– Soʻzimizni siz-u biz uchun hayot-mamot ahamiyatiga molik taʼlim mavzusidan boshlasak. Oʻzingizga maʼlum, Singapur qirq yil ichida dunyodagi eng qashshoq va korrupsiyalashgan davlatdan eng mutaraqqiy mamlakatlardan biriga aylandi. “Bunga qanday erishildi?” degan savolga islohotchi rahnamo Li Kuan Yu shunday javob bergan ekan: “Men vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos. Davlat byudjetini taʼlimga yoʻnaltirdim, muallimni eng quyi tabaqadan eng yuqori martabaga koʻtardim. Singapurdagi moʻjizalarni amalga oshirgan insonlar – muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnatni sevadigan kamtarin avlodni tarbiyaladilar. Buning uchun ulardan minnatdorman”. 

Olim aka, mamlakatimiz mustaqillikka erishganiga, inshaalloh, 33 yil boʻladi. Bizning orzudagi avlodni yetishtirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz qanchalik samara berdi?

– Otdosh, judayam zalvarli savol beryapsiz. Taʼlimda suyagi qotgan, shu sohada sochi oqargan odamlar sohadagi ogʻriqlarni nozikroq his etadi. Mustaqillikning dastlabki yillarida chiqqan qonunlardan biri “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun edi. Keyin “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilindi. Oʻsha davrda bu hujjatlarning qabul qilinish jarayonini kuzatgan ziyolilar, taʼlim fidoyilari nekbin orzularga berilgani rost. Afkor omma yangi, mustaqil davlatning zamonaviy, jahon tajribasidan oʻtgan taʼlim tizimiga integratsiyalashuvi ulkan yutuqlar garovi boʻladi deb inondi. Ammo oʻtgan yillar sarhisobi taʼlimda koʻp narsani boy berganimizni koʻrsatdi.

Rivojlangan davlatlar tajribasini tatbiq etayotganimizda oʻzimizga moslab, yarmidan kesib qabul qilamiz yoki oxirgi “bekati” boʻlmaydi. Kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarni olaylik. Amerika oʻtgan yuz yillikda ilgʻor taʼlim tizimi sifatida isbot etgan bu usulni chilpib qabul qildik va pirovardida kollejlarni bitirgan yuz minglab yoshlar ishsiz boʻlib qoldi. Puxta oʻylanmagan bu siyosatdan norozi odamlarning “E-e, qoʻy shu kollejingni. Texnikum yaxshi edi... ” degan achchiq taʼnalarini esa eshitmaganga oldik. Shu vajdan xorij tajribasi haqida gapirishga, ochigʻi, choʻchib qolganman. Nega hamma joyda samara bergan mukammal tizimlar bizga kelganda beobro‘ boʻlib qoladi? Singapur tajribasini yodga oldingiz. Keling, shu singapurliklarni ham janjalning uyasiga aylangan klaster kabi malomatga giriftor etmaylik...

Asrlar davomida islom dini, sharqona odob-axloq ruhida shakllangan milliy pedagogikamiz bor. Taʼlimning zamonaviylashuvi, mutaraqqiy mamlakatlar andazalariga moslashuv asl milliy oʻzakdan ajralmagan holda amalga oshirilishi tarafdoriman. Qadim Movarounnahrda ustozning maqomi hamisha baland boʻlgan. Davlatning eng muhim ichki siyosati bu – taʼlim. Mamlakat yetakchisidan tortib alifbodan saboq beradigan oʻqituvchigacha bitta tizim, maqsad, gʻoya atrofida birlashishimiz shart. Taʼlim millatning, davlatning kelajagi ekani maʼlum. Kelajak bilan esa oʻynashib boʻlmaydi.

– Biz maktab taʼlimini sovet davrida olganmiz. Yaxshi eslayman, maktabimizga militsiya xodimining kelishi kamdan-kam yuz berardi. Favqulodda biror janjal yoki toʻpolon boʻlmasa, forma kiygan xodim taʼlim dargohiga qadam bosmasdi. Maktablarimizdagi davomat, intizom masalasi Milliy gvardiyaga topshirilgani tizimda katta muammolar yigʻilib qolganini anglatadimi?

