Turk el-uluslarining beshiklaridan biri – Ulug‘ Idil (Volga) irmogʻi boʻyida yashovchi chuvashlar uzoq qardoshlar sifatida oʻzbeklarni qiziqtirib keladi. Oʻtmishda “Suvar”, “Bulgʻor” nomlari bilan tanilgan bu el bundan 1,5–2 ming yillar oldin Idilboʻyida qoʻnim topgan. Turkiy elatlarga tushunarli tildan uzoqlashib, shu til tarmoqlaridan biri – “xun tili”ni saqlab qoldi. Bugungi kunda 1 milliondan ortiq chuvashlar shu tilda soʻzlashadi. Mazkur maqolada chuvash soʻz sanʼatining ayrim injaliklari bilan tanishamiz.
Chuvash elining ulug‘ shoiri Peder Xuzangayning “Atăl Atte Çĕr-Şıvĕ” (Ota Idil Yer-Suvi) toʻrtligini erkin yondashuv bilan oʻzbek tiliga oʻgirdik. Bunda bizni umumiy turk oʻtmishiga bogʻlab turgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lugʻatit turk” asariga tayandik.
Toʻrtlikning oʻzbekcha oʻgirmasi:
|
Атăл Атте Çĕр-Шывĕ Атăл аннеçĕм ‒ тенĕ вырăссем, Атăл аттеçĕм ‒ тенĕ чăвашсем. Мăн Атăл хĕрринче мĕн авалтан Хунанă халăх – пирĕн йăхташсем! Кунти çын вăрманне, çĕрне-шывне, Уйне-хирне савать чунтан-вартан! Шур хурăна илемлĕ пулнăран Хурăн савниçĕм тет вăл авалтан. Мăнаçлă та пит çирĕп пулнăран Юман атте ят панă юмана. Çемçе, ачаш та çепĕç пулнăран Çăка анне ят панă çăкана. Ку вăл Чăвашăн çĕрĕ! Манăн çĕр! Эп пĕчĕкрен пурнатăп çакăнта. Ман савнă Чăваш енĕм – Атăл ен, Санпа эп мухтанатăп яланах! |
Ota Idil Yer-Suv Idil – “ona” deya aytishgan ruslar, Idil – “ota” deya aytar chuvashlar. Ulug‘ Idil boʻyida eski chogʻlardan, Unib-oʻsgan el – bizning qondoshlar! Bu yerdagi kishi sevar yer-suvni, Oʻrmon-u adirni sevadi chindan. Oqqayin koʻrkam-u koʻp suluv boʻlgan, Uni “suyganim” deb atar eskidan. Ulugʻvor va oʻta berk boʻlgani uchun, “Ota” deb ot qoʻygan u kun emanga. Erka-yu inja va suluv boʻlgan, “Ona” deb ot qoʻygan ular joʻkaga*. Bu – Chuvash yeri! Mening oʻz yerim! Kichikligimdan mening yashagan yerim! Suyganim Chuvashdir – Idil oʻlkasi, Senga maqtovlar-la oʻtar har kunim! |
*joʻka – lipa deb ham yuritiladigan ogʻoch (daraxt) turi.
Ushbu toʻrtlikdan koʻrinadiki, barcha turk ellari uchun ardoqli boʻlgan Idilboʻyi chuvashlar uchun ham suyukli oʻlka. Ming yillardir ularning ota-bobolari irmoqlar-u koʻllari moʻl bu oʻlkada yashab, oʻzlaridan yaxshi iz qoldirgan. Shivirlagan oʻrmonlar-u koʻm-koʻk yaylovlar, chechaklarga toʻla qir-adirlarni qamrab olgan bu yurt turgʻunlari boshqa turk qondoshlaridan birmuncha uzoq, mordvin, mari, Udmurt kabi fin-ugor el-uluslari bilan qoʻshni. Shuning uchun ular bir qarashda oʻz qardoshlarining tilidan oʻzgacharoq tilda soʻzlashayotgandek tuyuladi. Biroq tanishganingiz sari bundan ikki ming yil ilgari soʻzlashilgan tilga yaqinlashib borayotganingizni anglab, oʻz-oʻzidan “bu til mening tilimning yondoshi-ku, qondoshi-ku!” deb quvonasiz.
Chuvash tilining boshqa turkiy tillardan ayro tomonlariga qisqacha toʻxtalib, yuqorida keltirilgan toʻrtlikdagi soʻzlarni oʻzbekcha bilan solishtirib oʻtsak:
1. Chuvash va oʻzbek tili bugungi kunda boshqa-boshqa tarmoqlar (oʻgʻuz va qarluqcha)da boʻlsa-da, har ikkisi turk ildizida tutashib, biri eski turkcha – Oʻrxun-Enasoy bitiklari tilidagi soʻzboshi “y” (eng eski turkcha “d”) tovushini “ç” (ch) deb soʻylasa, ikkinchisi esa “y” koʻrininshida saqlab qolgan. Qizigʻi shundaki, chuvashlarning bu “ç” tovushi “ch” bilan “sh” orasidagi bir tovushdir.
– Eski turkcha “yer” – chuvashcha “çĕr” – o‘zbekcha “yer”.
– Eski turkcha “yol” – chuvashcha “çul” – oʻzbekcha “yol (yoʻl)”.
2. Soʻz oʻrtasi va soʻngidagi Eski turkcha “z” tovushi chuvashchada “r” oʻlaroq saqlangan (rotatsizm):
– Eski turkcha “qïz” – chuvashcha “xïr” – o‘zbekcha “qiz”.
