Besh yoshimda otam Rossiyaga ishlagali ketgan edi. Oltiga toʻlgan kunim menga koʻylak va kitob koʻtarib keldi. Shu kunni hanuz tushlarimda koʻraman. Bir hafta otamdan “boshqa meni tashlab ketmaysiz-a?” deb tinmay soʻragan ekanman. Dugonalarimga otamning sovgʻalarini koʻrsatib maqtanganman. Bir hafta oʻtib, otam yana Rossiyaga ketdi. Keyin biz bilan xabarlashmay qoʻydi. Oʻn yoshda edim, otam oʻsha yerda boshqa oila qurgani haqida onam xabar topib keldi. Onam idish-tovoqlarni sindirib, dod-faryod qildi. Qoʻrquvdan singlim ikkimiz dag‘-dag‘ qaltirab, javonga qamalib olgandik.

Oʻsha kuni onam buvim bilan urishib, uydan chiqib ketdi. U kun tushlarimga kiraveradi: shunchaki ortiga oʻgirilmay ketgan onam... Nega uning ortidan yugurmadim, “meni kechiring, bizni tashlab ketmang” deb yolvormadim... U ertaga qaytib keladi, otamni topib, birga ostonada paydo boʻlishadi, menga quchoqlarini keng ochib, tabassum bilan “qani, kel bagʻrimizga” deyishadi deb oʻylardim. Oʻshanda shoshib qolmaslik uchun men otamning, singlim esa onamning bagʻriga yugurishini kelishib ham olgandik. Singlim ikkimiz shu holatni tasavvur qilib, oʻzimizni yupatardik. Baʼzan qoʻllarim ikkisini birdan quchib olishga ham yetadi derdim oʻzimga. Ammo moʻjiza sodir boʻlmadi... Onamni qarindoshlar uzoq izlashdi, hech yerdan topilmadi. Oradan ikki yil oʻtib, buvim betobligini roʻkach qilib, meni va singlimni mehribonlik uyiga topshirib yubordi. Bizni keraksiz buyum kabi uloqtirishdi, hammalari birin-ketin bizdan voz kechdi. Aybimiz nima edi?! Hammasini bir kuni Allohga aytib beraman...”.

Bu ota-onasi tirik boʻlaturib, mehribonlik uyida yashayotgan Xurshidaning xotiralari. Afsuski, bugun atrofimizda bunday siniq xotiralar minglab topiladi.

Dunyo oʻzgarayapti, odamlarning oʻylash tarzi, hayotni tushunishi oʻzgarayapti. Oila degan qutlug‘ tushunchaning qiymati ham oʻzgarib bormoqda. Afsuski, shunday buyuk neʼmat, buyuk qoʻrgʻonga ham daxl qilinayotir. Bu mavzuda yozish ogʻir. Negaki, oilaning buzilishi – eng avval koʻngillarning vayron boʻlishi. Koʻngil titraganda, unga shikast yetganda, dunyoning toʻrt burchi titrab ketsa ajabmas. Ammo bu ogʻir mavzuni koʻtarishimiz, tahlil etishimizga zarurat ortib borayotirki, boshqa chora yoʻq! Xurshida singari bolalarning koʻz yoshlari tinmas ekan, bu mavzu koʻtarilaveradi.

Yigirma ikki ming tirik yetim

Bugun mamlakatimizda 9 606 001 ta oila bor, 2023-yil yanvar-iyul oylarida 10 393 ta yangi oila paydo boʻlgan. Biroq joriy yilning shu davrida 29 816 ta oila rasman ajrashgan. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi maʼlum qilishicha, eng koʻp ajralishlar Fargʻona, Andijon va Xorazm viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda. Buning natijasida 22 mingdan ortiq bola ota yoki ona mehridan mahrum boʻlgan. Bu shunchaki raqam emas, u tirik yetimlar soni, ularning koʻngil ogʻriqlari, azoblangan ruhiyati, mehrga zor qalbi degani. Bu raqam taqdirlar, iztirob va ogʻriqlar yigʻindisidir. Shuncha bolani bir yerga jamlasa, qancha maydonni egallaydi ular? Kamida 9-10 ta maktab toʻladi, kamida 150–200 ta avtobus liq-liq norasida degani bu. 22 ming degani baʼzi bir shaharlarning umumiy aholisi soniga teng. Afsuski, oila tanazzulining ogʻir yuki hech narsani anglamay, moʻltirab turgan mitti qorakoʻzlarning nozik yelkalariga tushayotir. Shuncha norasida bugun tirik yetimlikni murgʻak tanalarida his qilayotgani millat sifatidagi eng katta fojeamiz emasmi?!

