Jahon tamadduni rivojida yuksak ahamiyatli va bir qancha ilmlarni oʻzida jamlagan kitoblarga nisbatan “qomusiy yoki ensiklopedik” asar tushunchasi qoʻllaniladi. Ana shunday noyob ilmiy durdonalaridan biri boʻlgan Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asari hech shubhasiz turkiy xalqlarning bebaho qomusi hisoblanadi. Turkshunos olimlar Mahmud ibn Husayn Qoshgʻariyning tavallud sanasini milodiy minginchi yilning dastlabki oʻn yilligi deb taxmin qilishgan va “Devonu lugʻotit turk” asarining yozilishini 1068 – 1071-yillar deb belgilashgan.
Asar turkiy xalqlar tarixini oʻrganishda muhim ilmiy manba boʻlib, undagi adabiy parchalar turkiylarning juda qadim zamonlardagi hayoti, tafakkur tarzi, urf-odatlari, tarixiy va adabiy-estetik qarashlarining ifodalari sifatida oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Kitobda keltirilgan soʻzlar va iboralar tadqiqotchilarni XI asr muhitiga sayohat qilishga undaydi.
Mahmud Qoshgʻariy asari yozilishi toʻgʻrisida toʻxtalar ekan, “Men turklar, turkmanlar, oʻgʻuzlar, chigillar, yagʻmolar, qirgʻizlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini koʻp yillar kezib chiqdim, lugʻatlarini toʻpladim, turli xil soʻz xususiyatlarini oʻrganib aniqlab chiqdim”, – deb yozadi. Anglash mumkinki, Mahmud Qoshgʻariy kitobni yozish uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrgan va unda keltirilgan barcha dalillarni kuzatishlari, olib borgan tadqiqotlari bilan asoslashga harakat qilgan.
Asarda olti yarim mingdan ortiq turkiy soʻzlarning izohlari keltirilgan. Muallif ushbu soʻzlarning turli qabilalarda turlicha qoʻllanishi va ularning shevalardagi shakllariga toʻxtalib oʻtgan. Asarda keltirilgan hikmatlar va maqollar, xususan, “Bitta qargʻa bilan qish kelmas,” “Asal yigʻadigan odam asalari nishiga chidashi zarur”, “Ikkita tuya jang qilsa, oʻrtada pashsha halok boʻladi” – kabilar uning badiiy jozibadorligini taʼminlash bilan bir qatorda, turkiy xalqlarga xos donishmandlik, mehnatsevarlik, har qanday vaziyatda aql bilan ish tutish kabi fazilatlar, shuningdek, oʻsha paytdagi ijtimoiy-siyosiy muhitni tasvirlashga imkon beradi. Bir soʻz bilan aytganda, “Devonu lugʻotit turk”ni tarix, lingvistika, geografiya, etnografiya va boshqa bilimlarni oʻz ichiga olgan ilk turkiy ensiklopediya deyish mumkin.
Turkiy tilni oʻrganish boʻyicha hadis bormi?
Maʼlumki, VII asrdan boshlab Arab xalifaligining siyosiy mavqei kuchayib borishi fonida arablar tomonidan istilo qilingan hududlarda islom dini bilan bir qatorda, arab tili va yozuvining yoyilishi va qoʻllanishi keng tarqaldi. XI asrda arab tili rasmiy muloqot, adabiyot va ilm tili hisoblangan. Shu boisdan ham “Devonu lugʻotit turk”ning izohlari va tushuntirish matnlari arab tilida yozilgani bejiz emas. Ijtimoiy siyosiy hayotda ham arab va fors tillarining mavqei yuqori hisoblangan. Turkiy til esa bozorlarda va hunarmandchilik rastalarida koʻproq foydalanilgan. Chunki, turkiy xalqlarning koʻpchiligini savdogarlar, hunarmandlar va harbiylar tashkil etgan.