– Maktablarga Milliy gvardiyaning biriktirilganiga koʻp boʻlgani yoʻq, ammo ijtimoiy tarmoqlar ota-onalar, ustozlarning eʼtirozlariga toʻlib-toshdi. Mohiyatan olib qaraganda, maktabga mirshabning masʼul etib tayinlanishi ustozlarga, taʼlim mutasaddilariga ishonch yoʻq degani emasmi? Mirshabning ota-onaga “Bolang qani?” deyishini qoʻying, ustozlarni “Qayerda yuribsiz?” deb tergashi zamonaviy taraqqiyot talablariga mutlaqo zid. Nazarimda, kuch ishlatar tizimlar bilan muammoni yechishga urinish  –  muammodan qochish bilan barobar. Ustoz va ota-ona bilan hal boʻladigan masalaga uchinchi tomonning dallollik qilishi gʻalati. Gapni bolalatib, kalavani chuvalatmay ustozning mavqeini koʻtarish, ota-onaning maktabga boʻlgan ishonchini tiklash lozim. Ota-ona ustoz oldida bamisoli qarzdorday turishi kerak. Muallimga musht oʻqtalish, doʻq-poʻpisa qilish bilan bolalarimizning kelajagini mayib qilamiz, xolos. Ustozni kaltaklagan hokimtoʻra jazolanmagan joyda har qanday nekbin gʻoya hayotga koʻchmaydi.

– Haqiqatan, boshqa sohalarda Gʻarbdan oʻrganadigan joylarimiz bordir, lekin ustozga ehtirom borasida birovdan andaza olishga hojat yoʻq. “Ustoz otangdan ulug‘” degan gap bejiz aytilmagan, axir. Lekin keyingi jarayonlarni kuzatib, borimizni ham boy berib qoʻymayapmizmi degan ishtiboh oʻtadi koʻngildan...

– Tabiatimizda qandaydir ohanjamalarga ishqibozlik bor. Ildizini surishtirmaymiz. “Yaltir-yultir, dikir-dikirdan muddao ne? Bu kimning nogʻorasi? Unga oʻynash shartmi?” deb birov soʻramaydi. Yaltirab koʻrindimi, bas, biz uni shubhasiz tilla deb oʻylaymiz. Eslasangiz, istiqlolning dastlabki yillari bozor iqtisodiga oʻtishning turk, shved, xitoy modellari muhokama qilingan edi. Muhokamalar yakuniga yetmasdan hammasi “puf, sassiq”qa chiqib, oʻzimizga xos, oʻzimizga mos model joriy etildi. Natija shu boʻldiki, bugun ham iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish haqida gapiryapmiz...

Yaqin oʻtmish saboqlarini eslaganim, “xos”larning chiroyli soʻzlar, jarangdor iboralarga ishqibozligi kaptarbozlarning kaptar uchirib zavqlanishiga oʻxshaydi. Taʼlimdagi yangi va yangi, xilma-xil tajribalar goʻyoki avomni chalgʻitish uchun oʻylab topilganday...

Qishloq xoʻjaligida ekinni qayta ekish fojia sanalmas. Ammo taʼlimda yoʻl qoʻyilgan xato uchun butun bir avlod tovon toʻlaydi.

– Joriy yil boshida Andijonga safar qilgan davlatimiz rahbari viloyatdagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatda ham boʻldi. Bu haqda Milliy axborot agentligi shunday maʼlumot tarqatdi: “Mazkur muassasa oʻtgan yili 50 milliard soʻm davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga barpo etilgan, 5–11-sinflar aniq va tabiiy fanlarni chuqur oʻqitishga ixtisoslashgan. Prezidentimiz bu yerda oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi, bir-birini takrorlaydigan darslarga yoshlarning vaqtini  ketkazmasdan koʻproq amaliyotga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi”.

Viloyatdagi eng namunali maktabda ahvol shunday boʻlgach, boshqalardan nima kutish mumkin? Bunaqa kamchiliklarni oʻquv yili boshida bartaraf etish shunchalik qiyinmikan?

