Ekolog olim, Termiz davlat universiteti professori Xolmat Zokirov bilan suhbat.

– Domla, avvalo maʼnaviyat tushunchasiga loʻnda izoh bersangiz...

– Men ekologman, tabiatshunosman. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib aytar boʻlsam, maʼnaviyat insonni hayvonzotdan va oʻsimlikdan farqlaydigan kuch. Nabobot va hayvonot olamida insonga xos asil narsalarning koʻpi yoʻq. Deylik, odamning xotirasi, til imkoniyatlari, yaratuvchanlik, ijodkorlik xususiyatlari hayvonga begona, oʻsimlik ham bundan mosuvo. Holbuki, hayvon ham, oʻsimlik ham inson kabi tirik jon. Bir soʻz bilan aytganda, maʼnaviyat odamning odamlik qiyofasi. Ammo gap bu yuksak darajani qanday tutib turishida. Bizning Surxon vohasida bosar-tusarini bilmay, odamlarning haqqini unutgan  kishiga dakki berishning ajoyib shakli bor. Yaʼni, bir ogʻizgina savol berishadi: “Insofing bormi?”. Ushbu soʻz menga doim “Maʼnaviyating bormi?” deganday eshitiladi. Bu savol aslida oʻzini bilgan odamga juda ogʻir botadi. Qalbida iymoni bor odamning bu savoldan keyin, shubhasiz, peshonasidan ter chiqib ketadi. Aslida shuning oʻzi katta gap.

– Siz tumanda yoki oʻrta taʼlim maktablarida maʼnaviyat ishlari boʻyicha faoliyat yuritsangiz, ishni nimadan boshlagan boʻlardingiz? Umuman, maʼnaviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?

– Maʼnaviyatga intilish, maʼnaviyatni boyitib borish aslida har birimizning  insoniy burchimiz. Buning uchun maʼnaviyat boʻyicha biror sohaga masʼul boʻlish shart emas. Agar siz aytgandek maʼnaviyat sohasiga rahbar boʻlib qolsam, avvalo ishni oʻzimning soʻzim bilan amalimning bir-biriga muvofiq kelishidan boshlardim.

Bir ogʻriqli masalani ham aytib qoʻyay, maʼnaviyat majlisbozlik bilan singdirilmaydi. Maʼnaviyat har bir insonni inson sifatida tushunishdan boshlanadi.

– “Xalqimizning juda boy maʼnaviy merosi bor!”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni biz bugun qanday qabul qilayapmiz, qay yoʻsinda undan foydalanayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?

– Bizning uzoq tariximiz, serqirra ogʻzaki ijodimiz, allomalarimiz bitib ketgan minglab jild kitoblar – haqiqiy maʼnaviy xazina. Aslida har bir insonning ichki dunyosi oʻzgacha bir olam, demak, biz har bir kishiga individual yondashmogʻimiz kerak.

Maʼnaviyat ibrat va namuna orqali yoshlar hayotidan oʻrin egallaydi. Otasi qarta oʻynab, onasi serial koʻrib oʻtirib oʻgʻil-qizlarini oʻqimishli boʻlishga undashi kulgili holat. Bu xuddi yoriq koʻza bilan suvga borishga oʻxshaydi.

Zotan, muqaddas kitoblarda urgʻu berib aytilganidek, “Islohni oʻzingdan boshla!” degan soʻzlarga jiddiy eʼtibor berishimiz shart. Biz hamisha islohotni oʻzimizdan, oilamizdan, farzandlarimizdan boshlashimiz kerak. Ana shunda maqsadga erishamiz, aksincha safsatabozlikdan boshqasi boʻlmaydi.

Bugungi global isish, tabiat sinovlari, epidemik holatlar qatorida global qadriyatlar ham bor. Bu degani butun bashariyatning boy tajribasi, merosi umumiy boylikdir. Beruniyning “Mineralogiya” asari ham, Nyutonning qonunlari ham barchaga teng ilmiy obidalar. Shu bilan birga hammani esdan ogʻdiradigan, besharmlikni, beshafqatlikni targʻib etadigan va juda yuqumli boʻlgan illatlar ham borki, bularning ziyoni “Kovid-19”dan kam emas. Va bu koʻz ilgʻamas falokatlar ham umumiydir. Shu boisdan ham oʻzlik degan katta maʼnaviy zaminda turib dunyoning inson iqboli uchun xizmat qiladigan qadriyatlaridan ham unumli foydalanishni oʻrganishimiz zarur.

– Respublikamiz ilm ahli sizni avvalo ona tabiatimizning jonkuyari, ekolog olim sifatida taniydi. Olimlik sharafi hamisha ulug‘ sanalgan. Ayniqsa, bugungi tabiat va inson oʻrtasida katta kurash ketayotgan bir paytda. Sizning – ekolog olimning qalbidagi maʼnaviyat bevosita ona tabiat bilan uygʻun. Shunday emasmi?

– Eʼtibor bering, aslida biz kimmiz, tabiatning bir zarrasimiz, agar tabiatga qarshi kurashamiz desak aslida oʻzimizga qarshi kurashamiz, kelajak avlodimizning hayotiga qarshi kurashgan boʻlamiz. Tabiatni ona deymiz. Ona deyishga deymiz-u, baʼzan xizmatkor darajasida ham qadrlamaymiz. Bugungi kunda daraxtlarga ham pasport berish yoʻlga qoʻyilayotgan, ularni himoya qilish boʻyicha qarorlar qabul qilinayotgan ogʻriqli davrda turibmiz. Bir tup archa bir yilda oʻzida 6 tonnagacha suv toʻplaydi. Muttasil kislorod ishlab chiqaradi. Bir tilsiz archa umri davomida insonga xizmat qiladi, uning hayoti uchun oʻzini bagʻishlaydi. Biroq bir vallomat boradi-da, 100 yillik archani besh-olti daqiqada saranjom qiladi. Uning bor maqsadi archadan uyiga ustun qilish yoki shu tilsiz-jagʻsiz daraxtning ikki-uch metrlik uyini – yerini tortib olish. Oʻtkinchi umrida bir tup nihol ekmagan bu odam vatanga ham naf bermaydi, birovga yaxshilik ham qilmaydi. Dunyoda harorat keyingi 40 yilda 0,04 daraja koʻtarildi. Muzliklar erib borayapti. Noyob turlar qirilib ketmoqda. Bularning hammasi insonning oʻziga ziyon.

Ana endi oʻylab koʻring, bu falokatlarning oldini olish uchun nima kerak? Eng taʼsirchan omil nima? Bu – maʼnaviyat! Jamiki yuksalishlar asosida maʼnaviyat tursa, barcha yoʻqotishlar ortida maʼnaviy tanazzul turadi.

Shu oʻrinda Qurʼoni karimga murojaat qilamiz: “U sizlardan qaysingizning amali yaxshiroq ekanini sinab koʻrish uchun olti kunda osmonlar-u yerni yaratdi. Oʻshanda arshi suv ustida edi. Agar sen “Sizlar oʻlimdan keyin qayta tiriltirilasizlar” desang, kufr keltirganlar albatta “Bu ochiq-oydin sehrdan oʻzga narsa emas” derlar” (Hud surasi 7-oyat). Ushbu ilohiy amrlarning nozil boʻlishi bejiz emas, albatta. Fasohat bilan razm solinsa, bu qutlug‘ matnlarda bugungi kunimiz uchun ham juda katta ibrat va xulosalar mavjud. Inson koʻp asrlik ilm-u zakovati bilan bittagina chumolini ham yaratolmaydi. Shunday ekan, muqaddas soʻzlarga amal qilgan holda ish koʻrishi ham kerak.

– Milliy gʻurur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga oʻxshaydi. Inson uchun oʻzidan, oʻzligidan gʻururlanish aslida fazilat emasmi?

– Gʻurur bilan kibr aslida ikki narsa. Gʻurur oʻzidan  rozi boʻlish, oʻzi bajargan ishdan mamnuniyat hissini tuyish, oʻz faoliyatidan, taqdiridan koʻngli toʻlish.

Kibr esa oʻzini baland qoʻyish, atrofdagilarni mensimaslik. Gʻurur –  fazilat, kibr esa – illat, bu ikki tushunchani hech qachon aralashtirmaslik kerak.

Birgina Termiziylarning ilmiy merosini olib qarang – ummon qadar cheksiz. Bugunga qadar bir yuz ellikka yaqin Termiziy allomaning nomi aniqlandi. Ular qoldirgan meros qanchalik buyukligini bilayapsizmi? Bunday tarix bilan, bunday ajdodlar bilan gʻururlanmay boʻladimi? Ammo birgina gʻururning oʻzi yetarli emas. Ushbu merosga munosiblik hissi ham boʻlishi kerak va u bugungi avlod tomonidan ijodiy rivojlantirilishi lozim. Farzand otaning obroʻsi va merosiga suyanib qolsa noshudlashadi, aksincha, oʻsha merosga hamohang rivojlansa el aro obro‘ topadi, rizqi butun  boʻladi.

