni ilgari surish; madaniyat, turizm, fan, taʼlim va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda faol almashinuvlarni davom ettirishga eʼtibor qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi doirasida 2025-yil 24-oktyabr kuni Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Mintaqa va YI oʻrtasidagi hamkorlik faollashmoqda. Soʻnggi yetti yilda tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar oʻsib, 54 milliard yevroni tashkil etdi. YI yetakchi savdo hamkori va taraqqiyot yoʻlida muhim koʻmakchidir. Shunga qaramay, Bryussel hozircha vazmin siyosati bilan Pekin va Moskvaga xos koʻlamdorlik va tezkorlikka boʻylasha olmayotir.

Hindiston

Hindistonning Markaziy Osiyodagi faolligi Xitoy va Pokiston taʼsiriga qarshilik bilan birga tarixiy-madaniy robitalarga asoslangan. Yangi Dehli ilgari surgan muhim tashabbus – Hindistonni Rossiya va Markaziy Osiyo bilan Eron orqali bogʻlaydigan Shimol–Janub xalqaro transport yoʻlagidir (INSTC). Shuningdek, Hindiston Pokistonni chetlab oʻtuvchi yoʻlaklarni rivojlantirish maqsadida Chabahar (Eron) portiga sarmoya kiritmoqda.

Hindiston ShHTning xavfsizlik tashabbuslarida faol ishtirok etib, terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy barqarorlik gʻoyasini ilgari suradi. Madaniy jabhada esa, Bollivud, taʼlim dasturlari va tibbiy xizmat orqali Markaziy Osiyoda oʻz oʻrnini mustahkamlamoqda. Ammo jugʻrofiy uzilish va Xitoyga nisbatan cheklangan moliyaviy imkoniyat uning salohiyatini susaytiradi.

Yaponiya

Markaziy Osiyoda global kuchlar oʻrtasidagi raqobat tobora kuchayib borayotgan bir vaqtda Yaponiya sokin, lekin strategik oʻyinchi sifatida maydonga chiqdi. Tokio texnologiyaga tayangan va yumshoq kuch vositalarini qoʻllagan holda oʻz strategiyasini shakllantirmoqda.

2025-yil 20-dekabr kuni Tokioda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining davlat rahbarlari darajasidagi birinchi sammiti Kunchiqar oʻlka mintaqada uzoq muddatli strategik manfaatlarini chuqurlashtirishga intilayotganini koʻrsatdi.

Yaponiya iqtisodiy siyosatini sifatli infratuzilma, “yashil” texnologiyalar va inson kapitali rivoji tamoyillariga koʻra amalga oshirmoqda. U boshqa tashabbuslardan farqli ravishda, oʻz loyihalarida shaffoflik, ekologik barqarorlik va yuqori sifatga urgʻu beradi. Yaponiya Markaziy Osiyoda energetika tizimini modernizatsiya qilish, transport infratuzilmasini yaxshilash, shuningdek, suv resurslarini boshqarish va taʼlim dasturlarini kengaytirishga intilmoqda.

Ayni choqda, geografik masofa, harbiy salohiyatning cheklangani va sarmoya miqdori nisbatan kamligini qayd etish lozim. Ammo Tokio “baland ovoz bilan emas, balki ishonchli natijalar bilan” harakat qilayotgan davlat sifatida mintaqa geosiyosiy muvozanatida oʻziga xos oʻrin egallamoqda.

Xulosa

XXI asrda Markaziy Osiyo chinakam koʻp qutbli maydonga aylandi. Mintaqa davlatlari endilikda shunchaki kuzatuvchilar emas – ular koʻp yoʻnalishli diplomatiya orqali yirik kuchlar oʻrtasida muvozanatni saqlash, milliy manfaatlarini himoya qilishga intilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston va Qozogʻiston tashqi siyosatni oʻzaro muvofiqlashtirib, koʻp yoʻnalishli konsepsiyani amalga tatbiq etmoqda. Geosiyosiy strategiyalar raqobatida mintaqa davlatlari mustaqilligini saqlab qolish hayot-mamot masalasidir.

Quvonchbek MAHMUDOV

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.