Turonda shayboniylar hokimiyat tepasiga kelgan davrdan boshlab butun 16-yuzyillik mobaynida faol tashqi siyosat olib borishga harakat qildi. Hukmronliklarining dastlabki davridayoq ular bilan oldinma-keyin, Eronda safaviylar, Hindistonda boburiylar hukmronligining oʻrnatilishi natijasida mintaqada uch siyosiy kuchning manfaatlari toʻqnashdi. Manfaatlar kesishgan asosiy nuqta siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlgan Xuroson edi. Shayboniylarning Hirot va Balxga egalik qilish yoʻlidagi harakatlari ham bu kurashning markazida turdi. Mazkur masalani hal qilishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishda shayboniylar va safaviylar faollik koʻrsatdilar. Tarixiy manbalarda shayboniylar yashilbosh, safaviylar esa qizilboshlar deb atalgan. Chunki Shayx Haydar davridan boshlab safaviy shayxlarining muridlari boshlariga 12 qizil yoʻllik matodan salla oʻrab yurishgan. Bundan maqsad Shayx Haydar muridlari orasidagi birlikni yanada kuchaytirish boʻlgan. Muhammadxon Shayboniy esa qizilboshlilarga qarshi oʻlaroq yashil salla oʻragani uchun unga “yashilbosh” laqabi berilgan.

Ikkisi ham musulmon sulolalar boʻlsa-da, shayboniylar islom dinining sunniylik, safaviylar shialik oqimiga eʼtiqod qilganlar. Bu esa ular oʻrtasida faqat hudud uchun kurash ketmay, diniy ziddiyatlar ham vujudga kelishiga sabab boʻldi. XVI asrda Xuroson nazoratida Muhammadxon Shayboniy va Abdullaxon II davrida shayboniylar ustun turgan boʻlsa, qolgan paytlarda safaviylar tashabbusni qoʻlga olishga erishgan. Xuroson uchun kurashda safaviylar yoʻliga gʻov boʻladigan bir toʻsiq bor edi. U shimoli-gʻarbidagi qoʻshnilari va ashaddiy raqibi usmonliylar saltanati boʻlgan. Safaviylarning ikki tomondan bosimga uchrashidan shayboniylar ustalik bilan foydalanib kelgan.

Muhammadxon Shayboniy 1507-yili Xurosonning katta qismini egallagach, davlatininng chegaralari Safaviy chegaralariga tutashdi. Bu chegaralar tutashgach, ular oʻrtasida siyosiy aloqalar ham boshlanib, bir-biriga maktublar joʻnatishdi. Birinchi boʻlib Muhammadxon Shayboniy yoʻlladi. Ammo bu maktub saqlanib qolmagan. Maktub mazmunini esa Shoh Ismoilning javob maktubi orqali bilishimiz mumkin. Nomaning asosiy maqsadi Muhammadxon Shayboniyning Xuroson yurishidagi muvaffaqqiyatlari va Shoh Ismoil saroyidan Badiuzzamon mirzoning panoh topganidan noroziligini bildirish boʻlgan. Shoh Ismoil Safaviy 1508-yil 30-iyulda maktubga javob yuboradi. Muhammadxon Shayboniy ilk maktubida qoʻlga kiritgan yerlari ajdodlaridan unga oʻtganini, shu sababli maqsadi bu yerlarda farovonlik va adaolatni taʼminlash ekanini aytadi.

Maktubi orqali Muhammadxon Shayboniy ochiqchasiga Xuroson uning mulki ekanini bildirib, Ismoil Safaviyning bu oʻlkaga boʻlgan daʼvolaridan voz kechishini talab qiladi. Bundan tashqari Muhammadxon Shayboniy oʻzi hukmronlik qilayotgan hududlarda masjid, madrasa va boshqa imoratlarni taʼmirlash maqsadida Shoh Ismoildan mohir muhandis, ustalarni yuborishni hamda haj ziyoratini qulaylashtirish uchun Makka va Madinaga boradigan yoʻllarni tartibga keltirishini ham talab qiladi.

