Turk el-uluslarining beshiklaridan biri – Ulug‘ Idil (Volga) irmogʻi boʻyida yashovchi chuvashlar uzoq qardoshlar sifatida oʻzbeklarni qiziqtirib keladi. Oʻtmishda “Suvar”, “Bulgʻor” nomlari bilan tanilgan bu el bundan 1,5–2 ming yillar oldin Idilboʻyida qoʻnim topgan. Turkiy elatlarga tushunarli tildan uzoqlashib, shu til tarmoqlaridan biri – “xun tili”ni saqlab qoldi. Bugungi kunda 1 milliondan ortiq chuvashlar shu tilda soʻzlashadi. Mazkur maqolada chuvash soʻz sanʼatining ayrim injaliklari bilan tanishamiz.

Chuvash elining ulug‘ shoiri Peder Xuzangayning “Atăl Atte Çĕr-Şıvĕ” (Ota Idil Yer-Suvi) toʻrtligini erkin yondashuv bilan oʻzbek tiliga oʻgirdik. Bunda bizni umumiy turk oʻtmishiga bogʻlab turgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lugʻatit turk” asariga tayandik.

Toʻrtlikning oʻzbekcha oʻgirmasi:

Атăл Атте Çĕр-Шывĕ

Атăл аннеçĕм ‒ тенĕ вырăссем,

Атăл аттеçĕм ‒ тенĕ чăвашсем.

Мăн Атăл хĕрринче мĕн авалтан

Хунанă халăх – пирĕн йăхташсем!

Кунти çын вăрманне, çĕрне-шывне,

Уйне-хирне савать чунтан-вартан!

Шур хурăна илемлĕ пулнăран

Хурăн савниçĕм тет вăл авалтан.

Мăнаçлă та пит çирĕп пулнăран

Юман атте ят панă юмана.

Çемçе, ачаш та çепĕç пулнăран

Çăка анне ят панă çăкана.

Ку вăл Чăвашăн çĕрĕ! Манăн çĕр!

Эп пĕчĕкрен пурнатăп çакăнта.

Ман савнă Чăваш енĕм – Атăл ен,

Санпа эп мухтанатăп яланах!

Ota Idil Yer-Suv

Idil – “ona” deya aytishgan ruslar,

Idil – “ota” deya aytar chuvashlar.

Ulug‘ Idil boʻyida eski chogʻlardan,

Unib-oʻsgan el – bizning qondoshlar!

Bu yerdagi kishi sevar yer-suvni,

Oʻrmon-u adirni sevadi chindan.

Oqqayin koʻrkam-u koʻp suluv boʻlgan,

Uni “suyganim” deb atar eskidan.

Ulugʻvor va oʻta berk boʻlgani uchun,

“Ota” deb ot qoʻygan u kun emanga.

Erka-yu inja va suluv boʻlgan,

“Ona” deb ot qoʻygan ular joʻkaga*.

Bu – Chuvash yeri! Mening oʻz yerim!

Kichikligimdan mening yashagan yerim!

Suyganim Chuvashdir – Idil oʻlkasi,

Senga maqtovlar-la oʻtar har kunim!

*joʻka – lipa deb ham yuritiladigan ogʻoch (daraxt) turi.

Ushbu toʻrtlikdan koʻrinadiki, barcha turk ellari uchun ardoqli boʻlgan Idilboʻyi chuvashlar uchun ham suyukli oʻlka. Ming yillardir ularning ota-bobolari irmoqlar-u koʻllari moʻl bu oʻlkada yashab, oʻzlaridan yaxshi iz qoldirgan. Shivirlagan oʻrmonlar-u koʻm-koʻk yaylovlar, chechaklarga toʻla qir-adirlarni qamrab olgan bu yurt turgʻunlari boshqa turk qondoshlaridan birmuncha uzoq, mordvin, mari, Udmurt kabi fin-ugor el-uluslari bilan qoʻshni. Shuning uchun ular bir qarashda oʻz qardoshlarining tilidan oʻzgacharoq tilda soʻzlashayotgandek tuyuladi. Biroq tanishganingiz sari bundan ikki ming yil ilgari soʻzlashilgan tilga yaqinlashib borayotganingizni anglab, oʻz-oʻzidan “bu til mening tilimning yondoshi-ku, qondoshi-ku!” deb quvonasiz.

Chuvash tilining boshqa turkiy tillardan ayro tomonlariga qisqacha toʻxtalib, yuqorida keltirilgan toʻrtlikdagi soʻzlarni oʻzbekcha bilan solishtirib oʻtsak:

1. Chuvash va oʻzbek tili bugungi kunda boshqa-boshqa tarmoqlar (oʻgʻuz va qarluqcha)da boʻlsa-da, har ikkisi turk ildizida tutashib, biri eski turkcha – Oʻrxun-Enasoy bitiklari tilidagi soʻzboshi “y” (eng eski turkcha “d”) tovushini “ç” (ch) deb soʻylasa, ikkinchisi esa “y” koʻrininshida saqlab qolgan. Qizigʻi shundaki, chuvashlarning bu “ç” tovushi “ch” bilan “sh” orasidagi bir tovushdir.

– Eski turkcha “yer” – chuvashcha “çĕr” – o‘zbekcha “yer”.

