“Odamlar nima deydi?” Oʻzbekistonda bu savolni hayotida eshitmagan odam boʻlmasa kerak. U kasb, kiyim tanlash, uy qurish, ulov sotib olish, toʻy yoki boshqa oilaviy marosimni tashkil etishlargacha taʼsir qiladi. Baʼzan qaror qabul qilishda boshqalarning nazaridan qolisg yoki “gʻalati” koʻrinishdan qoʻrqish barchamizda boʻladi.
Erkinlik va individualizm urf boʻlgan davrda buni konformizm yoki mustaqillikning yetishmasligi bilan izohlashardi. Lekin antropologik yondashuv muammoga chuqurroq qaraydi. Inson – ijtimoiy mavjudot, uning oʻzi haqidagi tasavvuri hamisha jamiyat taʼsirida boʻladi. Qolaversa, oʻtmishda har qanday jamiyatda ham mustaqil boʻlish strategik jihatdan foydali boʻlmagan. Ocharchilik odatiy tus olgan, odamlar aksar holatda qirq yoshga ham yetmay vafot etgan zamonlarda jamoaga ergashish ikki asosiy vazifani bajargan: avvalo, jamiyat toʻplagan boy tajribaga tayanilgan, qolaversa, bu yashab qolishning eng ishonchli kafolati boʻlgan. Bugunga kelib esa qornimiz toʻq, ming yillik bilimlar qisqa fursatda oʻzlashtirilmoqda va ijtimoiy liftlar ishlayotgan sharoitdagina shaxsiy erkinlik hamda mustaqil fikrlash haqida soʻz ochish imkoniga ega boʻldik.
Yana bir jihati – jamiyatlarning oʻzi ham bu ergashishni turli darajada ragʻbat va majburiyatga aylantiradi. Mustaqil boʻlish faqat shaxsiy tanlov emas – oʻzingga yaqin insonlarning koʻngliga qarash, ular bilan munosabatlarga putur yetkazmaslik, jamiyatdan ajralib qolmaslik kabi masalalar-da bor.
Eng qizigʻi, tadqiqotlarga koʻra, jamiyatning oʻzi ham vaziyatlarga qarab senga talab qoʻyadi. Masalan, ota-onaga quloq solmaslik odobsizlik, ishxonada boshliqqa quloq solmaslik jasorat deb baholanishi mumkin. Balki ota-ona adashayotgandir, boshliq haqdir, degan masala doim ham tahlil qilinmaydi. Shuning uchun odamlar fikriga quloq solishni yomon ham, yaxshi ham deb boʻlmaydi – vaziyatga bogʻliq; ayni paytda mustaqil boʻlish oʻz qoʻlingda deyish ham alohida insonga ortiqcha axloqiy majburiyat yuklashdir – hamma ham bunday sinovdan oʻta olmaydi va oʻtishga majbur ham emas.
Oʻzbekistonda toʻy-hashamlar shaxsiy xohish va oʻzgalar fikri oʻrtasidagi eng asosiy ziddiyat maydoni hisoblanadi. Rasmiy siyosat va ziyolilar isrofgarchilikka qarshi kurashib, kamxarj marosimlarga chaqirsa-da, dabdaba kamaymayotgani sir emas. Odamlarning oʻzi ham dabdabali toʻyni xohlamasligini aytadi, biroq baribir shunday marosim oʻtkazaveradi.
2026-yilda oʻtkazilgan satsiologik tadqiqot ana shu ziddiyatning asl koʻlamini yaqqol koʻrsatib beradi. Tadqiqotda 58 mingdan ortiq kishi qatnashgan, respondentlarning koʻpchiligi talabalar boʻlgan. Ixcham toʻyga ijobiy munosabat: talabalarda 88,9 foizni, professor-oʻqituvchilarda 93,6 foizni, OTM xodimlari orasida esa 95,1 foizni tashkil qilgan. Ayni paytda talabalarning 67 foizi va professor-oʻqituvchilarning 76,4 foizi “odamlar nima deydi?” savoli toʻyning hashami bilan bogʻliq qarorlarga taʼsir qilishini tan olgan (OTM maromiylik tadqiqoti 2026, b. 24, 37).
