Ijtimoiy-siyosiy adabiyotlarda, hatto kratologiyaga (hokimiyat haqidagi fan) oid manbalarda ham “ijtimoiy davlat” kategoriyasi uchramaydi. Maxsus darsliklarda davlatning sharqona, quldorlik, feodal, burjua va sotsialistik turlari, totalitar, avtoritar, liberal va demokratik koʻrinishlari borligi taʼkidlangani holda, ijtimoiy davlat zikr etilmaydi (qarang: Теория государства и права. Учебник. Мос­ква, “Норма”, 2001. Стр. 168-169). Biroq bu hol davlatning ijtimoiy sifatini rad etishga asos boʻlolmaydi.

Ijtimoiylik mudom davlatning atributi, funksional xususiyati va institutsional belgisi boʻlib kelgan. Binobarin, tarixda mutlaq totalitar yoki mutlaq demokratik davlat boʻlmagan. Quldorlikning tipik koʻrinishi – Rim imperiyasi yoki despotik monarxiyaning Sharqda koʻp uchraydigan shakli – Xan saltanatida (Xitoy) ham davlat aholi, ayniqsa, qoʻshin, amaldorlar, hunarmandlar, qullar huquq va burchlariga oid qonunlar orqali idora etilgan. Toʻgʻri, u davrdagi qonun-qoidalarda markaziy boshqaruvni mutlaqlashtirish, monarxni muqaddaslashtirishga intilish ustuvor, ammo davlat keng aholi qatlamlarining talab-ehtiyoji bilan hisoblashmasligi, ularning ijtimoiy hamkorligiga tayanmasligi mumkin emas edi. Aynan shuning uchun ham ijtimoiylik har qanday davlatning oʻzak (immanent) xususiyati sanaladi.

Yashirmayman, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2023-yil may oyida boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar menda ijtimoiy davlat kategoriyasini “ixtiro qilish”ga, davlatning tarkibiy xususiyati boʻlgan ijtimoiylikni alohida taʼkidlashga, uni Konstitutsiyaga kiritishga hojat bormidi degan savollarni uygʻotgan.

Konstitutsiyaviy islohotlarga qadar mazkur kategoriya ilmiy, siyosiy va falsafiy-huquqiy jihatdan tadqiq etilmagan. Bu, aslida, ilmiy kratologik tafakkurimizning amaliyotdan ham, jahondagi siyosiy taʼlimotlardan ham ortda boʻlganidan dalolatdir. Vaholanki, ijtimoiy davlat nafaqat ilgʻor Gʻarb davlatlari konstitutsiyalariga kiritilgan, uning falsafiy-siyosiy, huquqiy asoslari yarim asrdan beri muhokama ham qilib kelinadi. Bizdagi ilmiy muhofazakorlik va turgʻunlikni jamiyatimizdagi oʻzgarishlarning baʼzan anglab boʻlmayotgan shiddati va koʻlami bilan ham bogʻlash mumkin...

Oʻzbekiston Prezidenti 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda keyingi olti yil ichida jamiyatimiz hayotida keng transformatsiya amalga oshirilgani, oʻzgarishlar markazida inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu gʻoya mujassam ekani, inson huquqi, erkinligi va qadr-qimmati masalasi ustuvor vazifaga aylanganini taʼkidladi. Mazkur vazifa 1992-yili qabul qilingan Konstitutsiyada ham markaziy oʻrin tutgan. Unda belgilangan normalar jamiyatimizni huquqiy modernizatsiyalashda katta ahamiyat kasb etganini inkor qilish mumkin emas. Lekin eng oliyjanob va yetuk normalar ham hayotning barcha talablarini, ayniqsa, inson tabiatidagi murakkabliklar, ziddiyatlarni qamrab ololmas ekan. Yaqin oʻtmishimizda konstitutsiyaviy normalardan chekinish, korrupsiya, mulk orttirishga qaratilgan iqtisodiy jinoyatlar, oddiy kishilarning huquqlarini mensimaslik, amaldorga sigʻinish kabi “Sharq despotiyasi”dan (Hegel) qolgan illatlar huquqiy islohotlarga xalal bergani sir emas. Davlat va uning institutlari xalqdan uzoqlashdi, natijada “davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab” faoliyat yurgizadi degan konstitutsiyaviy tamoyil unutildi. Zero, davlat institutlari faoliyatini demokratlashtirish, xalq manfaatlariga xizmat qildirish balandparvoz bayonotlarni emas, koʻproq amaliy chora-tadbirlarni taqozo etardi. Shuning uchun ham Oʻzbekiston Prezidenti “Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi boʻlmogʻi shart. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, oʻzining mukammal huquqiy yechimini topishi zarur”, deb uqtirdi. U, shuningdek, “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni Asosiy qonunimizga kiritishni taklif etdi. Shavkat Mirziyoyev taʼrificha, “ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat prinsiplari asosida munosib yashash sharoitlarini yaratib beradi. U – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish boʻyicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir”.

