Keling, bir tajriba qilib koʻraylik. Xoʻsh, oʻtgan mingyillik ichida tilimizda qanday oʻzgarishlar yuz berdi? Bu jarayonni turli asrlarda yashagan mumtoz adabiyotimizning yirik vakillari asarlari asosida oʻrganishga harakat qilamiz:
XI asr
Yusuf Xos Hojib, “Qutadgʻu bilig” asaridan:
“Sevug savchi iḋti bagʻirsaq iḋi
Buḋunda talusi kishidә kәḋi”,
(Maʼnosi: “Mehribon egam sevikli rasul yubordi,
(U) xalq orasida sarasi, kishilar orasida yaxshisi edi”).
Mazkur baytda bitta ham arabcha yoki forscha soʻz yoʻq. Shuning uchun foiz hisobida:
Turkiy soʻzlar 100%.
Qariyb olti yarim ming baytni oʻz ichiga olgan “Qutadgʻu bilig”ning koʻpchilik baytlari xuddi shunday, asarda oʻzlashgan soʻzlar nihoyatda kam, taxminan 5–10 foizni tashkil etadi, deyish mumkin.
XIV asr
Sayfi Saroyi, “Gulistoni bit-Turkiy” asaridan:
“Bu soʻzdan bir necha kun kechti dagʻi sultongʻa bir ogʻir dushman cheriki keldi. Bular dagʻi cherik yasab, qarshi yuridilar. Ikki cherik muqobil boʻldi. Avval maydongʻa sultonning ul qisqa boʻyli oʻgʻli kirdi...”
Sayfi Saroyi asaridan olingan ushbu koʻchirmada hammasi boʻlib 31 soʻz bor. Shulardan:
25 soʻz (bu, soʻz, bir, necha, kun, kechti, dagʻi (2 marta), bir, ogʻir, cherik (3 marta), keldi, bular, yasab, qarshi, yuridilar, ikki, boʻldi, ul, qisqa, boʻyli, oʻgʻli, kirdi) – turkiy (80,5%);
4 soʻz (avval, sulton (2 marta), “muqobil”) – arabiy (13%);
2 soʻz (“dushman” va “maydon”) – forsiy (6,5%).
Foiz hisobida:
turkiy – 80,5%;
arabiy – 13%;
forsiy – 6,5%.
Bu koʻrsatkichni butun asarga nisbatan ham qoʻllash mumkin.
XV asr
Alisher Navoiy, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asaridan:
“Va bu faqirni faqr tariqigʻa dalolat va irshod qilurlar erdi va nazm ayturgʻa targʻib koʻrguzurlar erdi. Chun ul avqotda faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutub erdi, alar dagʻi iltifot qilib, baʼzi abyotni koʻp oʻqurlar erdi va majolisda xushvaqt boʻlurlar erdi”.
Navoiy asaridan olingan ushbu parchada hammasi boʻlib 39 soʻz ishlatilgan. Shulardan:
17 soʻz (bu, qilurlar, erdi (5 marta), ayturgʻa, koʻrguzurlar, ul, tutub, alar, dagʻi, qilib, koʻp, oʻqurlar, boʻlurlar) – turkiy (43,5%);
19 soʻz (va (4 marta), faqir (2 marta), faqr, tariq, dalolat, irshod, nazm (2 marta), targʻib, avqot, shuhrat, iltifot, baʼzi, abyot, majolis) – arabiy (49%);
2 soʻz (chun, Xuroson) – forsiy (5%); va
1 soʻz (xushvaqt) – forsiy+arabiy (2,5%).
Foiz hisobida:
turkiy – 43,5%;
arabiy – 49%;
forsiy – 5% ;
forsiy+arabiy – 2,5%.
Bu nisbatlarni butun asarga nisbatan ham qoʻllash mumkin.
XV asr oxiri – XVI asr boshi
Zahiriddin Muhammad Bobur, “Boburnoma” asaridan:
“Bizning cherik va moʻgʻul cheriki xabar topib, bir pora kishini ot yalangʻochlanturub, suvdin kechurdilar, koʻmak kelganlar oldarab kemani yuqqori tortmay kechgan yeridin-oʻq qoʻyaberdilar. Qoʻrgʻongʻa oʻta olmay quyi tushtilar. Bizning cherik va moʻgʻul cheriki tush-tushdin ot yalangʻochlab kira boshladilar. Kemadagilar hech urusha olmadilar”.