Shoh Ismoil javob maktubida avvalo xonning maktubini qabul qilgani va xonning istaklaridan voqif boʻlganini maʼlum qilish bilan boshlab, ikki oʻlka orasida kelib ketayotgan yoʻlovchilardan Muhammadxon Shayboniyning unga nisbatan dushmanona kayfiyatdaligini eshitganini yozadi. Bu maʼlumotlarga ishonmasa-da, xonga oʻtmishdagi doʻstliklarini eslatib, ayni bir Allohga va Paygʻambarga eʼtiqod qilishlarini qoʻshimcha qiladi.

Shohning bunday bosiqlik bilan javob maktubini yozishdan maqsadi ayni damda Muhammadxon Shayboniy bilan urishga kirishni istamayotganida edi. Chunki bu vaqtda Shoh Ismoil Eron hududini toʻliq birlashtirish va koʻchmanchi turkman qabilalarini oʻziga boʻysundirish bilan band edi.

Shoh Ismoil maktubi davomida maqsadi islom dini dushmanlariga qarshi kurashish ekanini taʼkidlab, bu kurashda Muhammadxon Shayboniyga ittifoqchi boʻlishni taklif qiladi. Ammo maktubda Shoh Ismoil shiallikka boʻlgan eʼtiqodini ham qayd etadi. U Ali va uning oilasiga boʻlgan muhabbatini ushbu jumlalarda keltiradi:

Sharqdan gʻarbga qadar har yerda imomlar boʻlsa,

Biz uchun Ali va oilasi yetarlidir.

Ismoil Safaviy maktubda yana yoʻlovchi va savdogarlarning oʻzbeklarning dushmanona harakatlar qilayotgani haqidagi fitna va fasodlariga ishonmaganini, tez orada bu fitnachilarni yoʻq qilib, eski doʻstlik rishtalarini davom ettirishini ham taʼkidlaydi.

Muhammadxon Shayboniy Hirotni egallaganidan soʻng Xuroson hududlarini oʻziga boʻysundirish uchun kurashni davom ettirishi oʻrtadagi munosabatlarni keskinlashtiradi. Ayniqsa, oʻzbeklar tomonidan safaviylar tasarrufi doirasida boʻlgan Kirmon talon-taroj qilingach Ismoil Safaviy Xuroson uchun qurolli kurashga kirishadi. Xon va shoh oʻrtasidagi bir-birlariga maktub yuborish ham toʻxtamaydi. Ammo maktublar mazmuni oʻzgarib, endi bir-birlariga tahdid va poʻpisa koʻrinishiga oʻtadi. Muhammadxon Shayboniy Ismoil Safaviyga quyidagi bayt yozilgan maktub yubordi:

Bizning harob Iroq mulkiga tamamiz yoʻqdur,

Makka va Madinani qoʻlga olgandan soʻng bir ahamiyati yoʻqdur.

Ammo Muhammadxon Shayboniyning bu maktubi ham bizgacha yetib kelmagan.

Maktubga Shoh Ismoil Muhammadxon quyidagicha javob yuboradi:

Har kim Alining quli boʻlmasa,

Yuz marta Makka va Madinani qoʻlga kiritsa ham ahamiyati yoʻqdur.

Ismoil Safaviy javob nomasini elchisi Qozi Ziyovuddin Nurulloh orqali yuboradi. Unda Mashhaddagi Imom Rizoning maqbarasini ziyorat qilish istagini bildirib, bunga hech kim monelik qilolmasligini urgʻulaydi.

Ikki oʻrtadagi maktublarning oxirgisini 1510-yilda Muhammadxon Shayboniy yozadi. Unda Ismoil Safaviyni Eron hududlarining dorugʻasi deb ataydi. Qarshi harakatlar qilmasligini va sunniylik mazahabini qabul qilishini ochiqchasiga talab qiladi. Hukmronlik otadan oʻgʻilga oʻtishini aytib, Turkiston, Xuroson va hatto Eron unga ajdodlaridan meros qolganini va bu hududlarga Muhammadxon Shayboniy haqli ekanini taʼkidlaydi. Agar istaklarini bajo keltirmasa, jiyani Ubaydulla Bahodirxonni amir va askarlar bilan Safaviylar yurtiga joʻnatishini, bu davlatni tugatishini, agar Ubaydulla Bahodirxon muvaffaqqiyatsizlikka uchrasa, oʻgʻli Temur Sultonni, agar u ham buni uddalay olmasa, shaxsan oʻzi Safaviylarni yoʻq etishini maʼlum qiladi. Muhammadxon Shayboniy bu maktubni yetkazish uchun Kamoliddin Muhammadxon Obivardiyni tayinlaydi. Shuningdek, elchisi orqali Safaviy saroyidan panoh topgan temuriy sultonlarni ham unga topshirishini talab qiladi.