Ijtimoiy yoʻnaltirilganlik tamoyili ilgʻor Gʻarb davlatlarida alohida eʼtirof etilgan. Mazkur tamoyil, xususan, AQSh, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya konstitutsiyalarida qayd etilgan. Shveysariya davlatning ijtimoiy modelini keng tarzda tatbiq etgan ilk oʻlkadir. Ushbu mamlakatda byudjet va davlat idoralariga sarflanadigan xarajatlar aholi va mutaxassislar oʻrtasida keng muhokama qilinadi, boshqaruv apparati faoliyatining samaradorligi ijtimoiy siyosat nuqtayi nazaridan baholanadi. Boshqaruv idoralariga ishga qabul qilinadigan mutaxassis aynan ijtimoiy siyosat boʻyicha sinovdan oʻtadi. Baʼzi munitsipalitetlarda 5/2, yaʼni besh soat aholi orasida, ikki soat idorada boʻlish tartibi amal qiladi. Sirasi, chopa-chop qilmay, batartib ish yuritish odat, qadriyatga aylangan.

Ijtimoiy davlat siyosiy model sifatida taqdim etilayotgan ekan, u aniq prinsiplarga tayangan holda faoliyat yuritmogʻi lozim. Bu sirada ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik, ijtimoiy himoya, ijtimoiy hamkorlik kabi prinsiplarni alohida taʼkidlash kerak.

Ijtimoiy adolat falsafiy-axloqiy kategoriya ekani maʼlum. Adolat gʻoyasi Suqrot-u Aflotun davridan beri tildan tushmaydi. Yunon faylasuflari adolatni ezgulik va fozillikda deb biladi. Abu Nasr Forobiyning fozil odamlar shahri gʻoyasi ildizi yunon faylasuflarining ushbu utopik qarashiga borib taqaladi. Adolat murakkab falsafiy-axloqiy tushuncha ekanini Suqrotning Frasimax bilan dialog-bahsidan aniq idrok etish mumkin (Платон. Государство. Москва, “АСТ”, 2022. Стр. 4–47). Suqrot suhbatdoshini nafaqat mot etadi, shu bilan birga, adolat kategoriyasining cheki-chegarasi yoʻq, ziddayn voqeliklardan ekanini isbotlaydi. Alhol, ijtimoiy adolat haqida mushohada yuritish zavqli, ammo unga toʻla-toʻkis yetishgan davlat yoʻq, chunki “Menga adolat boʻlib koʻringan holat sizga adolatsizlik boʻlib koʻrinishi mumkin” (Suqrot). Ezgulik va yovuzlik haqidagi bahslar tayin xotimaga olib kelmaganidek, adolat va adolatsizlik haqidagi mushohadalar ham aniq yakunga olib kelmagan, biroq insoniyat adolat va ezgulik haqida orzu qilishdan, odil jamiyat, fozil odamlar shahri, ideal davlat haqida fikr yuritishdan, falsafiy-siyosiy modellar yaratishdan toʻxtamaydi.

Ijtimoiy tenglikning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va axloqiy jihatlari mavjud. Ilgʻor davlatlar, masalan, Germaniyada ijtimoiy tenglik moddiy boyliklarni aholining barcha qatlamlari oʻrtasida baravar taqsimlanishi orqali roʻyobga chiqadi. Bu keskin tabaqalanishning oldini oladi. Ijtimoiy tenglik Karl Marks nazarda tutgan “ekspluatatorlarni ekspropriatsiya qilish” emas, balki ekspluatatsiyani, sinfiy kurashni avj oldirmaslik usulidir. Fuqarolarning saylovlarda qatnashishi, uyushmalar tuzib, irodasini namoyon etishi, mahalliy tizimni manfaat va ehtiyojiga muvofiq boshqarishi, mehnat turlarini erkin tanlashi ijtimoiy davlatdagi tenglik prinsipi ifodalaridir. Bu oʻrinda ijtimoiy tenglikning inson huquq va erkinliklari bilan chambarchas bogʻliq ekanini koʻramiz. Shu sababli ayrim tadqiqotchilar ijtimoiy davlat – huquqiy davlat degan gʻoyani ilgari suradi (Кочеткова Л. Социальное государство. Опыт философского исследования. Москва, “Норма”, 2009). Biroq yovvoyi bozor raqobatiga qurilgan davlatda ijtimoiy tenglik quruq gap yoki xayoliy istakdir. Gʻarb liberalizmi jon-jahdi bilan qoʻllab-quvvatlaydigan yovvoyi bozor ijtimoiy tenglik nimaligini bilmaydi, u faqat mulkdorlar manfaatini himoya qiladi. Mulk shunchaki kichik korxona emas, u ishlab chiqarish munosabatlarini yoʻnaltiruvchi kuchdir. Bunda inson qadri yanada koʻp foyda keltiruvchi tovar va xizmat turini, aqlini sotish usullarini kashf etish orqali baholanadi. Shunday usullarni yaratmasangiz, bozor raqobatiga muvofiq qadr-qimmatga ega emassiz...

Siyosiy jarayonlar tahlili koʻrsatadiki, fuqarolarning saylovlarda yoki munitsipial boshqaruvda ishtiroki ijtimoiy tenglikka kuchli taʼsir qilmaydi. Siyosatshunos Robert Dalning fikricha, xususiy mulk egasi har qanday oʻzini oʻzi boshqarish yoki iqtisodiy demokratiyani yoʻqqa chiqarishi mumkin (Даль Р. Введение в экономическую демократию. Москва, “Наука”, 1991). Xususiy mulk mulkdorlar manfaatiga xizmat qiladi, demokratiyaga emas. Ijtimoiy davlat xususiy mulkni inkor qilmaydi, ammo tadbirkorlar, xususiy mulk subʼektlari har doim ham ijtimoiy tenglik tarafdori boʻlmaydi. Nima uchun ming mashaqqat bilan topgan pulini hayotda oʻz oʻrnini topolmagan yoki topishga intilmaydigan kishilarga berishi kerak? Odam suv, gaz, elektr energiyasi va kommunal xizmatlarga yuridik shaxs sifatida jismoniy shaxslardan bir necha baravar koʻp haq toʻlasa-yu, tagʻin topgan daromadini ehtiyojmandlarga ajratsa? Axir, bu ijtimoiy tenglikka emas, balki ijtimoiy boqimandalikka olib keladi-ku?! Olim Tilo Sarratsion bu bahsli fikrni Germaniya tajribasi asosida dastaklashga harakat qiladi (qarang: Саррацион Т. Германия: самоликвидация. Москва, – “Литрес”, 2016).

