XIII asrda moʻgʻullar istilosi Markaziy Osiyo hududida tub siyosiy va ijtimoiy oʻzgarishlarni yuzaga keltirdi. Bu jarayonning markazida imperiyaning huquqiy asosi boʻlgan Chingizxonning “Buyuk Yaso” (Yasaq) qonunlar majmuasi turar edi. Koʻchmanchi qabilalar anʼanalari va hukmdor irodasi asosida shakllangan bu kodeks mintaqa xalqlari hayotini keskin oʻzgartirib yubordi.
XIII asr boshida joriy etilgan bu majmua qonunlar, farmonlar va oʻgitlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, uning kuchi hatto moʻgʻul hukmdorining irodasidan ham ustun edi. “Yaso” davlatdan ham yuqorida turuvchi qonunlar toʻplami boʻlgani uchun unga oddiy choʻpon va jangchidan tortib, buyuk qoongacha boʻysunishga majbur qilib belgilangan. Agar xon “Yaso”ni buzsa, beklar va xonzodalar kengashi “qurultoy”da uni qonuniy taxtdan tushirish yoki qatl etish huquqiga ega boʻlgan. Xususan, 1334-1335-yilda Chigʻatoy ulusining musulmon xoni Tarmashirinxon “Yaso” talablariga amal qilmagani uchun taxtdan agʻdarilgan. Bu jahon tarixida qonun hukmdordan ustun qoʻyilgan ilk yorqin misollardan biridir.
“Yaso”ning qudrati shafqatsiz va temir intizomga asoslangan edi. Agar jangdan biror jangchi qoʻrqoqlik qilib qochsa, uning butun oʻnligi, agar oʻnlik qochib ketsa, butun yuzlik qatl etilgan. Bu tizim jangchilarni bir-biriga bogʻlab, qatʼiy harbiy masʼuliyatni yuzaga keltirgan.
Majmuada qamoq yoki jarima turlari deyarli koʻzda tutilmagan. Xiyonat, qotillik, ot oʻgʻirlash, jang maydonidan qochish, yolgʻon guvohlik berish, shuningdek, suvni qasddan bulgʻash va yozda oqar suvda kiyim yuvish kabi qoidabuzarliklar uchun ham yagona jazo – oʻlim boʻlgan.
Moʻgʻullar qonunni Chingizxonga “Tangri” (abadiy moviy osmon) tomonidan yuborilgan deb eʼtiqod qilishgan. Shu bois “Yaso”ni buzish tabiat va ruhlarning gʻazabini keltiruvchi ogʻir diniy gunoh sanalgan. Qonun bitilgan oʻramlar maxsus yargʻuchilar tomonidan oltin sandiqlarda saqlanib, ommadan yashirilgan, bu esa uning daxlsizligi va ilohiyligini taʼminlagan.
Imperiyaning kengayishi bilan “Yaso” Xitoydan tortib Sharqiy Yevropagacha boʻlgan ulkan hududni qamrab olgan “yarim dunyo qonuni”ga aylandi. Aynan shu temir intizom va qonun-qoidalar tufayli moʻgʻullar Oʻrta Osiyo, Rossiya, Eron va Kavkaz kabi asrlik oʻtroq madaniyat va davlatchilik anʼanalariga ega hududlarni yagona markazdan boshqara olishdi.
“Yaso”ning joriy etilishi Oʻrta Osiyoning asriy siyosiy hayotini butunlay ostin-ustun qilib yuboradi. Mintaqada Somoniylar, Qoraxoniylar va Xorazmshohlar davridan beri shakllanib kelgan anʼanaviy islomiy boshqaruv oʻrniga shafqatsiz va qatʼiy koʻchmanchi harbiy-maʼmuriy tizim oʻrnatiladi. “Yaso”ga koʻra, faqat Chingizxonning toʻgʻridan-toʻgʻri erkak avlodlari – Chingiziylar (oltin urug‘ vakillari)gina xon boʻlish huquqiga ega edi. Bu mahalliy sulolalarning hokimiyatiga chek qoʻydi. Mazkur siyosiy qoida shunchalik qatʼiy ediki, hatto XIV asrda ulkan imperiya barpo qilgan Amir Temur ham oʻzini “sulton” yoki “xon” deb atay olmagan va umrining oxirigacha “amir” unvoni bilan cheklanib, taxtga rasman soxta chingiziy xonlar – Suyurgʻatmishxon va Sulton Mahmudxonni oʻtqizishga majbur boʻlgan.
