Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda shevaning ustidan kulish, «Sen “toʻgʻri” gapira olmaysanmi?» deb birovning talaffuzini kamsitish holatlari uchrab, baʼzilar buning uchun maʼmuriy javobgarlikka ham tortildi. Kattalar orasida «yoshlar hali hayotni tushunmaydi» degan qarash keng tarqalgan, yoshlar esa kattalarni raqamli savodsizlikda ayblaydi.

Ijtimoiy tarmoqda muayyan millat, din, hudud yoki ijtimoiy guruh haqida tarqalgan salbiy xabar ostida «Ularning hammasi shunaqa» qabilidagi izohlarni tez-tez uchratasiz. Qabul qilinayotgan qonunlarni «himoyachi» emas, «qoʻrqituvchi» sifatida idrok etish holatlari ham bor. Yoki qiz bolaning imkoniyatlarini «kelin» yoxud «ayol» degan soʻz cheklab qoʻyishi mumkinmi?

Jamiyatdagi birdamlik odamlarning bir joyda yashashi yoki bir xil qadriyatlarga ega boʻlishi bilangina taʼminlanmaydi. U, avvalo, insonlarning bir-birini tinglashi, fikrini hurmat qilishi va kelishmovchiliklarni adovatga aylantirmasdan hal eta olishida namoyon boʻladi. Shu maʼnoda muloqot madaniyatini rivojlantirish stereotiplarni, yaʼni notoʻgʻri, qotib qolgan qarashlarni kamaytirish, nizolarning oldini olish va har bir inson oʻzini jamiyatning teng huquqli aʼzosi sifatida his etadigan muhitni shakllantirishning muhim shartidir.

«Oʻzbekiston – 2030» strategiyasining birinchi boʻlimida har bir inson oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, ijtimoiy xizmatlar tizimini tubdan takomillashtirish, oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, gender tenglik va inklyuzivlik boʻyicha aniq samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash vazifalari qoʻyilgan. Xalqchil qilib aytganda, inson qadri tamoyilini qogʻozda emas, amalda koʻrsatish talab etilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan kelgusi oʻn yillikning yoʻl xaritasi sifatida belgilab berilgan yetti milliy dasturning bosh mezoni ham inson qadri boʻlib, ular Yangi Oʻzbekiston poydevorini adolat asosida mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Biroq qonun va dasturlar qanchalik mukammal boʻlmasin, ularni hayotga tatbiq etadigan odamlar ongida eskicha qarashlar, «oʻzimiz» va «begona» degan ajratishlar, oʻzgalarga shubha bilan qarash saqlanib qolar ekan, islohotlar samarasi susayaveradi. Shu bois stereotip va tamgʻalashga qarshi targʻibot bugun ham ijtimoiy siyosatning maʼnaviy tayanchi sifatida dolzarbligini yoʻqotmagan.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan «Yangi Oʻzbekiston – stereotiplardan xoli mamlakat» loyihasi aynan ana shu mezonni mahalla va oila darajasida roʻyobga chiqarishga qaratilgan.

Loyiha doirasida 2025-yilda «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi bilan hamkorlikda respublikaning 14 ta hududidagi 208 ta tuman (shahar)dan tanlab olingan 1039 ta mahallada oʻtkaziladigan tadqiqot dasturi va soʻrovnomalar ishlab chiqildi. Hududiy mutaxassislar uchun soʻrovnomalarni toʻldirish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan 6 kunlik oʻquv-seminar tashkil etildi. Shuningdek, tinchlik va totuvlikni 20 dan ortiq mezon asosida baholovchi Global tinchlik indeksi (GPI) reytingida eng yuqori koʻrsatkichlarni qayd etgan davlatlarning mavzuga oid ijobiy tajribasi oʻrganildi.

«Ijtimoiy birdamlik va bagʻrikenglik: Oʻzbekistondagi muloqot madaniyati va stereotiplar tahlili» mavzusidagi sotsiologik soʻrov natijalari asosida yetti indikator – gender, ijtimoiy tengsizlik, millat, din, dindorlik, yosh hamda til belgisiga koʻra kamsitishlarning tarqalish darajasi, keng tarqalgan turlari va kundalik hayotda duch kelish holatlari hududlar kesimida tahlil qilindi. Shakllangan muammolar bazasi asosida 7 ta stereotip indeksi ishlab chiqilib, interfaol analitik xaritaga joylashtirildi.

Tadqiqotning ayrim natijalariga toʻxtalsak. Umumiy manzara ijobiy: bu yurtimizda, ayniqsa, til siyosati, millatlar va konfessiyalararo bagʻrikenglik va totuvlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoya sohalarida olib borilayotgan islohotlar oʻz samarasini berayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, yoshi, maʼlumoti, kasb-kori, daromadi va yashash joyiga koʻra turli ijtimoiy qatlamlarga mansub 23 mingdan ziyod respondentning qariyb 20 foizi quyidagilarni qayd etgan:

  • kundalik hayotda kamsitishning u yoki bu turiga tez-tez duch kelishadi;

  • xotin-qizlarning taʼlim va mehnat faoliyatidagi imkoniyatlari, oila va mahallada qaror qabul qilishdagi ishtiroki cheklangan (xotin-qizlarning 6,9 foizi turmushga chiqqandan keyin ishdan yoki oʻqishdan voz kechish, erta nikoh va oilaviy zoʻravonlik holatlarini qayd etgan);

  • yoshlarning fikr va tashabbuslariga kattalar tomonidan ishonchsizlik bilan qaraladi;

  • soʻzlashuv va talaffuzga koʻra kamsitish keng tarqalgan.

Barcha indikatorlar boʻyicha «aytishim qiyin» javobi ulushining yuqoriligi (66 foizgacha) muammoning faqat ochiq namoyon boʻladigan shakllarini emas, balki yashirin koʻrinishlarini ham chuqurroq oʻrganish zarurligini koʻrsatadi.

Tadqiqot, shuningdek, jamiyatda axborotni qabul qilish va qarashlarni shakllantirishda ijtimoiy tarmoqlar yetakchi oʻrin tutayotganini koʻrsatdi: respondentlarning 69,2 foizi ularni axborot manbai sifatida qayd etgan. Ikkinchi muhim manba – oila aʼzolari, qarindoshlar va doʻstlar (43,8 foiz), uchinchisi – Oʻzbekiston telekanallari (37,5 foiz). Rasmiy saytlar (18 foiz), hamkasblar (14,4 foiz), gazeta-jurnallar (7,7 foiz) va taʼlim muassasalari (6,7 foiz) ham axborot olishda muayyan oʻringa ega.

Bu natijalar muloqot madaniyatini rivojlantirish faqat shaxslararo munosabatlar bilan cheklanmasdan, raqamli axborot muhitidagi masʼuliyatli xulq-atvorni ham qamrab olishi kerakligini anglatadi. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tekshirilmagan maʼlumot, muayyan millat, til, din yoki ijtimoiy guruh haqidagi asossiz umumlashtirishlar odamlar oʻrtasidagi ishonchsizlikni kuchaytirishi mumkin. Bunday sharoitda axborotni tanqidiy baholash, manbani tekshirish, oʻzgalar fikrini hurmat qilish, bahslarda haqorat va tamgʻalashdan qochish alohida ahamiyat kasb etadi. Oila va yaqinlar orqali axborot olish ulushining yuqoriligi esa kundalik suhbatlarda eshitilgan gaplarni dalilsiz qabul qilmaslik, mish-mishlarni tarqatmaslik va turli qarashlarni oʻzaro hurmat asosida muhokama qilish muhimligini koʻrsatadi.

Yetti indikator – yetti qoʻllanma

Mahalla turli avlodlar, millat, til va diniy eʼtiqod vakillari, ijtimoiy guruhlar oʻrtasidagi munosabatlar shakllanadigan eng muhim ijtimoiy makondir. Shu bois mahalla yettiligi vakillari, hokim yordamchilari hamda aholi bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar uchun stereotiplarni aniqlash, kamsituvchi munosabatlarning oldini olish va oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan amaliy-uslubiy materiallarga ehtiyoj katta. Ana shu ehtiyoj va loyiha maqsadidan kelib chiqib, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tomonidan 2025-yilgi empirik tadqiqot natijalari asosida «Birdam jamiyat – teng imkoniyat» turkumida yetti metodik qoʻllanma tayyorlandi.

Qoʻllanmalarning muhim jihati shundaki, ular umumiy tavsiyalar bilan cheklanmay, hududlarda aniqlangan stereotiplar, ularning namoyon boʻlish shakllari va ijtimoiy munosabatlarga taʼsirini hisobga olgan holda yozilgan. Bu mahalla yettiligi va soha mutaxassislariga muammoga yuzaki emas, uning asl sababini anglagan holda yondashish, nizoli vaziyatni barvaqt aniqlash va turli guruhlar oʻrtasida konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi. Qoʻllanmalardagi hayotiy keyslar, suhbat namunalari, amaliy tavsiyalar va harakat algoritmlari mutaxassisda aholi bilan muloqotda ayblash va keskinlikni kuchaytirish oʻrniga tinglash, tushunish, ishontirish va hamkorlikka tayanish koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, empirik tadqiqot natijalari xorijiy tajriba va xalqaro hisobotlar bilan qiyosiy tahlil qilinib, vazirlik va idoralar uchun 6 ta axborot-tahlilnoma tayyorlandi. Ularda stereotiplarning shakllanish omillari, kamsitishning oldini olish mexanizmlari, jamoatchilik bilan samarali muloqot oʻrnatish usullari va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash yondashuvlari yoritilgan. Tahlilnomalarning ahamiyati shundaki, ular xalqaro tajribani mahalliy ijtimoiy muhit xususiyatlari bilan qiyoslash, hududlar kesimida aniqlangan muammolarni hisobga olish va har bir soha ehtiyojiga mos maqsadli targʻibot dasturlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Eng muhimi, bunday yondashuv targʻibotni umumiy daʼvatlar va bir xil mazmundagi tadbirlar bilan cheklab qoʻymasdan, aniq muammo, maqsadli auditoriya va kutilgan natijaga yoʻnaltiradi.

