Mahmud Saʼdiy 1939-yili Samarqand viloyati Norpoy tumanidagi G‘ortepa qishlogʻida tugʻilgan. 1965-yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Uzoq yillar “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallarida muharrir, adabiy kotib, boʻlim mudiri lavozimlarida ishlagan. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining el orasida keng tanilishiga katta hissa qoʻshdi. “Jamiyat va boshqaruv” jurnali, “Til va dunyo” gazetasini shakllantirdi. Yana, respublikamizdagi koʻpgina markaziy gazetalar (“Milliy tiklanish”, “Hurriyat” va boshqalar)ning roʻyobga chiqishida jonbozlik koʻrsatgan.
Mahmud Saʼdiy – oʻnlab ilmiy, sheʼriy va nasriy asarlar, oʻquv adabiyotlarining masʼul muharriri; adabiy-tanqidiy maqola va suhbatlardan iborat “Teran tomirlar” kitobi hamda “Oʻzbeklar va dunyo” turkum eshittirishlar muallifi. Bugungi kunda “Maʼrifat” gazetasining adabiyot va sanʼat boʻlimini boshqarib kelmoqda, shu bilan birga, “Filologiya masalalari” ilmiy-metodik jurnali bosh muharririning birinchi oʻrinbosari (suhbat "Jannatmakon" jurnalining 2009-yil 9-sonidan olingan).
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Mahmud Saʼdiy muharrirligida chop etilgan kitoblarning bir nechtasi turli mukofotlarga sazovor boʻlgan. Ustoz bugun yetmish yoshida ham adabiyotimiz, matbuotimiz ravnaqi yoʻlida beminnat xizmat qilib kelayotir.
Tilimizda “jonfido” degan salmoqli soʻz bor. Bu soʻz aksar hollarda oʻz kasbiga chin dildan berilgan, umrini qariyb oʻzgalarning ogʻirini yengil qilishga yoxud xizmat sohasining obroʻsi, ravnaqiga baxshida etgan fidoyi insonlarga nisbatan qoʻllanadi. Ilm-fanning, sanʼatning turli jabhalarida boʻlganidek, adabiyotda, matbuotda ham jonfido yurtdoshlarimiz talaygina. Ana shunday ustoz, murabbiy, adabiyotshunos va mohir muharrirlar qatorida Mahmud Saʼdiyning alohida oʻrni bor.
Ahmad OTABOYEV: – Har kimning umri davomida bosib oʻtgan yoʻl oʻziniki – armon-u sevinchlari, yoʻqotgani-yu topganlari... Nazarimda, umrning maʼlum bir dovoniga yetganida, inson oʻtgan hayotini, yaxshi-yomon kunlarini tez-tez xotirlaydi, baʼzan oʻyga tolsa, gohida qoʻli ishga bormaydi. Biroq men sizda aksini koʻraman: bunga hali ham vaqtingiz yoʻqdek, qoʻlingiz ishdan boʻshamaydi… Bu gʻayrat, ishtiyoqni qayerdan, qanday topasiz?
Mahmud Saʼdiy: – Har bir odam dunyoga kelganidan keyin, nimadir qilib ketishi, odamga oʻxshab yashab oʻtishi kerak, deb oʻylayman. “Odamga oʻxshab” deganda nimani nazarda tutayapman? Birovning haqini yemasangiz, birovga ziyoningiz tegmasa, qoʻlingizdan kelsa, birovga yordamingiz tegsa, yaxshi kasbingiz boʻlsa, oʻsha kasbni sevsangiz… Shundan oʻzingizgayam, boshqalargayam naf tegishi kerak... Yana ikkinchi umr, degan gap bor: insonning umri farzandlarida, u amalga oshirgan yaxshi ishlarda davom etadi. Buning uchun esa aniq va katta maqsadlarni koʻzlab yashash, ishlash kerak.
Men jurnalistika sohasida ishlayman. Bu kasb umrimning mazmuniga aylangan, deya olaman. Bilasiz, koʻproq tahrir bilan shugʻullanaman. Tahrirning ahamiyati yozishdan kam emas. Chunki boʻlar-boʻlmas narsalarni yozib, hammayoqni toʻldirib yotganlar son mingta! Oʻquvchiga yangilik beradigan, fikrini uygʻotadigan, dunyoqarashini oʻzgartiradigan, undagi insoniy fazilatlarni tarbiyalaydigan baquvvat, saviyali maqolalarni uyushtirib, tahrir qilib ham koʻzlangan maqsadga erishish mumkin.
