USTOZ
Olamda neki bor oʻrgatar shaksiz,
Har kuni yashashdan beradi saboq.
Hatto ranj, alam ham qoldiradi iz,
Muallim boʻladi ayriliq, firoq.
Ustozdir yer-u koʻk,
Ustozdir borliq,
Ustozdir nurlarin ulashgan oftob.
Azaldan kim tolib, oladi yorliq,
Umr kitobini oʻqib bobma-bob.
Eng avval otadir boshlarni silab,
Dilni umidlarga yoʻllagan ustoz.
Onadir bir olam yaxshilik tilab,
Qaynoq mehri ila qoʻllagan ustoz.
Xush kalom aytmoqlik saodatini
Berguvchi ulug‘ zot ota – muallim.
Vatanni ardoqlash, sevmoq baxtini
Ulashgan mo‘'tabar onaga taʼzim!
Har inson oʻz yoʻlin topmoqni oʻylar,
Ustozsiz shogirdki har yon yoʻrgʻalar.
Muazzam daryodek mavjlanar, qaynar,
Toshmoqdan dars olar bebosh jilgʻalar.
Oʻtkir Rahmat
Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram