Bir odam butun boshli sayyorani asrab qolishi mumkinligi siz uchun ishonib boʻlmas hodisadek tuyulishi mumkin, ammo bejiz: “Dunyoni oʻzgartirmoqchi boʻlsangiz, oʻzingizdan boshlang” deyilmagan.
Quyida sayyoramiz ekologiyasini yaxshilashga yordam beruvchi oddiy va arzon usullarni yigʻdik.
1. Yelim xaltalarni mato sumkalarga almashtiring
Oshxonangizning qaysidir tortmasida bir qop qilib yigʻilgan polietilen xaltalar bor. Ammo har safar oziq-ovqat doʻkonidan yangi paket olasiz, buni atay qilmaysiz, albatta. Ammo shu oʻrinda bir fakt keltiraylik – ushbu yelim xaltalarning butunlay yoʻq boʻlib ketishi uchun asrlar zarur, biroq dunyo boʻylab har yili 4 million polietilen xalta chiqitga chiqariladi. Ularni deb har yili 1 million qush nobud boʻladi, dengiz va ummon faunasi zarar koʻradi.

Tabiat uchun zararli boʻlgan bunday holatning oldini olish uchun matodan tikilgan yengil sumka ishlating.
Bunday sumkalar chidamliligi bilan nozik paketga qaraganda ancha uzoq vaqt xizmat qiladi, bundan tashqari tabiatga ham zarar keltirmaydi.
2. Zaryadlanuvchi batareyalardan foydalaning
Batareyalar muammosi katta xavf tugʻdirmaydigandek koʻrinadi, lekin ularni yoʻq qilish, aniqrogʻi bu jarayonning imkonsizligi ekologik muammo hisoblanadi.

Zaryadlanuvchi batareyalar oddiylaridan unchalik farq qilmaydi, ammo ularning ishlash muddati atrof-muhitga zararning umumiy miqdorini kamaytirish imkonini beradi.
3. Kimyoviy vositalarni ekologik tozasiga almashtiring
Zamonaviy tozalash vositalarining ishlab chiqarilishi koʻplab uy bekalari uchun oʻrnini toʻldirib boʻlmas koʻmakchiga aylandi. Inson organizmi uchun zararlari, teridagi allergik toshmalar va idishlarni yuvgandan keyin qoladigan gʻalati taʼmga qaramay, ushbu vositalardan voz kechilmayapti.
Aslida, bu mahsulotlar oʻrniga oddiy soda, limon sharbati va sirkadan tayyorlangan aralashmadan foydalansa boʻladi. Ham siz yuvgan buyumlar toza boʻladi, shu bilan birga suv havzalaridagi tirik organizmlar oʻlimining oldini olgan boʻlasiz.
4. Bir martalik plastik idishlar oʻrniga doimiy ishlatish uchun moʻljallangan idishlardan foydalaning
Istalgan vaqt, istalgan joyda ichimlik suvi olish imkoniyatini beradigan plastik idishlarning koʻpayib ketishi tabiat uchun ulkan xavf tugʻdirmoqda.

Bu muammoni kamaytirish uchun ekologik toza hisoblanadigan koʻp martalik idishlardan foydalangan maʼqul.
5. Joʻmraklarga suv purkagich oʻrnating
Bir qarashda hech qanday farq yoʻqday.

Ammo tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, bu usul bir kunlik ishlatiladigan suv hajmini 50 foizga kamaytiradi.
6. Chiqindini toʻgʻri saralashni oʻrganing
Bu muammo ekologlar orasida mashhur boʻlishiga qaramay, sanoqli odamlar chiqindini toʻgʻri saralashni biladi, xolos.

Boʻsh shishani alohida, metall, qogʻoz va biologik parchalanuvchi materiallarni alohida topshiring. Qayta ishlanmaydigan chiqindilar haqida ham unutmang – lampalar va batareyalar alohida boʻlishi lozim.
Saralangan chiqindi axlat hajmini kamaytirishi bilan birga qayta ishlash imkonini ham beradi.
7. Eski kiyimlarni muhtojlarga yoki qayta ishlashga bering
Kiyim javoningiz ilgaklarida foydalanishga yaroqsiz yoki «qachondir kiyaman» deb olib qoʻygan kiyimlaringiz yillab chang bosib yotsa kerak

Foydalanishga yaroqsiz, qachondir ustingizga kiyishingiz soʻroq ostidagi kiyim-kechaklaringizni uyda bir uyum qilib saqlagandan koʻra muhtojlarga bering. Bu bilan nafaqat uyingizni tartibga keltirib, javoningizda yangi liboslar uchun joy ochasiz, balki savob qilgan boʻlasiz ham.
8. Choy paketlari oʻrniga quruq choy barglaridan foydalaning
Choyning turfa turlari bor: qulupnayli, mangoli, meva va shokolad boʻlaklari solingani. Ammo bular choyning taʼmga koʻra turlari, odamlar esa foydalanishga qulay boʻlgani tufayli paketli choylarni maʼqul koʻrishadi.

Kichik hajmiga qaramay, choy paketlari juda katta zarar keltiradi. Butunlay parchalanmaydi va chiqindixonalarda abadiy qoladi. Bu muammoni hal qilishga faqatgina choy barglaridan tayyorlanadigan choy turlari yordam beradi. Bunday ichimlik tayyorlanish jarayoniga kimyoviy vositalar aralashmagan, ekologik toza va mazalidir.
9. Sabzavotli taomlar isteʼmol qiling
Sabzavot kuni tabiatni asrashga katta hissa qoʻshadi.

Peshtaxtaga 1 kilogramm toza goʻsht tushishi uchun yuzlab litr suv sarflanishini bilasizmi? Shu bilan birga, bunday taom kunlari tanangiz uchun ham foydali va zarurdir.
10. Buyumlarni qayta ishlating
Yashash joyini tez-tez oʻzgartirish sabab eski narsalardan xalos boʻlish yoki eski buyumlarni yangisiga almashtirish hozir urfga kirgan. Bu «yangilanish» oqibatida siz yangi chiqindini sotib olishingiz haqiqatdan yiroq emas.

Shuning uchun, biror narsani tashlab yuborishdan avval, uni qanday qilib zamonaviy koʻrinishga keltirish mumkinligi haqida oʻylab koʻring. Masalan, eski stakan chiroyli shamdonga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, bu sizning yashirin qobiliyatingiz namoyon boʻlishi uchun ajoyib imkoniyat.
Sizningcha, atrof-muhitni asrash boʻyicha yana qanday odatlar, uslublarni turmush tarzimizga kiritishimiz kerak? Izohlaringizni kutib qolamiz.
Nigina QAHHOROVA tayyorladi.