Oʻrta Osiyoda anʼanaviy ravishda vazirlar, devonlar va fuqarolik amaldorlaridan iborat murakkab boshqaruv tizimi mavjud edi. “Yaso” buni tugatib, davlatni “Ulus” tizimiga ajratadi (Oʻrta Osiyo hududida Chigʻatoy ulusi tashkil qilinadi). Imperiyaning butun aholisi oʻnlik, yuzlik, minglik va tumanlarga (oʻn minglik) boʻlinadi. Tinchlik davrida soliq toʻlovchi oddiy fuqaro boʻlgan shaxs, urush boshlanishi bilan oʻz harbiy qismiga borishga majbur edi. Shu tariqa siyosiy boshqaruv toʻliq harbiy elita qoʻliga oʻtadi.
Mahalliy hokimiyatni nazorat qilish uchun moʻgʻul xonlarining maxsus vakillari – dorugʻalar va basqoqlar tayinlanadi. Ularning asosiy vazifasi mahalliy aholidan “qopchur”, “qalon” kabi soliqlar yigʻilishini va xon farmonlarining ijrosini nazorat qilish edi. Bu lavozimlar mahalliy hokimlarning mustaqilligini butunlay yoʻqqa chiqaradi.
Davlatning eng muhim masalalari – yangi xonni saylash, urush boshlash yoki sulh tuzish kabi qarorlar faqat oliy harbiy-mulkdor aslzodalar kengashi boʻlgan qurultoyda hal etilardi. Bu tizim yakka hokimlikni maʼlum darajada elita nazoratida ushlab turish vazifasini bajargan.
“Yaso” aristokratik kelib chiqishdan koʻra shaxsiy sadoqat va harbiy qobiliyatni (meritokratiyani) ustun qoʻydi. Mintaqaning qadimiy siyosiy elitasidan farqli oʻlaroq, davlat mansablariga faqat xonga cheksiz sadoqatli va janglarda oʻzini koʻrsatgan noʻyonlar hamda bahodirlar tayinlandi. Bu esa eski tabaqaviy tizimni butunlay parchalab yubordi.
“Yaso”ning iqtisodiyotga taʼsiri ziddiyatli kechdi: bir tomondan dahshatli vayronagarchiliklar keltirib chiqargan boʻlsa, ikkinchi tomondan “Pax Mongolica” (“Moʻgʻul tinchligi”) sharoitini yaratdi.
Moʻgʻul istilosigacha Buyuk Ipak yoʻli oʻnlab mayda, oʻzaro urushayotgan davlatlar va bekliklar hududidan oʻtardi. Har bir beklik savdogarlardan oʻzicha soliq olar, yoʻllarda qaroqchilik avj olgandi. “Yaso” qonunlari doirasida Tinch okeanidan Qora dengizgacha boʻlgan butun savdo yoʻli yagona davlat va yagona huquqiy tizim nazoratiga oʻtadi. Oʻgʻrilik va qaroqchilik uchun oʻlim jazosi belgilanadi. Agar karvon biror hududda talansa, oʻsha hududning moʻgʻul hokimi – dorugʻasi barcha zararni savdogarlarga oʻz yonidan toʻlab berishga va jinoyatchilarni topishga majbur edi. Bu chora yoʻllarning xavfsizligini taʼminladi.
“Yaso” asosida jahon tarixidagi eng mukammal, tezkor aloqa va logistika tizimi hisoblangan “Yom” tizimi yaratiladi. Oʻrta Osiyo boʻylab har 25–30 chaqirimda maxsus bekatlar tashkil qilinadi. Bu bekatlarda doimo tayyor otlar, oziq-ovqat va qoʻriqchilar turardi. Xonning maxsus yorligʻi “Payza”ga ega boʻlgan elchilar, davlat choparlari va yirik savdogarlar mazkur otlarni tezda almashtirib, katta-katta masofalarni bir necha kunda bosib oʻtgan. Bu tizim zamonaviy pochta va kuryerlik xizmatlarining tamal toshi edi, desak ham boʻladi.
“Yaso” xalqaro savdoni davlat darajasidagi muhim soha deb belgilagan. Moʻgʻul xonlari va oliy tabaqa vakillari savdogarlarga katta eʼtibor qaratgan, koʻplab soliqlardan ozod qilgan. Xonlar va noʻyonlar oʻz sarmoyalarini yirik savdogarlarga (jumladan, musulmon va uygʻur savdogarlariga) berib, foydani boʻlishishgan. Natijada Oʻrta Osiyo boʻylab tovar aylanmasi keskin oshgan.