Asarni tahlil qilar ekanmiz, Mahmud Qoshgʻariy oʻzi turkiy qavm vakili sifatida turkiy til – ona tilining arab va fors tillari kabi boy til ekanini har tomonlama asoslashga harakat qilganiga guvoh boʻlamiz. Jumladan, Qoshgʻariy turkiy tilni oʻrganishga ilmiy jihatdan yondashish bilan birga, din va hadis ilmlariga ham murojaat qilgan. Kitob muqaddimasida hamdu calovatdan soʻng muallif turkiy xalqlarning ulugʻvorligi, turkiy tilni bilishning ahamiyati haqida toʻxtalgan: “Alloh taolo saltanat quyoshini turklar burjiga koʻtardi. Falakni ham shular burjiga moslab aylantirdi. Ularni turk deb atadi, mulkka ega qildi, zamonamizning xoqonlari qilib koʻtardi... Bularga yaqin boʻlish uchun eng asosiy yoʻl ularning tillarida soʻzlashishdir, chunki ular bu tilda soʻzlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, oʻzlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar” deb turk tilini oʻrganishga eʼtibor qaratadi. Fikrlarining tasdigʻi uchun Paygʻambar (s.a.v.) hadislaridan dalil keltiradi: “Ishonchli bir Buxorolik olimdan va Nishopurlik boshqa bir olimdan shunday bir xabar eshitgan edim: “Paygʻambar (s.a.v.) turk tilini oʻrganing, chunki ularning hukmronligi uzoq davom etadi...” deb taʼkidlaydi. Mahmud Qoshgʻariyning oʻzi xulosa qilganiday, bu hadisning qanchalik sahih yoki sahih emasligi uni aytgan odamlar gardaniga havola.
Yaponiya tasvirlangan ilk xarita
“Devonu lugʻotit turk”ning muhim, oʻziga xos jihatlaridan yana biri shundaki, asar oʻsha davrda yashagan xalqlar, qavmlar va joy nomlari tasvirlangan xaritani ham oʻz ichiga oladi. Bu tarixdagi ilk yozma turkiy xarita hisoblanadi. Mahmud Qoshgʻariy ushbu xaritani tuzishda arab xaritashunoslari afzal koʻrgan doira shaklidan foydalangan. Amerikalik olim Frederik Star Qoshgʻariy tomonidan tuzilgan xaritaning farqli tomonlariga eʼtibor qaratadi. Xususan, arab xaritashunoslari doira shaklidagi xarita markaziga Makka shahrini joylashtirishgan va bu bilan ushbu shaharni yer sharining markazi sifatida tasvirlashga harakat qilishgan. Mahmud Qoshgʻariy esa oʻz xaritasi markaziga ilk turkiy imperiyalardan boʻlgan Qoraxoniylarning poytaxti Bolasogʻun shahrini joylashtirgan. Bu esa muallifning oʻsha davrdagi siyosiy vaziyatdan toʻliq boxabarligini hamda Qoraxoniylar davlatining kelajagiga yuksak umid bilan qaraganini bildiradi.
Xaritada hozirgi Misr, Hindiston, Rossiya, Xitoy tasvirlangan boʻlib, Yaponiya hududi yarim aylana shaklda aks ettirilgan. Olimlarning fikricha, mazkur xarita ilk turkiy xarita boʻlish bilan bir qatorda, birinchi marotaba Yaponiya tasvirlangan eng qadimgi geografik xarita ham hisoblanadi.
2024-yil – “Devonu lugʻotit turk” yili
Maʼlumki, “Devonu lugʻotit turk” Jahon Xotirasi Reyestiriga kiritilgan. Asarning bizgacha yetib kelgan yagona nusxasi 1266-yili Damashq shahrida Muhammad ibn Abu Bakr ibn Abulfath Saviy Damashqiy tomonidan koʻchirilgan boʻlib, ushbu qoʻlyozma hozirgi kunda Istanbuldagi Millat kutubxonasida saqlanadi. Oʻzbekistonda “Devonu lugʻotit turk”dan namunalarni ilk bor jadidchi olim Abdurauf Fitrat 1927 – 1928-yillarda eʼlon qilgan. Hozirgi kunda “Devonu lugʻotit turk”ni butun dunyo olimlari va tadqiqotchilari oʻrganmoqda. Asar YUNESKO tomonidan 2024 – 2025-yillarda nishonlanadigan xalqaro tadbirlar roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, joriy yil kitobning 950 yillik yubileyini keng miqyosda nishonlash belgilangan.
Umumturkiy lugʻat yaratish gʻoyasi
Tilshunoslik fanida tilga insonlar oʻrtasidagi muloqot vositasi sifatida taʼrif berilgan boʻlsa, zamonaviy xalqaro munosabatlarda til davlatlar va millatlar oʻrtasidagi munosabatlar darajasini belgilovchi muhim mezonlardan biri sifatida qaralmoqda. Jumladan, bugun Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida keng koʻlamda rivojlanib borayotgan qardosh turkiy xalqlar (oʻzbeklar, ozarbayjonlar, qozoqlar, qirgʻizlar, turklar, turkmanlar va vengerlar) oʻrtasidagi munosabatlar negizida til, tarix va madaniyatlar oʻrtasidagi yaqinlik yotadi.
Turkiy davlatlar tashkilotining 2009 – 2021-yillar oraligʻidagi rivojlanish bosqichida “Turkiy tilli davlatlar Kengashi” deb nomlangani ham bu tuzilmaning taʼsis etilishida turkiy til birlashtiruvchi muhim omil sifatida asosiy rol oʻynaganini koʻrish mumkin. Bu hamkorlikning ildizlari esa XI asrdayoq Mahmud Qoshgʻariy tomonidan ilmiy jihatdan toʻliq asoslab berilgan edi.
2024-yil 24-25-iyun kunlari Bishkek shahrida Turkiy Akademiya tomonidan “Devonu lugʻotit turk”ning 950-yillik yubileyiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi. Ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etgan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev asarning turkiy xalqlar tarixidagi ahamiyati haqida toʻxtalar ekan, bugun ham aynan davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun “Devonu lugʻotit turk” kabi qomusiy asarlarga ehtiyoj borligini taʼkidladi. Ushbu konferensiyada Bosh kotib “Devonu lugʻotit turk” misolida zamonaviy “Umumturkiy lugʻat” yaratish tashabbusini ilgari surdi. Ilmiy nuqtayi nazardan Bosh kotibning ushbu tashabbusning qanchalik ahamiyatli ekanini turkshunos va tilshunos olimlar belgilasa-da, ammo zamonaviy xalqaro munosabatlar va diplomatiya nuqtayi nazaridan uning dolzarb ekanligini taʼkidlash oʻrinli hisoblanadi.
Tarix vaqt oʻtishi bilan oʻzining yangi sahifalarini yozishda davom etar ekan, xalqlar va millatlar oʻzlarining umrboqiyligini saqlab qolishga intiladi. Turkiy xalqlarning umrboqiyligi va buyuk sivilizatsiya egalari boʻlgani XI asrdayoq “Devonu lugʻotit turk”da aks etgan. Birgina maqola bilan butun sivilizatsiyaning sarchashmasi hisoblangan asarni batafsil yoritish imkonsiz boʻlgani kabi bu nodir asarni oʻrganish orqali har bir tadqiqotchi va kitobxon alohida xulosaga kelishi ham tabiiy jarayon.
Asar turkiy xalqlar tili, tarixi va madaniyati haqida oʻtmishdan sado berib turishi bilan bir qatorda, unda turkiy sivilizatsiyaning haligacha kashf qilinmagan qirralari va yashirin chizgilari haqida chaqiriqlar ham bisyor.
Murodjon MUSTAFOYEV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya
universiteti mustaqil tadqiqotchisi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Koshgʻariy M. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu lugʻotit turk). – Toshkent: Oʻzbekiston. 2022. – 608 b.
2. Fitrat. Eng eski turk adabiyoti namunalari. Samarqand-Toshkent, 1927.
3. Star F.S. Utrachennoye prosvesheniye. Zolotoy vek Sentralnoy Azii ot arbskogo zavoyevaniya do vremen Tamerlena. – Moskva: OOO “Intellektualnaya literatura”. 2017. – 894 s.
4. https://www.unesco.org.tr/Home/AnnouncementDetail/6221
5. https://www.azernews.az/culture/217894.html
6. https://www.unesco.org.tr/Pages/660/316/UNESCO-Memory-of-the-World-Register