Dolzarb mavzu
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazishda shuhratparastlik, oʻzini koʻz-koʻz qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va anʼanalarini mensimaslik kabi illatlar koʻzga tashlanmoqda.
Albatta, инсон bolasi borki, hayotda orzu-havas bilan yashaydi. Ayniqsa, oʻgʻil-qizining boʻyi yetgani sari ularni oʻqitadi, oliygohni tamomlagach, ishga kirishga koʻmaklashadi. Oʻgʻliga dangʻillatib toʻy bergisi, qizi boʻlsa yaxshi joyga katta toʻy qilib uzatgisi keladi. “Toʻy qilsam, elga osh bersam”, degan tilakni hamma inson niyat qiladi.
Ajinarlisi shundaki, yurtimizda turmush qurish, toʻy qilish kabi xayrli ishlar koʻp hollarda oʻz tabiiy mohiyatidan uzoqlashib, dabdabali va ortiqcha ziynatga berilib ketish holatlari bugungi zamon tili bilan aytganda trendga chiqdi. Soʻnggi yillarda toʻymi, azami va boshqa oʻylab topayotgan marosimlarimizni oʻtkazishda boʻlar-boʻlmas ortiqcha sarf-xarajatlar, nafsiga berilish illati kuchayib borsa bordiki aslo soʻnmadi.
Katta restoranlar, yuzlab mehmonlar, qimmatbaho toʻy liboslari, ijaraga olingan mashinalar, maxsus foto va video sessiyalar – bularning barchasi yosh oilalarni turmush boshlamoqchi boʻlgan paytidayoq murakkab moliyaviy toʻsiqlar ostida qoldirmoqda. Toʻyning ertasigayoq olingan qarzlarni uzish, moliyaviy yukni koʻtarolmasdan oiladagi yaqinlarning ruhiy muvozanatining buzilishi holatlarini barchamiz koʻrdik, koʻryapmiz.
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson qadri, adolat va haqiqat turadi. Yangi Oʻzbekiston bunyodkorligida maʼnaviy yuksalish va ilm-maʼrifatga suyangan jamiyatni shakllantirish asosiy maqsad hisoblanadi. Ammo, afsuski, ayrim qatlamlarda ortiqcha dabdaba, koʻz-koʻz qilish, maʼnaviy boʻshliqni moddiy koʻrsatkichlar bilan toʻldirishga intilish holatlari ham uchrab turibdi.
Yangi Oʻzbekiston – yuksak maʼnaviyatli, intizomli va oqil insonlar jamiyati boʻlishi kerak. Bu borada har bir fuqaroning shaxsiy oʻrni bor. Ammo soʻnggi yillarda ayrimlar orasida kuchayib borayotgan dabdababozlik illati milliy taraqqiyotimizga jiddiy xalaqit berishi mumkin. Jamiyatda qadriyatlar emas, koʻz-koʻz qilish urfga aylangan ekan, u yerda barqaror taraqqiyot va maʼnaviy yuksalish haqida gapirish mushkul boʻladi.
Yaqin yillarda jamiyatimizda moddiy neʼmatlarni, boylik va mol-dunyo koʻlamini namoyish qilish, yaʼni dabdababozlik ruhidagi hayot tarzi tobora urfga aylanib borayotgani koʻzga tashlanmoqda. Bunday illat nafaqat shaxsiy, balki keng ijtimoiy oqibatlarga ham sabab boʻlmoqda. Qurilishi tugallanmagan uylar, ortiqcha sarf-xarajatli toʻylar, “marosimlar”, bundan tashqari, ehtiyojdan ortiqcha libos va buyumlarning soni oshib bormoqda. Bu koʻzga koʻrinar-koʻrinmas holda jamiyatda psixologik bosim, sunʼiy ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqaryapti.
Koʻz-koʻz qilish ortidagi iqtisodiy zoʻriqish
Ortiqcha toʻylar, marosimlar, keragidan ortiqcha xarajatlar odamlarni iqtisodiy jihatdan ogʻir ahvolga solib qoʻymoqda. Bu holat koʻplab oilalarning qarzga botishi, imkoniyatlari cheklangan yoshlarning ruhiy tushkunlikka tushishiga sabab boʻlmoqda. Natijada, mehnat va aql emas, koʻzboʻyamachilik va dabdabali hayotga intilish "muvaffaqiyat" sifatida qabul qilinayotgani jiddiy xatardir.
