Har bir rejissyor oʻziga oʻxshagan odamlar haqida film ishlashi rost gap. Agar rejissyor shaxsi qoʻrqoq boʻlsa, qoʻrqoqlar haqida, mard boʻlsa, mardlar haqida, silliq boʻlsa, silliqlar, isyonkor boʻlsa, isyonkorlar haqida ishlangan filmlar ozmi? Bu gapni Federiko Fellini ham tasdiqlaydi: “Umrim davomida yettita film ishladim, lekin hammasi ham oʻzim haqimda edi...”. Shu formulada jon bor, deb hisoblasak, endi Jaxongir Qosimov hisobidagi obrazlarni tahlil qilamiz: xukmfarmo Asadbek, chapani Bolta Mardon, haqiqatparvar Murodxon aka, donishmand Isʼhoqxon Ibrat... Jaxongir Qosimov... Shubxasiz, oʻzbek kinosining keyingi yigirma yillik tarixida uning munosib oʻrni bor. Maqtovlaru tanqidlar, eʼtiroflaru eʼtirozlar - barcha-barchasi uning tegrasida aylangan paytlar boʻldi. Lekin Asadbekning shaxsiyati (“Shaytanat”), Bolta Mardonning chapaniligi (“Suv yokalab” ), Murodxon akaning keskirligi (“Dev va pakana”), Ibrat domlaning zakovati tufayli u barchasini yengib oʻtdi. Kurashdi, gʻolib keldi, boy berdi, qaytarib oldi.... Lekin men ayni damda uning filmlaridagi qahramonlar haqida emas, anashu obrazlarga umrini bergan rejissyorning mulohazalari haqida suxbatlashishni istadim.
– Jahongir aka, yaqinda adabiyotshunos olim, “Oʻzbekkino” direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizaev “Hozirgi kunda tarixiy mavzudagi filmlarni tasvirga olishga katta ehtiyoj ham, mablag‘ ham yetarli, lekin, afsuski, salohiyatimiz, bilimimiz yetmayapti” dedi. “Nazira”, “Ibrat” kabi tarixiy filmlar tasvirga olgan rejissyor sifatida Shuhrat akaning bu fikriga munosabatingizni bilmoqchiman.
– Shuhrat akaning yetarli asosi bordirki, gapirgan, mening fikrimni bilmoqchi boʻlsangiz, eshiting: avvalo, ijodkorga ishonish kerak... Gap faqat men haqimda emas... Umuman aytyapman, ijodkorga yetarli sharoit va ishonch boʻlmas ekan, ming urinsa ham filmi yaxshi chiqmaydi... Sizga bir voqeani aytay: debyut ishim “Changak”ni suratga olganimda Melis Abzalovdek katta rejissyor meni izlab televideniyaga kelgan, “Shu yigitni chaqiringlar, u bilan gaplashmoqchiman” deb erinmay ostonada kutib turgan. Soʻng mashinasiga solib, “Oʻzbekfilm”ga olib ketgan. Oʻzimda yoʻq xursand edim, chunki ilk filmimdan soʻng kimsan Melis Abzalov meni yoʻqlab kelib turgan boʻlsa-yu, doʻppingni osmonga otavermaysanmi!... Shu ishonch butun hayotimni oʻzgartirib yubordi. Boʻlmasa haligacha “egizak” koʻrsatuvlarga rejissyorlik qilib yurgan boʻlardim...(kuladi)
Qolaversa, kino ishlash degani bu–kitob yozish yoki chizishmas...U boshqa sanʼat... Bizda tarixiy filmlar ishlash boʻyicha avvaldan tajriba boʻlgan...”Vatan” , “Qoʻrgʻoshin”, “Qoʻqon shamoli” kabi tarixiy filmlar ishlandi, qaysisi yaxshiroq, qaysisi boʻshroq chiqqandir. Lekin “Oʻzbekkino” tomonidan berilgan mablagʻga yarasha film ishlanyapti baribir.
– Ozod Sharafiddinovning bir gapi bor-ku: “Ishinga yarasha mablag‘ ololmasang, mablagʻga yarasha ish berishni boshlaysan”...