Ijtimoiy davlat konsepsiyasida moddiy boyliklarni, ijtimoiy adolat prinsipiga muvofiq, yordamga muhtoj aholi qatlamiga taqsimlash koʻzda tutilgan. Gʻarb davlatlarida badavlat kishilarga progressiv soliqlar qoʻllanadi, yigʻilgan mablag‘ moddiy ahvoli ogʻir qatlamga yoʻnaltiriladi. Darvoqe, bizda ham bir necha yildan beri davlat xizmatchilarining deklaratsiya topshirish tartibi haqida gap-soʻz yuradi, lekin u toʻliq amalga kiritilgani yoʻq. Nima uchun katta amaldor dangʻillama saroy, tog‘ yonbagʻrida maxsus qoʻriqlanadigan dacha quradi, ajnabiy mashinalar oladi, uyida xizmatkor ishlatadi-yu, biroq daromadi yuzasidan deklaratsiya topshirmaydi? Ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot tarqalayotgan videolavhalarda amal va mulk egalari toʻyxonalardagi oilaviy marosimlarda sozanda-yu raqqosalar ustidan dollar sochayotganini koʻrib, deklaratsiya tartibi qanchalik muhim ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilasiz...

Xoʻsh, bizda ijtimoiy tenglik haqida aniq tasavvur shakllanganmi? Afsuski, sovet davridagi “boshqaruv davlatning ishi” degan aqida hamon oʻyimizda. Shubhasiz, ijtimoiy tenglikni davlat ishtirokisiz taʼminlash mushkul. Ammo xalq, aholi, ijodiy va intellektual kuchlar, yoshlar tashabbuskormi, shaxsiy iroda va dadillik mavjudmi? Soʻnggi oylarda matbuotimiz orqali ijtimoiy davlat haqida fikr bildirgan mutaxassislarimiz bu masalani chetlab oʻtmoqda. Vaholanki, ijtimoiy tenglik ushbu subyektlarning irodasi, ideali va hayot tarziga aylangandagina roʻyobga chiqadi. Kishilar oʻrtasidagi tabiiy notenglikni ijtimoiy tenglik yoʻli bilan bartaraf etish qanchalar oliyjanob maqsad! Ijtimoiy davlat aynan ushbu konseptual gʻoyani mujassam etgani bilan qadrli.

Adolat ham, tenglik ham, avvalo, ijtimoiy himoyada tajassum topadi. Ijtimoiy davlat modeliga singdirilgan maqsad-muddao ijtimoiy himoyani kundalik tajribaga aylantiradi. U siyosiy va boshqaruv institutlarining kimga, nimaga va qanday xizmat qilishini koʻrsatib, oydinlashtirib turadi. Oʻzbekiston Prezidenti ijtimoiy himoyani “Ijtimoiy davlatda hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi, oʻz muammolari bilan yolgʻiz tashlab qoʻyilmaydi” deya loʻnda ifoda etgan. Bu oʻzbek xalqiga xos jamoa boʻlib yashash qadriyatining ayni oʻzidir.

Ijtimoiy himoyaga ustuvor ahamiyat qaratgan davlat ikki jihatni esdan chiqarmasligi lozim. Birinchisi, ijtimoiy himoya adolat va tenglik buloqlaridan suv ichishi shart, aks holda jamiyatdagi baynalmilal ahillikka putur yetadi. Deylik, koʻcha-koʻyda sadaqa soʻrab yurgan bolalar, ayollar va qariyalar uchrab turadi. Tartib posbonlari tilanchilar bilan “shugʻullanadi”, lekin ularning turmushi va ijtimoiy himoyasiga har doim ham eʼtibor berilavermaydi. Bahsli boʻlsa-da, Dostoyevskiyning mashhur gapini eslagimiz keldi: “Jamiyatda bironta koʻzi yoshli goʻdak bor ekan, bu jamiyatning insonparvarligiga ishonib boʻlmaydi”. Ikkinchidan, ijtimoiy himoya boqimondalik, davlat yordamiga qaramlik sindromini shakllantirmasligi lozim. Siyosatshunos T.Sarratsionning yozishicha, Germaniya hukumati ijtimoiy himoyaga ajratadigan mablag‘ boʻyni mehnatga yor bermaydigan muhojirlarning bemalol kun koʻrishiga imkon beradi. Bu esa olmonlarning genofondi, mentaliteti va tirishqoqlik, masʼullik, ixtirosevarlik kabi milliy sifatlariga aks taʼsir etmoqda deb hisoblaydi olim. Hatto migrantlar bilan birga taʼlim olgan bolalarda aniq fanlarga, ayniqsa, matematikaga qiziqish sezilarli darajada susaygan. Fojiali tomoni shundaki, aholi soni muhojirlar hisobiga oshib boryapti, ammo olmon oilalarining oʻzida tugʻilish har bir avlodda 15–20 foizga qisqarib bormoqda (oʻsha manba, 7–12-betlar).

