🇺🇿🇹🇷BIR ILDIZ, BIR MA’RIFAT:

O‘ZBEKISTON — TURKIYA DO‘STLIK KO‘PRIGI

Joriy yilning 4–10 oktyabr kunlari Turkiyaning Xatay, Anqara va Istanbul shaharlarida O‘zbekiston va Turkiya olimlari hamda ziyolilari forumi bo‘lib o‘tadi. Forum Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ikki qardosh xalqni mushtarak tarix, til, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida yanada yaqinlashtirish, ilmiy-ma’rifiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, olimlar va ziyolilar o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirishdan iborat.

Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan birgalikda keng nishonlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etiladi. Ularda Vatan mustaqilligi, milliy taraqqiyot, tarixiy xotira va yurtdoshlarimizning O‘zbekiston bilan ma’naviy aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Forum dasturidan Xatay viloyatida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, Xatay Mustafo Kamol universiteti, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi va Istanbul Madaniyat universitetida uchrashuvlar, "Mustaqillik zafarnomasi" kitobining taqdimoti hamda hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimlari o‘rin olgan. Shuningdek, Xatay viloyatida O‘zbekiston va Turkiya xalqlarining tarixiy-madaniy mushtarakligini keng targ‘ib etishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy dasturlar amalga oshiriladi.

Forumning muhim tadbirlaridan biri — turkiyalik olim va jamoat arbobi Kemal Yavuz Atamanning "Men tanigan O‘zbekiston" kitobining taqdimotidir. Mazkur kitob O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘zbek va turk tillarida nashr etilgan. Kitobda O‘zbekistonning tarixi, bugungi taraqqiyoti, xalqimizning boy madaniy-ma’naviy merosi hamda muallifning mamlakatimiz haqidagi taassurotlari aks etgan.

Forumda professor Abduhalil Mavrulovning "O‘zbekiston madaniyati tarixidan lavhalar" kitobi taqdimoti ham o‘tkaziladi. Shuningdek, "Mehr qanotida" ijtimoiy loyihasi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, "Bir dasturxon — ikki qardosh xalq" loyihasi doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram