So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda shevaning ustidan kulish, «Sen “to‘g‘ri” gapira olmaysanmi?» deb birovning talaffuzini kamsitish holatlari uchrab, ba’zilar buning uchun ma’muriy javobgarlikka ham tortildi. Kattalar orasida «yoshlar hali hayotni tushunmaydi» degan qarash keng tarqalgan, yoshlar esa kattalarni raqamli savodsizlikda ayblaydi.

Ijtimoiy tarmoqda muayyan millat, din, hudud yoki ijtimoiy guruh haqida tarqalgan salbiy xabar ostida «Ularning hammasi shunaqa» qabilidagi izohlarni tez-tez uchratasiz. Qabul qilinayotgan qonunlarni «himoyachi» emas, «qo‘rqituvchi» sifatida idrok etish holatlari ham bor. Yoki qiz bolaning imkoniyatlarini «kelin» yoxud «ayol» degan so‘z cheklab qo‘yishi mumkinmi?

Jamiyatdagi birdamlik odamlarning bir joyda yashashi yoki bir xil qadriyatlarga ega bo‘lishi bilangina ta’minlanmaydi. U, avvalo, insonlarning bir-birini tinglashi, fikrini hurmat qilishi va kelishmovchiliklarni adovatga aylantirmasdan hal eta olishida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda muloqot madaniyatini rivojlantirish stereotiplarni, ya’ni noto‘g‘ri, qotib qolgan qarashlarni kamaytirish, nizolarning oldini olish va har bir inson o‘zini jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida his etadigan muhitni shakllantirishning muhim shartidir.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasining birinchi bo‘limida har bir inson o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, ijtimoiy xizmatlar tizimini tubdan takomillashtirish, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, gender tenglik va inklyuzivlik bo‘yicha aniq samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash vazifalari qo‘yilgan. Xalqchil qilib aytganda, inson qadri tamoyilini qog‘ozda emas, amalda ko‘rsatish talab etilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan kelgusi o‘n yillikning yo‘l xaritasi sifatida belgilab berilgan yetti milliy dasturning bosh mezoni ham inson qadri bo‘lib, ular Yangi O‘zbekiston poydevorini adolat asosida mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Biroq qonun va dasturlar qanchalik mukammal bo‘lmasin, ularni hayotga tatbiq etadigan odamlar ongida eskicha qarashlar, «o‘zimiz» va «begona» degan ajratishlar, o‘zgalarga shubha bilan qarash saqlanib qolar ekan, islohotlar samarasi susayaveradi. Shu bois stereotip va tamg‘alashga qarshi targ‘ibot bugun ham ijtimoiy siyosatning ma’naviy tayanchi sifatida dolzarbligini yo‘qotmagan.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan «Yangi O‘zbekiston – stereotiplardan xoli mamlakat» loyihasi aynan ana shu mezonni mahalla va oila darajasida ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Loyiha doirasida 2025-yilda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda respublikaning 14 ta hududidagi 208 ta tuman (shahar)dan tanlab olingan 1039 ta mahallada o‘tkaziladigan tadqiqot dasturi va so‘rovnomalar ishlab chiqildi. Hududiy mutaxassislar uchun so‘rovnomalarni to‘ldirish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan 6 kunlik o‘quv-seminar tashkil etildi. Shuningdek, tinchlik va totuvlikni 20 dan ortiq mezon asosida baholovchi Global tinchlik indeksi (GPI) reytingida eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan davlatlarning mavzuga oid ijobiy tajribasi o‘rganildi.

«Ijtimoiy birdamlik va bag‘rikenglik: O‘zbekistondagi muloqot madaniyati va stereotiplar tahlili» mavzusidagi sotsiologik so‘rov natijalari asosida yetti indikator – gender, ijtimoiy tengsizlik, millat, din, dindorlik, yosh hamda til belgisiga ko‘ra kamsitishlarning tarqalish darajasi, keng tarqalgan turlari va kundalik hayotda duch kelish holatlari hududlar kesimida tahlil qilindi. Shakllangan muammolar bazasi asosida 7 ta stereotip indeksi ishlab chiqilib, interfaol analitik xaritaga joylashtirildi.