– Yurtboshimiz eʼtirozidan anglashilyaptiki, maktablarda qanaqa fanlar oʻqitilayotgani jiddiy taftish etilmayapti. Yoki eʼtirozlar, takliflar, mulohazalarni tinglaydigan mard yoʻq. Dunyoga mashhur kompaniyalar qanday mutaxassis tayyorlanayotganini doim nazoratda tutadi. Demak, bizda ham maktabda oʻquvchini hayotga tayyorlash masalasiga hukumat darajasida ahamiyat berilishi kerak. “Soʻnggi qoʻngʻiroq”da ogʻzimizni toʻldirib “Katta hayotga yoʻl olyapsizlar...” degan chiroyli tilaklarni aytamiz, lekin bolalarimiz hayotning shafqatsiz sinovlari qarshisida dovdirab, yoʻlini yoʻqotib qoʻyayotgani sir emas. Chunki aksar maktablarimiz oʻquv markazlari soyasida qolib ketdi. Ota-onalar maktabga ishonmaganidan bitta fanga kamida 400–500 ming soʻm toʻlab bolasini oʻquv markazi yoki xususiy maktabga olib boryapti. “Oʻqituvchining saviyasizligidan shunday boʻlyapti” deyishingiz mumkin. Xoʻsh, saviyasiz oʻqituvchini kim yetishtiryapti? Albatta, oliy taʼlim. Universitet auditoriyalarida uyqusirab oʻtirgan, umrida bitta badiiy asarni toʻliq oʻqib chiqmagan bilimsiz bolalar osmondan tushmagandir? Mana, uzluksiz zanjir. Demak, bu nobop halqani toʻgʻrilash kerak. Ertaga, deylik, oʻn yildan keyin ham shu muammo haqida yana gap sotib oʻtirsak, demak, boshqa sohalar kabi taʼlimga ham panja orasidan qaragan boʻlib chiqamiz.

Mamlakatimiz aholisi soʻnggi yillarda salkam bir millionga koʻpayayotir. Bu juda katta resurs. Agar biz taʼlim sifatini oshirsak, Oʻzbekiston dunyoga ish kuchi emas, ilm eksport qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

– Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish taraddudida. Tahririyatdan shu mavzuda bir reportaj tayyorlash topshirildi. Avgust oyi deng, oliy oʻquv yurtlariga qabul boshlangan. Qayoqqa qaramang, xususiy universitetlarning “Oʻqishga marhamat!” degan reklama-yu eʼlonlariga koʻzingiz tushadi. Iqtisod yoʻnalishidagi institut va universitetlarni ajratib oldim-da, birma­bir qoʻngʻiroq qilib chiqdim: “Oʻzbekistonning JSTga kirishi boʻyicha intervyu moʻljallagan edik. Shu mavzuni sharhlab bersangiz...” Ishonasizmi, birorta xususiy universitetdan mavzuni tushuntirib beradigan iqtisodchi topilmadi.

– Saviya sadoqatning qurboniga aylansa chatoq ekan. Gapning daromadini aytay, sabrda mumtoz xalqimizning tibbiyotdan noroziligi haddi aʼlosiga yetdi. “Dok-1 Maks” ishi farmasevtikamiz korrupsiya iskanjasida ekanini yaqqol koʻrsatdi. Xususiy klinikalar nizomini oʻqisangiz, tadbirkorlik subyekti sifatida roʻyxatdan oʻtganiga guvoh boʻlasiz. Bosh maqsad – pul ishlash. Aksari “Loʻlining eshagini sugʻorib pulini ol” shiori bilan ish koʻrayotir. Bu maqol koʻpgina xususiy universitetlar uchun ham aqidaga aylangan. Qabul davri hazillashib pasport olib boring, roʻyxatdan oʻtkazib, suhbatga chaqirishadi. Shartnoma pulini toʻlasangiz boʻldi, talabasiz! Shovvozlar aqcha topib aql topmagan dardisarni falon millionga toʻrt yil “oʻqitadi”. Hech bir universitetda boʻlajak mutaxassis nimani oʻrgandi, ertaga ishga yaraydimi oʻzi, degan surishtiruv-monitoring yoʻq. Kimdir “Vaqti kelib miqdor oʻzgarishi sifat oʻzgarishiga aylanadi” deyishi mumkin. Toʻgʻri, lekin boy berilgan avlod-chi? Shuning uchun ham xususiy oliy taʼlim muassasasining oʻqituvchi-professorlar tarkibi, oʻquv jarayoni doimiy nazoratda boʻlishi kerak. Bilʼaks, “Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlsa yutadimi-yutqazadimi?” degan oddiy savolga ham javob berolmaydigan mutaxassislar urchiyveradi...

Ustozlarni tanlash xususiy universitet rahbariyatining taʼbiga qarab hal qilinadi. Avvalo, tanish-bilishchilik. Yana bir nechta “mayda, arzimas” sabablar ham bor. Birinchidan, maosh katta. Ikkinchidan, qogʻozbozlik, byurokratiya, tekshir-tekshir yoʻq. Uchinchidan, aksariyati “besh kunlik”. Davlat universitetlarida oʻqituvchining yuklamasi 600–800 soat boʻlsa, xususiylarda 400–500 soat. Boz ustiga, dars davomiyligi 60 daqiqa. Kam ishlatib, koʻp pul berayotgan universitetlarga oʻtib olgan, “kreditim bor...” deya mahzun jilmayayotgan ustozlarni ham tushunish kerak.

