Olimlarning hisob-kitoblariga koʻra, 4,57 milliard yil avval Yer kurrasi vujudga kelgan, 3,9 milliard yil avval esa ona zaminda hayot paydo boʻlgan. Odamzodning paydo boʻlish muddati borasida turli raqamlar keltiriladi. Ular nisbiy, bahsli va mavhum, ammo bir narsa aniq – odam oʻzini yovvoyi tabiatdan ajratgandayoq ongida “men” tushunchasi ildiz otgan.

Ilmiy farazlarga koʻra, odamga tashqi, sirli kuchning yoki transsendentning; yovvoyi tabiatda odam tasavvuriga sigʻmagan, ammo ibtidoiy kishini oʻylashga majbur qilgan tabiiy hodisalarning; tugʻilish va oʻlim, yer va osmon, onglilik va ongsizlik kabi qarama-qarshiliklarning taʼsirida “men” paydo boʻlgan. Agar birinchi va ikkinchi omillarda tashqi, yovvoyi va sirli kuch taʼsiri (yovvoyi tabiatdan toʻliq ajralmagan, instinktiv “men”) yetakchilik qilsa, uchinchisida ong, ziddiyatlarga boy borliqni anglashga intilish (yovvoyi tabiatdan oʻzini ajratgan, ongli “men”) poydor sanaladi. Bu juda murakkab, “men” bilan birga “meniki”, “oʻzim” va “oʻzimniki”, “sen” va “seniki”,  “u” va “uniki”, “ular” va “ularniki” kabi ziddaynlarga boy tafakkur bosqichi edi.

Olmon mutafakkiri Gyotening qahramoni Faust “Hayotim ne, mening oʻzim kimman?” degan savolni kun tartibiga qoʻygan edi. “Mening uchun olam jumboqdir, / Tafakkurdan juda yiroqdir”, deb xitob qiladi Faust ojizligini boʻyniga olib. Shunga qaramay, u odamzodga taalluqli ekanini isbotlamoq uchun oʻzini Mefistofel hukmi ostidagi dolgʻali hayotga topshiradi:

Ol bagʻringga, zamon toʻfoni,

Sarguzashtlar quchogʻiga ot.

Shavq-u dardga toʻla dunyoni,

Shodlikni ham, gʻam-u jafoni,

Visolni ham, hijron baloni

Bersin menga boricha hayot.

Eltsa faqat shiddat karvoni,

Oʻzligini topur odamzod.

(Gyote I. V. Faust. Toshkent, Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1985. 54-bet. Erkin Vohidov tarjimasi).

Shiddat karvoni betoʻxtov harakatda. Xoʻsh, odamzod oʻzligini, “men”ini topdimi, topurmi?..

“Men”ga oid animistik-totemistik, teomifologik, transsendental-teologik, biomaterialistik, subyektiv-idealistik, sosioantropologik kabi falsafiy-antropologik yondashuvlar mavjud. Bu sirada gnoseologik, sotsiologik, etnometodologik kabi talqinlarni ham sanash mumkin, biroq tadqiqot obyektining ichki tizimini haddan ziyod maydalashtirish anglash metodini chalkashtiradi (qarang: Декарт   Р. Сочинения в 2 томах. Том 1. Москва, “Мысль”, 1989. Стр. 250 – 256).

Animistik-totemistik yoʻnalish Eduard Taylor, Emil Dyurkheym, Sergey Tokarev, Sergey Tolstov kabi olimlar ilmiy izlanishlarida batafsil taʼriflangan. Jumladan, ingliz antropologi E.Taylor dunyo xalqlari hayoti va tafakkurida animizmning oʻrni boʻyicha fundamental tadqiqot oʻtkazgan. Uning fikricha, animizm ibtidoiy odamlarning yon-atrofidagi narsalarda jon, ruh mavjud, ular yaxshilikka yaxshilik, yomonlikka yomonlik bilan javob qaytaradi, degan qarashini ifoda etadi (qarang: Тайлор Э. Б. Первобытная культура. Москва, “Политиздат”, 1989). Mazkur qarash deyarli barcha dinlarda tajassum topgan. Hind faylasufi Nagarjuna (II – III asrlar) esa animistik tasavvurni oʻz turmush tarzi va gʻoyaviy-nazariy taʼlimotiga aylantirgan. U va uning izdoshlari yon-atrofimiz koʻzga koʻrinmas jonivorlarga toʻla deb hisoblagan, ularni yutib-oʻldirib qoʻymaslik uchun ogʻzi-burniga doka tutib, bosib oʻldirmaslik uchun esa yoʻllarini supirib yurganlar. Belga bogʻlangan supurgi nagarjunachilarning oʻziga xos belgisi boʻlgan (qarang: Радхакришнан С. Индийская философия. Том    1. Москва, “Иностранная литература”, 1957. Стр. 254 – 267).