Tadqiqotning ayrim natijalariga to‘xtalsak. Umumiy manzara ijobiy: bu yurtimizda, ayniqsa, til siyosati, millatlar va konfessiyalararo bag‘rikenglik va totuvlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoya sohalarida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, yoshi, ma’lumoti, kasb-kori, daromadi va yashash joyiga ko‘ra turli ijtimoiy qatlamlarga mansub 23 mingdan ziyod respondentning qariyb 20 foizi quyidagilarni qayd etgan:

  • kundalik hayotda kamsitishning u yoki bu turiga tez-tez duch kelishadi;

  • xotin-qizlarning ta’lim va mehnat faoliyatidagi imkoniyatlari, oila va mahallada qaror qabul qilishdagi ishtiroki cheklangan (xotin-qizlarning 6,9 foizi turmushga chiqqandan keyin ishdan yoki o‘qishdan voz kechish, erta nikoh va oilaviy zo‘ravonlik holatlarini qayd etgan);

  • yoshlarning fikr va tashabbuslariga kattalar tomonidan ishonchsizlik bilan qaraladi;

  • so‘zlashuv va talaffuzga ko‘ra kamsitish keng tarqalgan.

Barcha indikatorlar bo‘yicha «aytishim qiyin» javobi ulushining yuqoriligi (66 foizgacha) muammoning faqat ochiq namoyon bo‘ladigan shakllarini emas, balki yashirin ko‘rinishlarini ham chuqurroq o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot, shuningdek, jamiyatda axborotni qabul qilish va qarashlarni shakllantirishda ijtimoiy tarmoqlar yetakchi o‘rin tutayotganini ko‘rsatdi: respondentlarning 69,2 foizi ularni axborot manbai sifatida qayd etgan. Ikkinchi muhim manba – oila a’zolari, qarindoshlar va do‘stlar (43,8 foiz), uchinchisi – O‘zbekiston telekanallari (37,5 foiz). Rasmiy saytlar (18 foiz), hamkasblar (14,4 foiz), gazeta-jurnallar (7,7 foiz) va ta’lim muassasalari (6,7 foiz) ham axborot olishda muayyan o‘ringa ega.

Bu natijalar muloqot madaniyatini rivojlantirish faqat shaxslararo munosabatlar bilan cheklanmasdan, raqamli axborot muhitidagi mas’uliyatli xulq-atvorni ham qamrab olishi kerakligini anglatadi. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tekshirilmagan ma’lumot, muayyan millat, til, din yoki ijtimoiy guruh haqidagi asossiz umumlashtirishlar odamlar o‘rtasidagi ishonchsizlikni kuchaytirishi mumkin. Bunday sharoitda axborotni tanqidiy baholash, manbani tekshirish, o‘zgalar fikrini hurmat qilish, bahslarda haqorat va tamg‘alashdan qochish alohida ahamiyat kasb etadi. Oila va yaqinlar orqali axborot olish ulushining yuqoriligi esa kundalik suhbatlarda eshitilgan gaplarni dalilsiz qabul qilmaslik, mish-mishlarni tarqatmaslik va turli qarashlarni o‘zaro hurmat asosida muhokama qilish muhimligini ko‘rsatadi.

Yetti indikator – yetti qo‘llanma

Mahalla turli avlodlar, millat, til va diniy e’tiqod vakillari, ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi munosabatlar shakllanadigan eng muhim ijtimoiy makondir. Shu bois mahalla yettiligi vakillari, hokim yordamchilari hamda aholi bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar uchun stereotiplarni aniqlash, kamsituvchi munosabatlarning oldini olish va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan amaliy-uslubiy materiallarga ehtiyoj katta. Ana shu ehtiyoj va loyiha maqsadidan kelib chiqib, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan 2025-yilgi empirik tadqiqot natijalari asosida «Birdam jamiyat – teng imkoniyat» turkumida yetti metodik qo‘llanma tayyorlandi.

Qo‘llanmalarning muhim jihati shundaki, ular umumiy tavsiyalar bilan cheklanmay, hududlarda aniqlangan stereotiplar, ularning namoyon bo‘lish shakllari va ijtimoiy munosabatlarga ta’sirini hisobga olgan holda yozilgan. Bu mahalla yettiligi va soha mutaxassislariga muammoga yuzaki emas, uning asl sababini anglagan holda yondashish, nizoli vaziyatni barvaqt aniqlash va turli guruhlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Qo‘llanmalardagi hayotiy keyslar, suhbat namunalari, amaliy tavsiyalar va harakat algoritmlari mutaxassisda aholi bilan muloqotda ayblash va keskinlikni kuchaytirish o‘rniga tinglash, tushunish, ishontirish va hamkorlikka tayanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, empirik tadqiqot natijalari xorijiy tajriba va xalqaro hisobotlar bilan qiyosiy tahlil qilinib, vazirlik va idoralar uchun 6 ta axborot-tahlilnoma tayyorlandi. Ularda stereotiplarning shakllanish omillari, kamsitishning oldini olish mexanizmlari, jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatish usullari va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash yondashuvlari yoritilgan. Tahlilnomalarning ahamiyati shundaki, ular xalqaro tajribani mahalliy ijtimoiy muhit xususiyatlari bilan qiyoslash, hududlar kesimida aniqlangan muammolarni hisobga olish va har bir soha ehtiyojiga mos maqsadli targ‘ibot dasturlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Eng muhimi, bunday yondashuv targ‘ibotni umumiy da’vatlar va bir xil mazmundagi tadbirlar bilan cheklab qo‘ymasdan, aniq muammo, maqsadli auditoriya va kutilgan natijaga yo‘naltiradi.

Masalan, tilga oid stereotiplar aniqlangan hududlarda davlat tiliga hurmatni boshqa til vakillarining qadr-qimmatini e’zozlash bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarga nisbatan salbiy qarashlar mavjud muhitda esa avlodlar o‘rtasidagi ishonchli muloqotni kuchaytirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish mumkin.

Turkumdagi qo‘llanmalar va axborot-tahlilnomalar din, mahalla, davlat tili, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoshlar, ijtimoiy himoya hamda oila va xotin-qizlar sohalarida aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun mo‘ljallangan. Ularning asosiy vazifasi – xizmat faoliyatini yengillashtirish, murakkab vaziyatda mutaxassisga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va shu orqali xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashdir. Qo‘llanmalar mazmuni milliy dasturlar bilan bevosita bog‘langan.

Bugun millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligi ekani ta’kidlanar ekan, turkumdagi uchta qo‘llanma aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Ularda internetdagi diniy manipulyatsiyani tanib olish va nizoli vaziyatda muloqotni saqlash, mahalla raislari va mutaxassislarga millatlararo nizoni erta aniqlash va «nafrat tili»ning oldini olish, tashkilotlardagi maslahatchilarga esa ona tiliga hurmatni boshqa tillarga bag‘rikeng munosabat bilan uyg‘un olib borish bo‘yicha uslubiy ko‘nikmalar berilgan.

Oltinchi milliy dasturga ko‘ra, tuman byudjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida shakllantiriladi. Mahalla haqiqiy buyurtmachiga aylanishi uchun undagi muhit sog‘lom, odamlar bir-biriga ishonadigan bo‘lishi kerak. Aholining dardi va ehtiyoji mahalla orqali davlatga, davlatning g‘amxo‘rligi esa mahalla orqali har bir xonadonga yetib boradi. Shu bois turkumdagi har bir qo‘llanma «Mahalla yettiligi»ning tegishli vakili ish faoliyatiga moslab tuzilgan.

«Profilaktik muloqot va suhbat madaniyati» qo‘llanmasi profilaktika inspektorlari uchun tayyorlangan bo‘lib, unda inspektorning aholi bilan ishonchga asoslangan faoliyat yuritishiga oid uslubiy ko‘rsatmalar berilgan. Bu, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egallashiga xizmat qiladi.

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Mahalla yettiligi orasida yoshlar yetakchisi o‘zining yetakchilik va liderlik fazilatlari bilan ajralib turishi lozim. Bugun yoshlar bilan ishlashda ularning jamiyatdagi o‘rnini tan olish, fikriga quloq tutish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. «Avlodlar o‘rtasida ishonch va yoshlar bilan muloqot» qo‘llanmasida yoshlar yetakchilari uchun mediasavodxonlik, kiberbulling va yolg‘on axborotga qarshi immunitet shakllantirish, avlodlar o‘rtasida muloqot ko‘prigini qurish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

«Ijtimoiy barqarorlik» hamda «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom oilaviy muhit» qo‘llanmalarida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasidagi ijtimoiy himoya va oilani qo‘llab-quvvatlash maqsadlari bevosita o‘z aksini topgan. Ular ijtimoiy xizmat hamda oila va xotin-qizlar tizimi xodimlariga ehtiyojmand insonga o‘z vaqtida, kamsitmasdan va qadrini yerga urmasdan yordam berishning amaliy yo‘llarini ko‘rsatadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kelgusi o‘n yillikning yuksalishini faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Muloqot madaniyati jamiyat birdamligini ta’minlashning sodda, ammo nihoyatda ta’sirchan ijtimoiy mexanizmidir. U oilada – o‘zaro hurmatni, mahallada – hamkorlikni, ta’lim muassasasida – teng munosabatni, davlat organlari faoliyatida esa ishonchni shakllantiradi.

Zero, mahalladagi birdamlik kundalik hayotdagi kichik vaziyatlarda bir-birini tushunish va murosa qila olishdan boshlanadi.

Ziyoda AKBARQULOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

bosh mutaxassisi, loyiha rahbari