1510-yil kuzida Shoh Ismoil katta qoʻshin bilan Xuroson yurishiga otlandi. Qoʻshin dastlab Tabrizdan Rayga keldi va bu yerdan shayboniylar qoʻlostida boʻlgan Damgʻon viloyatiga yoʻnaldi. Damgʻon hokimi boʻlgan Muhammadxon Shayboniyning kuyovi Ahmad Sulton Ismoil Safaviyning katta qoʻshin bilan kelayotgani xabarini eshitgach, qalʼani tark etib Hirotga, Muhammadxon Shayboniy huzuriga ketadi. Bu vaqtda Muhammadxon Shayboniy isyonchi hazoralarni oʻziga boʻysundirish maqsadida ularga qarshi yurish qilgan va magʻlubiyatga uchrab Hirotda qoʻnim topgandi. Qish yaqinlashgani sababli ham qoʻlostidagi qoʻshinni tarqatib yuborgan, qoʻlida kam sonli qolgan edi. Kuyovi Ahmad Sulton Shoh Ismoilning katta qoʻshin bilan kelayotgani haqida aytgach, Turkistonga xabarchilar yuborib, Temur Sulton va Ubaydulla Bahodirxonning qoʻshinlari bilan Marvga kelishini buyuradi, oʻzi ham Marvga otlanadi.

Muhammadxon Shayboniy Marvga kelgach, qalʼa devorlari va burchlarini taʼmirlashni buyurdi. Shoh Ismoil Muhammadxon Shayboniyning Hirotdan Marvga ketganini eshitgach, Mashhaddan Saraxs orqali Marvga kelib, qamal qilishni boshlaydi. Ikki oʻrtadagi dastlabki jang Marv yaqinidagi Tohirobod qishlogʻida roʻy beradi. Shoh Ismoil Dono Muhammad boshchiligidagi qizilbosh qoʻshinining manqiloy (qoʻshinning bosh qismida joylashgan alohida harbiy boʻlinma)ini yuboradi. Muhammadxon Shayboniy ham qizilboshlarning manqiloy qismi yetib kelganini eshitgach, Jonvafobiy doʻrmon va Qanbarbiyni oʻzbek qoʻshinining bir qismiga bosh qilib qizilboshlarga qarshi joʻnatadi. Toxirobodda boʻlgan jangda qizilbosh sardori Dono Muhammad oʻldiriladi va dastlabki jangda oʻzbeklarning qoʻli baland keladi.

Shoh Ismoil boshchiligidagi qizilbosh qoʻshini qancha harakat qilmasin, Marv mustahkam qalʼa boʻlgani uchun uni egallay olmaydi. Shoh Ismoil butun Turon hududidan Muhammadxon Shayboniyga yordam uchun Temur sulton, Ubaydullaxon, Koʻchkinchixon oʻgʻillari Abu Said sulton, Abdulla sulton, Abdulatif sultonlar bilan, Sevinchxoʻja sulton esa oʻgʻillari Baroqxon laqabli Navroʻz Ahmad sulton va Keldi Muhammad sultonlar bilan katta qoʻshin toʻplab kelayotgani xabarini oladi. Agar bir necha kun ichida Muhammadxon Shayboniyni magʻlub etmasa, boshqa bunday imkoniyat boʻlmasligini anglaydi. Shundan soʻng Ismoil Safaviy qoʻshinini yolgʻondan chekingandek koʻrsatib, Marvdan uch farsax uzoqlikdagi Mahmudiy qishlogʻida pistirmada kutib turadi. Muhammadxon Shayboniy amirlari bilan mashvarat oʻtkazadi. Amirlardan Qambarbek va Jonvafo Mirzo yana 2-3 kun kutish va Ubaydullaxon va Temur Sultonlar kelib qoʻshilgach, shahardan chiqib safaviylarga hujum qilishni maslahat beradi. Lekin bu maslahat Muhammadxon Shayboniyga maʼqul kelmaydi. Moʻgʻulxonim nomi bilan mashhur boʻlgan xotini Oyishabegim Muhammadxon Shayboniyga Ismoil Safaviyni jangga chorlagani, lekin Ismoil Safaviy jang qilish uchun Marvga kelganida qoʻrqoqlardek qalʼaga yashiringani, agar jang qilmasa erining qoʻrqoq hukmdor sifatida nom qoldirishini taʼkidlaydi. Muhammadxon Shayboniy qalʼada bir kun kutgach, ertasi kun qizilbosh qoʻshinini taqib qilishni boshlaydi.

