Yirik loyihalar — iqtisodiyot oʻsishining yangi drayverlari
Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsishga katta turtki beradigan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jizzaxdagi atom elektr stansiyasi, Olmaliqdagi toʻrtinchi mis boyitish fabrikasi, “Toshkent–Samarqand” va “Toshkent–Andijon” avtomobil yoʻllari shular jumlasidan.
Bu yil qiymati 27 milliard dollarlik 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi. Hududlarda 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda va mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.
Transport-logistika infratuzilmasi ham kengayadi. Poti portida yangi logistika markazi ishga tushiriladi, qator hududlarda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.
Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi va “Enterprise Uzbekistan” ishga tushib, 20–25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yigʻimi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qoʻshilgan qiymat soligʻi “nol” stavkaga tushiriladi.