“Boburnoma”dan olingan ushbu parchada 42 soʻz ishlatilgan. Shulardan:
37 soʻz (bizning (2 marta), cherik (4 marta), moʻgʻul (2 marta), topib, bir, kishi, ot (2 marta), yalangʻochlanturub, suv, kechurdilar, koʻmak, kelganlar, oldarab, kema (2 marta), yuqqori, tortmay, kechgan, yeridin-oʻq, qoʻyaberdilar, qoʻrgʻon, oʻta, olmay, quyi, tushtilar, tush-tushdin, yalangʻochlab, kira, boshladilar, urusha, olmadilar) – turkiy (88%);
3 soʻz (va (2 marta), xabar) – arabiy (7%);
2 soʻz (pora, hech) – forsiy (5%);
Foiz hisobida:
turkiy – 88%;
arabiy – 7%;
forsiy – 5%.
Bu nisbatlarni butun asarga nisbatan ham qoʻllash mumkin.
XIX asr
Muhammadrizo Ogahiy, “Jome’-ul voqeoti Sultoniy” asaridan:
“Va tonglasi dushanba kuni taliʼai subhdin soʻng ul hazrat baʼzi sarkardalarning xizmat va gʻayrat umurida bagʻoyat kohil va noqobil erdilar, tugʻlarin olib, umaroyi ezom va sipahdori kiromdin baʼzi sadoqatandesh va shijoatkesh mulozimlargʻa inʼom qildilar”.
Ogahiy asaridan keltirilgan ushbu jumlada 34 soʻz ishlatilgan. Shulardan:
8 soʻz (tonglasi, kuni, soʻng, ul, erdilar, tugʻlarin, olib, qildilar) – turkiy (23,5%);
19 soʻz (va (5 marta), taliʼai, subh, hazrat, baʼzi (2 marta), xizmat, gʻayrat, umur, kohil, umaro, ezom, kirom, mulozim, inʼom) – arabiy (56%);
3 soʻz (dushanba, sarkarda, sipahdor) – forsiy (9%);
4 soʻz (bagʻoyat, noqobil, sadoqatandesh, shijoatkesh) – arabiy+forsiy (11,5%).
Foiz hisobida:
turkiy – 23,5%;
arabiy – 56%;
forsiy – 9%;
arabiy+forsiy – 11,5%.
Bu nisbatlarni butun asarga nisbatan ham qoʻllash mumkin.
Misollardan koʻrish mumkinki, Deylik, ming yil oldin yashagan Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida arabiy, forsiy soʻzlar taxminan 5 foizni tashkil etgan boʻlsa, Navoiyda bu koʻrsatkich 56,5 foiz (turkiy soʻzlar – 43,5%), Ogahiydan keltirilgan parchada esa oʻzlashgan arabiy-forsiy soʻzlar – 86,5 foizni (turkiy soʻzlar – 23,5%) tashkil etyapti. Ogahiyda forscha soʻzlar ham koʻp emas (9%), bundan koʻrinadiki, soʻnggi asrlarda tilimizda asosan arabiy soʻzlar (arabiy – 56%; arabiy+forsiy – 11,5%) koʻpaygan. Buni qarang, Ogahiy oʻz asarida taxminan 23–25% turkiy soʻzlardan foydalangan ekan.
Misollardan ham koʻrinadiki, yozma adabiyotimizda yildan-yilga, asrdan-asrga oʻtgan sari sof turkiy soʻzlar kamayib, arabiy soʻzlar miqdori oshib borgan. Buning oqibatida albatta juda koʻp turkiy soʻzlar arxaiklashgan, koʻp hollarda arabiy-forsiy soʻzlar ularni isteʼmoldan siqib chiqargan. Yaxshiyamki, koʻpgina soʻzlarimiz oddiy xalq soʻzlashuv tilida, shevalarda, xalq kitoblarida saqlanib qolgan.
Tilga eʼtibor borasida Bobur ijodi tahsinga sazovor, yuqorida keltirilgan misolimizda Bobur 88 foiz turkiy soʻzdan foydalangan, uning lugʻatida (yuqoridagi misolda) arabiy soʻzlar – 7 foiz (bor-yoʻgʻi 3 soʻz) va forsiy soʻzlar ham 5 foizni (atigi 2 soʻz) tashkil etgan. Menimcha, “Boburnoma” tilining jozibadorligi, samimiyati, sehri ham shunda boʻlsa kerak.
Abduvohid HAYIT