Sensor ekranli smartfon bilan ilk marotaba 20 yoshlarimda tanishganman. Qurilma koʻzimga haqiqiy moʻjizadek koʻrinar, ehtiyotsiz harakat bilan uni buzib qoʻyishdan va boshqa hech qachon shunaqa telefon ololmasligimdan qoʻrqardim. Messenjerlar orqali yuborgan xabarim masofalarni tan olmay, suhbatdoshimga yetib borishi esa fantastikaning oʻzginasi edi. Mana, oradan qariyb 15-yil oʻtdi va smartfonlar deyarli bizning yettinchi sezgi aʼzomizga aylandi. Bolalarni-ku, gapirmasa ham boʻladi. 1 yoshga toʻlar-toʻlmas, YouTubeʼga kirishni va oʻzlari koʻradigan multfilmni tanlashni bilishadi. Kezi kelganda telefon imkoniyatlarini baʼzi kattalardan ham yaxshiroq tushunishadi. Va, tabiiyki, bu holatda ularga smartfonlarni cheklash qanaqadir absurd ishdek tasavvur uygʻotadi. Shunga qaramay, dastlab Avstraliya, keyin esa dunyoning boshqa mamlakatlari birin-ketin bolalarga internet va smartfonlardan foydalanish boʻyicha cheklovlar oʻrnata boshladi.

2010-yilda maktablarni toʻliq raqamlashtirish dasturini ishga tushirgan hamda oʻquvchilarga darslik oʻrniga iPad’ tarqatgan Shvetsiya 2026-yildan boshlab mashgʻulot davomida mobil telefonlardan foydalanishni butunlay chekladi. Sabab shuki, ekranlar bir necha yil davomida anʼanaviy darslik va daftarlarni tom maʼnoda siqib chiqardi, natijada PIRLS hamda PISA xalqaro taʼlim sifatini baholash koʻrsatkichlari keskin tushib ketdi.

Karolin instituti olimlari va boshqa ekspertlar raqamli qurilmalar bilimlarni oʻzlashtirishga salbiy taʼsir koʻrsatadi, degan xulosaga kelishdi. Bolaning miyasi ekrandan oʻqish vaqtida matnni yuzaki qabul qilishi va bunda chuqur tahlil koʻnikmalariga putur yetishi aniqlandi. Bundan tashqari, bolalar qoʻlda yozmay qoʻyishgani uchun, mayda motorika rivojlanishida oqsashlar kuzatildi. Shvetsiya hukumati maktablarni giperavtomatlashtirish xato boʻlganini rasman tan oldi va bosma darslik hamda maktab kutubxonalarini rivojlantirishga yuzlab million krona mablag‘ ajratdi.

Fransiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya va Italiya ham Shvetsiya tajribasiga ergashib, qurilmalardan dars paytida foydalanishni chekladi. Belgiya, Daniya, Gretsiya va Finlyandiyada esa bu cheklovlar qonun darajasida mustahkamlandi.

Xitoy 2021-yildayoq ota-onaning yozma ruxsati yoki maxsus kelishuvsiz maktabga smartfon olib kelishni taqiqlab qoʻygan. Mamlakatda joriy qilingan “Youth Mode” tizimiga koʻra, 8 yoshgacha boʻlgan bolalar tarmoqda kuniga 40 daqiqadan ortiq vaqt oʻtkaza olmaydi, 22:00dan 06:00gacha voyaga yetmaganlar uchun internet toʻliq oʻchiriladi, onlayn oʻyinlar uchun esa juma va dam olish kunlari qatʼiy 1 soat belgilangan.

AQSH esa platforma algoritmlari darajasida nazorat oʻrnatishga qaror qildi. Hozir mamlakat ijtimoiy tarmoqlariga (TikTok, Instagram) kirish uchun yosh cheklovlari (14–16 yoshgacha) oʻrnatilmoqda.

Fransiyada joriy qilingan “raqamli yetuklik” tushunchasiga binoan, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda ota-ona ruxsatisiz roʻyxatdan oʻta olmaydi.

Qozogʻistonda esa 16 yoshga toʻlmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda roʻyxatdan oʻtishini qonunan taqiqlash masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Hali tabiiy intellekti toʻla shakllanib ulgurmay, sunʼiy intellekt bilan “tillashayotgan” bolalar uchun bunday cheklovlarni joriy qilish qanchalik toʻgʻri – bunisi butunlay boshqa masala.

Oʻzimdan misol keltiradigan boʻlsam, 11 yoshli oʻgʻlim uchun Google maʼlumot topish va faktcheking uchun ishonchli manbaga aylanib ulgurgan. Baʼzida nazoratim ostida СhatGPTdan ham foydalanib turadi. YouTubeda tarix va geografiyaga oid hujjatli film hamda podkastlarni koʻradi. Neyrotarmoq tomonidan generatsiya qilingan foto va videomateriallarni farqlay oladi – xullas, internet uning uchun maʼlum maʼnoda instrument vazifasini bajaradi.