– Eski turkcha “säkiz” – chuvashcha “sekir” – oʻzbekcha “sakkiz”.
3. Eski turkcha soʻz oʻrtasi “ş” (sh) tovushi chuvashchada “l”, (lambdaizm), oʻzbekcha va boshqa turk tillarida “ş” (sh) koʻrinishidadir.
– Eski turkcha “beş” – chuvashcha “pil (ek)” – o‘zbekcha “beş (besh)”
– Eski turkcha “taş” – chuvashcha “çul” – oʻzbekcha “taş (tosh)”.
Endi yana chuvashcha toʻrtlikka qaytsak. Barcha turkiylar singari chuvashlar “Ona Yer”ni sevish, ardoqlash, uni qoʻshiq-kuylarga solishni ezgu ish, qutlug‘ yumush deb bilishadi. Ular “Çĕr-Şıv” – Yer-Suv uzoq ota-bobolardan oʻzlariga topshirilgan eng qutlug‘ meros deb ardoqlaydi. Ular uchun Atăl (Atil) shunday qutlug‘ “Yer-Suv”dir. Sinchiklab qaralsa bu atama turk tillarining eng eski koʻrinishlaridan biri ekani anglashiladi. Sibirlik turklarning “Der-Su”vi, Oʻrxun bitiktoshlaridagi “Yer-Sub”, chuvash tilidagi “Çĕr-Şıv”, oʻzbekchadagi “Yer-Suv” birikmasi eski Turk tushuncha-qarashlarining eng qadim namunalaridan biridir. Chuvashlar bu soʻzni oʻz tilida asrab qolgan boʻlsalar, oʻzbek tilida mazkur tushuncha “Yer-suv” koʻrinishida ham oʻtmishning bir parchasi, ham iqtisodiy atama oʻlaroq ona yer va tabiatga boʻlgan bogʻliqlik ulgisi sifatida yashab kelmoqda.
Toʻxtam. Chuvash shoiri Peder Xuzangayning ushbu toʻrtligi tillar birmuncha farqlansa-da, tuygʻular bir ekanini koʻrsatadi. Idil boʻyidagi bu hayqiriq Turon kengliklaridagi uzoq eldoshlar uchun yalpi oʻzlikni kuylovchi bir chorlovdir.
Yuqorida keltirilgan toʻrtlikdagi chuvashcha soʻzlarning o‘zbekcha muqobilini keltirib oʻtamiz:
|
Chuvashcha |
Oʻzbekcha |
|
Атăл (Atăl) |
Edil, İdil (Volga) |
|
аннеçĕм (anneśĕm) (anne – ona, -śĕm – erkalash qoʻshimchasi) |
onajonim, shevalarda “anashim” |
|
тенĕ (tenĕ) |
deyishgan / deb aytishgan |
|
atte |
ota |
|
мăн (măn) |
ulug‘ / buyuk |
|
хĕрринче (khĕrrinche) |
boʻyida / qirgʻogʻida |
|
мĕн авалтан |
uzoq chogʻlardan beri |
|
хунанă (khunană) |
unib-oʻsgan / koʻpaygan / oʻrnashgan |
|
халăх (khalăkh) |
el, xalq |
|
пирĕн (pirĕn) |
bizning |
|
йăхташсем (yăkhtashsem) |
urugʻdoshlar / qondoshlar |
|
кунти (kunti) |
bu yerdagi / shu yerdagi |
|
çын (śyn) |
kishi / inson |
|
вăрманне (vărmanne) |
oʻrmonini |
|
çĕрне-шывне (śĕrne-shyvne) |
yeri-suvini |
|
уйне-хирне (uyne-khirne) |
dalasini-qirini (uy – dala, khir – qir/adir) |
|
савать (savat) |
sevadi |
|
чунтан-вартан (chuntan-vartan) |
chin koʻngildan |
|
шур (shur) |
oq |
|
хурăна (khurăna) |
qayinni (khurăn – qayin daraxti) |
|
илемлĕ (ilemlĕ) |
koʻrkam / chiroyli / goʻzal |
|
пулнăран (pulnăran) |
boʻlgani uchun / boʻlganidan |
|
савниçĕм (savniśĕm) |
suyganim / sevgilim |
|
тет (tet) |
deydi |
|
мăнаçлă (mănaśllă) |
ulugʻvor |
|
та (ta) |
va / ham |
|
пит (pit) |
oʻta / juda |
|
çирĕп (śirĕp) |
mustahkam / jips / berk |
|
юман (yuman) |
eman daraxti |
|
ят (yat) |
ot / ism |
|
панă (pană) |
bergan |
|
çemçe (śemśe) |
yumshoq |
|
ачаш (achash) |
erka / muloyim |
|
çепĕç (śepĕś) |
inja / latif / mayin |
|
çăка (śăka) |
joʻka daraxti |
|
ку вăл (ku văl) |
bu / bu oʻsha |
|
çĕрĕ (śĕrĕ) |
yeri |
|
манăн (manăn) |
mening |
|
эп (ep) |
men |
|
пĕчĕкрен (pĕchikren) |
kichiklikdan / yoshlikdan |
|
пурнатăп (purnatăp) |
yashayman |
|
енĕм (enĕm) |
oʻlkam / tomonim (en – tomon/oʻlka) |
Alparslon BOBOYOR,
Chuvash davlat universiteti talabasi