USTOZ

Olamda neki bor o‘rgatar shaksiz,

Har kuni yashashdan beradi saboq.

Hatto ranj, alam ham qoldiradi iz,

Muallim bo‘ladi ayriliq, firoq.

Ustozdir yer-u ko‘k,

Ustozdir borliq,

Ustozdir nurlarin ulashgan oftob.

Azaldan kim tolib, oladi yorliq,

Umr kitobini o‘qib bobma-bob.

Eng avval otadir boshlarni silab,

Dilni umidlarga yo‘llagan ustoz.

Onadir bir olam yaxshilik tilab,

Qaynoq mehri ila qo‘llagan ustoz.

Xush kalom aytmoqlik saodatini

Berguvchi ulug‘ zot ota – muallim.

Vatanni ardoqlash, sevmoq baxtini

Ulashgan mo‘'tabar onaga ta’zim!

Har inson o‘z yo‘lin topmoqni o‘ylar,

Ustozsiz shogirdki har yon yo‘rg‘alar.

Muazzam daryodek mavjlanar, qaynar,

Toshmoqdan dars olar bebosh jilg‘alar.

O‘tkir Rahmat

Veb-sayt |Telegram | Facebook |YouTube | Instagram