Boshqa kosmologik qarashlarda ham tabiat, borliq bilan murosada yashash, yon-atrofdagi jonzot va narsalarga ozor yetkazmaslik kerak, shafqatsizlik javobsiz qolmaydi degan aqida uchraydi. Shu tariqa ikki “men”, yaʼni animistik tasavvurlarga ega ibtidoiy odam “men”i va joni, ruhiga ega yon-atrofdagi narsalarning “men”i paydo boʻlgan. Ibtidoiy kishi hali oʻzini tabiiy borliqdan toʻliq ajratmagan; animizmda uning “men”i tabiiy borliqning “men”iga aynandir. Ushbu dualizm totemizmda ham mavjud, biroq undagi ikkinchi “men” totemga (uning urugʻi) taalluqli. Ibtidoiy kishi duch kelgan narsani emas, oʻz tasavvuridagi hayvonni totem deb bilgan. Xullas, ilk odamlarning oʻzini tabiiy borliqdan farqlashi natijasida “men” – obyekt = “men” – obyekt antropologik modeli shakllangan. Ushbu model konseptual gʻoya sifatida butun falsafiy tafakkur tarixida turli koʻrinishlarda yashab keladi.

Ong, tafakkur va hayotiy tajribaning oshishi bilan “men”ga boʻlgan munosabat, antropologik talqinlar ham oʻzgargan. Jumladan, subyektiv omilning ahamiyati ortgan. Teomifologik va transsendental-teologik yoʻnalishlarda toʻplangan tajribalar, shuningdek, insonning “men”i hamda  “sen”, “u”, “ular” haqidagi differensial-antropologik qarashlarning ratsional ahamiyat kasb eta boshlashi subyektiv omillar taʼsiridan edi. “Men” – obyekt endi “men” – subyekt tarzida ham namoyon boʻla boshladi. Natijada “men” – obyekt = “men” – obyekt modeli oʻrtasida “men” – subyekt ham paydo boʻladi.

Yangi modelga xos munosabatlar, ziddiyatlar, toʻqnashuvlar falsafiy-antropologik taʼlimotlar negizida turli yoʻnalish va oqimlarni shakllantirdi. “Men” (Faust) va “u” (Mefistofel) oʻrtasidagi bahslar ongni, idrokni obyektivizm va subyektivizm, materializm va idealizm, ratsionalizm va irratsionalizm, modernizm va traditsionalizm, sivilizm va naturalizm kabilarga ajratib yubordi. Mefistofel “Men bilan birga yur, kezaylik jahon” deya Faustni sayohatga chorlagan edi. Yuqoridagi “izm”lar – Mefistofel chorlayotgan “jahon kezish”. U vaʼda beradi: “Senga shunday narsa etaman ato, / Uni koʻrmagandir bu yorug‘ dunyo”. U ruhlantiradi:

Oʻzingniki senga berilgan bu bosh,

Oʻzingniki yelkang, qoʻling, oyogʻing.

Hukm-u farmoningda ne boʻlsa yoʻldosh,

Demak, bu seniki, lozim bilmogʻing.

Va u ogohlantiradi: “Kalta oʻylamoqdir  bandalar  ishi, /  Oʻzing  ham emassan boshqadan ortiq”.

Insonga xos ushbu zaiflikni “men” konsepsiyalari mualliflari tan oladi. Teomifologik va transsendental-teologik konsepsiyalar esa “men”dagi zaiflikni kuchga aylantirishga urinadi. Teomifologik yoʻnalishda “men” maʼbudsifat, ammo insoniy istaklar bilan yashovchi alpodam, titanlar obrazlarida talqin qilinadi. Qadimgi Yunoniston va Rim mifologiyasidagi Xaos, Geya, Eros, Uran, Kron, Zevs, Tartar kabi maʼbudlar, Okean, Stiks, Tifon kabi ulkan haybat va kuchga ega titanlar ana shunday timsollardir. Ularning turmush tarzi, orzu-istaklari insoniy. Aynan insoniy “men” ularni yerliklarga aylantiradi. Masalan, samoviy Uran serhosil Yerga uylanadi. Ona Yer kuch-quvvatda tengsiz olti oʻgʻil va olti qiz – titanlarni dunyoga keltiradi. Keyin esa taxt talashuv mojarolari roʻy beradi (Кун Н. Легенды и мифы Древней Греции. Ташкент, “Ёш гвардия”, 1986. Стр. 4).

Eʼtibor qaratilsa, afsonalarda maʼbudlar va titanlarga insoniy sifatlar nisbat beriladi. Ularning ham oʻz “men”i va manfaatlari bor. Ular “men”subyektlardir. Umuman, barcha afsona va miflar ana shu antropologik paradigmaga qurilgan.

Teomifologik va transsendental-teologik yoʻnalishlardagi “men” tashqi “men”larni, ularning ijtimoiy borliqdagi oʻrnini eʼtirof etib, antropologiya obyekti doiralarini kengaytirgan. “Men”ning tashqi “men” orqali oʻzini namoyon etishi tarix sahnasiga yangi “men”lar chiqqanining inʼikosi edi. Zevs, Eros, Hermes, Apollon, Heraql, Prometey “men”lari faqat afsonaviy emas, tarixda ularning prototiplari mavjud.

Antropologiya uchun muhimi shundaki, tashqi “men”larning obyektivligi va oʻzining obyektiv talablariga ega ekani “men” mavjudligining kafolatidir. Bu tezis Rene Dekartning “Men fikrlayapman, demak, men mavjudman” degan tor, sensitiv-antropologik fikriga ziddir. Biroq u Jan Jak Russo va Klod Levi-Stross antropologiyasiga yaqin. Falsafada Russo birinchi boʻlib, “men”ning boshqa “men”lar bilan bogʻliqligini oʻrganishga daʼvat etdi, yaʼni insonni insoniyat kengligida oʻrganishga chorladi. Shu bois ham Klod Levi-Stross Russoni “antropologiyaning otasi” deb ataydi (Леви-Стросс К. Первобытное мышление. Москва, “Республика”, 1994. Стр. 22-23).

“Men”ning mavjudligi tashqi “men”lar tufayli; tashqi “men”larga butun subyektiv-obyektiv borliq kiradi. Bu esa uch pogʻona – “men” (biofiziologik mavjudot), tashqi “men” (psixosotsiologik mavjudot) va ichki “men”ga (intellektli mavjudot) ajratishga undaydi. Animistik-totemistik yoʻnalishda asosan biofiziologik omillar ustuvorlik qilgan boʻlsa, keyingi yoʻnalishlarda psixosotsiologik, oxirgi yoʻnalishda esa intellekt bilan bogʻliq omillar ustuvorlik qiladi. Biroq animistik-totemistik yoʻnalishga taalluqli ilk antropologik model hech bir yoʻnalish, hech bir pogʻonada mutlaq yoʻq boʻlib ketmaydi. Ular transformatsiyaga uchrashi mumkin, lekin oʻz taʼsirini saqlab qoladi, chunki insonning tabiat bilan uygʻunligi aksiomadir.

Transsendental-teologik    yoʻnalishda inson oʻzini chulgʻab olgan hayotiy muammolarga yechimni transendental “men”dan qidiradi. Xudo, sajda obyekti, qadamjolar va boshqa timsollar “men”ni oʻzidan yuqori, tajriba bilan anglab boʻlmaydigan “men” borligiga ishontiradi. U borliqni yaratgan, najotkor va mutlaq “men” deb taʼriflanadi. “Men” transendentni immanent, yaʼni tajribaga muvofiqlikning aksi oʻlaroq idrok etadi.  Bugun ong, bilim, hatto ilm sohasi ham diniy tajribaga tayanadi. Diniy tajriba jamiyat hayotidan tashqarida shakllanmaydi, u retrospektiv (tarixga qaratilgan) va perspektiv (kelajakka qaratilgan) anglash bilan uzviy bogʻliqdir. Falsafa va pedagogika fanlari doktori, professor M. Hojiyeva bunday yozadi: “Jamiyat taraqqiyotini teomifologik talqin qilish kishilarni ezgu amallar bilan, kelajakka ishonib yashashga daʼvat etishi bilan ibratlidir. Dinning avvalo axloqiy hodisa ekani, kishilar qalbida kelajakka umid uygʻotishi didaktik xususiyatga ega. Hatto u maʼlum bir dogmaga asoslansa, ushbu dogmasi orqali kishilarda kelajakka munosabatlar uygʻotsa-da, jamiyat va “men” taraqqiyoti doimo uning diqqat markazida turgan (Hojiyeva M. Jamiyat va inson falsafasi. Oʻquv qoʻllanma. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2021. 9-bet).

Teomifologik va transsendental-teologik konsepsiyalarda “men” fenomeni gʻayritabiiylikka singdirib yuborilsa-da, ular taraqqiyotining soʻnggi bosqichida paygʻambarlar, avliyolar va irfoniy komil shaxslar orqali ijtimoiy real voqelik kasb etadi. Ushbu ikki konsepsiya ilm-fan, ijtimoiy fikr, mental olam, ayniqsa, falsafaga chuqur taʼsir etgan. Hatto rus faylasufi Nikolay Berdyayev madaniyat va unga taalluqli barcha tushunchalar, jumladan, bilim, taʼlim, falsafa ham “kult”, yaʼni sigʻinish soʻzidan kelib chiqqan deydi (Бердяев Н. Философия свободы. Смысл творчества. Москва, “Правда”, 1989. Стр. 256 – 259). “Men”ning azaliy falsafiy mavzuga aylanishi ham N. Berdyayev taʼkidlagan “kult” taʼsiri tufaylidir. Agar fransuz olimi Blez Paskal insonni, “men”ni taajjubli mavjudot, “allaqanday yangilik, allaqanday maxluq, allaqanday xaos” deya hayratga tushsa, N. Berdyayev inson “men”i mavjud dunyodan sirli, u hanuz oxirigacha maʼlum emas deb hisoblaydi (qarang: Бердяев Н. Самопознание (Опыт философской автобиографии). Москва, 2018. Cтр. 14). Paskal konsepsiyasi   antropologik-kosmologik, Berdyayevniki esa antropologik-ekzistensional   xususiyatga ega. Yangi davr falsafasi asoschilari Frensis Bekon konsepsiyasi ssientik, Rene Dekart konsepsiyasi esa ratsionalistikdir. Bunday ilmiy bahslar keyingi davrlarda yashagan Hegel, Klod Helvesiy, Lyudvig Feyerbax, Artur Shopenhauer, Karl Marks, Fridrix Nitshe, Lyudvig Vitgenshteyn, Martin Haydegger, Xose Ortegai Gasset, Bertran Rassel, Mishel Fuko, Boris Ananev, Aleksey Leontev kabi olimlar izlanishlariga ham xos (qarang: Марков Б. Философская антропология. Очерки истории и теории. Санкт-Петербург, “Лань”, 1997). Ularning qarashlari xilma-xil, bahsli, goho bir-biriga zid. Ammo ular inson barcha gnoseologik muammolar markazida turuvchi, aql-idrokka ega, ijtimoiy borliqni yaratishga qodir mavjudot ekanini tan olishda yakdildirlar.

“Men” – sevishga va nafratlanishga qodir, transsendentni, komillikni topish niyatida oʻzidan oʻzmoqqa shay shaxsdir. Mefistofel bunga shubha bildiradi, uning nazdida, “men” – yolgʻonlarga ishonuvchan, tez egiluvchan mavjudot. Faustga ham ikkilanish, insoniy ojizlik xos. Oxirida unga Iloh, Pok ruh yordamga keladi. Shu tariqa Gyote “transsendent-men”ni najotkor obraz deya talqin qilgan. Bu, nazarimizda, Faust “men”ining oʻz taqdirini oʻzi yaratuvchi kuchga, obrazga aylanishini savol ostiga qoʻyadi.

