Karimbek Sharifbek oʻgʻli – Kamiy (1865–1922) – milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining yirik vakillaridan biri. 1890-yillardan shoir sifatida tanilgan. Kamiy mumtoz sheʼriyatning gʻazal, murabba’, muxammas, musaddas, ruboiy, qitʼa, fard janrlarida qalam tebratdi. Ijtimoiy-falsafiy ruhdagi manzumalar yozdi. Adabiy-ijtimoiy hayotdagi eng muhim voqealar sanasini oʻzida darj etgan tarixlar yaratdi. Shoirdan 6000 misraga yaqinroq adabiy meros qolgan.

Kamiy ijodi murakkab, dunyoqarashi ziddiyatli. Shoir oʻzining “Temir yoʻl xususida”, “Dilki millat gʻamida qon oʻldi…”, “Soldi beilmlik xatolargʻa” kabi qator sheʼrlarida xalqni maʼrifatli boʻlishga daʼvat etgan.

Shoirning joʻshqin ishqiy gʻazallari, zaharxanda va dadil ijtimoiy manzumalari, millat kelajagiga kuyunib, uning farzandlarini ilm-maʼrifatga daʼvat etgan sheʼrlari oʻz davrida katta mavqega ega boʻlgan.

Taʼkidlash joizki, Kamiy sheʼrlarida charxning “ravishi kaj” (qingʻir yoʻl)ligidan to zolim podshohning zulmigacha, ochlik yillarining “suubatu alami” (qiyinchilik alami)dan Fevral burjua inqilobining “sururi”gacha, Oktyabrning “ranj-u zulmi”dan boshlab Turkiston Muxtoriyatini qonga botirgan bolsheviklarning “feʼli bad”i (yomon ishlari)gacha oʻz ifodasini topgan.

Tarixdan maʼlumki, XX asrning boshlarida oʻzbek xalqi tarixida oʻchmas iz qoldirgan, ozodlik va mustaqillik gʻoyalarini oʻzida mujassamlashtirgan, oʻlkadagi birinchi milliy-demokratik davlat tuzilmasi – Turkiston Muxtoriyati tashkil etiladi. Afsuski, uzoq yillar mustamlaka zulmi ostida yashagan Turkiston xalqining azaliy orzu-umidlarini oʻzida namoyon etgan, ularning manfaatlariga toʻla mos keladigan Muxtoriyat yangi mustabid bolsheviklar tomonidan shafqatsizlarcha tor-mor keltirildi.

1918-yil fevralida Qoʻqonda sodir boʻlgan ana shu fojeali voqea koʻpchilik vatanparvar shoirlar qatorida Toshkandiy Kamiyni ham befarq qoldirmadi. Ijodkorning “Al-Izoh” jurnalining 26-sonida (21-mart 1918-yil) eʼlon qildirgan “Afsusnoma Xoʻqand fojeasina” sarlavhali muxammasi aynan Qoʻqon shahrida bolsheviklar tomonidan qurolli bosqin yoʻli bilan Muxtoriyat tugatilishi voqealariga bagʻishlanadi.

Maʼlumot oʻrnida:

“Al-Izoh” jurnali 1917-1918-yillarda Toshkentda nashrdan chiqarilgan. Jurnal XX asrning boshlarida turkistonliklarning milliy manfaatlarini ifoda etuvchi, hayotning turli sohalarini yorituvchi, oʻlkada roʻy berayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar va madaniy voqealardan xabar beruvchi milliy matbuot nashrlaridan biri boʻlgan.

Uning muassisi boʻlgan “Ulamo” jamiyati esa 1917-yilning iyun oyida Toshkentda bir guruh ulamolar tomonidan “Shoʻroi islomiya” tashkiloti bilan umumiy ish koʻrish bilan barobar, millatlar hamda musulmonlarning axloqiy asoslarini muhofaza qilish, musulmon fuqarolar orasida diniy zaminda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har xil shikoyat va anglashilmovchiliklarni hal etish maqsadida taʼsis etilgan.

1917-1918-yillardagi murakkab siyosiy jarayonlar, siyosiy guruh va firqalarning oʻlkada kechayotgan mavjud ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabati Turkistonning deyarli barcha matbuot nashrlari qatorida “Al-Izoh” sahifalarda ham oʻz aksini topgan.  Jurnalning adabiyot sahifasida chop etilgan oʻzbek va tojik tillaridagi sheʼrlar alohida eʼtiborga egadir.

Uning sonlarida Sirojiddin Mahdum Sidqiy, Vasliy Samarqandiy, Kamiy Toshkandiy singari taniqli shoirlar bilan birga oʻsha davrda ijod etgan, biroq ijodi hali atroflicha oʻrganilmagan Mulla Sodiq Iymonquliy, Mubashshirxon Mahdum Al-Bashariy, Mulla Muhammad Yusuf (Ramziy) Toshkandiy, Al-Muʼtarif mulla Abdulqodir Toshkandiy, Jaloliddin Xoʻja bin Eshon Xoʻja, mulla Nasriddin mulla Karim Oxund oʻgʻli Gʻurbatiy singari shoirlarning ham diniy, ijtimoiy-siyosiy mazmundagi sheʼrlari berilgan”.

Ana shunday sheʼrlardan biri Kamiyning yuqorida qayd etilgan muxammasi boʻlib, uning ilk bandidanoq misralar taassuf-u dard ila yozilganini payqash mumkin. Kamiy bir oʻrinda Fargʻona xalqi “Sulh debon necha zamon rus eligʻa koʻz tutti” deydi. Lekin, ming afsuski, mazlum xalqning yana aldanishi maʼlum boʻldi.

Sulh oʻrniga ular ustiga qahr-u gʻazab yogʻildi. Kamiy nadomat bilan buni “Bolshiviklardin alar uzra itob oʻldi, darig‘” shaklida ifodalaydi. Shahar vayron qilindi, xalq qirib tashlandi, nomusi poymol etildi. Qurolli bosqin oqibatidagi Qoʻqon shahrining ayanchli manzaralarini shunday taʼriflaydi:

Voy, yuz voyki Fargʻona xarob oʻldi, darig‘,

Zulm oʻqi birla bukun gardu turob oʻldi, darig‘,

Bu musibatdin ulus chashmi yirob oʻldi, darig‘,

Hamma katta-kichik bagʻri kabob oʻldi, darig‘,

Shahar obod edi chun dashti sarob oʻldi, darig‘.

Aholining kechirgan azob-uqubatlarini esa quyidagi misralarda yaqqol koʻrishimiz mumkin:

Boʻldilar otasidan ul kuni farzand judo,

Ochlik muxtasidan koʻzigʻa kun boʻldi qaro,

Hikmating bilmam yo Rab, sen oʻzingsan dono,

Hech bandaning boshina boʻyla musibat solma,

Bu musibatlara Xoʻqand eli bob oʻldi darig‘.

Biroq shunda ham bolsheviklarning koʻngli taskin topmaydi. Mazlumlar mol-mulkini talon-toroj qiladilar. Otning oʻlimi itning bayramiga aylanadi. Fojealarning asl sababchilari boʻlgan bolsheviklarning kirdikorlari tigʻli qalam bilan ochiq fosh qilinadi:

Bolsheviklarning zulmimi yo feʼli badi,

Zar-u amvollarin qoʻymadi mundog‘, taladi,

Boʻlmayin qolmadi taroj gilam-u namadi,

Monei zulm-u taʼaddi boʻla olmay hadi,

Vohki mazlumlara yavmul hisob oʻldi darig‘.

Kitobxonlarga Kamiyning “Afsusnoma Qoʻqon fojeasina” muxammasining toʻliq matnini hozirgi alifboga oʻgirgan holda, hozirda isteʼmoldan chiqqan qator soʻzlarning izohi bilan taqdim qilamiz.