Oʻzbekistonda ijtimoiy himoyaning barqaror tizimi shakllantirilgan. Aholini uy-joy bilan taʼminlash, mehnatga jalb qilish, taʼlim, madaniy boyliklardan bahramand boʻlish, ijod qilish, nafaqa, maosh, taʼtil va tibbiy yordam olish shular jumlasidandir. Bugun mamlakatimizda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimi ishga tushirilgan. Ijtimoiy yordam koʻlami 5 barobarga oshirilib, 2 milliondan ziyod oila qamrab olingan. Koʻmak miqdori 18 trillion soʻmdan koʻproqdir. Nafaqa miqdori oʻrtacha 1,5 barobar, ishsizlik nafaqasi esa 3,2 barobar oshirilgan. Ammo mutaxassislarning fikricha, “Ijtimoiy himoya pul berish bilan cheklanib qolmoqda. Aslida, bu tizimning vazifasi aholini ogʻir ahvoldan chiqarish va jamiyatda oʻz oʻrnini egallashi uchun koʻmakdan iborat boʻlishi kerak. Bu esa, oʻz navbatida, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini toʻliq qayta koʻrib chiqish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda” (Xoʻjayeva M., Xolmahmatova Sh. Ulugʻvor maqsadimiz – insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish // “Yangi Oʻzbekiston”, 2023-yil 8-iyun).

Yaqin oʻtmishimizda “Sen Mustaqillikka nima berding?” degan bahsli shior ommaviy psixoz tarzida boshqaruv tizimi va axborot vositalari faoliyatiga singdirilgan edi. Keyingi yillarda gʻayriinsoniy va gʻayrihuquqiy tartib-tutumlardan voz kechildi, lekin ayrim zamondoshlarimiz ongida “biz eng baxtiyormiz” singari havoyi shiorlar, ommaviy psixoz sindromi saqlanib qolayotgandek. Gʻarbdagi ijtimoiy davlatlarda oʻrtacha ish haqi bir necha ming dollar, bizda esa hali kamtarona darajada. Bunday mehnat haqi bilan kishi oʻzini baxtiyor sezadimi? Farovonlik haqidagi vaʼzlarga ishonadimi?

Yaqinda boʻyoqchilar sexiga ishchi qidirilayotgani haqidagi eʼlonni oʻqib qoldim. Maoshi 2-3 million soʻmgacha ekan. Bunday ishchilar Yevropa davlatlarida 5-6 ming, Rossiyada 2-3 ming dollargacha maosh olarkan. Qiyosni yana davom ettirish mumkin. Biz hozircha ilgʻor Gʻarbdagi ijtimoiy davlat modelini qabul qildig-u, ijtimoiy himoyani talab darajasida yoʻlga qoʻyganimiz yoʻq. Shoshqaloqlik bizni havoyi shiorlarga mute qilib qoʻymasligi kerak. Bir qaror bajarilmasidan ikkinchisini, bir konsepsiya nihoyasiga yetmay boshqasini qabul qilamiz. Tan olmoq kerak, davlatimiz ijtimoiy himoyani izchil amalga oshirmoqda, inson qadrini ulugʻlash prinsipi, vazminlik va ikkilanishlar bilan boʻlsa-da, qaror topmoqda. Ammo bu jabhada faqat siyosiy iroda va boshqaruvdagi izchillik yetarli emas, “etnos passionarligi” (Lev Gumilyov iborasi), yaʼni xalq tashabbusi, ommaviy qoʻllab-quvvatlash va umummilliy iroda ham suv bilan havodek zarur.