 

Mahmudiy qishlogʻida oʻzbeklar va qizilboshlar yuzlashdi. Har ikki tarafdan surnay va karnay ovozlari koʻtarildi, burgʻu va suron sadolari olamni tutdi. Qizilboshlar uzun nayzalari bilan, oʻzbeklar esa qonichar oʻqlarni kamon ipiga qoʻyib jangga kirishdi. Qizilbosh qoʻshini jangga shay holatda Muhammadxon Shayboniy va uning qoʻshinini kutib oldi, ikki oʻrtada qattiq jang boshlanadi. Shoh Ismoil uch-toʻrt ming otliq sara qoʻrchilardan iborat soqchi qoʻshinini tuyalar qatorida yasalgan pistirmada yashirib qoʻyib, oʻzi esa lashkar “qalbi”dan joy oldi. Muhammadxon Shayboniy qoʻshini qanotlarini Jon Vafobiy va Qanbarbiy bilan mustahkamladi. Oʻzbeklar qoʻshini kamon, nayza, qilichlar bilan qurollangan boʻlsa, qizilbosh qoʻshinida zambarak va toʻfang (miltiq)lar ham boʻlgan. Safaviylar oʻzbeklar qoʻshini saflarini buzishda va qoʻshin ichida qoʻrquv uygʻotishda zambaraklardan foydalanganlar. Qizilboshlar oʻzbeklarning shijoat bilan jang qilayotganini koʻrib yana hiyla yoʻliga oʻtdi. Qizilbosh qoʻshini oʻzini yengilgandek koʻrsatib ortga chekinadi. Oʻzbeklar esa gʻalaba qozonganiga ishonib, oʻlja yigʻishga kirishadi. Shoh Ismoil oʻzbeklarning oʻlja yigʻishidan foydalanib tuyalar ortiga yashirgan otliq qoʻshinlarini jangga kirgizadi. Natijada bu jangda Muhammadxon Shayboniy magʻlubiyatga uchrab, uning qoʻshini chekinishni boshlaydi. Qoʻshinning katta qismi jang davomida oʻldiriladi, bir qismi esa Mahmudiy anhorida choʻkib oʻladi. Muhammadxon Shayboniy ham oʻlgan askarlari jasadlari va otlarning ostida qolib halok boʻladi.

Shoh Ismoil Hirot shahrini qoʻlga olgach sunniy aholiga tazyiq kuchayib, ularni shialikka oʻtkazish ishlari boshlandi. Kim shialikni qabul qilmasa qattiq jazolandi. Hatto Hirot shayxulislomi Sayiddin Ahmad ibn Qutbiddin Yahyo ibn Muhammadxon ibn Masud at-Taftazoniy shialikni qabul qilmagani uchun Shoh Ismoil tomonidan qatl etildi. Sayiddin Ahmad Taftazoniy tafsir, hadis va fiqh ilmida davrining yagona shayxullohi boʻlib, Sulton Husayn Mirzo davrida Xurosonda oʻttiz yilga yaqin shayxulislomlik qilgan.

Abdullajon USMONOV,

OʻzFA Tarix instituti tayanch doktoranti