– Olim aka, soʻnggi vaqtlarda shov-shuv qoʻzgʻayotgan millatlararo munosabatlar masalasida fikringizni bilmoqchi edim. Rossiya Oʻzbekiston uchun juda muhim hamkor. Ikki mamlakat oʻrtasidagi yillik tovar ayirboshlash salkam 9 milliard dollarga yetadi. Rossiyaning MDH mamlakatlari bilan yillik savdo-sotigʻi 100 milliard dollardan kam emas. Yevropa mamlakatlari sanksiyalarga koʻmib tashlagan bir sharoitda rossiyalik deputatlar, ekspertlar, siyosatchilarning Markaziy Osiyoni bosib olish, uning tili, tarixi haqidagi haqoratomuz gaplari gʻalati tuyuladi.

– Dashtda, togʻda yashaydiganlar burgutni yaxshi biladi, juda magʻrur qush. Togʻning koʻrki, bezagi-da! Odamlar farzandiga bejiz Burgut deb ism qoʻymaydi. Lekin ikki boshli burgut ham bor. Turkiston osmoni bir yarim asrdan beri ana shu burgutdan qutulolmayapti-da. Bu qurgʻur har-har zamon xunuk ovoz chiqarib, chumchuq pirr etsa ham shigʻillaydigan yuraklarimizni qinidan chiqarish bilan mashgʻul... Endi, yashirishning hojati yoʻq, yurtimizda oʻsha shovinistik targʻibot moyday yoqadiganlar adadi ham kam emas. Nazarimda, milliy gʻurur zaiflashgani, millat sifatida shakllanmaganimizning yaqqol koʻrinishi shu! Qoʻpol boʻlsa ham aytish kerak: bunday qarash musulmon yurt, xalq uchun jonini bergan ota-bobolar qabri ustida nojoʻya qiliq qilgan bilan barobar!

Sovet imperiyasi qulashi arafasidagi milliy uygʻonish jarayonlari koʻpchilikning yodida. Boltiqboʻyi baralla haq talab etganida biz mudroq edik. Negadir doim kech uygʻonadigan xalqimiz oʻshanda oʻzbek tili uchun kurashda chinakam jonbozlik koʻrsatdi. Ammo jamiyatda, hatto ziyolilar orasida ham ikkitillilikni qoʻllab-quvvatlaydiganlar, “Oʻzbek tili davlat tili boʻlsa qanday yashaymiz? Moskvadan ajralsak kunimiz oʻtmay qoladi-ku!” deydiganlar bor edi. Ana shu mafkura bugungacha yashab kelyapti. Davlat tili haqidagi qonunning tishini qoqib oldik. Hatto 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kunini boshqalarning izzat-nafsi tahqirlanayotganday ming bir xijolat boʻlib nishonlaymiz. Ona tili haqida kimlarningdir qosh-qovogʻiga qarab gapiryapmizmi, bilingki, bu xalqning qaddini koʻtarish qiyin boʻladi, oʻzbek tili chinakam davlat tili boʻlishi paysalga solinaveradi. Shu bois har qanday shovinistik qarashlarga dadil munosabat bildirish kerak.

– Bugungi kunda yoshlar asosan internetni, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi, lekin katta avlod uchun baribir televideniye birlamchi, ishonchli manba ekani sir emas. Afsuski, telekanallarimiz bu masalada tek turishni maʼqul koʻrmoqda. Vaholanki, rossiyalik targʻibotchilar uchun mamlakatning federal kanallari, “РИА Новости” kabi agentliklari minbar vazifasini oʻtayotir.

– Ovoz chiqarmasligimiz qoʻrqoqligimizni bildiradi. Qarangki, ular “Bu yurt bizning qalamravimizda...” deya ochiq aytyapti! Hatto, oʻzbek kecha paydo boʻlgan, deyishgacha bordi. Mustabid magʻrur-u, mazlum millat muttahammi? Oʻsha shovinistlar farang, yapon yo olmonning shaʼniga shunaqa haqorat yogʻdirib koʻrsin-chi!

