15 yoshli maktab o‘quvchisi Islom Xalilov asli qirg‘iz bo‘lib, otasi Baxtiyor Jalolobod viloyati Suzoq tumanidan, onasi Oypari esa O‘sh oblasti O‘zgan tumanidan. Islomning o‘zi esa Rossiyada tug‘ilgan. U oilada 3 nafar farzandning to‘ng‘ichi hisoblanadi.
Mudhish voqeaning sodir bo‘lishi Islomning navbatchiligiga to‘g‘ri kelib qolgan. U o‘sha kuni soat 16:00 da navbatchilikni olgan. Islom bir yildan beri “Krokus Siti Holl”da garderobchi bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
O‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan yosh xodim favqulodda holatlarda qanday harakatlanish bo‘yicha ko‘rsatmaga ega bo‘lgan. Garchi sarosimada bo‘lsa-da, u hodisa vaqtida o‘zini dadil tutgan va ham xodim, ham inson sifatida odamlarga yordam bergan. 15 yoshli o‘smir odamlarning xavfsizligini ta’minlash uchun ularni qayerga olib borish kerakligini bilgan va buni aniq bajargan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oddiy ish kuni edi. Birinchi qavatda g‘alati tovushlar eshitilgan, ammo hech kim shubhaga bormagan. Hamma eskalator buzilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan. Keyin odamlar zinadan tepaga qarab yugurib chiqa boshlagan. Shundagina u vaziyat yomonligini tushungan.
“Odamlar yugurgancha qichqira boshladi. Shunda tushundimki, agar shunchaki karaxt holatda tursam, nafaqat o‘z hayotimni, balki yuzlab odamlarni ham yo‘qotaman. Avvaliga biroz qo‘rqdim. Olomon orasida bo‘lganimda, eshikni ochayotganimda ular, ya’ni terrorchilar granata otishlari yoki otishma boshlashi mumkin, deb o‘ylardim. Xudoga shukur, o‘ylaganimdek bo‘lmadi. Eshikni ochishga muvaffaq bo‘ldim va hammamiz “Ekspo” tomonga o‘tishga ulgurdik”, deydi o‘smir.
Islomning onasi o‘g‘lining sog‘-salomatligidan xursandligini aytar ekan, farzandining bunday qahramonligidan faxrlanishini ta’kidlagan.
“U shok holatida edi. Men o‘zimni qo‘lga olib, uni ovutishga, qo‘llab-quvvatlashga qaror qildim. Albatta, biz u bilan juda faxrlanamiz”, degan ona.
“Onam boshimga bunday ishlar tushishganidan karaxt bo‘lib qoldi va yig‘ladi. Ko‘z o‘ngimda ro‘y bergan barchasidan o‘zim ham, to‘g‘risini aytsam, shokdaman. Ko‘z o‘ngimda bir kishini otishdi, bu narsa xayolimdan chiqmayapti”, degan yigit hikoyasi davomida.
Islomning bu xatti-harakatlari rostdan ham qahramonlik desa bo‘ladi. Chunki u ortidan kelayotganlarning jonini har daqiqada o‘ylagan. O‘smir odamlarni “Krokus Siti Holl”ga yondosh joylashgan “Krokus Ekspo”ning kirish joyiga olib borganda ham qo‘shni hududga o‘zi eng oxiri bo‘lib o‘tgan. Bunga u “boshqa hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun” deya izoh bergan.
Shuningdek, u o‘zini qahramon deb hisoblamasligini aytgan:
“Bu ishimning bir qismi edi. Yuzlab odamlarning qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘ygandan ko‘ra o‘zingni qurbon qilganing yaxshiroq”, degan u.
Ma’lumot uchun, Islomning bu jasorati hozir butun dunyoda olqishlanmoqda. Shuningdek, ko‘plab mashhurlar uning bu ishini taqdirlashni o‘zlarining burchi deb bilmoqda. Masalan, reper Alisher Morgenshtern o‘smirga million rubl yuborgan.
Islom bundan juda xursandligini aytar ekan, yig‘lagisi kelayotganini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘smirning oilasi bu pullarni kreditlarni to‘lash uchun ishlatadi.
Shu bilan birga, Moskvaning “Spartak” klubi ham unga klubning uy uchrashuvlari uchun abonement sovg‘a qilgan.
Rossiya bosh muftiysi Ravil Gaynutdin esa Islom Rossiya musulmonlarining “Xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganini ma’lum qilgan.
15 yoshli qahramon yigitga mazkur mukofot keyingi hafta, juma namozi vaqtida Moskvadagi Sobor masjidida topshiriladi.