Biomaterialistik yoʻnalish “men”ning tabiiy-biologik jihatlariga eʼtibor qaratadi. U tabiiy-biologik mavjudotning, yaʼni odamning ifodasidir. Darvin va darvinizm, baʼzi tadqiqotchilar yozganidek, odamdagi “men”ni rad etgan emas. Ammo bu taʼlimot “men”dagi biofiziologik jihatlarni oʻrganish bilan cheklangan. Vital borliq u uchun birlamchi, mental borliqning substansiyasi biologik omillarda. Mazkur konsepsiya bilan bahslashish pirovard natijada uning yetakchiligini eʼtirof etishga olib keladi. Chunki sotsioantropogenez xulosasiga koʻra, odamdagi ijtimoiylik, madaniylik uning borligʻida atigi 3 – 5 foizni tashkil etadi, qolgan 95–97 foiz esa biofiziologik omillar amridadir. Faylasuf-antropologlar, insonshunoslar, axloqshunoslar odamdagi ana shu 3–5 foiz ulushga daxldor muammolar bilan band.

Antropologlar inson va insoniylik masalalarini oʻrganishni Suqrot-Platon falsafasidan boshlaydi. Suqrot dialoglari, antropologik mohiyatiga koʻra, “men” va uning olamni bilish salohiyati haqidagi konseptual fikrlardir. Mutafakkir bilim, tarbiya, baxt, dovyuraklik, vatanparvarlik, adolat, goʻzallik, ezgulik, xullas, nima haqida fikr yuritmasin, nafaqat bilish jarayonining, shu bilan birga, oʻzlikni anglash va “men” shakllanishining ham murakkabligini uqtiradi. Bunga uning Meneksen bilan dialogini misol qilib keltirish mumkin (Платон. Собрание сочинений в четырех томах. Том 1. Москва, “Мысль”, 1990. Стр. 145–157). “Hech nimani bilmasligimni bildim” degan mashhur iqror esa shaxs va bilim shakllanishining murakkabligini tasdiqlaydi.

Subyektiv-idealistik yoʻnalish toʻgʻrisida gap ketganida, avvalo, ingliz faylasufi Jorj Berkli tilga olinadi. Faylasufning “jangovar idealizmi” cherkovni himoya qilishga qaratilgan. U obyektiv borliq “ruh”, “qalb”, “gʻoya” degan subyektiv tushunchalar va ularning kombinatsiyalaridir degan fikri bilan “men”ning bilish imkoniyatlarini kengaytirgandek boʻldi. Biroq faylasuf mavzuni falsafiy-antropologik tahlil qilishdan yiroq edi. “Men” haqidagi barcha konsepsiyalarda inson va insoniylik, insonning jamiyatga munosabati, bilish qobiliyati, boshqa “men”larning hayotiy tajribalarni oʻzlashtirishi kabi koʻpincha subyektiv xususiyatga ega yondashuvlar koʻzga tashlanadi. Inson oʻz insoniyligini, ijtimoiy munosabatlar subyekti ekanini nafaqat obyektiv faoliyatida, subyektiv qarash va fikrlarida ham ifoda etadi. Falsafa va antropologiya ham inson subyektiv-gnoseologik izlanishlarining mahsulidir. Dekartning boya eslaganimiz “Men fikrlayapman, demak, men mavjudman” degan subyektiv fikri falsafiy antropologiyaning oʻzagi hisoblanadi.

Subyektiv-idealistik yondashuvsiz ssiyentik falsafiy qarashlar, taʼlimotlar yoʻq. Ming afsuski, biz soʻz yuritayotgan konsepsiyaning subyektiv-idealistik yoʻnalish bilan bogʻliq jihatlari hali antropologlar diqqatini tortmagan. Kelgusi ilmiy izlanishlar ayni shu yoʻnalishga qaratilishi lozim.