Hozir yozadiganlar ham, oʻqiydiganlar ham koʻp. Gazetalar serob. Baʼzi birovlar ayrim nashrlarni “sariq matbuot” deb nomlayapti. Meningcha, bizda “sariq matbuot” yoʻq. Ularni, ehtimol, koʻcha gazetlari, desak toʻgʻriroq boʻladi. Yoʻlda, transportda ermak uchun oʻqiladi bunday gazetalar. Aslida, bular ham kerak. Davr talab qilibdimi, demak, odamlarda shunga ehtiyoj bor, vaqtini nima bilandir oʻtkazishi lozim. Hammadan falsafiy fikrlashni, dunyoni teran tushunishni, yuksak saviyani talab qilib boʻlmaydi. Har kim xudo bergan aql, iqtidor bilan yashab oʻtadi. Umuman, insonga juzʼiy ixtiyor berilgan.
Mening tushunishimcha, odamni dunyoda ushlab turadigan, uni baxtga eltadigan vositalardan bittasi – uning sevgan kasbi. Hayotda insonning boshiga har xil savdolar tushishi mumkin, yaxshi-yomon kunlar, degandek. Shunday kezlari uning joniga ora kiradi, ovuntiradi, hayotga bogʻlab turadi. Kasbingizni puxta egallasangiz, bu sizga tayanch boʻladi: hech qayerda ilojsiz, chorasiz qolmaysiz. Doʻstingiz xiyonat qilishi mumkin, lekin kasbingiz sizga hech qachon xiyonat qilmaydi. Puxta egallangan kasb insonning taqdiriga aylanib ketishi mumkin.
Mehnatdan qoʻlim boʻshamasligining sababi – oʻz kasbimni yaxshi koʻraman. Kasbimning menga kuch-gʻayrat beradigan tomonlari koʻp. Deylik, muharrir dolzarb, yetilgan bir muammoning matbuotda koʻtarib chiqilishiga erishishi mumkin. Buning uchun u shu masalani eplab yoza oladigan muallifni tanlaydi, mavzu boʻyicha maqolani yozdiradi, koʻnglidagidek qilib ishlatadi, keyin tagʻin oʻzi tahrir qilib, ochilmagan qirralarini ochadi… Mana shu jarayonning oʻzi kishiga gʻayrat beradi. Men ana shunday ishdan kuch olaman, shu ishlarimdan maʼno topaman. Ehtimol, shuning uchun ham, siz aytgandek, ishdan qoʻlim sovushiga imkon ham, vaqt ham qolmas.
A.O.: – Faoliyatingiz asosini tahrir, mualliflar bilan ishlash, mualliflarni tayyorlash tashkil etadi. Jumladan, sizning tahriringiz ostida chiqqan oliy oʻquv yurtlari uchun “XX asr oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligi, Hamid Ziyoyevning “Turkistonda Rossiya tajovuzi”, Hasan Qudratullayevning “Bobur armoni” kitoblari koʻpchilikning eʼtiboriga tushdi, taqdirlandi. Yaqinda siz masʼul muharrirlik qilgan “Boburnoma”ning tabdili ham nashr etildi. Mumtoz asarlar tabdilini har kim har xil qabul qiladi. Umuman, tabdil kerakmi?
M.S.: – Tabdil – yangilik emas. Masalan, Navoiy asarlari ham shoir vafotidan keyin turli variantlarda keng tarqalgan, sharhlangan, tushuntirilgan. Xalq kitoblari shaklida ham shuhrat topgan, demoqchimanki, bu avval ham boʻlgan. Shu bois tabdil kerak emas, deb aytolmayman. Birovlar “Boburnoma”ni tabdil qilmaslik kerak, odamlar Boburni oʻqimay qoʻyadi, deydilar. Xoʻsh, tabdil qilinmasa, oʻqiydimi? Oʻqiydigan odam tabdil boʻlsa ham, boʻlmasa ham oʻqiyveradi. Chinakamiga oʻqiydigan odam asliyatni, hatto tanqidiy matnni topib oʻqishi mumkin. Lekin, boya aytganimizdek, besh qoʻl baravar emas, hech qachon hammani bir xil saviyaga koʻtarib boʻlmaydi. Xudo birovga aqlni koʻproq, birovga kamroq beradi – hammaning nasibasiga yarasha. Demak, tabdilning oʻquvchilari hamma vaqt boʻlgan, bundan keyin ham boʻladi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari tabdil qilinib, hozirgi oʻzbek tiliga aylantirilsa, buning nimasi yomon. Maqsad mumtoz asarlarni bugungi keng kitobxonlar ommasi oʻqishi uchun imkon yaratish ekan, tabdil kerak va zarur.
