Yetakchi – ertakchi emas, real maqsadlar sari boshlovchi sardordir

Har qaysi davlatning oʻz ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻli bor. Shuning uchun ham, muayyan kishilik jamiyati oʻz maqsad-muddaolarini yoʻl-yoʻlakay amalga oshirmaydi, balki oʻzi tanlagan yoʻlda sobit davom etib, koʻzlagan manziliga dadil intiladi. Shu maʼnoda taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar natijasida taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga oʻtildi. Xususan, keyingi 4-5 yilda yoshlarga oid davlat siyosatida ham tarixiy, ham olamshumul oʻzgarishlar sodir boʻldi. Chunki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturining eng birinchi va ustuvor yoʻnalishi yoshlar masalasi etib belgilangan.

Chunonchi, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan  yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi davlat tashkiloti boʻlgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilishi, nihoyat, chin maʼnoda jamiyatda yoshlarning manfaatlarini ifodalaydigan va himoya qiladigan yangi sogʻlom oqimni yuzaga keltirdi. Ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlash, ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi.

Shuningdek, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular ong-u shuurida axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, ularni mutolaa madaniyati va kitobxonlikka keng jalb etish hamda xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan “Beshta muhim tashabbus” loyihasi ishga tushirildi. Yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tashkil etildi va oʻtgan yillar davomida jamgʻarma hisobidan katta loyihalar amalga oshirildi. Shu bilan birga, “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilishi esa yoshlarning sanoat va tadbirkorlik sohalaridagi tashabbuslarini amalga oshirish va qoʻllab-quvvatlashda qoʻl kelishi muqarrar.

Kezi kelganda, Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan ham joylarda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etish lozim. Avvalo, Markaz tomonidan Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun oʻquv qoʻllanma tayyorlangani oʻziga xos maʼnaviy hodisa boʻldi. Bundan tashqari, hamkor tashkilotlar bilan 13 banddan iborat “Mahallalardagi yoshlar oʻrtasida maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, tasdiqlangani va ijroga yoʻnaltirilgani – yangi tizim harakat yoʻnalishini belgilaydi.

Xoʻsh, yangi joriy etilgan Mahalla yoshlari yetakchilari oʻzlariga katta ishonch bildirilgan ayni paytda qaysi ishlar bilan band? Ular mutlaqo yangicha yoʻnalish sardorlari – ilk qaldirgʻochlar sifatida birgina oʻquv qoʻllanma bilan biz kutgan yangi-yangi yuksak marralar sari parvoz eta oladilarmi? Albatta, buning uchun shakllangan malaka, sinovli mashgʻulotlarda orttirilgan tajriba va ishonchli koʻnikmalar zarur. Aynan shu maqsadda, yaʼni yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni taʼminlash, ularni beparvolik, loqaydlik boqimandalik, jinoyatga moyillik kabi salbiy illatlardan asrab, ilm-fan, sanʼat va sportga keng jalb qilish, ularga tadbirkorlik sir-sinoatlarini oʻrgatish borasida Markaz mart oyi ish reja loyihasini ishlab chiqdi va Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etdi. Demak, ramzan, katta maqsadlar manzillariga ishonchli eltuvchi “temir yoʻllar” yotqizildi va “poyezd” yoʻlga tushdi.

Endi zabt etilgan dastlabki umidbaxsh manzillar tafsilotiga toʻxtalsak boʻlar. Masalan, poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi “Iqbol” mahallasida yoshlar yetakchilari va mahalla yoshlari ishtirokida “Mahalla – maʼnaviyat qoʻrgʻoni” dasturi doirasida turkum maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, 200 ga yaqin yoshlar qamrab olingani, maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish borasida “Zakovat” intellektual oʻyinlar musobaqasi hamda turkum maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilgani hali ibrat namunasini bera olmasdi. Shuning uchun ham, avvaliga yoshlar yetakchilarining bilim-saviyalarini oshirish maqsadida tumandagi yoshlar yetakchilari uchun interfaol seminar-treninglar oʻtkazilishi uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilishida juda qoʻl keldi.  Ayniqsa, “Mahalladagi maʼrifatli ayol”, “Mahalladagi odobli qiz”, “Mahalla kelini” nominatsiyalari milliy qadriyatlarimiz va turmush tarzimizga juda mos voqelik sifatida eʼzoz topishi, yaʼni anʼanaviylik tusini olishi joiz. Chunki oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashda maʼrifatli ayol, odobli qiz va ibratli kelinlarning taʼsir va qamrov doirasi muhim ahamiyat kasb etishi kunday ravshan.

Yana bir misol. Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davomida 3125 dona turli badiiy adabiyot hududlardagi umumtaʼlim muassasalariga yetkazib berildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Hikmatli” mahallasida joylashgan 30-sonli umumtaʼlim maktabining kutubxonasiga 500 dona kitob beminnat sovgʻa qilindi.

Mahalladagi yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida mahallada “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Tanlovda mahallaning 13 ta koʻchasidan 200 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Tanlovda qatnashgan har bir yigit-qiz oʻz uyiga badiiy kitoblar bilan qaytdi – oila bagʻriga mashhur shoir-yozuvchilar kirib bordi, jamiyatning kichik qoʻrgʻonida shuʼlavor ziyo taraladigan boʻldi. Shuningdek, homiylar tomonidan taqdim etilgan 5 dona soʻnggi rusumli uyali aloqa telefonlari 5 nafar zukko kitobxonga “Mushoira” shartida gʻolib boʻlganligi uchun sovgʻa qilingani nafaqat gʻoliblarning, boshqa qatnashchilarning ham ruhiyatini koʻtardi.