Nega qoʻrqamiz, axir, davlat bizniki-ku! Ilgʻor fikrli, koʻzi ochiq ziyolilarga, vatanparvar, mustaqillik uchun jonini beradigan odamlarga minbar beraylik. Istiqlol uchun jonidan kechgan jadidlar nomini koʻtaryapmiz. Mana, “Jadid” degan yangi gazeta chiqyapti. Yoki bular shunchaki bir murosaviy harakatlarmi?..

– Siz “Botindagi boʻron” asaringizda taʼriflagan amerikalik sayyoh Yujin Skayler Chor Rusiyasi amaldorlari Toshkentga turli maqsadlarda kelganini yozadi, birovi qarzdan qochib, birovi moʻmay daromad, boshqa biri pensiyaga chiqish uchun staj ilinjida shaharni makon tutgan: “Toshkentdagi rus jamiyati oʻlka haqida maʼlumotlarga ega boʻlish tugul, hatto unga umuman qiziqmasligi meni hayratda qoldirdi. Ayni choqda, ular nazdida koʻngilsizliklar makoni boʻlgan bu mamlakatga qiziqqanim, shunchalik uzoqdan uni koʻrishga kelganimni koʻpchilik tushuna olmadi”. Skaylerning yozganlari haqiqat boʻlsa, mintaqaning imperiyaga “qoʻshib olinishining progressiv ahamiyati” qayoqda qoldi?

– Yujin Skayler 1873-yili – qirgʻin avj olgan, toshkentlik savdogar Saidazimboy Xivani oqposhsho mahv etsa, gumburlatib toʻy berish harakatida yurgan bir kezda keladi. Sayyoh Toshkentda in qurgan chor zobitlari, iqtisodchi-yu sanoatchilari davrasida koʻrgan-eshitganlarini ham kundaligiga bitib borgan. Ilk bor 1876-yili Londonda nashr etilgan, haqqoniy tarix ochilishidan xavfsiragan shoʻro necha zamon berkitib kelgan “Turkiston” kitobi xalqimiz orasida shov-shuv boʻlar deb oʻylagan edim. Afsuski...

Skaylerning hamkasbi va hamsafari, “Nyu-York Herald” gazetasi muxbiri Yanuariy Aloiziy Mak-Gahan “Oʻkuzdagi harbiy harakatlar va Xivaning qulashi” asarida xonlikdagi oʻzi bilan oʻzi ovora, tashqi xavf-xatarlardan zarracha ogoh boʻlmagan amaldorlar xalqni naqadar jurʼatsiz va mute saqlaganini nadomat bilan tasvirlaydi.

Ikki imperiya toʻqnashgan bu hudud haqida Piter Hopkirkning “Katta oʻyin” asari ham bor. Oʻsha kezlar Angliya va Rossiya Markaziy Osiyoga tinimsiz josus yuborgan. Har ikki davlat maxfiy xizmatlari oʻzaro kelishmaydigan uch hukmdor va “yarim yovvoyi” xalq haqida yozadi. Bir taxayyul qilaylik: Kaspiy dengizidan Pomir togʻlarigacha choʻzilgan ulkan hududda hukmron boʻlgan ajdodlarimiz bir musht boʻlganida bormi!..

“Ayiq” va “Sher” to hanuz oʻzini qadim Turkistonga doxil sanar ekan, XIX asrning birinchi choragida xufyalar qoldirgan meros – jild-jild maʼlumotlar zamonaviy katta oʻyinlarga asos boʻlishi xavfi bor...

Yegor Meyendorfning “Orenburgdan Buxoroga sayohat” asarini oʻqiganlar raqobat koʻlamini yaxshi biladi. Bu rus zobiti sharq tillarini puxta egallagan hamkasblari bilan Rusiya va Buxoro oʻrtasida savdo-sotiqni rivojlantirish niqobi ostida 1820-yil kuzida Turkistonga qadam qoʻyadi. Asli Boltiqboʻyi olmonlaridan boʻlgan Meyendorf amirlik hududini shu qadar sinchkovlik bilan, qadam-baqadam oʻrganganki, yoqangizni ushlaysiz. Bunaqa “yoʻl xarita”lar juda koʻp, ammo biz oʻzimizni bilmaymiz. Dunyoni boʻlib olishga shaylangan davlatlar mintaqamizni, jumladan, musulmon xalqlarning zaif joylarini – kim kim bilan ziddiyatda, qaysi urug‘ yoki sulolani kimga qarshi qayrash mumkin – oʻta mukammal tadqiq etgan.

Ayrim millatdoshlarimizning “Agar Rusiya bosib olmaganida xor boʻlardik” deyishi shoʻrodan meros daqqi daʼvo. Ikkinchi bir toifa esa koʻzlari javdirab, “Angliya bosib olganida yaxshi boʻlarmidi...” deya kalovlanadi. Taajjub, nega bizni birov bosib olishi kerak? Yer yuzida boshqa birorta millat iztirobli oʻtmishini bu tarzda muhokama qilarmikan?! “Oʻzingni qachon taniysan? Qachon ilm oʻrganib dunyoga oʻzingni koʻrsatasan?..” deganlarni masxaralab, mustabidga yaltoqlanadigan xalqni qayerda koʻrgansiz?! Qalb va ruhiyatga singib ketgan bu psixologiyaning paydo boʻlishida nomunosib ishboshilarning ham yaxshigina hissasi bor.

Endi ishsizlik balosi haqida ikki ogʻiz. Eng katta muammo mana shu yerda. Yaʼni davlat fuqarolariga ish topib berolmadi. Oʻz holiga tashlab qoʻyilgan millionlab odamlar tirikchilik ilinjida Yevropa, Osiyo, Amerikaga ketishga majbur boʻldi. Asosiy qismi Rossiyaga yoʻl oldi. Tirikchilik koʻyida uloqqan bu jonlarni, doʻppi tor kelganda, “dangasalar” ham dedik.

Mana, uch-toʻrt yildan beri oʻsha yoriqni butlash maqsadida oʻnlab davlatlar bilan shartnoma qilinyapti ekan. Xalq xursand. Qoʻl kuchi, qora mehnat evaziga qozon qaynatgan oʻzbekka dunyo davlatlarining eshiklari ochilsin. Davlat fuqarolarning ijtimoiy, huquqiy himoyasini zimmasiga olayotgani rost boʻlsin.

Butun dunyoda migratsiya masalasida katta tajribaga ega davlatlar bor. Turk qardoshlarimizning Olmoniyani “zabt etish” tarixini oʻrganish kifoya. Gyote vatanida bugun millionlab turk nufuzli sohalarda ishlayotibdi. Rossiya, Janubiy Koreya, Angliya, Polsha, Olmoniya, Amerikadagi millatdoshlarimiz katta-katta tadbirkor-u biznesmenlarga aylanishiga, mashhur olim, shifokor, muhandis, ixtirochilarni dunyoga keltirishiga ishonaman. Rishi Sunakning otasi muhojirlik jomadonini koʻtarib Keniyadan Angliyaga yoʻl olganida farzandi Buyuk Britaniya bosh vaziri boʻlishini xayoliga keltirmagandir?..

– “Botindagi boʻron” kitobingizdagi mana bu jumlalar meni oʻyga toldirdi: “Evoh! Shariat asosiga qurilgan hayot shunchaki xoʻjakoʻrsin uchunmidi? Xalqning boshida rais tursa “Olloh!” deydi-yu, nazorat bekor boʻlsa kufrga ketadimi? Bunday riyokorlik istilo bilan birga keldimi yo uning urugʻi avvalroq unib chiqqanmidi?..”

– Qoʻqon xonligi va Buxoro amirligida “rais”, “muhtasib” atalgan rasmiylar aholining masjidlarga qatnashi, nosharʼiy ishlaru narx-navoni nazorat qilganidan boxabar Yujin Skayler liberalizm diniy hayotni parokanda etayotganini yozadi: “Ruslar Toshkentni bosib olgach, rais idorasi bekor qilinganidan beri dinga amal qilishda ancha sustkashlik kuzatilmoqda. Qozilarning aytishicha, burungi namozxonlarning yarmisi ham kunlik ibodatga chiqmay qoʻygan...”

Islom maʼrifati mahkam boʻlganida (XVI asrgacha boʻlgan hayotni eslang!) ahvol bu qadar zabun boʻlmas edi. Oqposhsho bosqini arafasida Turkistonda iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy hayot oʻta abgor edi. Toʻgʻri, madrasa, masjid, rabot qurgan, ilmga, taʼlimga gʻamxoʻrlik qilgan xonlarimiz ham yoʻq emas. Lekin ularning ezgu ishlari bulut toʻsgan oyga oʻxshab jaholat soyasida qolib ketgan.