“Men bolalarimni tashlab ketmayman...”

Qalin qor yoqqan edi. Yirik savdo rastasi yonida toʻxtadik. Erim roʻzgʻorlik uchun tushib ketdi. Shu vaqt mashina oynasini kichkina barmoqchalar ohista tiqirlatdi. Qarasam, yetti-sakkiz yoshlar chamasi bir bolakay qoʻlida shirinlik ushlab turibdi. “Yongʻoqli shirinlikdan sotib oling. Onam oʻzi pishirgan, uyniki, mazali, oxiri qoldi” dedi. Men qutiga emas, bolaning sovuqdan qizarib ketgan puchuqqina burniga va qaltirayotgan qoʻllariga qarab, oʻylab oʻtirmay “Necha pul? Olaman” dedim. Bolakay narxini aytgach, mashina ichidan va choʻntagimdan pul izlay boshladim. U aytgan miqdorda pul chiqmadi. “Biroz kutib turolasanmi? Amaking chiqsa, pulini beradi” dedim sovuqda bolani kuttirayotganimga oʻzimni aybdor his qilib. U xursand boʻlib ketdi. Unga mashina ichida isinib olishni taklif qildim. Orqa oʻrindiqdagi yuzlari issiqdan qizarib turgan bolalarim asta surilib, bolakayga joy boʻshatishdi.

– Har kuni sotasanmi bu shirinliklarni? – gapga soldim.

– Har kuni emas, onam pishirgan kunlari sotishga chiqaman. Onam kasal, baʼzan pishirolmaydi.

– Otang bormi?

– Otam bor, lekin bizni tashlab ketgan. Otamning boshqa oilasi bor. Singlim bilan onam uchalamiz yashaymiz.

– Maktabga bormaysanmi?

– Boraman. 2-sinfda oʻqiyman. Maktabdan keyin sotaman bularni. Lekin rosa shirin, yeb koʻring, mazasi yoqsa, ertaga yana olib kelaman. Ertaga ham olsangiz, ikkita shirinlikni tekinga qoʻshib beraman...

Bolakayning soʻzlari dona-dona, nigohi mening bolalarimnikidan ancha katta koʻrinardi. Ha, u taqdir taqozosi bilan erta ulgʻaygan. Yarim oilani oʻz tanasida his qilayotgan 22 ming norasidaning biri u. Bolakay menga tekinga shirinlik berishini aytganda, men uning bugungi muammosini yechishga hech qanday arzirli yordam berolmayotganimdan uyaldim.

– Otangdan xafa emasmisan? – xayolimga kelgan bu savoldan oʻzim ham oʻngʻaysizlanib qoldim.

– Onam yigʻlamasa, xafa boʻlmayman. Ammo onam koʻp yigʻlaydi-da. Lekin men katta boʻlsam... bolalarimni sira tashlab ketmayman...

Oʻrtaga uzoq, ogʻir sukunat choʻkdi. Bolakay pulni olib mashinadan tusharkan, qayta-qayta rahmat aytib, shoshgancha yoʻlning u betiga oʻtdi.

Oʻylab qoldim, ota-onasi ajrashgan qancha norasida issiq-sovuqda roʻzgʻor tashvishini nozik yelkalariga olib kun oʻtkazayotgan ekan?! Baʼzan kattalarga ham ogʻirlik qiladigan bu yukni ular qanday ortmoqlayapti?! Ajrashgach, alimentdan boʻyin tovlayotgan otalar hisobiga bugun qancha bolakayning qorni och, usti yupun?! Tadqiqotlar bormi, ular hisob-kitob qilinadimi? Biz bugun nima qilsak oilalar parokanda boʻlmaydi? Qanday yoʻl tutilsa bolalar tirik yetimga aylanmaydi? Qanday yashasak oilalarda nizolar kamayadi, jamiyatimizda baxtli va sogʻlom bolalar soni ortadi?

