“Besh kitob tavsiyasi” loyihasining navbatdagi sonida “Asaxiy.uz” loyihasi asoschisi va rahbari Firuz Allayev tavsiyalarini oʻqishingiz mumkin. Bugungi taqdim etilayotgan kitoblar soʻnggi yillarda chop etilgan jahon adabiyotining namunalari hisoblanib, mutolaa uchun sara asarlar izlayotgan boʻlsangiz, quyidagi roʻyxat  sizga yordam beradi.

Teodor Drayzer, “Sarmoyador” – amerikalik yozuvchining mashhur romanlaridan biri. Adibning “Istak trilogiyasi”dan joy olgan ushbu asari 1912-yilda nashr etilgan. Unga amerikalik temiryoʻl korchaloni, millioner Charlz Yerksning hayot yoʻli asos qilib olingan. Kitobda konkret bir inson misolida tadbirkor qanday fikrlashi, xayolidan qanday oʻylar kechishi, muammolarga qanday yechim topishi tasvirlangan. Bu asar chinakam tadbirkor xarakteriga berilgan chizgidir.

Den Braun, “Da Vinchi siri” – 2017-yilda  chop etilib, dunyo boʻylab koʻplab shov-shuv va jiddiy bahs-munozaralarga sabab boʻlgan, “Da Vinchi siri” asari muallifi Den Braunning yana bir mashhur romani. Bu asar 2017-yil oktabr oyida AQSh da chop etilishiga qaramay, 2 oy ichida dunyoning oʻttizdan ortiq tiliga tarjima qilindi va jahon bestsellerlari sirasiga kirgan asar hisoblanadi.

Oldos Haksli, “Ajib yangi dunyo” – ingliz yozuvchisi Oldos Hakslining 1931-yilda yozilib, 1932-yilda nashr etilgan, distopik, ijtimoiy-fantastik romanidir. Unda fuqarolari aql-idrokka suyanuvchi, ijtimoiy ierarxiya tartiboti qaror topgan futuristik umumjahon mamlakati toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Romanda reproduktiv texnologiyalar, uyqudagi taʼlim, ruhiyatga taʼsir va shartli reflekslarni shakllantirish sohalarida erishilgan yutuqlar yordamida antiutopik jamiyat yaratiladi. Bu jamiyatga birgina inson – asarning bosh qahramoni qarshi chiqadi.

Benazir isteʼdod egasi boʻlgan Haksli bir vaqtning oʻzida ham sanʼatkor, ham ruhshunos, ham inson tabiati va taraqqiyotining eng yorqin taftishchilaridan biri edi. Uning durdona asari – “Ajib yangi dunyo” millionlab oʻquvchilarni hayrat va vahimaga soldi, bizni ogohlantiruvchi, oʻyga toldiruvchi ajoyib badiiy asar oʻlaroq, bugungi kungacha oʻz ahamiyatini yoʻqotmadi.

Ramita Navai, “Yolgʻonlar shahri” asari – bugungi Tehronning unutilmas manzarasini chizib beradi. Bu kitob tehronliklar tuzumning shafqatsiz bosimi ostida qanday yashayotgani, tuygʻulari, shodlig-u iztiroblarini qanday ifodalayotgani, umuman, turfa insonlar taqdiri haqida hikoya qiladi. Kitob 2012-yili Britaniya Qirollik adabiyot jamiyatining “Jervud” mukofoti bilan taqdirlangan.

Deniel Kiz, “Eljernonga atalgan gullar” – AQShda adabiyot boʻyicha maktab dasturiga kiritilgan kitoblardan biri.1966-yilning eng zoʻr romani deb topilgan, “Nebula” va “Hyugo” mukofotini olgan. Deniel Kiz asarni oʻn toʻrt yil mobaynida  oʻz hayotida roʻy bergan voqealar bilan boyitib borgan. Romanning bir necha qismi aqli zaif inson tilidan soʻzlangan boʻlib, tarjimon qahramon tilini boricha – imloviy va uslubiy jihatdan saqlashga harakat qilgan. Asar matnidagi ayrim gʻayriodatiy, gʻalati jumlalar imloviy yoki uslubiy xatolar emas. Tarjimada ham muallifning ana shu uslubini imkon qadar saqlab qolishga harakat qilingan.