Tabiatan jangovar xalqni harbiy intizomga boʻysundiradigan boshqaruv boʻlmagan. XIX asrning birinchi choragiga qadar amirlik armiyasi urush xavfi tugʻilsagina yigʻilgan va jangdan soʻng yana tarqalib ketgan. Bekor qolgan sarbozlar nafaqayi roʻzgʻor – obodonchilik ishlari, dehqonchilik bilan shugʻullangan. Ular boshiga qalandarlarniki kabi qora uzun kuloh, oq boʻzdan shim, qishda harbiy mundir – kulucha kiygan. Amirlikni tashqi dushmandan himoya qilishi shart boʻlgan askarga har ikki yilda yangi shim va mundir berilgan. Poyabzalni esa har bir sarboz oʻzi sotib olgan yoki tiktirgan. “Ertalab uydan eshagini sozlab, oʻrdugohga istar-istamas yoʻl olgan sarbozlarni koʻrish kulgili edi. Harbiy namoyishlarda qatnashgan askarlar masxarabozlarga oʻxshab ketardi”, deb yozadi tarixchilar. 

Amir Abdulahad davrigacha harbiy xizmat umrbod boʻlib, sarbozlar orasida 90 yashar chollarni ham uchratish mumkin ekan.

Toʻpchilar har shanba kuni Samarqanddarvoza tashqarisidagi keng dalada harbiy mashq – “paxtaparron” oʻtkazgan. Sochma porox oʻrniga arpa qipigʻi solingan “paxtaparron” koʻpincha fojia bilan yakunlangan. Toʻpchilar uquvsizlik yoki kuchli tebranish tufayli halok boʻlgan. Rusiya, Ovrupoda qilich jangi allaqachon urfdan qolgan bir davrda Buxoro sarbozlari va harbiy amaldorlar “chiniy”, “rusiy”, “rumiy”, “farangi”, “sulaymoniy”, “hindiy”, “damashqiy” kabi ogʻirligi bir necha kilo keladigan qilich taqib yurishgan. Qolganlarida esa allaqachon eskirgan aslahalar – chaqmoqmiltiq, piltamiltiq boʻlgan. Nosoz qurollar sarboz hisobidan taʼmirlangan. Miltiqlar shu qadar eskirganki, har bir yuzlikda ikki-uch nafar miltiqsoz erta-yu kech qurol-yarog‘ tuzatish bilan band boʻlgan. Zamonaviy “Berdana-3“, “Berdana-8”, “Dragun” miltiqlarini yelkalagan  sarbozlar unda-bunda uchragan, xolos.

Harbiylarga kazarma yetishmagan. Xolmurodboy inoqi kalonning toʻpchiboshiga 1889-yil noyabrida yozgan arziga eʼtibor bering: “Askarlar yashaydigan kazarmalar yemirilgan boʻlib, ularni taʼmirlash kerak. Taxminan ikki oy ichida kazarma tamoman yemiriladi. Janobi Oliydan umid qilib shuni iltimos qilamanki, mazkur muddat ichida oʻzim 300 nafar askar va toʻralar bilan Taxti Chorbog‘ kazarmasiga kelib joylashsak”.

Qoʻqon xonining oʻrdusi – qoʻshini bundan badtar boʻlib, qatʼiy intizom nimaligini bilmagan, kiyim-boshi aftodahol sarbozlarning aslahasi kaltak, soʻyil va piltamiltiq edi.

“Olloh taolodan boshqa hech kimning oldida hisobdor emasman” deya kerilgan hukmdorlarimizning tahqirli vassallik, muteligiga bir misol. Amir Muzaffar Turkiston voliysi Kaufmanga bunday maktub bitadi: “Joniral gubernator adyutant fon Kaufman Rusiya askariyasining sipohsolari va Turkiston lashkariyasining gubernator sardorigʻa. Soʻz shulkim, Buxoroi sharif musulmonlari va beva-bechoralari suv uchun koʻp mahtal boʻlub tururlar. Suv vajhidin avvalgʻa ham vaʼda boʻlub erdikim, suvning taqsimi boshdin na tariqaki boʻlaturgʻon boʻlsa, vaqti boʻlgʻanda berib boʻladur. Endi bir oy savr suvi zarur boʻlubdur. Davlatlu va muruvvatlu ulug‘ podshohning haqqigʻa beva-bechoralardin duo olib, vaʼda boʻlgʻan suv bir oy berilsunkim, musulmonlarning ekinlari zoye boʻlmasun va yana kim musulmonlargʻa vaqtigʻa suv berilmasa beva-bechoralar bezovta boʻlub biza kelsalar, alargʻa ne javob ayturmiz?! Fish shahri, muharram, 1207, Amir Sayyid Muzaffar”.

