Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

Choʻlpon

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “Yangi” soʻziga shunday izoh beriladi: “Ilgari boʻlmagan, endi yuzaga kelayotgan”. Birgina “yangi” soʻzi “yangilik, yangicha, yangilangan” kabi soʻzlarga ham uygʻun. Ana shu maʼnoda har bir soʻz mohiyatiga koʻra oʻz yuki, ruhi, qalbi, ildiziga ega. Koʻrib turganingizdek, “Yangi” soʻzi mohiyatida ilgari kuzatilmagan yondashuv, rivojlanish, taraqqiyot, miqdor va sifat oʻzgarishlari bor. Ijodiy nuqtai nazardan qaraganda esa, inson qalbida ilhom, shijoat, zavq, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishtiyoqini alangalatuvchi, uygʻotuvchi ruh bor. Jadid maʼrifatparvarlari bejiz millatni uygʻotuvchi maʼrifiy isyon toʻlqiniga “jadid-yangi” soʻzini asos qilib olishmagan. Yangi soʻzi yuragiga quloq solsangiz u orzular, niyatlar roʻyobi, ezgu duolar ijobatidan soʻzlaydi.

2016-yil Prezidentimiz qalbida nur sochgan buyuk orzuning “Yangi Oʻzbekiston” deb atalishi bejiz emas. Zero, kuni kecha umumxalq muhokamasi – Referendumda xalqimiz irodasi bilan qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya ham mohiyatan yangi uygʻonish, taraqqiyot sari boshlaydi. Ha, “Yangi” soʻzining mohiyatidan farovonlik, baxt, munavvarlik, shodumonlik, quvonch nafasi keladi. 36 million insonni ulug‘ maqsad yoʻlida milliy birlikka erishtirgan, yagona Oʻzbekiston xalqi sifatida buyuk maqsad yoʻlida bitta qalbga aylantira olgan yangi davr, yangi qadamlar muborak boʻlsin, aziz vatandoshim!

Ulug‘ xalq orzusiga monand ulug‘ niyat

Buyuk oʻzbek shoiri Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!”, degan soʻzlarini bejiz tilga olmadik. Zero, shoir taʼkidlaganidek, katta qalb, xalqparvarlik, farzandlik mehri ila quchoq ochib xalq ichiga kirish, uning qalbiga nazar tashlab, orzu-umidlari, niyatlarini roʻyobga chiqarish, ogʻriqlariga malham boʻlishni oʻz hayotining mazmuni, farzandlik burchi deb bilgan yurt sarvari, uning oʻz xalqi baxti saodatini koʻzlab oʻylagan niyatlari ijobatiga shu xalqning oʻzi kuch beradi, ruh beradi. Bu kuch va ruh mohiyatida “ishonch” degan qutlug‘ soʻz mujassam boʻladi.

“Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir”. Davlatimiz rahbarining ushbu soʻzlari bugungi islohotlar, shunchaki islohot uchun emas, ulug‘ maqsadlarga pillapoya boʻluvchi tarixiy oʻzgarishlar yoʻli ekanligini yaqqol namoyon etadi. Aynan ana shu maqsadda islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan jamiyatimiz aʼzolarining bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlari azm-u shijoatga aylanmoqda.

Ana shu azm-u shijoatning yana bir ifodasi sifatida Referendumda xalqimiz asl vatanparvarlik, faollik, katta ishonch bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qoʻllab-quvvatlab, “Yangi Oʻzbekiston orzusi”, uning roʻyobi uchun ovoz berdi. Bu shunchaki oddiy hodisa emas, tarixiy voqeadir. “Bahorning qanday kelishi, uning nafasidan maʼlum”, deydilar. Shu maʼnoda, amalllarning qanday boʻlishi, unga kuch va ruh beruvchi niyat mohiyatiga bogʻliq.

30-aprel – Oʻzbekiston xalqi hayotida unutilmas kun boʻldi! Millionlab yuraklarning xohish-irodasi oʻlaroq, yangi Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi kuchga kirdi! Mamlakatimiz fuqarolarining 15 million 34 ming 608 nafari yoki 90,21 foizi yoqlab ovoz berdi. Xalqimiz hamjihatligi, maʼnaviy birligi, yuksak vatanparvarligini butun dunyoga namoyon etdi. Yangilangan Konstitutsiya xalqimizni bamisoli bayroqdek birlashtirdi.