–Albatta, berilayotgan puliga yarasha film ishlanyapti. Buni hamma koʻrib turibti. Bilasizmi, Hollivud ijodkorlari tarixiy filmlardan pulni ayamaydi. Ijodni ham qiladi, foydani ham koʻradi. Qaysi ssenariy qancha daromad keltirishini ular oldindan chamalab qoʻyishadi. Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, biz kinoni na biznesga aylantirishni oʻrgandik, na tuzukroq ijod qilishni...Yaqinda rejissyor Orsen Uellsning “Mank” filmini koʻrdim. Unda ham ijodkorlar dardi ochib berilgan.
– Rejissyorning erkin ijod qilishiga kim yoki nima xalaqit beradi?
– Bilasizmi, bizda bitta rejissyorning ishiga oʻnta ekspert bakovul. Bloger ham, adabiyotshunos ham aql oʻrgatib yotibdi. Rejissyor oʻjar boʻlishi kerak demayman, ammo prinsipial (toʻxtamli) boʻlishi kerak. Yaqinda vafot etgan rus rejissyori va aktyori Vladimir Menshov bir kinofestivalda xayʼat raisi edi. Manfaatparastlar konvertning ichiga “Xuliganlar” degan sayozroq filmning nomini yozib sahnaga chiqayotgan Menshovga uzatadi. Hammaning oldida “gʻolib”ning nomini eʼlon qilib yuboradi deb oʻylashgan boʻlsa kerak-da. Ammo Menshov oʻz bilganidan qolmaydi, barchaning koʻz oʻngida konvertni ochib oʻqiydi va yerga tashlab yuboradi. Mana xarakter, mana shaxs... Joʻn filmlarga uning isyoni shunday edi... Har bir ijodkor shaxs boʻlishi kerak. Oltmish yoshga kiray, keyin shaxsga aylanaman, ellikka kirsam shaxs boʻlaman deyish notoʻgʻri. Shaxs odamning ichida yashaydi. Ijodkor yo shaxs boʻladi, yoki boʻlmaydi , vassalom... Hammadan xam lider chiqmasligi mumkin, maktabda ham sinfboshi bitta bo‘lgan-ku. Lekin odam oʻz ichida shaxsni tarbiyalashi mumkin. Rejissyorga nima xalal beradi deyapsiz, unga avvalo shaxsga aylanolmagan ichidagi “rejissyor” xalaqit beradi.
– Gap kelganda, soʻrasam: “Oʻzbekkino” dastlabki yillarda turgʻunlik davrini ham boshdan kechirdi, filmlar toʻxtab qoldi, usha paytda baʼzi rejissyorlar chet elga ketishdi. Siz chi? Nega ketmagansiz?
– Qolgan bir men emas, Shuxrat Abbosov, Zulfikor Musoqov, Ravil Botirov ham kolishdi. Gap ketish yo qolishda ham emas aslida. Bu yerda boshqa masala ham borligini unutmaslik kerak. Toʻgʻri, Ali Hamroev, Elyor Eshmuxamedov, Yusuf Roziqovni xam tushunaman, ular 40-45 yoshdan oshgandi. Umr oʻtib ketyapti . Suvoqchilik qilolmasa, gʻisht terolmasa, ijoddan boshqasi qoʻlidan kelmasa, nima qilishi kerak? Odamlar faqat qorin gʻami bilan yashayotgan ogʻir paytlar edi...
Bunday jarayonlar birgina bizning boshimizdan oʻtgan emas. Masalan, Amerikaga juda koʻp rejissyorlar chetdan kelgan. Chexiyalik rejissyor Milosh Formanning taqdirini eslang. Oʻz yurtida ish topilmadi, buning ustiga u “qora ro‘yxat”ga ham tushib qolgan edi. Hollivudga borib, omadini sinab koʻrdi, avval yordamchi rejissyor boʻlib ishladi, oʻn ikki yil deganda “Kakku uyasi uzra parvoz” filmini suratga olib, oʻzining kimligini isbotladi. Ali akani ham, Elyor akani xam ayblamayman. Ketganlar yutqazdi yoki qolganlar yutdi deyishdan ham yiroqman. Har kim oʻz taqdiriga oʻzi javob beradi. Lekin ketib u yokda ham bir narsani qoyillata olmasa, unda qiyin... Yusuf Roziqov dunyoga oʻzining kimligini isbotlab berdi. Temur Qobulov, Jahongir Fayziev, Rauf Kubaev ham film ishlayapti... Milosh Formanning alami ichida edi, unga koʻp nohaqlik qilishgan, lekin yurtini sotmadi. Tarkovskiy ham SSSRdan ketib, vatanini sotmadi.