Tabdilda mazmun, yaʼni asarning maʼnosi birinchi oʻrinda turadi. Maʼnoni aniq ifodalash kerak. “Boburnoma”ning tabdilida shunga intilish boʻlgan. Uni tahrir qilish shundan juda koʻp vaqt va mehnat talab qildi. Masalan, “Boburnoma”ning Karomat Mullaxoʻjayeva tabdil qilgan qismining har bir sahifasi tahririga bir-bir yarim soat, Vahob Rahmonov tabdilining bir sahifasiga ikki-ikki yarim baravar koʻp vaqt ketdi. Goʻyo men ishni atay choʻzayotganday, nashriyotdagilar norozi ham boʻlishdi. Noshirlarni ham tushunish mumkin, biroq bunaqa tahrirni ular oldin koʻrmagan… Harqalay, keyinchalik ular mening ikki-uch kunda atigi yetti-sakkiz betgina tahrir qilganimning sababini tushunishdi. Chunki Vahob Rahmonovning tabdilida “Boburnoma” matni shundaygina aylantirib olib qoʻya qolingan, hozirgi oʻzbek tiliga moslanmagan edi.
Vaholanki, “Boburnoma”ning tabdili Bobur gʻoyalarini, oʻy-fikrlarini, ichki kechinmalarini, uning goʻzal qalbini xalqqa tushunarli tarzda yetkazishi kerak. Tabdilni oʻqigan kitobxon koʻz oldida rostgoʻy va mard Boburning qiyofasi gavdalanishi kerak. Bu buyuk ibrat, ayniqsa, yoshlarga namuna boʻlishi mumkin. Bobur xatolar qilganini, oʻz xatolarini tan olganini mardlarcha yozadi, ularni takrorlamaslik payida boʻladi. “Boburnoma”ning mana shu tomonlarini bugungi oʻquvchi tushunib yetishi kerak. Muhimi – shu.
Albatta, “Boburnoma”ning tanqidiy matnini, aslini ham nashr etish kerak. Shu bilan birga, asarning ommaviy nashrlari ham zarur. Ehtimol, tabdilni – ommaviy nashrni oʻqigan kitobxon keyinchalik asar tarovatini toʻla his etish uchun “Boburnoma”ning aslini oʻqishga kirishar. Tabdil “Boburnoma”ning chuqurroq oʻrganilishiga, keng doirada oʻqilishiga imkon tugʻdiradi.
Mumtoz adabiyotimizda tabdil qilinishi lozim boʻlgan asarlar koʻp. “Qisasi Rabgʻuziy”ni tabdil qilish kerak. Ehtiyotkorlik bilan, eʼzozlab, masʼuliyatni his etib, har bir soʻzning maʼnosinigina emas, ohangini ham saqlab qolib tabdil qilish kerak. Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari hali yaxshi tabdil qilingan emas. Hozirgacha amalga oshirilgan tabdillarni qayta bir koʻrib chiqish zarur. Rahmatli Abduqodir Hayitmetov “Hayrat ul-abror”ni yana qaytadan koʻra boshlagan edi. Chunki vaqt oʻtishi bilan tabdil ham eskiradi. Qolaversa, shoʻro davri siyosati tazyiqi ostida ayrim boblar, baytlar qisqartirib tashlangan. Tabdilni mumtoz adabiyotni chuqur tushunadigan, yuragining qoʻrini berib ishlaydigan odamlar qilishi kerak.
A.O.: – Adabiyotda avlodlar almashinuvi tabiiy jarayon. Kecha, bugun adabiyot maydoniga kirib kelgan, endi qadam qoʻyayotgan talantli yoshlar orasida sizning shogirdlaringiz ham bor. Ularning saʼy-harakatlaridan koʻnglingiz toʻladimi? Chunki baʼzan: “Ishongan togʻda kiyik yotmas”, degan maqolni ishlatib qolasiz. Oʻzingiz ishonch bildirgan, kitoblari, asarlari chiqishiga jon kuydirib koʻmaklashgan shogirdlaringiz ishonchingizni oqlamaganda ularga qanday muomala qilasiz?