Shirin shahrida esa “Men seni sevaman, ona Vatanim” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, jumladan, “Salomatlik uchun 5000 qadam”, “Oʻzbek oʻgʻloniman” harbiy-vatanparvarlik  loyihalari yaxshi samara berdi: 170 nafar ishtirokchi oʻziga yangi kuch topa oldi. Albatta, bu raqamlar uncha katta emas. Biroq xalqimizda “Birniki – mingga, mingniki – tumanga (yaʼni cheksizga)” degan purmaʼno naql borki, unga koʻra, bu tashabbuslar kelgusida keng quloch yoyishiga umid uygʻotadi kishida.

Mamlakatimizning vodiy mintaqasidan misol keltirsak, Fargʻona viloyatida maʼnaviyat, mutolaa madaniyati va kitobxonlikni targʻib qilish borasida “Zakovat” intellektual oʻyinlar musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni”, “Munozara”, “Battle” jamoaviy, “Onlayn kitobxon”, “Eng namunali ziyo doʻkoni” koʻrik-tanlovlar, milliy xalq oʻyinlari oʻtkazildi, shuningdek, 29 ta davra suhbati, 68 ta uchrashuv, 43 ta seminar tashkil etildi. Tadbirlarga jami 102 ming nafar yoshlar qamrab olingan boʻlib, shundan 1350 nafarini bandligi taʼminlanmagan mahalla yoshlari tashkil etdi.

Namangan viloyatidagi 126 dan ortiq mahallalarda va 245 ta taʼlim muassasalarida “Zakovat” intellektual oʻyinlar musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni” kabi koʻrik-tanlovlar hamda “Munozara” intellektual va milliy xalq oʻyinlari oʻtkazildi va reja asosida davom ettirilmoqda. 

Andijon viloyatida esa mahallalardagi uyushmagan yoshlar bilan ishlashda individual yondashish va tizimli ish tashkil etish, ularning bandligini taʼminlash boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinlarida joriy etilgan yoshlar yetakchilarining kasb-mahoratini oshirish maqsadida Andijon shahar, Asaka, Qoʻrgʻontepa, Boʻston, Marhamat, Ulugʻnor va Paxtaobod tumanlarida “Mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni toʻgʻri tashkil etishning asosiy tamoyillari” mavzuida seminar-treninglar oʻtkazildi. “Jaholatga qarshi maʼrifat” bosh gʻoyasi ostida 72 dan ziyod mahalla fuqarolar yigʻinlarida, jamoat tashkilotlari va korxonalarda “Maʼnaviyatga tahdid – kelajakka tahdid”, “Islomda terrorizmga va diniy ekstremizmga oʻrin yoʻq”, “Yoshlarda virtual mafkuraviy immunitetni shakllantirish”, “Ommaviy madaniyat”, “Diniy ekstremizmga qarshi kurash”, “Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish” kabi dolzarb mavzularda 100 ga yaqin davra suhbatlari, turkum uchrashuvlar, targʻibot tadbirlari tashkil etildi.

Shuningdek, milliy iftixor va yuksak madaniyatimiz, maʼnaviyatimiz ramzi boʻlgan atlas, adras, doʻppi, dutor, katta ashula, askiya, yor-yor, alla, aytishuvlarni keng targʻib qilish maqsadida “Milliy qadriyatlar qadr topgan yurt” shiori ostida 37 dan ziyod taʼlim muassasalarida, 30 dan ziyod mahalla fuqarolar yigʻinlarida aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida milliy qadriyatlarga asoslangan jami 70 dan ziyod maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Umumiy hisobot natijalariga koʻra, barcha oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar hamda davra suhbatlarida 73 820 nafardan ziyod yoshlar qatnashgan.

Muqoyasa tarzida eslatib oʻtish joizki, Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 2022-yil 1-yanvar holatiga koʻra, 35 271 276 kishini tashkil etgan. Shundan 17,5 million nafari ayollar, 17,7 million nafari erkaklar hisoblansa-da, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etishi hech kimga sir emas. Demak, bundan buyon yangi joriy etilgan Mahalla yoshlari yetakchilari oʻzlariga katta ishonch bildirilgan ayni tarixiy jarayonlarda faoliyat doiralarini yanada kengaytirishlari zarurligini tezkor zamonning oʻzi talab qilayotir. Endilikda ular mutlaqo yangicha yoʻnalish sardorlari – ilk qaldirgʻochlar sifatida yangi-yangi yuksak marralar sari dadil parvoz eta olishlari uchun, avvalo, oʻzlariga, oʻz kuchlariga va oʻz imkoniyatlariga toʻla ishonch hosil qilgan holda harakatlanmogʻi lozim. Zero, buning uchun ularga barcha kerakli haq-huquqlar taqdim etilgan, qolgani esa, bizningcha, koʻproq  oʻzlariga va ularni qanday tarzda qabul qiladigan yoshlar auditoriyasiga bogʻliq. Eng muhimi, jamiyatimizda shakllangan milliy gʻoyalar, hazrati Vaqt sinovidan oʻtgan azaliy milliy qadriyatlarimizning barqaror oʻzanlari sobitlik va sodiqlik uchun juda oʻngʻay maʼnaviy-intellektual muhit hozirlab qoʻyibdi.

Safar OLLOYOR