Dabdababozlik, avvalo, aholining iqtisodiy jihatdan zoʻriqishiga sabab boʻladi. Masalan, bir toʻy uchun 50-100 million soʻm sarflayotgan oila, koʻpincha bu mablagʻni kredit hisobiga amalga oshiradi. Bu esa yillar davomida uning iqtisodiy erkinligini cheklab qoʻyadi. Yaʼni, insonlarni nafaqat zamonaviy texnologiya, bilim va mehnat orqali yuksalishiga, balki sunʼiy ravishda “nom chiqarish”ga undaydigan mexanizmlar shakllana boshlaydi.
Ijtimoiy tengsizlik va maʼnaviy muvozanatning buzilishi
Bu illatning eng xavfli tomoni – u jamiyatda sunʼiy ijtimoiy tengsizlik hissini kuchaytiradi. Qoʻshnisi toʻrt qavatli uy qurgan boʻlsa, u ham qurmoqchi, yosh yigit mashinani emas, uning brendini koʻzlamoqda, qizlar esa bilim va qobiliyat emas, toʻydagi sarpoga qarab tanlanmoqda. Bu – milliy qadriyatlarimizga mutlaqo zid holat.
Barchamizga maʼlum haqiqat: odatda toʻylardagi dabdabalar koʻproq “kimdir koʻrsin”, “ovoza boʻlsin” maqsadida amalga oshiriladi. Bu esa insoniylik, maʼrifat va oddiylik tamoyillariga zid. Baʼzi hollarda, toʻydan koʻra foto-video materiallar, ijtimoiy tarmoqdagi koʻrishlar koʻproq ahamiyat kasb etadi. Axborot asrining “koʻrsatish” virusi insonlarni shunchaki haqiqatni emas, koʻz-koʻz qilishni istaydigan shaxslarga aylantirmoqda. Tarmoqdagi yolgʻon unashtiruvlar, dabdabalik aks etgan uchrashuv onlarini koʻrgan auditoriyaning koʻp qismi esa aynan uning hayotida ham shunday boʻlishini istashi va bu ashaddiy istakning kuchayishi ichki imkoniyatlar, sharoitni hisobga olmagan holda qarz koʻtarishga olib keladi.
Jamiyatdagi “kim toʻyni yaxshiroq qildi?” degan oʻzaro raqobat ruhi nafaqat shoʻxlikni, balki madaniyat va maʼnaviyatni ham tubdan oʻzgartirayotgani bor haqiqat. Bu holat nafaqat yoshlar, balki butun jamiyat uchun ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni allaqachon keltirib chiqargan.
Oila qurishning boshidayoq katta qarzga botish yoshlarning ruhiy holatiga salbiy taʼsir qiladi. Iqtisodiy bosim ostidagi er-xotin oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqishi, turli nizolar vujudga kelishi mumkin. Ayniqsa, ishsizlik yoki barqaror daromad manbasiga ega boʻlmagan yoshlar uchun bunday xarajatlar ogʻir yukka aylanadi.
Dabdababozlikning eng xavfli tomoni – u yoshlarda notoʻgʻri qadriyatlarni shakllantirishi. Kimda qancha puli koʻp, u shuncha “muvaffaqiyatli”, kim qimmat mashinada yuradi, u “inson sifatida yuksak” degan fikrlar paydo boʻladi. Bu esa mehnat va bilimni emas, balki koʻz-koʻz qilishni targʻib qiladi. Natijada, maʼnaviy qashshoqlashuv va koʻzboʻyamachilik avj oladi. Jamiyat “manmanlik” va “hasad” toʻdasiga aylanib, haqiqiy taraqqiyotdan uzoqlashadi.
Nega bu illatga qarshi kurashish kerak?
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekistonda har bir islohot, har bir qadam avvalo inson uchun, uning ertasi uchun xizmat qilishi shart.” Ana shu islohotlarning samarasi xalq ongida oʻzgarish boʻlsa, har bir insonning maʼnaviyati jamiyatda ilgʻor kuch boʻlishi shart.
