Ambi lotin tilidan “ikkalasi” degan ma’noni anglatib, ular xarakterida ikki ijtimoiy turning asosiy xususiyatlarini birlashtiradi.
Masalan, tipik ambivert kun davomida yuzlab ish-masalalarni hal qilishi, rejalarni puxta bajarib, hamkasblarining diqqat markazida bo‘lishi mumkin. Kechasi esa aksariyat introvertlar kabi, uyga “qamalib” olgancha tunni sevimli kitobi bilan o‘tkazadi. Ambivertning o‘zgaruvchan holati uning kayfiyati va vaziyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Ambiversiya yana ekstravertdan introvertgacha bo‘lgan “gradient”dagi oltin o‘rtalik, deb ham yuritiladi. Rossiyalik ruhshunos Tatyana Poriskaya fikricha, ambivertlik ko‘pchilikka xos:
“To‘laqonli ekstravert va introvertlar kamdan-kam uchrashi shubhasiz, shuning uchun ham bunday ajratish shartli hisoblanadi. Ambivertlik esa xulq-atvorning aralash turi sifatida ko‘pchilik odamlarda uchraydi. Shu sababli ham odamlarning qaysi tipga xosligini aniqlovchi testlarda har-xil natijalar paydo bo‘ladi. Bunga esa turli omillar, masalan, o‘sha testni yechish vaqtidagi kayfiyat, hayotiy bosqich, va hatto, test topshirish joyidagi muhit ham ta’sir qiladi”.
Marti Leyni “Introversiya ustunliklari” kitobida ekstraversiya va introversiyani yagona uzluksiz energiya o‘qining ikki uchi sifatida fikr yuritadi. Agar ularni ranglar gradienti shkalasida taqqoslasak, o‘ta introvertlik ko‘k rangga, ekstraversiya esa qizil rangga bo‘yaladi. Bu ikkisining o‘rtasida sariq va yashil tusda ambiversiya namoyon bo‘ladi.
Tushunchaning paydo bo‘lish tarixi
1920-yillarda shveysariyalik olim Karl Gustav Yung ilk bor odamlarni ekstravert va introvertga ajratish taklifini beradi. Bunda Yung hayotiy energiya yo‘nalishini ushbu farqlarni aniqlovchi asosiy mezon sifatida oladi. Masalan, ekstravertlarda energiya tashqi olamga yo‘nalib, ular jamiyat bilan faol munosabatga kirishadi, atrofdagilarning e’tiboridan “quvvat oladi” va imkon qadar odamlar orasida bo‘lishga intiladi.
Introvertning hayotiy energiyasi aksincha, uning ichki dunyosiga yo‘naladi, u shaxsiy fikr-mulohazalari va his-tuyg‘ulariga e’tibor qaratadi. Introvertlarga ommaviy chiqishlar, shovqinli tantanalar va jamoaviy tadbirlar og‘ir keladi.
Yung ambiversiyani 1923-yildayoq shaxsiyatning uchinchi turi sifatida tan olgan bo‘lsa-da, hech qachon intro-ekstravertlik tipologiyasiga kiritmagan.
Ushbu terminni “ekstravert va introvertlik o‘rtasidagi qorishuv – psixologik norma”, deb hisoblagan amerikalik ruhshunos Edmund Konklin taklif qilgan. Konklin ikki turdan farqli o‘laroq, ambivert turi nisbatan moslashuvchan va samaradorroq bo‘lishiga ishongan. 2006-yilda amerikalik psixolog Maykl Krou ambiversiya kognitiv buzilish xavfining pastligi bilan bog‘liq ekanini isbotlab, ambiversiya qarish davrida kognitiv funksiyalarning saqlanib qolishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risidagi gipotezani ilgari suradi.
2016-yilda Cherepoves shahri olimlari IIB xodimlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ambivertlar ekstravert va introvertlarga nisbatan emotsional jihatdan chidamliroq ekanini aniqlaydi.
Ambivertlar qaysi xususiyatlari bilan ajralib turadi?
Ambivertlar o‘z xatti-harakatlarini vaziyatga qarab ongli yoki ongsiz ravishda o‘zgartiradi. Ularning xarakter sifatini turli muhitda kuzatish orqaligina aniqlash mumkin. Ehtimol, bu belgilar orasida sizga tegishli xususiyatlar ham bor bo‘lishi mumkin:
— Moslashuvchanlik. Ambivert vaziyat va ko‘zlangan natijaga qarab ekstravertlikdan osongina introvertlikka o‘tishi mumkin. U turli suhbatdosh va sharoitlarga moslashuvchan bo‘ladi.
— Ijtimoiy tajribalarga ochiqlik. Introvertlardan farqli o‘laroq, ambivertlar yangi tanishuvlardan qochmaydi, yangi aloqalarni oson o‘rnatadi va munosabatlarga qo‘rquvsiz kirishadi. U o‘zi o‘rgangan jamoa, masalan, oila a’zolari, yaqin do‘stlar bilangina cheklanmaydi. U hamkasblari bilan, va hatto, bog‘da it yetaklagan begona sayyoh bilan ham aloqa o‘rnatishga tayyor bo‘ladi. Uning ekstravertlardan farqi bo‘lsa, ular begona muhitdan ko‘ra tanish muhitni afzal ko‘radi.
— Jamoada hamda yolg‘iz ishlash qobiliyati. Ambivert – jamoada yaxshi “o‘yinchi” bo‘ladi. U hamkasblarini tinglashni, mas’uliyatni teng taqsimlash va jamoa ruhini qo‘llab-quvvatlashni yaxshi uddasidan chiqadi. Shu bilan birga, ambivert vazifani to‘liq o‘z bo‘yniga olishi mumkin, chunki jarayonni shu tariqa nazorat qilish unga osonroq keladi.
— Diqqatli tinglovchilar. Agar suhbatdagi biror masala ambivertga qiziq bo‘lsa, u boshqaruvchilikdan oson tarzda diqqatli va minnatdor tinglovchi roliga o‘ta oladi.
— Yolg‘izlikdagi komfort. Ambivertlar yolg‘izlikda diskomfort his qilmaydi, aksincha, vaqti-vaqti bilan bunga ehtiyoj sezadi. Ambivertga o‘z-o‘zi bilan bo‘lish hech qachon zerikarli emas, u doim o‘zi uchun qiziq mashg‘ulot topa oladi va bu holatda o‘zini keraksiz his qilmaydi.
— Yopiq shaxsiy muhit. Ambivertlar shaxsiy va ommaviy masalalarni aniq ajrata oladi. Garchi ular jamoada ochiq, suhbatga kirishuvchan va emotsional bo‘lsada, shaxsiy masalalarni o‘zida mahkam saqlay oladi.
— Ambitsiya yo‘qligi. Ambivertlar 3 shaxsiyat turi orasida nisbatan kam ambitsiyalarga ega tur sanaladi. Ekstravert uchun jamiyatda o‘zining statusini saqlab qolish va tinglovchilarini hayratda qoldirish doim muhim. Introvert odatda, o‘z maqsadlariga intiluvchan, chunki ularda “quvish” hissi doimiy mavjud. Ambivertlarga esa joriy mavqeyida yurish qulay. Ular biror ish ustida ambitsiya yoki biror nimani isbotlash uchun emas, faqat kuchli qiziqish ortidangina qattiq ishlab, o‘zini namoyon qilishi mumkin.
— Kuchli empatiya. Turli hissiy holatlarni o‘zi boshdan kechiradigan ambivertlar boshqalar nimani his qilayotganini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham ular odatda tushunuvchan va rahmli odamlar bo‘ladi.
— Kuchli sezish qobiliyati (intuitsiya). Boshqalarni tushunish, avvaldan bilish qobiliyati, odamlarning samimiyatiga ishonish mumkin yoki mumkin emasligini to‘g‘ri baholashga yordam beradi.