M.S.: – Shubhasiz, munosib avlodning shakllanishi bevosita adabiy muhitga bogʻliq. Men universitetda oʻqib yurgan kezlarim adabiy toʻgarak olib borganman, yaxshimi-yomonmi harqalay adabiy muhit bor edi. Hamma intilib oʻqirdi, muhokama qilardi, hatto oshxonalarda, koʻchalarda, transportda ham odamlarning kitob oʻqib oʻtirganini koʻrardingiz. Chop etilgan, gazeta-jurnallarda eʼlon qilingan yangi asarlar toʻgaragimizda qizgʻin muhokama etilardi. Asarlar mualliflarini taklif qilardik, savolga tutardik, bahslashardik… Mutolaaga qaytishimiz kerak, kitobxonlikning jonlanishi adabiy, ijodiy jarayonni jonlantiradi. Bugun bahslashiladigan mavzular juda koʻp. Oddiy bir misol: katta-katta unvon olgan ayrim shoirlarning sheʼrlarini oʻqib boʻlmaydi...
Bugun ijod erkinligi taʼminlangan. Istagan mavzuda, koʻngilda kechgan chin fikrlarni yozishingiz mumkin. Mavzu, muammolar cheklanmagan. Soʻz erkinligi cheklangan desak, toʻgʻri boʻlmaydi. Masalani toʻgʻri qoʻyib, yaxshilab yozish kerak, xolos. Badiiy baquvvat asarlar yaratish kerak. Matbuotda yaxshi asarni ham, sayoz asarni ham ochiq-oydin baholab borish lozim. Biroq baʼzan haybarakallachilikka, oshna-ogʻaynigarchilikka yoʻl qoʻyamiz.
Esingizda boʻlsa, Ahmadjon, gazetaga bir material keldi, roman, deb boʻlmaydi, shuning uchun material deyapman. Shundan bir parcha tanlab berish kerak edi. Oʻzingiz tayyorladingiz, koʻrib turdim, juda qiynalib ketdingiz. Shunda men: “Ahmad ham gʻalati boʻlib qolibdi, axir, bu duppa-durust yozuvchi bola edi-ku. Nima balo, Ahmadning gʻayirligi kelayaptimi?”, deb oʻyladim. Soʻng qoʻlyozmani olib oʻqisam, maqoladan xarob material. Maqolada ham faktlar boʻladi, masala koʻtariladi… Bunda esa hech gap yoʻq, quruq qorongʻiga tosh otish, xolos. Badiiy soʻzga masʼullik yoʻq. Biroq shu qoʻlyozma kitob boʻlib chiqqandan soʻng kap-katta, obroʻli ikki-uch tanqidchi uni rosa maqtadi. Oqibatda, yosh yozuvchini buzishdi, keyingi asarlari undan ham sayoz chiqdi. Nima, fan doktori, professorlar oʻsha asarning saviyasini bilmagan, tushunmagan, deb oʻylaysizmi? Bilgan, tushungan, biroq oshna-ogʻaynigarchilik degan narsa juda yaxshi rivojlangan, aslida, u bizni ortga sudrayotganini hamon his qilmaymiz. Adabiyot taqdirini oʻylasak, bunga chek qoʻyish kerak. Muallif sizning oʻgʻlingiz boʻladimi, akangiz boʻladimi, yomon yozsa, asaringiz yomon, deb yuziga aytish kerak. Farosati boʻlsa, toʻgʻri gapingizni tushunadi.
Hozir sinchiklab qarasangiz, iqtidorli yoshlar koʻp. Xalqimiz orasidagi bu talantlarni roʻyobga chiqarish kerak. Buning konkret yoʻlini aytishim mumkin. Gazeta-jurnallarda allaqanday manfaati tekkanlarni hadeb chiqaravergandan koʻra haqiqiy talantlarga ham joy berish kerak! Tahririyatlarda oʻtirgan muharrirlar, xodimlar birinchi galda isteʼdodlarga yoʻl berishlari lozim. “Xalturachi”larning yoʻlini toʻsish zarur.
