Oʻzbekistonda Yoqilgʻi-energetika sohasida investorlar kengashi tashkil etiladi. Kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yoqilgʻi-energetika sohasidagi investorlar bilan oʻtkazilayotgan ochiq muloqotda eʼlon qildi.

Taʼkidlanishicha, energetika loyihalari katta sarmoya va murakkab infratuzilmani talab qiladi. Yer ajratish, tarmoqqa ulanish yoki texnik shart olishdagi birgina kechikish ham butun loyihaga taʼsir qiladi.

“ACWA”, “Vision Invest”, “DataVolt”, “Voltalia” va “EDF” kabi kompaniyalar bu masalalarni doimiy muloqot orqali hal qilishni taklif etdi.

Buni hisobga olib, Prezident Yoqilgʻi-energetika sohasida investorlar kengashini tashkil etishga qaror qilganini taʼkidladi. Kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi.

Kengash yer ajratishdan obyekt ishga tushguniga qadar sarmoyadorlar duch keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shugʻullanadi.

Majlisda Prezident 2027-yilda suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasini respublika boʻylab xususiy sektorga berish maqsad qilinganini ham maʼlum qildi.