– “Odamning tabiati tuprogʻi olingan joyiga oʻxshaydi” degan naql bor. Shu maʼnoda, xalqimizning feʼl-atvori bizga maʼlum. Ammo bugun ham xulqimizga, ham biz mansub zaminga yot boʻlgan turli hodisa va voqealar ham sodir boʻlayapti. Maʼnaviyat va qadriyatlarimiz, anʼanalarimizga tahdidlar kundan kunga koʻpayib bormoqda. Sizning tabiat bilan uygʻun hayotingizga, ilmiy faoliyatingizga bu narsalar qanday taʼsir etayotir?

–  Bunday paytda insonning ongini, tafakkurini himoya qiladigan birdan bir kuch sifatida teran aql, yuksak maʼnaviyat, mustahkam iymon-eʼtiqod va chinakam insof-diyonat maydonga chiqishi zarur. Oʻzingiz oʻylang, uzoq tarix davomida xalqimiz boshidan ne kunlar kechmagan, bu xalqning  dinini, eʼtiqodini, tilini, urf-odatini, anʼana va qadriyatini yoʻqotishga uringan barcha bosqinchilarning rejalari sarobga aylangan.

Bugungi kundagi ayrim dilni xira qiladigan holatlarga boqib turib, xalqimizning chapani bir gapi esimga tushadi. “Tuyaning yuki yengil boʻlsa, baqiroq kelarmish” deydi xalq. Odamlarning turmushi chinakamiga yaxshilandi. Saksoninchi, hatto toʻqsoninchi yillarni eslang... odamlar kun koʻrish uchun qancha zahmat tortar edi. Risoladagiday bitta toʻy qilish koʻplarga armon edi. Bugungi hayotimiz bilan solishtirib boʻlmaydigan bir tushkun hayotimiz bor edi-ku... Ammo odamlarda insof, oqibat bor edi. Bugun biz izlayotgan asosiy narsa ham ana shu noyob tuygʻular emasmi? Bu bilan ogʻir turmushni yoqlamayman, albatta. Biroq shukr kamaydi. Vatan tushunchasi yengillashib ketganday boʻlayapti. Bu hammamiz oʻylab koʻrishimiz kerak boʻlgan masalalar...

Xalqimizni hamisha nima saqlab qolgan? Kuchli iroda, mustahkam sabr, zoʻr shijoat va gʻayrat, toza eʼtiqod va albatta yaxshi kunlarga umid... Shu narsalar xalqning koʻksini koʻtargan. Biz Xudoga maʼqul boʻladigan bu his-tuygʻularsiz murodga yetolmaymiz. Negaki, tabiatning oʻz ravishi bor...

“Avesto”da tuproq, suv, olov va havoni muqaddas bilish, pok saqlash borasida muhim koʻrsatmalar bor. Yoki xalqimizning maqollariga bir eʼtibor bering: “Birni kessang, oʻnni ek”, “Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘”, “Daryoning boʻyida oʻtirsang ham suvni isrof qilma”, “Suvni ifloslama, Sulaymon ota tutadi” va hokazo... Bir soʻz bilan aytganda xalqimizning har sohadagi donoligidan kuch olaman va ana shunday bagʻrikeng xalqning vakili ekanimdan faxrlanaman.

– Xalqning yakdilligi hammasidan muhim. Uning butunligini nimalarda koʻrasiz? Bugun shu butunlik bizda mavjudmi, qoniqarlimi?

– Toʻgʻri, birdamlik, jipslik, yakdillik xalqning butunligini belgilaydi, barcha gʻalabalarning garovi. Bizning yakdilligimiz shundaki, qancha bosqinlardan, istilolardan omon chiqdik, baʼzan yutdik, baʼzan yutqazdik. Ammo oʻzligimizni yoʻqotmadik. Tilimizni unutmadik, baʼzi ziyoli niqobidagilar unutsa ham xalq unutmadi. Dinimiz ham, anʼanalarimiz ham shu xalqning qalbida asrlardan asrlarga oʻtib omon keldi.

Eng muhimi oʻz davlatimizga ega boʻldik. Bugun bizning birdamligimiz yurtimiz taraqqiyotiga kamarbasta boʻlishimiz, vatanimizni har qanday xavf va xatardan himoya qila olishimiz, shaxsiy manfaatdan vatan manfaatini ustun qoʻya olishimizda koʻrinishi lozim. El-yurtning manfaatini oʻzinikidan ustun qoʻyish chinakam maʼnaviyat deb oʻylayman. Yana gap milliy gʻururga borib taqaladi: oʻzimizdan gʻururlanishni farzandlarimizga oʻrgataylik. Chinakam jipslik shu farzandlar yuragida ildiz otishi kerak.

Shodmonqul SALOM yozib oldi.

 
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.