– Taniqli rejissyor Yolqin Toʻychiev bir suhbatida “Hozir faqat kinochi kino olishni bilmayapti, qolgan hamma kino ishlashni biladi” deya kinoya qilgandi ...
– Toʻgʻri gap... hozir hamma bakovul dedim-ku, lekin ijodkor muhit tanlamasligi kerak , u qanday sharoitda ishlashidan qatʼi nazar, ijod bilan band boʻlishi lozim. Mixail Bulgakov qayerda ijod qilganini bilasizmi? Yertoʻlada ishlagan, buyuk musavvir Nika Pirosmani-chi? U doʻkonlarning reklamasini chizib kun koʻrgan. Keyin ham qashshoqlikdan chiqolmay oʻlib ketdi. Shu maʼnoda Yolqinning kinoyasi oʻrinli. Texnikani sotib olish, aktyorni yollash mumkin, ammo ssenaristni yollab ham, sotib olib ham boʻlmaydi . U did va savqi tabiiy bilan bogʻliq. Kino esa yaxshi ssenariylarga hamisha muhtoj.
– Amerikalik rejissyor Orsen Uellsning mana bu fikrini yaxshi koʻrasiz, shekilli, uchrashuvlarda koʻp qoʻllaganingizni eshitganman: “Kinoda yo xarakter boʻladi, yo qurbaqa boʻladi. Xarakteri topilsa bu kino, aksincha boʻlsa bu kino emas...”. Xoʻsh, xarakter borasida qarashlaringiz oʻzgardimi?
–Hozir ham shu fikrdaman. Yoshligimizda bir multfilm boʻlardi : qurbaqa gʻozlarga meni xam koʻtarib, osmonga uching deb iltimos qiladi. Choʻpni tish layman, koʻtarib osmonga uchasiz deb oʻzicha “innovatsion” yechim ham taklif qiladi. Shunda odamlar osmonga qarab, ana qurbaqa ham uchyapti desa, bundan hayratlangan baqa “Men oʻylab topdim, men!” deb baqirib yuboradi va pastga qulaydi . Oʻzim xam shunday holatga koʻp tushganman. “Changak” filmi haqidagi fikrlarni eshitish uchun atay trolleybusga chiqdim, odamlar u haqida oʻzaro soʻzlashayotganini eshitsam, “Oʻsha rejissyor menman, hammasini men qildim!” deyishdan har safar zoʻrgʻa oʻzimni toʻxtatib qolardim. Hozir kinoda maqtanaverib qurbaqaning koʻyiga tushganlar kammi?
– Kuzatsam, ijodingizda yozuvchi Murod Muhammad Doʻstning oʻrni boʻlakcha.. Doʻstning oʻrni boʻlakcha... Albatta, bu hamkorlikdan oʻzbek kino sanʼati yut sa-yutdiki, yutqazmadi. Eshitishimizga qaraganda, hattoki “Ibrat” filmi ssenariysi mualliflaridan koʻnglingiz toʻlmay, baribir u kishiga koʻz yugurtirib berishini iltimos qildingiz ... Nega, boshqa ssenaristlarga ishonmaysizmi?
– Nega, ishonaman, albatta. Shubxasiz , Murod aka katta yozuvchi... Yozgani boshqa, aytgani boshqacha emas, butun inson, butun yozuvchi.... Bilasiz, “Dev va pakana”, “18-kvadrat” filmlarini birga ishlaganmiz. U rejissyorga yordam beradi.