🇺🇿🇹🇷BIR ILDIZ, BIR MAʼRIFAT:
OʻZBEKISTON — TURKIYA DOʻSTLIK KOʻPRIGI
Joriy yilning 4–10 oktyabr kunlari Turkiyaning Xatay, Anqara va Istanbul shaharlarida Oʻzbekiston va Turkiya olimlari hamda ziyolilari forumi boʻlib oʻtadi. Forum Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, "Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati hamda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilmoqda.
Forumdan koʻzlangan asosiy maqsad — ikki qardosh xalqni mushtarak tarix, til, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar asosida yanada yaqinlashtirish, ilmiy-maʼrifiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, olimlar va ziyolilar oʻrtasida tajriba almashinuvini kengaytirishdan iborat.
Loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan birgalikda keng nishonlashga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ham tashkil etiladi. Ularda Vatan mustaqilligi, milliy taraqqiyot, tarixiy xotira va yurtdoshlarimizning Oʻzbekiston bilan maʼnaviy aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Forum dasturidan Xatay viloyatida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, Xatay Mustafo Kamol universiteti, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi va Istanbul Madaniyat universitetida uchrashuvlar, "Mustaqillik zafarnomasi" kitobining taqdimoti hamda hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimlari oʻrin olgan. Shuningdek, Xatay viloyatida Oʻzbekiston va Turkiya xalqlarining tarixiy-madaniy mushtarakligini keng targʻib etishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy dasturlar amalga oshiriladi.
Forumning muhim tadbirlaridan biri — turkiyalik olim va jamoat arbobi Kemal Yavuz Atamanning "Men tanigan Oʻzbekiston" kitobining taqdimotidir. Mazkur kitob Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan oʻzbek va turk tillarida nashr etilgan. Kitobda Oʻzbekistonning tarixi, bugungi taraqqiyoti, xalqimizning boy madaniy-maʼnaviy merosi hamda muallifning mamlakatimiz haqidagi taassurotlari aks etgan.
Forumda professor Abduhalil Mavrulovning "Oʻzbekiston madaniyati tarixidan lavhalar" kitobi taqdimoti ham oʻtkaziladi. Shuningdek, "Mehr qanotida" ijtimoiy loyihasi boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish, "Bir dasturxon — ikki qardosh xalq" loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram