Mustaqil davlat sifatida yurtimizda davlat tili masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Davlat tili — bu muayyan davlatda rasmiy ravishda faoliyat yuritadigan, hujjat ishlari, taʼlim, OAV va boshqa sohalarda ishlatiladigan til. Davlat tili davlatning siyosiy, ijtimoiy va huquqiy hayotida muhim oʻrin tutadi.

1989 yil 21 oktabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi va unga koʻra oʻzbek tili davlat tili sifatida belgilandi. Bu tarixiy hodisa milliy tiklanishning muhim bosqichlaridan biri boʻldi. Keyinchalik, 21 oktabr — "Oʻzbek tili bayrami kuni" deb belgilandi. Oʻzbek tili — juda qadimiy va boy til.

Unda Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy kabi buyuk allomalar asarlar yozgan.Tilimizni yaxshi bilsak, adabiyotimiz, tarixi va madaniyatimizni ham yaxshi anglaymiz.

Vatanimiz mustaqilligining maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyildi. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat  tili toʻgʻrisida”gi  qonunining  qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda oʻziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi. Til  inson qiyofasi va ichki goʻzalligini namoyon etadigan eng goʻzal tuygʻudir.  

Oʻz tiliga mehr-muhabbatli  inson  xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlarini, madaniy  merosini  ham eʼzozlaydi. Bejizga bundan besh asr ilgari Alisher Navoiy bobomiz “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” deya yozmagan.

Oʻzbek  tili dunyodagi qadimiy, goʻzal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi  hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz  asarlarida  yaqqol  koʻrish  mumkin. Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻatit turk” kitobi, Ahmad Yassaviyning  hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Zahiriddin  Muhammad Boburning “Boburnoma”si, Abdulla Qodiriyning romanlaridagi betakror lutf va lisoniy zebolikka yoʻgʻrilgan jumlalarni  soʻzlarini  boshqa  tilga  aynan  tarjima  qilib boʻlmaydi. Ularni faqat oʻzbek tilida ifodalash mumkin. Chunki, bu tushunchalar  xalqimizga xos va ularni  aytishga  faqat  shu til  qodirdir. Bizning  ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til  orasida turkiy tillar oilasiga mansub  boʻlib, jonli  til sifatida  qipchoq, qarluq, oʻgʻiz  lahjalarida  namoyon boʻladi. Oʻzbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi soʻzlarning maʼlum bir meʼyoriga  keltirilgan  shaklidir. U  muttasil oʻsib, rivojlanib  bormoqda. Uning rivojida soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyos. Hazrat  Navoiy  til  haqida  shunday  yozadilar: “Koʻngil xazinasining qulfi tildir. Ul  xazinaning  kalitidin soʻz bil“.

Oʻz ona tilimizga boʻlgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida koʻrib, shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz.

Til madaniyat koʻzgusi va ruhimizning qanoti. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz  kerak. Oʻzbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.

Tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, ona ogʻushidek  issiq, bahordek tarovatli, yozdek  haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek begʻubor tuygʻularimizning tarjimoni boʻlgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak maʼnaviyatga, maʼrifatga, madaniyatga, istiqlolu istiqbolga yetaklovchi bebaho neʼmatdir. Shu  bois ham har birimiz ona tilimizni  asrab avaylashimiz, eʼzozlashimiz lozim. Zotan, tilimizga eʼtiborli boʻlsak, millatimiz qalbi  ona tilimiz hech qachon zavol topmaydi. Shu oʻrinda maʼrifatparvar bobomiz, oʻz davrida oʻnga yaqin dunyoviy tillarni puxta oʻrgangan olim Ishoqxon Ibratning quyidagi fikrlari eʼtiborga molik: “Bizning yoshlar albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.

Musoxon Appaqov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Namangan viloyat boʻlimi rahbari