“Bolalar ruhiy zarbaga uchramoqda”

Gulrux Adhamova,

Toshkent shahridagi 1-ruhiy-asab kasalliklari dispanseri psixologi:

“Ikki inson ortiq bir uyda yasholmas ekan yoki ulardan biri ajrashishga qaror qilgan ekan, bundan farzandlar aziyat chekishi kerak emas. Dunyo tajribasida koʻramizki, ajrimlarda eng katta eʼtibor oiladagi bolalarning psixologik majruh boʻlib qolmasligiga qaratiladi. Ularga avvalgiday sharoitni taʼminlash, tanlov huquqini berish, ham otasi, ham onasi bilan yaxshi munosabatni saqlab qolishga harakat qilinadi. Bizda esa odatda eridan alamzada ayol farzandini u bilan uchrashtirmaslikka urinsa, ayrim otalar alimentdan qochib yoki atay kam maoshli ishlarga joylashib, bola taʼminotiga yetmaydigan aliment berishga harakat qiladi. Er-xotin ajrashsa ham bola uchun ota-ona eng sevimli, eng yaqin inson boʻlib qolaveradi. Ularning bir-biriga qilayotgan dushmanlarcha munosabatidan farzandlar ruhiyati jiddiy shikastlanadi. Oqibatda ularda ruhiy nosogʻlom muhit vujudga keladi. Buni bolaning oʻzini tutishidan, atrofdagi doʻstlari bilan munosabatidan ham sezish mumkin. Bola otasini ham, onasini ham doim yonida koʻrgisi keladi. Ayniqsa, uch-besh yosh oraligʻidagi bolalar “Sizni otamga aytib beraman”, “Mening otam kuchli” deganlarini koʻp eshitamiz. U oʻz otasini qahramon deb biladi. Shunday vaqtda bolaning otasiz qolishi, otasi bilan bir uyda yashamasligi unga katta zarba beradi. Amaliyotda koʻp guvohi boʻlamiz, ota-onasi ajrashgan vaqtda bolalar oʻzini boshqalardan chetga oladi, tez yigʻlab yuboradigan yoki jizzaki boʻlib qolishadi. Bu tabiiy stresslar yoniga onaning zoʻravonligi qoʻshilsa, murgʻak tana buni koʻtarolmaydi. Ayol eridan alamini olib, bolasini ursa, soʻksa, bunda ayol nafaqat bugungi kunini, balki ertasini ham xarob qiladi. Bolalikda orttirilgan ruhiy zarbalar butun umr insonni taʼqib qilishi, azob berishi psixologiyada isbotlangan”.

Ayollarga yordam koʻrsatish tizimi...

Adiba Ergasheva,

psixolog:

“Ayol kishi tabiatan oʻch olishga, oʻz hissiyoti, jumladan, nafratini ham toʻkib solishga moyil. Biroq uning ruhiy sinishi va oʻz harakatlarini boshqara olmaslik darajasigacha yetib borishiga atrofdagilar, uning yaqinlari qoʻl qovushtirib oʻtirishi kerak emas. “Chiqqan qiz chigʻiriqdan tashqari” degan gapni koʻp ishlatamiz. Bugun ajrashgan ayollar ham moddiy, ham maʼnaviy qiyinchiliklar girdobida qolmoqda. Ayollarning oʻz joniga qasd qilishi, farzandlarini oʻldirishi mana shuning oqibati. Hayotning ogʻir sinovlari boshiga tushgan ayollarni oʻz vaqtida psixologlar koʻrigiga olib borish, ularga ajrimdan keyin hayot yana davom etishini tushuntirish va dalda berish uchun bepul maslahat va muolajalar koʻrsatiladigan tizimni yoʻlga qoʻyishimiz zarur”.

Dunyoda ajrimlar masalasi qanday?

Mamlakatlarning onlayn maʼlumotlar bazasida dunyodagi eng koʻp va eng oz ajralish roʻy beruvchi davlatlar roʻyxati eʼlon qilingan. Unga koʻra Hindiston eng kam ajralishlar bilan (1%), Portugaliya esa eng koʻp ajrimlar bilan (94%) reytingda birinchi boʻlibdi. Bu roʻyxatda Turkiyani eng kam ajrim roʻy beruvchi mamlakatlar oʻnligida toʻqqizinchi oʻrinda koʻrish mumkin. Ajrimlar eng koʻp kuzatiladigan davlatlar oʻnligida esa Portugaliyadan soʻng Ispaniya (85%), Lyuksemburg (79%), Rossiya (73%), Ukraina (70%), Kuba (55%), Finlandiya (55%), Belgiya (53%), Fransiya (51%), Shvetsiya (50%) oʻrin olgan. Osiyo mamlakatlaridan Tojikiston eng kam ajrimlar soni bilan uchinchi oʻrinda turgani biz uchun kutilmagan yangilik. Oʻzbekiston negadir bu roʻyxatga umuman kiritilmagan...