Men maslahat bergan yoshlar masalasiga kelsak, ularning orasida ijodidan koʻnglim toʻlganlari ham, toʻlmaganlari ham bor. Koʻnglim toʻlmagan paytda, siz aytgandek, “Ishongan togʻda kiyik yotmas”, deb qoʻyaman. Boshqa nimayam derdim.
Keling, shu oʻrinda bir voqeani ayta qolay. Bir yosh yigitcha menga hikoyasini olib keldi. Hikoyani oʻqib, koʻrib chiqib, maslahat berdim, yoʻl-yoʻriq koʻrsatdim, ishla, dedim. U hikoyani aytganimdan, kutganimdan ham ziyoda qilib ishlab keldi, juda quvonib ketdim. Keyin unga: “Uka, senga bir gapni aytib qoʻyay, koʻnglimga bir gap keldi. Hikoyang menda umid uygʻotdi. Sening oldingda ikkita yoʻl bor: biri – mana shu, hozir tushgan yoʻlingdan ketsang, oʻzbekning yaxshi yozuvchilaridan boʻlishing mumkin; ikkinchisi – oʻzing bilgan nafs masalasi, oʻsha tomonga ketsang – umring ketdi: men sening birinchi yoʻlni tutishingni xohlardim”, dedim.
Endi uning hayoti, taqdiri shunday boʻlgandir, u men kutgan yoʻldan ketmadi. Albatta, kitoblari chiqdi, hozir ham yozib turadi, lekin “xalturachi” boʻldi. Nima deymiz, har kimning erki oʻzida. Xorazmliklarning maqoli bor-ku: “Qozonchining oʻz erki – qaydan quloq chiqarsa”. Bunday voqea, afsuski, hayotimda koʻp boʻlgan. Koʻplar ishonchimni oqlamagan. Shuning uchun ham baʼzi bir doʻstlarimiz meni “Allaqanday kimsalardan daholar yaratishga harakat qiladi”, deydi. Aslida, bu gapda jon bor. Lekin men bundan toʻxtamayman, hozir ham “daholar yaratish”ga harakat qilaman. Axir, bu – orzuli, umidli dunyo. Yuztasidan bitta-ikkitasi ishonchni oqlasa ham yaxshi-ku! Yetadi shu! Xudoga shukr, chiqayapti.
Yoshlar bilan jiddiy ishlasangiz, ularning shakllanishiga taʼsir etolsangiz, agar oʻzida boʻlsa, albatta, roʻyobga chiqadi. Keyingi yillari endigina universitetni tugatgan talabalardan bir nechtasining kitoblarini chop etishga erishdik. Bulardan Behzod Fazliddinovning “Sen qachon gullaysan” sheʼriy toʻplamini, Alisher Otaboyev tarjima qilgan Somerset Moyemning “Chandiqli kishi” hikoyalari toʻplamini, Zuhra Boboxoʻjayevaning “Yaqindagi uzoq odamlar” kitobini alohida taʼkidlagan boʻlardim. Yana talabalarim – “Lanjouda oʻtgan kunlarim” kitobi chiqish arafasida turgan Farogʻat Jabborova, Orif Madaliyev, Elmurod Nishonovdan umidim katta.
A.O.: – Keyingi davrda adabiyotga koʻplab iqtidorli yoshlar kirib keldi. Ular orasida sizning shogirdlaringiz ham bor. Albatta, ularning talantiga shubha yoʻq. Biroq aksariyat yosh shoirlar ijodini kuzatganda ular koʻpincha oʻz qobigʻiga oʻralib qolayotgandek, katta mavzular, umuminsoniy muammolar ularga begonadek taassurot qoldiradi…
M.S.: – Bu xususiyatlar hayot bilan, voqelik bilan bogʻliq. Istaysizmi-yoʻqmi, yangi bir davrga oʻtayotganimizda adashishlar, chalgʻishlar koʻp boʻladi. Chunki odam mehnatining natijasini darrov koʻrgisi keladi, shekilli-da.
Qolaversa, shoʻro zamonidan qolgan hadiksirashlar hamon ham davom etmoqda. Oʻsha sovet davrida genga oʻtirib qolgan qullik psixologiyasidan hali qutula olganimiz yoʻq. Shu bois, ijodkor fikrini ochiq aytolmaydi-da, uni pardalamoqchi boʻladi, oqibatda dilidagini baralla ifodalay olmaydi. Ayrim hollarda ochiq aytganida esa, baʼzilar uni turlicha talqin qiladi. Shukrki, istiqlol bizga dunyoga chiqadigan barcha eshiklarni ochib qoʻydi. Hozir yoshlar chet ellarda oʻqiyapti, ishlayapti, dunyo koʻryapti. Erkin dunyo bilan tanishish, albatta, oʻzining ijobiy samaralarini beradi, yuqorida aytganimiz, oʻtmish tuzumidan “meros” boʻlib oʻtgan illatlardan qutulishimizda bir omil boʻladi, deb oʻylayman.