Sotsioantropologik yoʻnalish “men”ning boshqa “men”lar, “sen”, “u”, “ular” bilan uygʻunligini ifodalaydi. Ular “men”ga nisbatan tashqi “men”lardir. Ushbu “men”lar kombinatsiyalari ijtimoiy munosabatlarni tashkil etadi va ularga dinamizm, yoʻnalish beradi. “Men”lar oʻrtasidagi aloqalar qancha keng va rang-barang boʻlsa, ijtimoiy munosabatlar shuncha rang-barang, demokratik va ochiq boʻladi. Rang-baranglik va ochiqlikka moyil boʻlmagan, tor manfaatlarga asoslangan munosabatlar turgʻunlikka, “men”ni maʼnaviy, gʻoyaviy va axloqiy degradatsiyaga yetaklaydi. Demak, “men”lar oʻrtasidagi munosabatlarning rang-barang va ochiqligi demokratik taraqqiyot uchun muhimdir.

Ijtimoiy munosabatlar “men”dan ekstravertlikni talab qiladi. Ekstravert, Karl Yung taʼbiri bilan aytganda, jamiyat, sotsium taraqqiyoti uchun intravertivligidan kechadigan, fidoyi shaxsdir (qarang: Юнг К. Психологические типы. Моск­ва, “АСТ”, 1997. Стр. 406–408). Ammo “men”dagi intravertlikni ego yoki egoizm bilan aynanlashtirmaslik kerak. Intravert boʻlmagan “men” yoʻq, biroq barcha “men”lar ham xudbin boʻlavermaydi. Egoizm intravertlikning radikal koʻrinishi, u shaxsiyatparastlik, tor manfaatlarga ergashuvni anglatadi. Nigilizmda ham radikal egoizm mavjud. Nitshe nigilizmi ana shunday mutaassibona xudbinlikka misoldir.

Intravert “men” poetik ijodda beqiyos tasvirlar va obrazlar yaratadi. Isteʼdodli shoir oʻz “men”iga oid kechinmalarni oʻquvchi “men”iga aylantira oladi. Masalan, xalq shoiri Muhammad Yusuf “Men bittadurman” sheʼrida bunday yozadi:

Sanam, sochingdan ham shaydolaring koʻp,

Husning oshiqlari – adolaring koʻp.

Nimang koʻp, koʻyingda gadolaring koʻp,

Ammo men bittaman, men bittadurman.

“Men” aslida yagonalikka, betakrorlikka ishora. Betakrorlik – chin shoirga xos fazilat. Inson, shaxs, fuqaro ham shunday boʻlmogʻi darkor. U insonligi, qadri yuksak shaxsligi, maʼnaviy kuchi va intellektual salohiyati bilan benazirdir.

Insonni ulugʻlash – uning “men”ini ulugʻlash, shaxsga ishonch – uning “men”iga ishonch, asli. Shuning uchun “men”ning ijtimoiy makondagi oʻrni liberal-demokratik qadriyatlar bilan belgilanadi. Mohiyatan “men”larning rang-barangligi tarafdori boʻlgan bu qadriyatlar insonga har doim ham, ayniqsa, ular ijtimoiy fikrni shakllantiruvchi badniyat va kaltafahm arboblar izmida boʻlsa, ijobiy taʼsir etavermaydi. Kant, Hegel, Monteskyo, Russo kabi faylasuflar ilgari surgan mumtoz liberal-demokratik qadriyatlarni asrab qolish uchun ijtimoiy taraqqiyot, erk va hayot tarafdorlari boʻlgan “men”lar ittifoqi zarur.

“Men” konsepsiyalariga xos falsafiy-antropologik gʻoyani oʻzida jamlagan Faust umriga yakun yasayotib bunday deydi:

Uzoq hayot yoʻlin oʻtdim-u bosib,

Olam hikmatini ayladim yakun.

Kim erk, hayot deb jang qilolsa har kun –

Erk-u hayot uchun oʻsha munosib.

Bugun insoniyat va ijtimoiy taraqqiyot ham erk uchun, hayot uchun kurashib yashovchi “men”larga oʻta muhtoj.

Viktor ALIMASOV

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Oʻzidan oʻzgan – tushovlarni uzgan” maqolasi