“Bizdagidan farq qilmaydi”

Sitora Alixonzoda,

jurnalist, Turkiyada yashaydi:

“Turkiyada ham erta turmushga uzatilgan, eri va erining oilasi tarafidan zoʻravonlikka uchragan ayollar bor. Mushtumzoʻr erga va erning noinsof, vijdonsiz oila aʼzolari zulmiga chidashga majbur boʻlgan holatlar bizdagidan deyarli farq qilmaydi. Asosiy sabablar ularning ojizligi, odamlarning gap-soʻziga qolishdan qochishi va boradigan joyi hamda orqasida ularni himoya qiladigan insonlarning yoʻqligidir.

Va, albatta, koʻpchiligi bolali boʻlgandan keyin farzandlarini yolgʻiz, otasiz katta qilishiga ishonmagani yoki istamagani uchun ham achchiq qismatiga koʻnib yashashga urinadi. Asosiy sabab esa turmushga chiqarkan ularga xudbin, marhamatsiz va johil ota-onalari “Oq libos bilan borgan joyingdan kafan bilan chiqasan” deb aytgani boʻladi. Oʻzimizning tilda “Oʻlsang oʻliging oʻsha yerdan chiqadi” deganga oʻxshash insoniylikdan uzoq boʻlgan stereotiplar singari”.

“Ajrimlarning yarmi er-xotinning bir-birini tushuna olmasligidan kelib chiqmoqda”

Mavluda Nizomova,

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi Sogʻlom oilani shakllantirish va oilalar mustahkamligini taʼminlash, milliy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi boshligʻi:

“Oilaviy ajrimlarning sabablari koʻp. Bunga uy masalasi, ishsizlik, yetishmovchilik, yoshlarning hayotga tayyor boʻlmay oila qurishi, er yoki xotinning ishlash uchun boshqa mamlakatga ketib qolishi, bepushtlik, oilada maʼnaviy-axloqiy muhitning yomonligi, oilaga boshqa shaxslarning aralashuvi sabab boʻladi. Ajrimlarning 50 foiziga er-xotinning bir-birini tushuna olmasligi, hayotga, oilaga yengil qarashi sabab ekanligi aniqlangan. Qaynona-qaynotalarning oʻzlari nasihatga muhtoj. Ularning koʻpchiligi hayotga yengil qaramoqda. Yosh oilalarning ajralib ketishini indamay kuzatib turibdi. “Onasi oʻpmagan qizni olib beraman” yoki “Tor qornimga siqqan keng hovlimga sigʻmaydimi?” deguvchi onalar koʻpayib ketayapti. Yana bir muammo – sharʼiy nikohlarning borligi. Bu ham turli xil muammolarni keltirib chiqarayapti. Ayni paytda sharʼiy nikoh asosida yashayotgan 9 mingdan ziyod oila roʻyxatga olingan...”.

“Qiz va oʻgʻil bola tarbiyasida ikki xillik mavjud”

Adiba Ergasheva,

psixolog:

“Afsuski, biz oilada er-xotin munosabati jar yoqasiga kelib qolganda yoki tomonlar batamom ajrashganda uning oqibatini oʻylab qolamiz. Ajrimning sabablaridan koʻra oqibatlari bilan kurashishga intilamiz. Vaholanki, buzilayotgan oilalardagi muammolar er yoki xotinning tarbiyasidagi qusurlariga borib taqaladi. Xalqimizda qiz va oʻgʻil bola tarbiyasida ikki xillik azal-azaldan mavjud. Qizlarga kichikligidanoq baland ovozda gapirmaslik, oʻz istagini ochiq aytmaslik, sabrli, chidamli boʻlishi, koʻnikishi kerakligi haqida bot-bot uqtiriladi. Oʻsmirlik davrida ularga boʻlajak kelin, ona sifatida qaralib, koʻproq roʻzgʻor ishlari oʻrgatiladi, nari borsa, biror hunarga yoʻnaltiriladi. “Oʻqib kim boʻlarding?”, “Qiz bolaga oʻqish nega kerak?” kabi gaplarni bolaligidan eshitib ulgʻaygan ayollar oramizda koʻp.

Endi oʻzbek oilalarida oʻgʻil farzandga munosabatni koʻrib chiqaylik. Yigitlarga asosan boʻlajak oila boquvchisi deb qaraladi. Oʻgʻil bolalarning taʼlimi va xohishlari uchun doim pul topiladi. Hali 18 ga toʻlmasidan oʻgʻliga avtomashina rulini ishonib topshiradigan otalar koʻp. Oʻgʻil bola kimnidir ursa, soʻksa, mushtlashsa, bu normal holat, jasorat, yigitchilik, mardlik deb qabul qilinadi. Shundan boʻlsa kerak, hozirgi biz oldini ololmayotgan ajrimlarga aksariyat hollarda oilaviy zoʻravonlik va erkakning xiyonati sabab boʻlmoqda”. 

Zoʻravonlik va xiyonat

Hisob-kitoblarga koʻra erning oʻz ayoliga jismoniy, ruhiy va jinsiy zoʻravonligi koʻpayib bormoqda. Soʻnggi besh-olti yilda ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan xabarlar yangradi. Ayoliga pampers yedirgan erdan tortib, nikoh toʻyi vaqtida shapaloq tortganigacha... Xotinini pichoqlagan, chopib tashlagan, yoqib yuborgan, kaltaklab oʻldirgan...

Bugungi kunda oilaviy zoʻravonlik oʻta dolzarb muammoga aylandi. Zoʻravonning aybi isbotlansa ham uni erkakchilik deb oqlashga uriniladi. Deylik, er xotinini pichoqlab oʻldirgani isbotlangan xabar ostida “ayol oʻzi bir ayb ish qilgan”, “xiyonat qilgandir”, “erkak bekorga xotinini oʻldirmasa kerak” kabi fikrlar yozib qoldiriladi. Marhumga tuhmat qilingan baʼzi postlar ayollar tomonidan yozilganini koʻrib hayratga tushmaslikning iloji yoʻq.

Oilaviy zoʻravonlik holatlari hamon yashirilmoqda. Jamiyatda ayollar ayollarni koʻra olmasligi, hasad va nafrat kuchli ekani muammolar zanjirining yana bir boʻgʻini. Qaynona kelinga kun bermaydi, kelin qaynonasiga. Qaynegachi, ovsin, qudalar oʻrtasidagi ziddiyatni-ku aytmay qoʻya qolaylik. Vaziyat taranglashib, doʻppi tor kelganda yana bir ruhiy portlash sodir boʻladi. Ayol oʻzini oʻldirishga, ayanchli holatlarda farzandlarini ham oʻldirishgacha bormoqda.

OAVlardagi tomoshalardan ehtiyot boʻlaylik

Ommaviy axborot vositalari va internet platformalarida ayollarni tahqirlash, ularni jamiyatdagi koʻp illatlarga sababchi qilib koʻrsatish, haqoratlash holatlari koʻpaymoqda. Masalan, teleserial va filmlarni kuzatamiz, nomining oʻzidayoq gap nima haqida ketayotganini bilish mumkin: “Suyuqoyoq”, “Sotilgan nomus”, “Ikkinchi xotin”, “Ayol makri”, “Xiyonatkor kelin”. Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Bunday filmlarda ayollardan nafratlanish (mizoginiya) hissi kuchli targʻib qilinadi. Er pichoqlab oʻldirgan ayol haqidagi xabar ostida marhumning oʻzini ayblaydiganlar ham ayol kishiga nisbatan shuncha nafratni mana shu film va seriallardan olayotgan boʻlishi mumkinmi?! Albatta mumkin. Yoki kayfiyatni koʻtaruvchi, latifalarga moʻljallangan “Kuling” telegram kanalini olaylik. Bir-biridan bemaza aksariyat latifalarida ayolni yerga urish gʻoyasi yotadi. Mana uning birgina latifasi (soʻzma-soʻz keltiramiz):

“Bir kishi xotinini koʻchada urib, tepib tarbiyalayotsa, bir donishmand bu holni koʻrib, unga dedi:

– Taqsir, kaltak hayvon uchun. Xotinni jazolashning eng yaxshi yoʻli xotiningizning ustiga xotin olishdir.

Er bu gapni yaxshi tushunmasdan:

– Kechirasiz, soʻzlaringizga yaxshi tushunmadim, nima dedingiz? – desa, kaltak yeb turgan xotini eriga:

– Chalgʻimang, otasi, tepavering, bu kishiga eʼtibor bermang! – dermish.

Hurmatli erkaklar, ayol zotini urmoq er kishining ishi emas, shuning uchun donishmand aytganiga amal qilavering” (tugadi).

Bu latifa kimning kayfiyatini koʻtarayapti? Kimga nimani oʻrgatayapti?

Muammoning yechimi bormi?

Avvalo ota-onalar farzandlari tarbiyasida masʼuliyatli va adolatli boʻlib, farzandi oʻgʻilmi-qizmi qatʼi nazar unga insoniy fazilatlarni singdirsa, kelajakda ulardan muqaddas rishta boʻlmish nikoh va sakinat qoʻrgʻoni oilani qadrlovchi insonlar yetishib chiqishi shubhasiz. Bilamizki, bolalar eshitganini emas, koʻrganini qiladi. Oʻgʻil farzandlarimizni yoshligidan boshqa insonning (u xotini boʻladimi, farzandi yoki ota-onasi...) hayotiga xavf solish, unga jismoniy yoki ruhiy azob berish mumkin emasligini oʻrgatib tarbiyalashimiz darkor. Qizlar taʼlimiga beeʼtibor jamiyat butun ummat taqdiriga beeʼtibor jamiyatdir. Shunday ekan, qizlarni oʻqitish, oʻzlari qiziqqan soha boʻyicha bilim olishiga sharoit yaratish boʻlajak xotinlar va onalarning farovonligiga sharoit yaratish bilan barobardir. Qizlarga hayotda har qanday muammoning yechimi borligini va oiladagi munosabatlarni oʻzgartirish uchun hamma vaqt chora topish mumkinligini, bunda mutaxassislar yordam bera olishini tushuntirish lozim.

Ayollar davlatning himoya va yordamiga doim muhtoj, bu oʻrinda ayollarga psixolog xizmatlari bepul yoʻlga qoʻyilishi, toʻgʻri maslahat bera oladigan mutaxassislardan iborat anonim tashkilotlar faoliyatini kengaytirish kerak. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ham koʻngilli yordam beruvchi kanallar bor, bunga “Sukut saqlama” loyihasini misol qilib keltirish mumkin. U yerda muhtojlarga koʻmak beruvchi koʻngilli psixolog, yuristlar faoliyat yuritadi. Muhimi, yoshlarga toʻydan avval oila muqaddasligi haqida tushuncha berish bilan boʻlajak er-xotinlarning ayrim masalalardagi qarashlarini tartibga solish mumkin. Balki dinimiz va qadriyatlarimiz asosida oʻtkaziladigan bu suhbatlarga imomlarni biriktirish maqsadga muvofiqdir? Umuman, oila ilmini maktabdan boshlab oʻrgatish taklifi ham koʻp bora jamoatchilik muhokamalarida yangragan.

Davlat manfaatlari ajralishni minimallashtirishdan iborat, ammo bu hech qachon fuqarolarning shaxsiy hayotga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqlarini buzmasligi kerak. Ajrashish jarayonida byurokratiyaga barham berish maqsadga muvofiq. Dangal aytganda, ota farzandlari koʻz oʻngida onasini qonga belagandan koʻra oʻzaro hurmat bilan ikki tomon ham oʻz yoʻlida ketgani afzal. Oʻzaro hurmatni saqlagan holda ajrimlar bolalar ruhiyatiga kamroq salbiy taʼsir koʻrsatishi isbotlangan. Albatta, mahalla yarashtira oladigan kichik mojarolar bor, bu arzimagan gap-soʻzlar atrofida aylangan er-xotinning reaksion harakati koʻrinishida boʻlsa, bunday kelishmovchiliklar boʻyicha mutaxassislar yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi lozim. Ayniqsa, ayollar va bolalarga bu juda zarur. Biroq oilaviy zoʻravonlikning yaqqol belgilarini koʻra-bila turib er-xotinni yana bir uyga qamash siyosatini toʻxtatish kerak.

Feruza RAYIMJON qizi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Xudo yoqqan chiroq” maqolasi

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!