Ikkinchidan, ilgari kitob koʻp oʻqilardi. Mana, bir misol aytay. Tursun Parpiyev degan kursdoshim boʻlardi, u keyinroq Rauf Parfi nomi bilan tanildi. Birinchi kursda, universitetda oʻqishni boshlaganimda hali koʻp ruscha kitoblar menga notanish edi. Raufning qoʻlida esa Sluchevskiy, Nadson, Blok, Andrey Beliy, Zinaida Gippius, Sosnora, Nozim Hikmat kabi shoirlarning kitoblarini koʻrganman. Mana, natijasi: O‘zbekning XX asrdagi toʻrtta ulkan shoiridan bittasi Rauf Parfi boʻlib qoldi. Demak, mutolaa juda kuchli boʻlishi kerak. Lessingning bir gapi bor: har bir ijodkor avval taqlid qiladi, qaysidir bir darajaga yetganidan soʻng oʻzini oʻzi inkor qilib, taqliddan voz kechadi – mustaqil dahoga aylanadi. U endi mustaqil fikrini ifodalash imkoniyatlarini namoyish qila boshlaydi. Dunyoga, hayotga, odamlarga ochiq koʻz bilan qaraydigan ijodkor shaxsga aylanadi. Taqlidga mukkasidan ketgan shoir orqada qolib ketadi. Mana, hozir koʻp yosh ijodkorlarimiz shaxsga aylanish yoʻlida. Birovlari shaxsga aylanadi, birovlari aylanmaydi, oʻzini “sindirib” qoʻyadi.
Shu oʻrinda aytishga toʻgʻri keladi, shaxsiy manfaatlar ham ularning roʻparasida koʻndalang turadi. Oʻsha shaxsiy manfaatni deb tilini tiyadi. Vaholanki, biror yomon gap yoʻq, qoʻrqqanidan emas, shunchaki, bir narsa boʻlib qolmasin, deb tilini tiyadi. Ijod erkinlikni talab qiladi. Erkinlik boʻlmagan joyda ijod boʻlmaydi. Koʻngilga nima kelsa, yozish kerak. Yozganlari xato boʻlishi mumkin. Nima, odamning xato qilishga haqqi yoʻqmi? Oʻzi adashib, boshqalarni ham adashtirishga harakat qilsa, bu – yomon. Yozib, tashlab qoʻyish mumkin, vaqt oʻtib qayta koʻrib chiqadi, maʼqul boʻlsa – eʼlon qiladi, yoqmasa – yoʻq.
Hozirgi yoshlarda, birinchidan, afsuski, katta bilim yetishmaydi. Kitob mutolaasi chatoq. Keyin hadik, oʻsha ota-onadan oʻtgan gendagi, qondagi qoʻrqoqlik, mutelik, qullik psixologiyasining asorati hali ham turibdi, yoshlarda ham bor. Katta yoshdagilarning, ota-onalarning vazifasi – farzandlarini mana shu sindromdan qutqazish kerak, odamga oʻxshab fikrlashga oʻrgatish kerak.
A.O.: – Muharrir sifatida matbuotimiz rivojiga koʻp xizmatingiz singgan. Har bir jumla, soʻz, hatto tinish belgilari ustida uzoq yillar koʻz nuringizni toʻkkansiz. Zero, tahrir madaniyati shunday zahmatli mehnatni talab etadi. Bugungi kunga kelib gazeta-jurnallar soni yaqin oʻtmishdagidan yuz baravar ortib ketdi. Xususiy nashrlar koʻpaydi. Bu jarayonda tahrir madaniyatining saviyasi qay darajada?
M.S.: – Endi, ochigʻini aytadigan boʻlsak, tahrirning saviyasi ancha tushib qolgani sir emas. Baʼzi bir gazetalarni, jurnallarni hisobga olmasa, umuman, tahrirga eʼtibor juda susaydi.