“Yaso” imperiya hududida yagona pul birligi va oʻlchov tizimini joriy etishga zamin yaratadi. Buxoro, Samarqand va Xorazm kabi yirik shaharlardagi zarbxonalarda xon nomi tushirilgan yagona kumush tangalar va oltin dinorlar zarb etiladi. Bu pullar butun imperiyada erkin muomalada boʻlgan va savdo amaliyotlarini ancha yengillashtirgan.
Qonun koʻchmanchi chorvadorlar manfaatlarini ustun qoʻygani bois, oʻtroq dehqonchilik iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazadi. Unumdor yerlar va vohalar moʻgʻul otlari uchun yaylovlarga aylantiriladi, aholi zimmasiga ogʻir soliqlar yuklanadi. Bu esa hunarmandlar va dehqonlarning qashshoqlashuviga olib keladi.
“Yaso”ning joriy etilishi mintaqadagi asriy islom huquqi – shariatning ustunligiga barham beradi. Natijada Oʻrta Osiyoda oʻziga xos huquqiy dualizm (ikkiyoqlamalik) yuzaga keladi. Davlat boshqaruvi va jinoyatchilik moʻgʻul sudyalari – “yargʻuchilar” tomonidan “Yaso” asosida koʻrilsa-da, aholining ichki hayoti qisman shariat ixtiyorida qoldiriladi. Aholining ichki va oilaviy hayoti (nikoh, taloq, meros) esa qozilar ixtiyorida shariat asosida qoldiriladi. Biroq shariat hukmi “Yaso” tamoyillariga zid kelsa, har doim “Yaso” ustun deb topilgan.
“Yaso” va “Shariat” oʻrtasida jiddiy ziddiyatlar bor edi. Xususan, shariatga koʻra, hayvonlar boʻgʻzidan soʻyilishi halol hisoblansa, “Yaso”da suvni qon bilan bulgʻamaslik uchun hayvonning koʻkragini yorib, yuragini sugʻurib olish buyurilgan. Mazkur qoidani buzgan musulmonlar oʻlim jazosiga hukm qilingan. Bu esa mahalliy aholi uchun ijtimoiy fojia edi.
Chingizxon dinni siyosiy barqarorlik vositasi sifatida bilgani uchun “Yaso”da barcha din vakillari teng koʻrilgan. “Yaso”ga binoan, islom ulamolari, imomlar, shayxlar, qozilar, shuningdek, boshqa din vakillari xristian va budda rohiblari barcha turdagi davlat soliqlaridan va majburiy xizmatlardan ozod etilgan. Bu imtiyoz diniy elitaning nufuzini saqlab qoldi. Ulamolar va tasavvuf shayxlari moʻgʻul saroyining asosiy siyosiy vositachilariga aylanib, keyinchalik Chigʻatoy ulusida Muborakshoh va Tarmashirinxon kabi xonlarning islomni qabul qilishiga taʼsir koʻrsatadi.
Moʻgʻullargacha boʻlgan zodagon yer egalari va dehqonlar qatlami oʻrniga jamiyat yangi mezonlar asosida guruhlarga boʻlindi. Jamiyatning eng oliy va imtiyozli qatlamiga moʻgʻul va turk-moʻgʻul qabilalaridan chiqqan noʻyonlar, amirlar, bahodirlar koʻtariladi.
Qonun hunarmandlarni qadrlashni buyuradi. Shaharlar vayron qilinganda ham meʼmorlar, xattotlar va usta hunarmandlar asrab qolinib, imperiyaning turli markazlariga koʻchirilgan.
“Yaso” koʻchmanchilik mifologiyasiga tayangani sababli, bahor va yoz oylarida daryo va ariqlarda kiyim yuvish, choʻmilish yoki oqar suvga har qanday ifloslikni oqizish taqiqlangan. Chaqmoq va selni suv maʼbudlarining gʻazabi deb bilishgan. Bu esa Oʻrta Osiyoning rivojlangan shahar madaniyati, hammomlar tizimi va umumiy maishiy turmush tarziga jiddiy cheklovlar va oʻzgarishlar olib kiradi.
“Yaso” qonunlari imperiyada tartib va savdo xavfsizligini taʼminlagan boʻlsa-da, uning Oʻrta Osiyo xalqlari uchun salbiy oqibatlari va demografik inqirozi misli koʻrilmagan darajada dahshatli boʻladi.
