Mustaqil davlat sifatida yurtimizda davlat tili masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Davlat tili — bu muayyan davlatda rasmiy ravishda faoliyat yuritadigan, hujjat ishlari, taʼlim, OAV va boshqa sohalarda ishlatiladigan til. Davlat tili davlatning siyosiy, ijtimoiy va huquqiy hayotida muhim oʻrin tutadi.
1989 yil 21 oktabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi va unga koʻra oʻzbek tili davlat tili sifatida belgilandi. Bu tarixiy hodisa milliy tiklanishning muhim bosqichlaridan biri boʻldi. Keyinchalik, 21 oktabr — "Oʻzbek tili bayrami kuni" deb belgilandi. Oʻzbek tili — juda qadimiy va boy til.
Unda Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy kabi buyuk allomalar asarlar yozgan.Tilimizni yaxshi bilsak, adabiyotimiz, tarixi va madaniyatimizni ham yaxshi anglaymiz.
Vatanimiz mustaqilligining maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunining qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda oʻziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi. Til inson qiyofasi va ichki goʻzalligini namoyon etadigan eng goʻzal tuygʻudir.
Oʻz tiliga mehr-muhabbatli inson xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlarini, madaniy merosini ham eʼzozlaydi. Bejizga bundan besh asr ilgari Alisher Navoiy bobomiz “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” deya yozmagan.
Oʻzbek tili dunyodagi qadimiy, goʻzal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol koʻrish mumkin. Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻatit turk” kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, Abdulla Qodiriyning romanlaridagi betakror lutf va lisoniy zebolikka yoʻgʻrilgan jumlalarni soʻzlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib boʻlmaydi. Ularni faqat oʻzbek tilida ifodalash mumkin. Chunki, bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir. Bizning ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub boʻlib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, oʻgʻiz lahjalarida namoyon boʻladi. Oʻzbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi soʻzlarning maʼlum bir meʼyoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil oʻsib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyos. Hazrat Navoiy til haqida shunday yozadilar: “Koʻngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin soʻz bil“.
Oʻz ona tilimizga boʻlgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida koʻrib, shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz.
Til madaniyat koʻzgusi va ruhimizning qanoti. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak. Oʻzbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.
Tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, ona ogʻushidek issiq, bahordek tarovatli, yozdek haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek begʻubor tuygʻularimizning tarjimoni boʻlgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak maʼnaviyatga, maʼrifatga, madaniyatga, istiqlolu istiqbolga yetaklovchi bebaho neʼmatdir. Shu bois ham har birimiz ona tilimizni asrab avaylashimiz, eʼzozlashimiz lozim. Zotan, tilimizga eʼtiborli boʻlsak, millatimiz qalbi ona tilimiz hech qachon zavol topmaydi. Shu oʻrinda maʼrifatparvar bobomiz, oʻz davrida oʻnga yaqin dunyoviy tillarni puxta oʻrgangan olim Ishoqxon Ibratning quyidagi fikrlari eʼtiborga molik: “Bizning yoshlar albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Musoxon Appaqov,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Namangan viloyat boʻlimi rahbari