Bir muharrir boʻlardi, material tayyorlanayotganda, shoshirib: “Nuqta, verguliga qarama!”, derdi. Pala-partish boʻlsa ham, materiallar tez tushsa-yu, gazeta chiqib ketsa boʻldi! Bunday shoshmashosharlikni, quntsizlikni oʻzining ish uslubiga aylantirgan boshliq, hech shubhasiz, gazetaning, jurnalning tahrir madaniyatini yoʻqqa chiqaradi. Matbuot organida, u bosh muharrir boʻladimi, oddiy xodimmi, tahrir sanʼatidan xabardor, bilimli, iloji boʻlsa bir necha tilni biladigan, oʻz ustida doim ishlab, mahoratini oshirib boradigan mutaxassislar ishlashi kerak. “Mening deganim – degan, aytganim – aytgan”, deydigan muharrirni gazeta yoki jurnalning saviyasi emas, balki oʻzi egallab olgan, oʻtirgan kursisining mustahkamligi koʻproq qaygʻurtiradi. Afsuski, ana shunday “muharrirlar” tahrir madaniyatiga eʼtiborning susayib ketishiga yaxshigina “hissa” qoʻshmoqdalar.
Bugun soʻzning qadrini tushirib yubordik. Soʻz kulti, soʻz inonchi, degan tushunchalar bor... Soʻz muqaddas sanalishi kerak. Soʻzi bilan ishi bir, deb bekorga aytilmagan. Demak, soʻz moddiy kuchga ega. Bir ogʻiz gap bilan odamni oʻldirib qoʻyish, bir ogʻiz gap bilan tiriltirish mumkin. Shunday boʻlgandan keyin, tahrir soʻzga eʼzozlab qarashni talab qiladi.
A.O.: – Muharrirlik faoliyatingiz bilan birga, bevosita boʻlajak jurnalistlarga taʼlim ham berib kelayapsiz. Men bu oʻrinda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida oʻn yildan buyon dars berayotganingizni nazarda tutayapman. Murabbiy sifatida boʻlajak jurnalistlarga aytadigan qanday muhim gaplaringiz bor?
M.S.: – Xalqaro jurnalistika fakultetida tahrir sanʼatidan talabalarga dars oʻtaman. Birinchi dars, albatta, kirish va boshqa masalalar bilan oʻtadi. Ikkinchi darsni “Muharrir vijdoni va muharrirning bilim darajasi” mavzusiga bagʻishlayman. Muharrir vijdoni masalasini birinchi oʻringa qoʻyaman. Muharrir deganda – men bosh muharrirni, xodimni, umuman, materiallarni tahrir qiladigan odamni nazarda tutaman. Muharrir, albatta, oʻzining sohasini juda puxta bilishi kerak. U qaysi yoʻnalishdagi gazeta yoki jurnalda ishlasa, shu yoʻnalishga doir sohaning baland-pastini, nozik tomonlarini yaxshi bilishi zarur. Deylik, muharrir oʻziga tegishli yoʻnalishni zoʻr bilsa, bilimi kuchli, tahriri ham yaxshi boʻlsa-yu, vijdoni, iymoni sust boʻlsa – bari bekor, u muharrir emas! Men talabalarga, muharrir, birinchi navbatda, vijdonli odam boʻlishi shartligini uqtiraman. Masalan, bir muallif sizga zoʻr maqola olib keldi, deylik. Qachondir u sizni ranjitgan, xafa qilgan. Siz uning maqolasini chiqarmaysiz, negaki, vijdoningiz yoʻq. Bu sizning shaxsiy gazetangiz boʻlsa, ixtiyoringiz, chiqarmasligingiz mumkin, marhamat. Lekin xalqqa tegishli gazetada ishlab, falonchi meni xafa qilgan edi, deb yaxshi maqolaning yoʻlini toʻsishga haqqingiz yoʻq.
Men yosh jurnalistlar orasidan oʻz manfaati, shaxsiy gʻarazi yoki allaqanday manfaatlarini oʻrtaga qoʻyib ishlaydigan xodimlar chiqmasligiga umid qilaman. Darslarimda jurnalist, birinchi galda, vijdonli, bilimli, eng muhimi, oʻz kasbining fidoyisi boʻlishi kerakligini qayta-qayta taʼkidlayman. Bu mening boʻlajak jurnalistlarga aytadigan gaplarim, talabim.
Ahmad OTABOYEV
suhbatlashdi.