“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun boʻyicha mamlakat saylov qonunchiligi meʼyorlariga muvofiq oʻtkazilgan Referendumda MDH hamda uning Parlamentlararo Assambleyasi, YHHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti singari xalqaro tashkilotlar hamda AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Quvayt, Hindiston va boshqa xorijiy davlatlardan jami 258 nafar kuzatuvchi ovoz berish jarayonlarini kuzatdi va ezgu niyatli xalqimizning yakdil ovozini eʼtirof va ehtirom etdi.

Ertangi kunga boʻlgan yuksak ishonch butun xalqimizni yangi Oʻzbekistonni barpo etish va yangi uygʻonish davri poydevorini yaratishdek ulug‘ maqsad yoʻlida jipslashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun umumxalq ovozi bilan qabul qilindi. U xalqimizning farovon jamiyat, yuksak tarqqiy etgan qudratli davlat barpo etishdek ezgu oruzlari roʻyobga chiqishida mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Referendum yangi Oʻzbekiston orzusi – barchamiz, mehnatkash, tinchliksevar xalqimizning ezgu maqsadi, hayotining ajralmas qismiga aylanganini butun dunyoga namoyon etdi. Negaki, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mohiyatida el-yurtimizning azaliy umid-niyatlari, yuksalish sari intilishlari oʻziga xos aks etmoqda. Millionlab koʻngillardagi orzular, duolar, niyatlar unda mujassam.

 Muqaddas hadislarda “Barcha amallar niyatlarga qarab boʻlgʻusidir”, deyiladi. Avvalo, shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan kezlarda xolis niyat qilindi. Bu Konstitutsiya xalqchil boʻlsin, har bir fuqaro oʻz taklifini bildirsin. Toki, uni xalq irodasi bilan umumxalq Referendumida qabul qilganimizdan keyin, har bir Oʻzbekiston fuqarosi faxr bilan “Bu mening Konstitutsiyam!” deb ayta olsin. Ana shu jarayonda Prezidentimiz “Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi – inson qadri, xalq manfaatini amalda taʼminlashdir”, degan ulug‘ niyatni bildirgan edi. Boshlanayotgan yangi davrdagi oʻzgarishlarga fuqarolarimiz befarq boʻlmadi, oʻzlari tashabbuskor boʻlib, 220 mingdan koʻp taklif berdi.

Pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar “Xalq yoʻli – Haq yoʻli” degan koʻhna naqlning hayotimizdagi yana bir munavvar koʻrinishi boʻldi.

Yangilangan Bosh qonun buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalq oʻzligidan soʻzlaydi

Har bir Konstitutsiya milliy ruh, maʼnaviyat, xalq mentaliteti, oʻzligi, millat tarixi va madaniyati bilan uzviy bogʻlanganda yanada xalqchillik kasb etadi. Yangilangan Konstitutsiyamizda bu jihatlar ifodasiga alohida eʼtibor qaratildi. Biz bu ruhni Konstitutsiyamiz muqaddimasidayoq yaqqol sezamiz:

“Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatimizni namoyon qilib, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatimizni anglagan holda, davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosiga tayanib, mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini koʻpaytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli jonajon Oʻzbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini taʼminlashni maqsad qilgan holda, ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va eʼlon qilamiz”.

Endi Konstitutsiyamizni varaqlagan, u bilan tanishishni niyat qilgan har bir xorijiy mutaxassis, avvalo, muqaddimasidanoq bizning kimligimizni, buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalq ekanimizni, qanday ulug‘ niyat va maqsadlar ila kelajakka qadam qoʻyayotganimizni, bugungi ulugʻvor niyatlarimiz mohiyatida buyuk ajdodlarimizning ulugʻvor ishlari bardavomligini anglaydi.

Asosiy qonunimiz muqaddimasida uch ming yildan ziyod davlatchilik tajribasi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan ajdodlarimizning ilmiy, madaniy merosiga tayanib uni qabul qilayotganimiz bejiz taʼkidlaganmagan. Chunki har qanday kuchli taraqqiy etgan davlat asosida iqtisodiy va maʼnaviy omillar mustahkam poydevor boʻlib yotadi. Negaki, aynan maʼnaviyat insonlar qalbida oʻzaro ishonch va hurmat, eʼtibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yoʻlidagi ezgu intilish, ibratli fazilatlarni kamol toptiradi. Yangilangan Konstitutsiyamizdagi qator moddalarda har bir fuqaroga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida gʻamxoʻrlik qilishi, tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinishi, oila, ota-ona va farzandlar burchi, taʼlim-tarbiya, ijtimoiy axloq bilan bogʻliq qator modda va normalar, avvalo, milliy oʻzligimiz asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi.

Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!

“Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani ishlab chiqishda Oʻzbekiston fuqarolarining misli koʻrilmagan faolligi, bir tomondan, davlat rahbari olib borayotgan demokratik islohotlar siyosatini keng qoʻllab-quvvatlayotganidan, ikkinchi tomondan, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadlariga erishish samaradorligidan chuqur va samimiy manfaatdorligidan dalolat beradi”. Ommaviy axborot vositalari orqali juda koʻp xorijiy olimlar, kuzatuvchilar fikrini oʻqib, toʻgʻrisi gʻururlandim. Ular qatorida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanjining fikrlari asl voqelik eʼtirofidir. Haqiqatdan ham, xalqimizning misli koʻrilmagan faolligi xorijiy mehmonlarning nafaqat hayrati, havasini ham keltirdi. Bu chindan ham xalq konstitutsiyasi boʻldi.

Huquqshunos mutaxassislar, olimlarning aytishicha, dunyodagi koʻp davlatlar konstitutsiyalari obroʻli, eʼtiborli olimlar, huquq ilmining yetuk bilimdonlari tomonidan ishlab chiqilarkan. Shunga koʻra, ular nazariy asoslar, qonun tili, mazmun nuqtai nazaridan yuqori baholanar ekan-u, ammo ularda xalqchillik va xalq ruhi yetishmas ekan. Qaysiki davlatda uning asosiy qonunlari xalq xohish-irodasi bilan Referendum asosida qabul qilinsa, shu davlat fuqarolari “Bizning Konstitutsiyamiz chinakam xalqchil boʻldi”, deya faxrlanarkan. Negaki, aynan Referendum orqali Qonstitutsiyani qabul qilish, unga oʻzgartishlar kiritish bu eng insonparvar, xalqchil, yuksak demokratik yondashuv hisoblanadi. Bu jarayonda fuqarolarimiz befarq boʻlmasdan, oʻzlari tashabbuskor boʻlib, 220 mingdan koʻp taklif bergani uning naqadar xalqchilligini koʻrsatib turibdi.

Yana dunyo ekspertlari alohida eʼtibor qaratgan muhim jihat shundaki, yangilangan Konstitutsiyamiz muqaddimasi “Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi...”, deb boshlanadi. Mutaxassislar fikricha, bunday boshlanish boshqa dunyo konstitutsiyalarida uchramaydi. Shuning oʻzi ham yana bir karra xalqchil Konstitutsiya ekanligini namoyon etib turibdi.

Referendum oʻziga xos vatanparvarlik, maʼnaviy birlik, xalqimiz siyosiy madaniyatining oʻziga xos koʻzgusi boʻldi. Oʻzbekiston tarixida birinchi marta mamlakatda faoliyat koʻrsatayotgan beshta siyosiy partiya, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan jami 43 mingdan ziyod vakil ovoz berish jarayonlarini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega boʻldi. Referendum uchastkalariga oʻrnatilgan videokameralar onlayn translyatsiya orqali ovoz berish jarayonlarini odamlar kuzatib bordi.

Ovoz berish kuni nafaqat Oʻzbekistonda yashayotgan 130 dan ziyod millatga mansub fuqarolarimiz, balki xorijiy davlatlarda yashayotgan vatandoshlarimiz ham bayramona kayfiyatda, oilasi, farzandlari bilan ovoz berish jarayonlarida ishtirok etgani xalqimiz maʼnaviy birligining namunasidir. Referendumda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun 39 ta davlatda tashkil etilgan 55 ta Referendum uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi.

Bu kunning umr boʻyi yoddan chiqmaydigan yana bir muhim jihati, unda turli kasb-kordagi, turli yoshdagi vatandoshlarimizning favqulodda faolligi boʻldi. Hatto yuz bilan yuzlashgan otalarimiz, momolarimiz, yangi oila qurgan kelin-kuyovlar, yuksak ishonch va umid bilan qatnashgan yoshlarimiz faolligi hammamizni toʻlqinlantirdi.

Har bir muhim masalani el-yurt bilan maslahatlashish bizning eng katta milliy qadriyatimiz hisoblanadi. Sohibqiron Amir Temur tuzuklarida eng muhim masalalarni mashvarat-u, maslahat bilan amalga oshirganini taʼkidlaydi.

“Inson qadri uchun!” tamoyili yangilangan qomusimizning yuragiga aylandi

Muqaddas dinimiz, buyuk allomalarimiz boy ilmiy va maʼnaviy merosida ham inson – hayot gavhari, tengsiz moʻjiza sifatida ulugʻlanadi.

Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratdi. Negaki, “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatiga chuqur singib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylandi. Inson qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi yangi tahrirdagi Bosh qonunimizning qator moddalarida muhrlab qoʻyildi.

Inson qadri, baxt-saodati, farovonligi hamma davrlarda buyuk ajdodlarimiz taʼlimotlarining bosh mazmuni boʻlib kelgan. Imom Buxoriy tarixga muhrlab ketgan muqaddas hadislardan tortib, Abu Nasr Forobiy taʼlimotlari, Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy qarashlari, Sohibqiron Amir Temur davlatchilik nazariyasi, Alisher Navoiyning gumanistik gʻoyalari mohiyatida ham insonparvar davlat tuzish maqsadi yotadi. Ana shu maʼnoda, Konstitutsiyamizga kiritilgan xalqchil maqsadlarni ifodalagan normalar ajdodlarimiz orzu-niyatlariga hamohang ekanligini koʻramiz.

Jumladan, Abu Ali ibn Sino jamiyat kishilarning oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinadigan adolatli qonunlar yordamida boshqarilishi lozimligini taʼkidlaydi. Jamiyat aʼzolarining hammasi bu qonunga itoat etishlari lozimligini uqtiradi.

Abu Nasr Forobiy esa, agar insonlar hamjihat farovon hayot barpo etish uchun zarur boʻlgan axloqiy tamoyillar, fazilatlar, adolat, axloqiy xulq-atvor va boshqalar haqida yetarli bilimga ega boʻlsa, erkinlik, tenglik, fazilatli hayot asosida mukammal jamoaga birlashishi mumkin deb hisoblaydi.

Sohibqiron Amir Temur oʻz davlatining kuch-qudratini oshirish va mustahkamlash uchun, birinchi navbatda, harbiy va eng muhim iqtisodiy islohotlar oʻtkazgani maʼlum. Ular zamirida donishmandlar aql-idroki, gʻoyalari mujassam edi. Ayniqsa, taraqqiyot uchun yagona davlat, oʻzaro totuvlik, qulay mulkiy va huquqiy sharoit yaratishga, xalq farovonligini taʼminlashga alohida eʼtibor boʻlgan.

Amir Temur hamisha inson manfaatlarini kuchaytirishga intilib, irqi, millati, dini va kelib chiqishidan qatʼi nazar, insonlarning bir butun hududda yashashi mumkinligi toʻgʻrisidagi “yagona makon” gʻoyasining ilk tashabbuskori edi.

Alisher Navoiy ijodi zamirida avvalo, inson va uning qadr qimmati turadi. Mutafakkir nazdidagi komil inson pok qalbi va niyatlari, ezgu soʻzi va amali bilan ham xalqqa foyda keltirishi kerak. El-yurt manfaati uchun kurashadigan kishilarni haqiqiy inson, deb ataydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mohiyatida “Oʻzbekiston ijtimoiy davlat” degan tushuncha yotadi. “Ijtimoiy davlat” tushunchasi “Inson qadri” tushunchasi bilan chambarchas bogʻliq. Ushbu gʻoyaning tub negizida, avvalo, inson qadrini ulugʻlash, aholiga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam. Ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratib beradi.

Shuningdek, ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur boʻlgan isteʼmol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qoʻyilishini nazarda tutadi. Shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni taʼminlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambagʻallikni qisqartirishni talab qiladi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi turmush darajasini yuksaltirish, bandlikni taʼminlash, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham ana shunday ezgu maqsad bor.

Milliy davlatchiligimiz tarixini oʻrganganimizda ham “ijtimoiy davlat” tushunchasi shunga oʻxshash nomlarda koʻplab uchrashiga guvoh boʻlamiz. Masalan, Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida fozil shahar haqida bildirilgan fikrlar ham aynan “ijtimoiy davlat” tamoyilining mazmun-mohiyatiga uygʻun.

Prezidentimiz ushbu tushunchani izohlar ekan, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir”, deya taʼrif bergan edi.

Nazarimizda, buyuk bobolarimiz orzu qilgan va oʻz asarlarida keltirgan “fozil shahar orzusi” “ijtimoiy davlat” tushunchasi mohiyatidagi xalqparvar yondashuvda mujassam.

Barcha sohalardagi oʻzgarishlar mohiyatidagi “Inson qadri uchun”, “Xalq roziligi” tamoyillari aynan ajdolarimizning buyuk qarashlari va orzulariga uygʻun boʻlgan xalqchil siyosat mohiyatini oʻzida aks ettirib turibdi. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekistonni barpo etishga kirishilgan ilk kunlardan boshlab davlatimiz rahbarining xalqimizga boʻlgan cheksiz muhabbati va farzandlik ehtiromi bilan barcha sohalardagi islohotlar markazida boʻlgan inson, uning qadri, huquqi, baxtli hayot kechirishi uchun unga sharoit va imkoniyatlar yaratib berish bilan bogʻliq ulug‘ niyati Konstitutsiyamiz markaziga olib chiqilib, insonparvarlik gʻoyasi yangilangan Bosh qonunimiz yuragiga aylandi.

“Mening Konstitutsiyam!”

Oʻzbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish – konstitutsiyaviy islohotlarning muhim maqsadiga aylandi. Referendum yakunlarini tahlil qilar ekanmiz, “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir”, degan xulosaga kelamiz. Shunday ekan, endilikda har bir vatandoshimiz “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam!”, deb yuksak gʻurur bilan ayta oladi.

Ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir. Shular qatorida yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan taʼminlanish, majburiy mehnatga taqiq qoʻyish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy davlatda hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi, oʻz muammolari bilan yolgʻiz tashlab qoʻyilmaydi.

Inson qadrini amalda eng oliy qadriyat darajasiga koʻtarishga qaratilgan barcha amaliy ishlarimizning mustahkam huquqiy asoslarini yaratib, ertangi kunimiz, kelajagimiz qanday boʻlishini belgilab oldik. Qizgʻin muhokamalar va ochiq, shaffof muloqotlar davrida xalqimizning huquqiy, siyosiy madaniyati, muloqat darajasi oʻsdi. Bu hayotimiz dunyoqarashimiz qanchalar yaxshi tomonga oʻzgarganligini namoyon etdi.

Shu bois, barchamiz Konstitutsiyaga kiritish taklif etilgan yangi norma va qoidalarni ong-u tafakkurimiz, qalbimizdan oʻtkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatimizni bildirdik. Kuzatishlarimizga yakun yasab shuni ayta olamizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilishimiz Oʻzbekistonning yangi tarixiy taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyayotganini koʻrsatuvchi muhim omil boʻldi.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-maʼnaviy poydevor yaratildi. Yurtimizning inson huquqlari, demokratik islohotlar, ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik borasidagi obro‘-eʼtibori bir necha barobar koʻtarildi.

Oʻzbekiston yangilangan Konstitutsiya bilan yangi tarixiy taraqqiyot sari qadam qoʻyayotganini dunyoga namoyon etdi. Bu munavvar yoʻlning boshlanishi boʻldi. Referendum millati va elatidan qatʼi nazar, yagona va qudratli Oʻzbekiston xalqini yanada jipslashtirishga, ulugʻvor maqsadlar sari safarbar etishga xizmat qildi. Undagi faolligimiz bilan biz oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratdik!

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

markazi rahbari

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi,

2023-yil 6-may, 88-son.