Shu nuqtai nazardan Mahalla va jamoatchilik aʼzolari dabdababozlikka qarshi targʻibot ishlarini kuchaytirishi bugungi ijtimoiy hayotimizning eng dolzarb masalasiga aylanishi zarur. Toʻy marosimlarini muayyan darajada standartlashtirish, qonun orqali ortiqcha dabdabalarga chek qoʻyish foydali boʻladi. Ayrim hududlarda amalga oshirilayotgan “kamsonli toʻylar” tashabbusini keng yoyish kerak.
Jamoatchilik nazorati – Mahalliy kengashlar, jamoat tashkilotlari va faol fuqarolar tomonidan toʻy marosimlarida oddiylikni targʻib qilish, maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlar oʻtkazish zarur. Davlat va jamoat tashkilotlari bu masalada faol pozitsiyada boʻlib mahalliy kengashlar, mahalla faollari va diniy arboblar ortiqcha dabdabani nafaqat tanqid qilishi, balki uning oqibatlari haqida xalq bilan ochiq muloqot olib borsa maqsadga muvofiq boʻladi.
Media targʻiboti – OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali kamtarlik, maʼnaviyat, mehnatsevarlikni targʻib qiluvchi namunalarni koʻproq yoritish lozim. Televideniye unda namoyish etilayotgan seriallar, koʻrsatuvlarda internet nashrlari va blogerlar bu masalani yoritishda yorqin namunalarni targʻib qilishi, dabdababozlik emas, maʼnaviyat va aql-idrok ustuvorligini namoyon etishi shart.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda oddiy va ibratli toʻylar haqida reportajlar, maqolalar, intervyular tayyorlash – yoshlar uchun ruhiy kuch va namuna boʻladi.
Maktab va oliy taʼlim dargohlarida bolalar va yoshlarga faqat ilm va mehnat tarbiyasini, inson umri, salomatligi muhim ekanligi, dabdabayu ortiqcha marosimlarga emas, insonning muvaffaqiyatli kelajagi uchun sarmoyani sarflashi, kasb hunar, ilm oʻrganishga yoʻnaltirilgan sarmoya samaralarini uqtirish kerak. Taʼlim muassasalarida bolalar va yoshlarga toʻgʻri hayotiy yoʻlni anglatadigan, jamiyatga foydali inson boʻlishni uqtiradigan maxsus maʼrifiy dasturlar joriy qilinishi zarur.
Xulosa oʻrnida
Dabdababozlik – moddiy imkoniyatdan emas, inson maʼnaviy olamining inqirozidan kelib chiqadi. Jamiyatda haqiqiy barqarorlik, farovonlik va maʼnaviy yuksalish boʻlishi uchun dabdababozlik emas, toʻgʻri qadriyatlar va mehnatga asoslangan hayot tarzi eng oliy mezonga aylanishi kerak. Vaqt keldi – jamiyat oʻz kelajagini qoʻlga olishi, sunʼiy xayollardan voz kechib, haqiqiy taraqqiyot sari intilishi darkor.
Toʻy – shodlik va yangi hayotga qadam qoʻyish marosimi. Uni oʻz tabiiy va maʼnaviy mohiyatida saqlash, ortiqcha ziynat va dabdabalardan voz kechish – har bir yoshning ham, jamiyatning ham manfaatiga xizmat qiladi. Yoshlarga dabdaba emas, samimiy muhit, xayrli duo va bardavom muhabbat kerak. Shu bois, “yoshlarga dabdaba kerak emas” shiori hayotiy va dolzarb daʼvat sifatida keng tarqalishi lozim.
Dabdababozlik – bu shunchaki shaxsiy tanlov emas, u jamiyatning maʼnaviy tanazzuliga, insonlar oʻrtasida isrofgarchilik va sunʼiy muvaffaqiyat taʼriflariga olib keladigan illatdir. Yangi Oʻzbekistonning bunyodkori boʻlishni istagan har bir fuqaro oʻz hayotida masʼuliyatli, kamtar va teran fikrli boʻlishi shart. Chunki haqiqiy taraqqiyot tantanasi – oddiylik va maʼnaviyatda mujassam.
Mahfuza Yuldasheva,
"Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati aʼzosi
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori,
OʻzA