Ayrim bolalar ijtimoiy tarmoqlarda tengqurlari bilan muloqot qiladi va internetni cheklash ularning ijtimoiylashuviga toʻsiq boʻlishi mumkin. Pediatric Research va IJECS tadqiqotlaridan maʼlum boʻlishicha, smartfonlardan kattalar nazorati ostida vaqt meʼyorlariga rioya qilgan holatda foydalanish raqamli savodxonlikni oshiradi va oʻqishda yordam beradi. Texnologiyalarni butunlay cheklash esa bolaning tengqurlaridan ajralib qolishi va oʻsmirlik yoshida “tarmoq gigiyenasi” koʻnikmalarining shakllanmay qolishiga sabab boʻladi.

Mening bolaligimda internet boʻlmagan, ammo “kabel televideniyesi” boʻlgan. Dadam bizning “yevropa madaniyati” taʼsiriga tushishimizdan xavotir olib, uyga ana shu xilma-xil telekanal va dasturlar toʻplamiga ega moʻjizaviy televideniyeni ulashga ruxsat bermagan. Maktabda har kuni sinfdoshlarim “Terminator” filmi syujetini yoki qaysidir xorijlik xonandaning yangi imijini muhokama qilgan bir paytda men hech narsadan bexabar, shunchaki passiv tinglovchi boʻlardim. Bu holat bir necha yil davom etgan va sinfdoshlarim bilan gaplashishga umumiy mavzu boʻlmagani sababli men shunchaki ulardan oʻzimni tortadigan, ular esa men bilan gaplashmaydigan boʻlib qolishgan. Smartfon va internet borasida ham shunday: agar cheklov maʼlum yoshdagi hamma bolalar uchun birdek qoʻllanilsa, xoʻp-xoʻp, lekin alohida bola uchun bunday taqiq kelgusida jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

– Internet – koʻplab funksiyalarga ega ulkan ekotizim boʻlib, uning xavf darajasi bola undan qanday foydalanishiga bogʻliq, deydi psixolog Suhrob Telyayev. – Agar maqsad faqat oʻyin va ijtimoiy tarmoqlar boʻlsa, unda chindan ham bolaning asab tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Boshlangʻich sinf oʻquvchisi oʻquv maqsadlarida internetdan kuniga 20-30 daqiqa foydalanishi, oʻrta sinflarda bu vaqt 30-50 daqiqani, yuqori sinf oʻquvchilari uchun esa — 1,5-3 soatni tashkil qilishi kerak. Bolaning raqamli olamdagi vaqti real hayotdagi qiziqarli mashgʻulot yoki oʻyinlardan oshib ketmasligiga eʼtibor berish juda muhim. Deylik, agar farzandingiz 20 daqiqa vaqtini mobil yoki kompyuter oʻyini ustida oʻtkazsa, xuddi shuncha vaqt faol jismoniy oʻyinlar bilan shugʻullanishi lozim.

Bolalar, odatda gadjetlardan oʻzlariga yetishmayotgan hissiyotlarni olishadi. Agar bola har kuni zeriksa, qiziqarli xobbilari boʻlmasa, ota-ona esa unga yetarli vaqt ajratmasa, internetning yorqin olamiga shoʻngʻish u uchun kulrang tusdagi reallikdan qochishning yagona yoʻli boʻlib qoladi.

Biz koʻpincha internetning koʻrish qobiliyatiga taʼsiri, ekran ortidagi firibgarlar va boshqa taʼsirlar haqida gapiramiz-u, smartfonlardan uzluksiz foydalanish ortidan kundalik hayotimizda yuzaga keladigan xavflarni eʼtibordan chetda qoldiramiz. Eng avvalo, smartfonlarning oilaviy qadriyatlar va munosabatlarga taʼsiri juda katta. Avval hamma bir dasturxon atrofida yigʻilib, “Otalar soʻzi” yoki “Assalom, Oʻzbekiston” dasturini koʻrgan boʻlsa, hozir har bir oila aʼzosi oʻz ekrani va algoritmlar asosida hosil boʻladigan “infoqobigʻi” ichida boʻladi. Blogerlarga taqlid qiladigan, ularni oʻzi uchun “avtoritet” hisoblaydigan bolalar, tabiiyki, ota-onasining gaplarini jiddiy qabul qilmaydi yoki “ular meni tushunmaydi” degan xayol bilan yashaydi. Ona instagramda, ota yangiliklar lentasini qoʻrish bilan band, farzand esa Tik-Tokda sevimli blogerini kuzatmoqda. Bu holatda bir-birini tushunish, oʻzaro muloqotga kirishish koʻnikmalariga putur yetishi tabiiy.

Olimlar “texnoferans” hodisasi haqida tobora koʻproq gapirishmoqda — bu atama gadjetlarning jismoniy muloqotni boʻlishini anglatadi. Deylik, tushlik vaqtida dasturxon ustida telefon shunchaki turishining oʻzi samimiy suhbat qurish ehtimolini 30% ga kamaytirar ekan.

McKinsey Health Institute hisobotiga koʻra, har ikkinchi oʻsmir (52%) ijtimoiy tarmoqlardagi “ideal hayot” bilan oʻz hayotini solishtirib, depressiya va tashvishga tushadi. FOMO sindromi (biror narsadan quruq qolish qoʻrquvi) esa bolalarni tengdoshlari eʼtiborini qozonish bemaʼni va xavfli chellenjlarni takrorlashga majbur qiladi.

Milliy qadriyatimiz hisoblangan kamtarlik, mehnatkashlik va kattalarga hurmat oʻrniga, TikTok va shorts algoritmlari manmanlik, maqtanchoqlik va egotsentrizmni targʻib qilmoqda.

Oʻrta sinf oʻquvchilarining aksariyati maktabga kiraverishda ham, undan chiqishda ham telefonidan koʻz uzmay ketayotganiga guvoh boʻlaman. Ular na atrofdagi odamlarga, na oʻtayotgan mashinalarga qaraydi. Afsuski, mana shu oddiygina ehtiyot choralariga rioya qilish koʻnikmasining yoʻqligi ularga juda qimmatga tushishi mumkin. Karate eksperti Piter Konsterdinga koʻra, odam oʻzini va mol-mulkini asrash uchun haqiqiy jang koʻnikmalarini oʻzlashtirish shart emas. “Koʻpchilik yoʻlda yurganda oʻz telefoniga kirib ketadi va atrofdagi voqealarni payqamaydi. Agar eʼtiborliroq boʻlsak, uzoqdan kelayotgan shubhali shaxsdan odam gavjumroq joyga qochishimiz mumkin boʻladi. Bolalarga buni oʻrgatish shart”.

– Internetni cheklash bolaning kichik yoshlarida yaxshi samara berishi mumkin, ammo oʻsmirlik davrida buning imkoni boʻlmay qoladi, deydi Suhrob Telyayev. – Bolada internetga maʼlum bir maqsad bilan kirish koʻnikmasini shakllantirish lozim. Mening farzandlarim, asosan, maʼlumot topish yoki nimanidir soʻrash uchun internetdan foydalanishadi. Koʻp vaqti sport toʻgaraklari va qoʻshimcha mashgʻulotlar bilan oʻtgani uchun telefon oʻynashga vaqti ham boʻlmaydi. Yaʼni bolaning vaqtini toʻgʻri tashkil qilish bu yerda muhim oʻrin egallaydi. Biz bolalik davrimizda koʻchada doʻstlarimiz bilan koptok tepar, turli jismoniy oʻyinlarni oʻylab topar edik. Hozir bolalar koʻchada ham yigʻilib, telefon oʻynashyapti. Shuning uchun, ularni qiziqishiga qarab, toʻgaraklarga berish maqsadga muvofiq. Yana bir tomoni, ota-ona gadjetlardan koʻp foydalansa, doimiy oʻzi bilan olib yursa, eʼtibori bolada emas, ekranda boʻlsa, tabiiyki, bolaning ham telefonga boʻlgan qiziqishi ortadi. Bolada diqqatni bir narsada ushlab turish, tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish, internetdan toʻgʻri foydalanishni oʻrgatish orqali uni nojoʻya taʼsirlardan himoya qilish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash esa tamoman aks taʼsir koʻrsatishi mumkin, chunki koʻplab bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar agressiya manbai emas, balki aksincha – tarafdorlar topish, doʻstlar orttirish va oʻzini namoyon etish mumkin boʻlgan maydondir.

Sadriddin Salim Buxoriyning “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo” misrasini internet va gadjetlardan foydalanishga nisbatan qoʻllasak, juda oʻrinli boʻlardi nazarimda. Chindan ham, Google oynasiga istalgan soʻzniki yozing, kerakli maʼlumotni muhayyo qiladi. Asosiysi, biz oʻzimizga nima kerag-u, nima kerak emasligini bilishimiz, farzandlarimizga ham buni anglatishimiz. Oʻzligimizdan, asl insoniy maqsadlarimizdan uzoqlashmasligimiz. Qolgani esa taraqqiyotning bir qismi xolos.

Visola QARSHIBOYEVA