Mushtariy “Amir aldangan-da” deyishi mumkin. Hukmdorning aldanishga haqqi yoʻq! Rahbar yuho boʻlsayam, goʻl-laqma boʻlsayam xalq jabr chekadi. Abdulla Qodiriy qahramoni Yusufbek hojining “Ittifoq ne ekanini bilmagan, yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyasi yoʻlida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprogʻidan yoʻqolmay turib, bizning odam boʻlishimizgʻa aqlim yetmay qoldi” deya oʻrtangani oʻtgan kunlarda qoldi deb  oʻylaysizmi?! Qirqinchi joriya yoki oʻttizinchi tanmahram qaygʻusida yashagan, hukmdorlikni shohona ziyofatlar, zarbof toʻnlar, uzluksiz toʻy-marosimlar deb bilganlar xazinani yeb bitirib, qadoqqoʻl xalqning bir burda noniga ham koʻz olaytirishgan. Qoʻqon xonligida oliq-soliq turlari shu qadar koʻp boʻlganki, hatto hovuz boʻyida yashovchilar zuluk soligʻi toʻlagan. Masjidga tayinlangan imom xonlikka oʻn tanga, soʻfi esa besh tanga berishi lozim boʻlgan. Kimda-kim oʻt-oʻlan, qamish yoki buta gʻamlagan boʻlsa ham soliq toʻlashga majburlangan. Koʻcha-koʻyda hayvon oʻynatib tomosha koʻrsatuvchilardan ham soliq undirilgan. Xonning qiziqchilari bozorlarda tomosha koʻrsatib xalqdan pul yiqqan va bu xonlik oshxonasining sarf-xarajatlariga ishlatilgan.

Oʻsha xudbin, maishatparastlarning avlodlari bugun ham xalq mulkiga koʻz olaytirayotgan boʻlsa, beayov jazolanishi kerak.

– “Voh, XIX asr! Sen kim uchun oltin asr, lekin biz uchun botin asrsan! Eh, XIX asr! Ikki boshli burgutni zabardast qilding, ammo uch ogʻa-ini qoʻlini past qilding...” deb yozasiz bir maqolangizda. Tasavvur qiling, oradan 100 yil oʻtar, 150 yil oʻtar, boshqa bir muxbir boshqa bir adib bilan suhbat qurib, ular ham “Voh, XXI asr! Eh, XXI asr!” deb qolmasmikan? Toʻgʻri, muammolar yetarli, lekin oydinlarning oydinligi muammolar yechimi borasida joʻyali takliflar berishida emasmi?

– Bir qalamkash sifatida katta-kichik rahbarlar bilan muloqot qilib, aksari xalqdan uzilib qolganiga guvoh boʻlganman. Hasratidan chang chiqqan eldoshlarim iltijoli termilganida shoʻrlik ziyolining qoʻli naqadar kalta ekanini ich-ichimdan his etganman. Ana oʻsha ezgin kuzatuvlardan soʻng davlat va xalq oʻrtasidagi koʻprik bu – kadr, degan haqiqatga amin boʻldim. Davlatni obod qiladigan ham, barbod qiladigan ham kadr! Nobop turmushdan toʻygan, adolatsizlikdan charchagan xalq avvalo tuman, shahar, viloyat hokimi yoki vazir eshigini qoqadi. Kunday ravshan: masala yechilmasa, hokim yo vazirdan emas, davlat rahbaridan norozi boʻladi. Demak, hokim, vazir tanlashda yetti oʻlchab bir kesish kerak ekan. “Qutadgʻu bilig”, “Fozil odamlar shahri”, “Qobusnoma”, “Siyosatnoma”, “Temur tuzuklari”, “Boburnoma” kabi asarlarda rahbar nasl-nasab jihatdan pok, adolatli, toʻgʻrisoʻz boʻlishi, mudom raiyat holidan ogoh boʻlishi lozimligi bitilgan.

Kadr tayyorlashning yapon tajribasini ham esga olaylik: kursiga salohiyatli, intellektual shaxslar oʻtirishi kerak. Ana shundagina xalqning davlatga, siyosatga, hukumatga eʼtiqodi baland boʻladi.

Olimjon SAFOYEV suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 2-son.