— Divergent fikrlash. Ambivert xodimlar masalani hal qilishda ijodkorona va noan’anaviy yondashuvi bilan farq qiladi. Ular voqea rivoji bo‘yicha bir qancha tasavvurga ega bo‘lib, qiyin vaziyatlardan oson chiqish bo‘yicha nostandart va tezkor yechimlar o‘ylab topish qobiliyatiga ega bo‘ladi.
Psixologik nuqtayi nazardan ambivertlar…
Ruhshunos Yuliya Kaminskayaga ko‘ra, aslida, barcha ambivert bo‘lib tug‘ilib, hayotiy tajribalar, oilaviy an’analar, madaniy atrof-muhit, turli inqirozli holat va boshqa hayotiy vaziyatlar asosida ekstra yoki introvert bo‘lib shakllanadi. Bu faktorlar insonga psixologik tipni tashkil etuvchi ma’lum xarakter xususiyatlarini rivojlantirish imkonini beradi. Biroq shuni anglash muhimki, ekstraversiya va introversiya qarama qarshi nuqtalar emas, balki ma’lum kordinata o‘qi kabi shkaladir. Inson bu shkala bo‘ylab o‘ziga kerak bo‘lgan sifatlarni rivojlantirishi va natijalarni qayd etishi orqali bosqichma-bosqich harakatlanishi mumkin.
Ambiversiyaga yaqinlashish uchun esa ekstravertlarga o‘z energiyasini nazorat qila olish hamda empatiyani rivojlantirish, introvertlarga bo‘lsa muloqot qobiliyati va ochiqlik ustida ishlash tavsiya etiladi. Lekin hammasidan oldin o‘z motivatsiyalarini tushunish, to‘g‘ri baholash muhim sanaladi.
Ambivertlardan yaxshi boshqaruvchi chiqadimi?
So‘zsiz, eng yaxshi lider bu ambivertdir.
Yaxshi boshqaruvchi – qo‘l ostidagilarni ruhlantiruvchi, oldinga tortuvchi va bunga bor energiyasini sarflashga tayyor ekstravert bo‘lishi kerakdek tuyulishi mumkin. Biroq tadqiqotchilar liderlik pozitsiyasida ko‘proq introvertlar muvaffaqiyat qozonishini isbotlagan. Ular barcha masala va uni hal qilish yo‘lini diqqat bilan o‘ylab, tezkor va o‘ylanmagan qarorlar qilmaydi. Ular tinglashni biladi v inqirozli vaziyatlarda stressga chidamli. Biroq umuman olganda, oltin oraliq har doimgidek, eng optimal yechim sanaladi. Bu boradagi o‘rtalik bo‘lsa ambivertlar sanaladi.
Liderlik bo‘yicha mutaxassislar rahbarning eng muhim ko‘nikmalaridan biri bu – moslashuvchanlik qobiliyati ekanini ta’kidlaydi. Boshqaruvchi kutilgan natijaga erishishi uchun unda turli odam va vaziyatlarga ko‘nikuvchanlik hamda ikki psixotip xususiyatlarni vaqtida “o‘chirib yoqish” qobiliyati juda muhimdir.
Ambivert o‘zining universalligi bilan istalgan ishning uddasidan chiqishi mumkin. Lekin bir qancha kasblarda ambiversiyaning boshqalardan ustunlik qiluvchi xususiyatlari, masalan, bir vaqtning o‘zida tirishqoq va tashabbuskor, yaxshi orator va diqqatli tinglovchi, tashkilotchi va bajaruvchi bo‘la olishi muhim.
Ushbu xususiyatlar, ayniqsa, jurnalist, sotuvchi, shifokor, ijtimoiy ishchi, tashkilotchi yoki tadbir boshlovchisi, diplomat va siyosatchilar uchun qo‘l kelib, ambivertlar mazkur faoliyatida yuqori samaradorlik ko‘rsatadi.