AQSh ijtimoiy himoyani xalq pragmatizmi bilan uygʻunlashtira olgan. Shveysariya va Shvetsiyada ijtimoiy himoyani tashkil etishga munitsipial institutlar, aholining oʻzini oʻzi boshqarish organlari faol taʼsir koʻrsatadi. Finlyandiyada ijtimoiy himoyaga oid dasturlar aholi oʻrtasida keng muhokama qilinadi, kezi kelganda elektorat ularni rad etadi. Dastur mualliflari bilan aholi oʻrtasidagi bahs, tortishuv odatiy hol. Eng muhimi, bu muloqotlar boshqaruv organlarini xalq manfaatlariga xizmat qilishga oʻrgatadi. Bizdagi mahalla va fuqarolar yigʻinlari ham faollik koʻrsatsa, Gʻarb modellari kabi taʼsirchan institutga aylanishi mumkin.

Ijtimoiy hamkorlik jamiyatda ahillik, birlik, baynalmilallik va demokratizm prinsiplarining ifodasi hisoblanadi. Jamiyat aʼzolarining ijtimoiy hayotda, iqtisodiy munosabatlarda, madaniy boyliklar yaratishdagi ishtiroki ana shu hamkorlik mahsulidir. Oila instituti ham ijtimoiy hamkorlik prinsipiga muvofiq yaratiladi. Ijtimoiy davlatda bunday hamkorlik demokratizm va inson huquqlarini taʼminlash negizida amalga oshiriladi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantiruvchi asosiy kuch deb baholanmoqda. Soha mutasaddilariga ishbilarmonlik rivojiga xalal berayotgan barcha toʻsiqlarni olib tashlash yuklangani bejiz emas. Mutaraqqiy davlatlarda, masalan, AQShda tadbirkorlar ulushi iqtisodiyotda 90–95 foiz, Germaniyada 75–80 foiz, Fransiyada 70–75 foizni tashkil etadi. Iqtisodiyotdagi demokratizm kishilarni erkin mehnat qilish, moddiy neʼmatlar va tovarlar yaratish, xizmatlar koʻrsatish orqali ijtimoiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga undaydi. Odamlar ixtiyoriy tarzda, oʻz manfaatlariga muvofiq mehnat munosabatlariga kirishadi. Manfaatlar qancha rang-baranglashsa, ijtimoiy hamkorlik ham kengayadi. Binobarin, davlatning asosiy vazifasi manfaatlarni shakllantirish va ularni umumijtimoiy manfaatlar bilan uygʻunlashtirish siyosatini amalga oshirmoqdir. Manfaatlar uygʻunlashmagan joyda manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga keladi. Bu esa ijtimoiy hamkorlik prinsipiga ziddir. Mana, ijtimoiy hamkorlikning siyosiy mohiyati nimada!

Ijtimoiy davlat konsepsiyasining xususiyatlari, xorijiy va milliy modellari, falsafiy-kratologik talqinlari haqida hali koʻp bahs-munozara boʻlishi tabiiy. Ammo, shubhasizki, etnosiyosiy tariximiz “ijtimoiy davlat” degan yangi fenomen bilan boyimoqda.

Konstitutsiyaviy komissiya raisi, akademik Akmal Saidovning fikricha, ijtimoiy davlat Oʻzbekistonni ilgʻor demokratik huquqiy mamlakatlar qatoriga olib chiqadi. Ayni choqda, ijtimoiy borliq siyosiy utopiya va bashoratlarga ergashishda ehtiyot boʻlmoqqa undaydi. Aqlning cheklanganidan qoʻrqib orzu qilmaslik va hayotni yangilashga intilmaslik ojizlikdir. “Tarixning bejilov, suronli oqimi ichida turib” (Henri Kissenjer taʼbiri) yangi hayotni yaratishga jasoratli aql va jurʼatli iroda egalarigina qodirdir.

Viktor ALIMASOV

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Ijtimoiy davlat nima?” maqolasi