“Yaso” boʻyicha moʻgʻul qoʻshiniga qarshilik koʻrsatgan yoki taslim boʻlishdan bosh tortgan har qanday shahar va voha aholisi toʻliq qatliom qilinishi yoki qulga aylantirilishi shart edi. Buxoro, Samarqand, Gurganj (Urganch), Marv va Termiz kabi yirik shaharlar aholisi “Yaso” amri bilan qirgʻin qilinadi. Tarixiy manbalarga koʻra, Marv va Gurganj kabi shaharlarda qurbonlar soni yuz minglabni tashkil etgan. Eng bilimli qatlam – olimlar, ulamolar, mudarrislar va yosh yigitlar yoʻq qilinadi. Usta hunarmandlar va ayollar esa Moʻgʻulistonga qul qilinib, haydab ketiladi.
Oʻrta Osiyo hayoti tabiatan sunʼiy sugʻorish tizimlariga bogʻliq boʻlgan. “Yaso” esa yerga egalik qilish va undan foydalanishda chorvachilik va yaylov tizimini ulugʻlagan. Gurganj qamalida Amudaryo toʻgʻoni portlatib yuboriladi. Natijada yirik shahar va uning atrofidagi asriy dehqonchilik vohalari suv ostida qolib, botqoqlikka va keyinchalik shoʻrxokka aylanadi. Kanallar va korizlar qarovsizlikdan qum ostida qolib ketadi. “Yaso” dehqonchilik yerlarini qasddan otlar va chorva uchun yaylovlarga aylantirishni qoʻllab-quvvatlagani sababli, asrlar davomida shakllangan madaniy dehqonchilik hududlari choʻlga aylanadi. Mintaqa iqtisodiyoti bir necha asr orqaga surib yuboriladi.
“Yaso” asosida imperiya xarajatlarini va doimiy urushlarni qoplash uchun mahalliy xalq zimmasiga chidab boʻlmas soliqlar yuklanadi. Chorvadorlardan tana boshi hisobidan olinadigan qopchur va oʻtroq dehqonlardan olinadigan hosil soligʻi – qalon juda yuqori edi. Shuningdek, mahalliy aholi oʻz hududidan oʻtayotgan yoki joylashgan moʻgʻul qoʻshinlarini oziq-ovqat va ot-ulov bilan taʼminlashi shart boʻlgan. Bundan tashqari, istalgan vaqtda shahar va qishloq erkaklari imperiyaning harbiy yurishlariga, qalʼalar qurishga yoki ogʻir mehnatga safarbar etilgan. Bu soliqlar va majburiyatlar tizimi xalqni qashshoqqa aylantiradi.
“Pax Mongolica” xalqaro savdoni xavfsiz qilgan boʻlsa-da, bu savdodan keladigan asosiy foyda mahalliy aholiga emas, moʻgʻul elitasi va ularning hamkorlari “oʻrtoq” savdogarlarga tushardi. Oʻrta Osiyoning eng yirik ichki ishlab chiqarish va hunarmandchilik markazlari vayron boʻlgani sababli, Buyuk Ipak yoʻli uzoq vaqt davomida shunchaki qatnov izi boʻlib qoldi. Mahalliy bozorlar ahamiyatini yoʻqotgani ortidan koʻplab shaharlar uzoq yillar kimsasiz xarobalarga aylanib qoldi.
Mintaqaning oʻtroq-islomiy qonuniyatlari bilan koʻchmanchi “Yaso” qoidalari oʻrtasidagi toʻqnashuv uzoq davom etdi. XIV-XV asrlarga kelib, mahalliy turkiy xalqlar va moʻgʻul elitasining oʻzaro singib ketishi natijasida yangi va barqaror madaniy-huquqiy tizim qaror topdi.
Xulosa qilib aytganda, Chingizxonning “Yaso” qonunlari Oʻrta Osiyo xalqlari hayotiga ikkiyoqlama taʼsir koʻrsatdi. Bir tomondan, u shafqatsiz tizim yaratdi, shaharlarni vayron qildi va shariat huquqini siqib chiqardi. Ikkinchi tomondan, mintaqaga bir necha asrlik tarqoqlikdan soʻng qatʼiy nizom, xavfsiz savdo yoʻllari va markazlashgan davlatchilik poydevorini olib keldi. “Yaso” qoldirgan anʼanalar va huquqiy normalar Amir Temur va Temuriylar, soʻngra Shayboniylar davri davlatchiligida ham taʼsirini koʻrsatib turdi.
Sevinch ULASHOVA,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori, tarix fanlari doktori