– Eski turkcha “yol” –  chuvashcha “çul” – oʻzbekcha “yol (yoʻl)”.

2. Soʻz oʻrtasi va soʻngidagi Eski turkcha “z” tovushi chuvashchada “r” oʻlaroq saqlangan (rotatsizm):

– Eski turkcha “qïz” – chuvashcha “xïr” – o‘zbekcha “qiz”.

– Eski turkcha “säkiz” –  chuvashcha “sekir” – oʻzbekcha “sakkiz”.

3. Eski turkcha soʻz oʻrtasi “ş” (sh) tovushi chuvashchada “l”,  (lambdaizm), oʻzbekcha va boshqa turk tillarida “ş” (sh) koʻrinishidadir.

– Eski turkcha “beş” – chuvashcha “pil (ek)” – o‘zbekcha “beş (besh)”

– Eski turkcha “taş” –  chuvashcha “çul” – oʻzbekcha “taş (tosh)”.

Endi yana chuvashcha toʻrtlikka qaytsak. Barcha turkiylar singari chuvashlar “Ona Yer”ni sevish, ardoqlash, uni qoʻshiq-kuylarga solishni ezgu ish, qutlug‘ yumush deb bilishadi. Ular “Çĕr-Şıv” – Yer-Suv uzoq ota-bobolardan oʻzlariga topshirilgan eng qutlug‘ meros deb ardoqlaydi. Ular uchun Atăl (Atil) shunday qutlug‘ “Yer-Suv”dir. Sinchiklab qaralsa bu atama turk tillarining eng eski koʻrinishlaridan biri ekani anglashiladi. Sibirlik turklarning “Der-Su”vi, Oʻrxun bitiktoshlaridagi “Yer-Sub”, chuvash tilidagi “Çĕr-Şıv”, oʻzbekchadagi “Yer-Suv” birikmasi eski Turk tushuncha-qarashlarining eng qadim namunalaridan biridir. Chuvashlar bu soʻzni oʻz tilida asrab qolgan boʻlsalar, oʻzbek tilida mazkur tushuncha “Yer-suv” koʻrinishida ham oʻtmishning bir parchasi, ham iqtisodiy atama oʻlaroq ona yer va tabiatga boʻlgan bogʻliqlik ulgisi sifatida yashab kelmoqda.

Toʻxtam. Chuvash shoiri Peder Xuzangayning ushbu toʻrtligi tillar birmuncha farqlansa-da, tuygʻular bir ekanini koʻrsatadi. Idil boʻyidagi bu hayqiriq Turon kengliklaridagi uzoq eldoshlar uchun yalpi oʻzlikni kuylovchi bir chorlovdir.

Yuqorida keltirilgan toʻrtlikdagi chuvashcha soʻzlarning o‘zbekcha muqobilini keltirib oʻtamiz:

Chuvashcha

Oʻzbekcha

Атăл (Atăl)

Edil, İdil (Volga)

аннеçĕм (anneśĕm) (anne – ona, -śĕm – erkalash qoʻshimchasi)

onajonim, shevalarda “anashim”

тенĕ (tenĕ)

deyishgan / deb aytishgan

atte

ota

мăн (măn)

ulug‘ / buyuk

хĕрринче (khĕrrinche)

boʻyida / qirgʻogʻida

мĕн авалтан

uzoq chogʻlardan beri

хунанă (khunană)

unib-oʻsgan / koʻpaygan / oʻrnashgan

халăх (khalăkh)

el, xalq

пирĕн (pirĕn)

bizning

йăхташсем (yăkhtashsem)

urugʻdoshlar / qondoshlar

кунти (kunti)

bu yerdagi / shu yerdagi

çын (śyn)

kishi / inson

вăрманне (vărmanne)

oʻrmonini

çĕрне-шывне (śĕrne-shyvne)

yeri-suvini

уйне-хирне (uyne-khirne)

dalasini-qirini (uy – dala, khir – qir/adir)

савать (savat)

sevadi

чунтан-вартан (chuntan-vartan)

 chin koʻngildan

шур (shur)

oq

хурăна (khurăna)

qayinni (khurăn – qayin daraxti)

илемлĕ (ilemlĕ)

koʻrkam / chiroyli / goʻzal

пулнăран (pulnăran)

boʻlgani uchun / boʻlganidan

савниçĕм (savniśĕm)

suyganim / sevgilim

тет (tet)

 deydi

мăнаçлă (mănaśllă)

ulugʻvor

та (ta)

va / ham

пит (pit)

oʻta / juda

çирĕп (śirĕp)

mustahkam / jips / berk

юман (yuman)

eman daraxti

ят (yat)

ot / ism

панă (pană)

bergan

çemçe (śemśe)

yumshoq

ачаш (achash)

erka / muloyim

çепĕç (śepĕś)

inja / latif / mayin

çăка (śăka)

joʻka daraxti

ку вăл (ku văl)

bu / bu oʻsha

çĕрĕ (śĕrĕ)

 yeri

манăн (manăn)

mening

эп (ep)

men

пĕчĕкрен (pĕchikren)

kichiklikdan / yoshlikdan

пурнатăп (purnatăp)

yashayman

енĕм (enĕm)

oʻlkam / tomonim (en – tomon/oʻlka)

Alparslon BOBOYOR,

Chuvash davlat universiteti talabasi