Masalan, tilga oid stereotiplar aniqlangan hududlarda davlat tiliga hurmatni boshqa til vakillarining qadr-qimmatini eʼzozlash bilan uygʻunlashtirish, yoshlarga nisbatan salbiy qarashlar mavjud muhitda esa avlodlar oʻrtasidagi ishonchli muloqotni kuchaytirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish mumkin.

Turkumdagi qoʻllanmalar va axborot-tahlilnomalar din, mahalla, davlat tili, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoshlar, ijtimoiy himoya hamda oila va xotin-qizlar sohalarida aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun moʻljallangan. Ularning asosiy vazifasi – xizmat faoliyatini yengillashtirish, murakkab vaziyatda mutaxassisga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish va shu orqali xalq bilan davlat oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlashdir. Qoʻllanmalar mazmuni milliy dasturlar bilan bevosita bogʻlangan.

Bugun millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligi ekani taʼkidlanar ekan, turkumdagi uchta qoʻllanma aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Ularda internetdagi diniy manipulyatsiyani tanib olish va nizoli vaziyatda muloqotni saqlash, mahalla raislari va mutaxassislarga millatlararo nizoni erta aniqlash va «nafrat tili»ning oldini olish, tashkilotlardagi maslahatchilarga esa ona tiliga hurmatni boshqa tillarga bagʻrikeng munosabat bilan uygʻun olib borish boʻyicha uslubiy koʻnikmalar berilgan.

Oltinchi milliy dasturga koʻra, tuman byudjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida shakllantiriladi. Mahalla haqiqiy buyurtmachiga aylanishi uchun undagi muhit sogʻlom, odamlar bir-biriga ishonadigan boʻlishi kerak. Aholining dardi va ehtiyoji mahalla orqali davlatga, davlatning gʻamxoʻrligi esa mahalla orqali har bir xonadonga yetib boradi. Shu bois turkumdagi har bir qoʻllanma «Mahalla yettiligi»ning tegishli vakili ish faoliyatiga moslab tuzilgan.

«Profilaktik muloqot va suhbat madaniyati» qoʻllanmasi profilaktika inspektorlari uchun tayyorlangan boʻlib, unda inspektorning aholi bilan ishonchga asoslangan faoliyat yuritishiga oid uslubiy koʻrsatmalar berilgan. Bu, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, fuqarolarimiz yuragidagi qoʻrquv va hadik oʻrnini ishonch va xotirjamlik egallashiga xizmat qiladi.

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi boʻlgan Yangi Oʻzbekiston yoshlaridir. Mahalla yettiligi orasida yoshlar yetakchisi oʻzining yetakchilik va liderlik fazilatlari bilan ajralib turishi lozim. Bugun yoshlar bilan ishlashda ularning jamiyatdagi oʻrnini tan olish, fikriga quloq tutish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. «Avlodlar oʻrtasida ishonch va yoshlar bilan muloqot» qoʻllanmasida yoshlar yetakchilari uchun mediasavodxonlik, kiberbulling va yolgʻon axborotga qarshi immunitet shakllantirish, avlodlar oʻrtasida muloqot koʻprigini qurish boʻyicha tavsiyalar berilgan.

«Ijtimoiy barqarorlik» hamda «Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va sogʻlom oilaviy muhit» qoʻllanmalarida «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasidagi ijtimoiy himoya va oilani qoʻllab-quvvatlash maqsadlari bevosita oʻz aksini topgan. Ular ijtimoiy xizmat hamda oila va xotin-qizlar tizimi xodimlariga ehtiyojmand insonga oʻz vaqtida, kamsitmasdan va qadrini yerga urmasdan yordam berishning amaliy yoʻllarini koʻrsatadi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, kelgusi oʻn yillikning yuksalishini faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali oʻzimiz bunyod etamiz. Muloqot madaniyati jamiyat birdamligini taʼminlashning sodda, ammo nihoyatda taʼsirchan ijtimoiy mexanizmidir. U oilada – oʻzaro hurmatni, mahallada – hamkorlikni, taʼlim muassasasida – teng munosabatni, davlat organlari faoliyatida esa ishonchni shakllantiradi.

Zero, mahalladagi birdamlik kundalik hayotdagi kichik vaziyatlarda bir-birini tushunish va murosa qila olishdan boshlanadi.

Ziyoda AKBARQULOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

bosh mutaxassisi, loyiha rahbari