Shubhasiz, mutafakkir adib Yusuf Xos Hojib oʻz davrining eng eʼtiqodli kishilaridan edi. Ammo “Qutadgʻu bilig”da adib biror marta ham “Alloh” ismini qoʻllamaydi (Firdavsiy-da “Shahnoma”da asosan “Yazdon” ismini ishlatgan). Asar ushbu jumla bilan boshlanadi: “Hamdu sepasu minnatu өgdi Teңri ‘azza va jallaqa...” (Tangri azza va jallaga hamd, sipos, minnatdorchilik va maqtov...). Asar davomida “Alloh”, “Xudo” maʼnosida asosan “Bayat”, “Tangri” qoʻllanilgan (Maʼlumki, Islomdan oldin baʼzi sharqiy turkiy qavmlar buddaviylikka eʼtiqod qilgan. “Xudo” maʼnosidagi “bayat” soʻzi oʻsha davrlarda sanskritdan turk tillariga oʻzlashgan deb qaraladi). Adib Allohning sifatlarini ham koʻp oʻrinlarda turkcha soʻzlar bilan berishga harakat qilgan. Xususan, asarda “ugʻan” (“qodir”), “ulugʻlug‘ iḋisi” (“ulugʻlik egasi”), “erklig bayat”, “bag‘irsaq iḋi” (mehribon egam), “tөrүtgәn” (“yaratgan”), “yaratgʻan, igiḋgәn” (“parvarish etgan”), “iḋim” (“egam”) kabi sifatlar uchraydi. Paygʻambar esa asarda baʼzan “rasul”, koʻp oʻrinlarda: “Muhammad yalavach” (“Muhammad elchi”), “sevүg savchi” (“suyukli elchi”) kabi sifatlar bilan atalgan. Asarda, shuningdek, “jannat”, “doʻzax” soʻzlari ham uchramaydi, ular oʻrnida adib “uchmaq” (“jannat”), “tamug‘” (“doʻzax”) soʻzlarini qoʻllaydi.

Odam Ato va Moma Havvodan tarqagan degan maʼnoda bashariyatga nisbatan qoʻllanadigan “bani odam”, “odam bolasi” iborasi “Qutadgʻu bilig”da “apa ogʻlani” shaklida uchraydi. Qadimgi turkiyda “apa” (“aba”) hozirgi oʻzbek tilidagi “opa”ni emas, balki “ota”, “bobo” va umuman “odam” maʼnolarini anglatgan. Asarda shu kabi: “toat-ibodat” oʻrnida – “tapug‘”, “gunoh” – “yazuq”, “rizq” – “tirilgu”, “banda” – “qul”, “bandalik” – “qulluq”, “Allohning hukmi” – “bayat yarlig‘i”, “dunya” bilan birga “ajun”, “qiyomat kuni” – “kөnilik kuni” kabi soʻz va iboralar ishlatiladi.

Barcha din va falsafiy taʼlimotlarda “vujud” va “ruh” tushunchalari muhim ahamiyatga ega. Bu anglamlar Islomdan oldingi – moniylik, buddaviylik, zardushtiylik, nasroniylik taʼsirida boʻlgan turkiy xalqlar uchun ham begona emas edi. Oʻrta asrlarda koʻplab manbalar qadimgi turk tiliga tarjima qilinishi natijasida diniy-falsafiy atamalar shakllana boshladi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari ana shu zaminda yaratilgani uchun adibga arabcha “vujud” yoki “ruh” emas, balki turkiy soʻzlarni qoʻllash tabiiy edi.

Asarda: “Vujud” maʼnosida hamma oʻrinlarda “etөz” (tana, jism) atamasi qoʻllanadi. Shuningdek, baʼzan “tana” va “jasad” maʼnosida “kelbat” soʻzi ham ishlatiladi. “Ruh”, “jan” va “nafs” maʼnosida esa hamma oʻrinlarda “bogʻuz” soʻzi kelgan (forscha “jon” soʻzi turk tillariga diniy-falsafiy atama sifatida ilgariroq oʻzlashgan).

“Etөz үlgi barcha bogʻuzdin kirүr

Bu jan үlgi chin sөz qulaqdin kirүr.”

Maʼnosi: “Vujudning hissasi boʻgʻizdan kiradi, jon (ruh)ning hissasi chin soʻz boʻlib, quloqdan kiradi” (QB. T.: “Fan”.1971.200-bet).

“Qutadgʻu bilig”da Qurʼon oyatlari maʼnosi singdirilgan baytlar ham mavjud. Alloh ismini tilga olmasdan, uni “Yaratgan” yoki “Tangri” deb ona tilida atab ham iymon egasi boʻlish mumkin ekan.

Afsuski, O‘rta asrlarda shakllana boshlagan bu adabiy, falsafiy-diniy turkiy til keyingi davrlarda rivojlantirilmadi, chin turkiy atamalar oʻrnini arabiy va forsiy istilohlar egalladi. Natijada minglab soʻzlar isteʼmoldan qoldi va bu holat hozir ham davom etmoqda.

Abduvohid HAYIT