Ma’naviyat, obodlik va hamjihatlik sari yana bir muhim qadam
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovning Namangan viloyati tumanlariga tashrifi davomida mahallalardagi obodlik va ozodalik muhiti, aholining ahilligi, nuroniylar faolligi hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Xizmat safari davomida mahalla faollari, xotin-qizlar, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqotlar o‘tkazilib, oiladagi totuvlik, milliy qadriyatlar, ma’naviy muhitni mustahkamlash, kelin-qaynona munosabatlari, yoshlarni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, sport sohasida yuksak natijalarga erishgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etilib, ularning yutuqlari e’tirof etildi. Chempionlarga esdalik sovg‘alari va kitoblar topshirilib, bu kabi e’tibor yoshlarni yangi marralar sari ilhomlantirishi ta’kidlandi.
Xonadonlar va tomorqalardagi barakali mehnat, obod turmush, uzumzor va bog‘larning namunali holati ham yuqori baholandi. Mehnatsevarlik, bunyodkorlik va yerga mehr bilan munosabat farovon hayotning muhim omili ekani qayd etildi.
Uychi tumanidagi "Nuroniylar maskani" faoliyati bilan tanishuv chog‘ida esa keksa avlod uchun yaratilgan sharoitlar, ularning jamiyat hayoti va yoshlar tarbiyasidagi beqiyos o‘rni alohida e’tirof etildi. Maskan kutubxonasiga kitoblar taqdim etildi hamda ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirishdagi samarali hamkorlik uchun tuman hokimligiga tashakkurnoma topshirildi.
Obod mahalla, ahil oila, faol nuroniy va intiluvchan yoshlar — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy tayanchidir.
Rasmiy sahifalarimiz👇
🚨telegram | 📎Facebook
📺YouTube | 👚Instagram