15 176 nafar davlat xizmatchilari ishtirok etgan alohida tadqiqotda ham shunga oʻxshash manzara kuzatiladi: ishtirokchilarning 96,4 foizi ixcham va kamxarj toʻylarni qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, 69,4 foizi atrofdagilarning munosabati toʻy haqidagi qarorlariga toʻliq yoki qisman taʼsir qilishini tan olgan (Davlat xizmatchilari maromiylik tadqiqoti 2026, b. 9, 18).
Albatta, har ikkala tadqiqot ham tor doiradagi ijtimoiy qatlamlarni qamrab olgani sababli ularning natijalarini butun respublika aholisiga avtomatik ravishda tatbiq etib boʻlmaydi. Qolaversa, davlat xizmatchilari ishtirokidagi soʻrovda respondentlarning ijtimoiy jihatdan “maʼqul” koʻrinishga intilish (social desirability bias) xavfi borligi ham alohida koʻrsatib oʻtilgan. Ammo savol tugʻiladi: nima uchun insonning shaxsiy etiqodi uning amaldagi yoki kutilayotgan xatti-harakatlari bilan bir-biridan bu qadar farq qilishi mumkin?
Oʻzimizga oʻzgalarning koʻzgusi orqali qaraymiz
Ushbu savolga amerikalik jamiyatshunos Charlz Horton Kuli XX asr boshidayoq klassik javob bergan. U “koʻzgudagi Men” (looking-glass self) tushunchasini muomalaga kiritgan. Kulining fikricha, boshqalar bilan muloqotda doim bir necha xayoliy operatsiyani amalga oshiramiz: boshqalarning koʻziga qanday koʻrinishimizni tasavvur qilamiz, ularning bahosini xayolan tiklaymiz, soʻng ana shu taxminiy bahoga qarab gʻurur, noqulaylik, uyat yoki mamnunlik his etamiz (Cooley 1922, pp. 183–184).
Bu oʻrinda “taxminiy” degan soʻz muhim. Oʻzga odam bizni haqiqatan ham qoralashi shart emas. Baʼzan uning shunday qilishi mumkinligiga boʻlgan ishonchimizning oʻzi kifoya.
Shunday ekan, “odamlar nima deydi?” shunchaki maishiy ibora emas, ijtimoiy Men shakllanishining mexanizmidir. Inson oʻz xatti-harakatini bir vaqtning oʻzida ikki nuqtadan baholaydi: ichkaridan (“nima xohlayman?”) va tashqaridan (“bu boshqalarning koʻziga qanday koʻrinadi?”).
Erving Goffman bu fikrni yanada rivojlantirib, kundalik ijtimoiy munosabatlarni sahna istiorasi orqali tavsiflagan. Turli ijtimoiy vaziyatlarda odamlar maʼlum bir auditoriya qarshisida boʻladi; ular ongli yoki ongsiz tarzda oʻzi haqidagi taassurotni boshqaradi. Bunda faqat soʻzlar emas, kiyim, muhit, odob, hatto atrofdagi buyumlar ham muhim rol oʻynaydi (Goffman 1959, pp. 15–22).
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, toʻy – puxta ijtimoiy sahnadir. Bir necha soat yoki kun davomida oilaning moddiy imkoniyatlari, qarindoshlik aloqalari, mehmon kutish qobiliyati, sovgʻa berishi va eʼtirof etilgan mehmondoʻstlik shakllariga rioya qilishi ommaning koʻz oʻngida boʻladi. Shu sababli toʻyning koʻlami va shakli haqidagi qarorni faqatgina kelin-kuyovning xohishiga bogʻlab tushuntirish notoʻgʻridir.
Boylik eʼtirofga aylanadi
Pyer Burdyo bu muammoga yana bir izoh taklif qiladi: u insonning feʼl-atvorini moddiy manfaat bilangina tushuntirib boʻlmasligiga eʼtibor qaratadi. Ijtimoiy aloqalar, nufuz, obro‘ va eʼtirof muayyan sharoitlarda iqtisodiy resurslardan ham ustun turadi. Unga koʻra, iqtisodiy resurslar ramziy kapitalga – atrofdagilar eʼtirof etadigan nufuz va obroʻga aylanadi (Bourdieu 1977, pp. 171–183).
Dabdabali toʻy misoliga qaytsak. Oila budjeti uchun xarajat ogʻir boʻlishi mumkin, biroq mehmonlar buni oilaning obroʻsiga kiritilgan sarmoya sifatida qabul qiladi. Mehmon koʻpligi, dasturxonning toʻkinligi farovonlik, mehmondoʻstlik va ijtimoiy maqomning ommaviy nishonasiga aylanadi. Demak, toʻy sarfi aslida aqlsizlik emas, balki oqillikning (ratsionallikning) boshqa mantiqidir. Iqtisodiy tomondan foydasiz boʻlgan narsa baʼzan ijtimoiy jihatdan foydali boʻlishi mumkin.
Qizigʻi, rossiyalik antropolog Sergey Abashin Markaziy Osiyo toʻylariga xuddi shunday baho bergandi. Uning “Sogʻlom mantiqqa qarshimi?” nomli maqolasida ana shunday marosimlar ortidagi mantiq va manfaat koʻrsatib berilgan (Абашин 2003, с. 217–238).
Bir soʻz bilan aytganda, dabdabali toʻylar doim ham “pulni hisoblashni bilmagan”lar tomonidan qilinmaydi. Koʻplar oʻz qarorining iqtisodiy oqibatlarini juda yaxshi anglab turadi.
Meʼyor shaxsiy fikrdan kuchliroq boʻlganda
Ijtimoiy meʼyorlarni oʻrgangan zamonaviy tadqiqotchi Kristina Bikkieri yana bir tushuntirishni taklif qiladi. Yaʼni, jamoaviy xatti-harakatni tushunish uchun shaxsiy ishonchni ikki turdagi kutishlardan ajratish lozim: empirik kutilma – boshqalar nima qilayotgani haqidagi tasavvurimiz; normativ kutilma esa boshqalar bizdan nimani kutayotgani haqidagi tasavvurimizdir (Bicchieri 2017, pp. 8–12, 35).
Tasavvur qilaylik, bir inson shaxsan yuz kishilik toʻyni mutlaqo yetarli deb hisoblaydi. Ammo u bir vaqtning oʻzida “Atrofimdagi hamma uch yuz kishilik toʻy qilyapti”, deb oʻylashi mumkin. Bu – uning empirik kutilmasi. Keyin ikkinchi fikr paydo boʻladi: “Qarindoshlar biz ham xuddi shunday toʻy qilishimizni kutmoqda”. Bu normativ kutilmadir. Natijada inson oʻzi toʻliq qoʻllab-quvvatlamaydigan meʼyorga amal qiladi.
Baʼzi hollarda bundan ham qiziqroq hodisa – pluralistic ignorance, yaʼni ommaviy bexabarlik yuzaga keladi. Bu guruhning koʻplab aʼzolari muayyan meʼyorni shaxsan qoʻllab-quvvatlamasa-da, ularning har biri qolganlar bu meʼyorni qoʻllab-quvvatlaydi, deb yanglish oʻylaydi.
Debora Prentis va Deyl Millerning klassik tadqiqoti bu mexanizmni Prinston universiteti talabalarining alkogol isteʼmoliga munosabati misolida koʻrsatgan. Juda koʻp talaba alkogol isteʼmoli amaliyotini oʻz tasavvuridagi “oʻrtacha talaba”ga qaraganda kamroq maʼqullagan. Shunga asoslanib, ular bu talabga moslashishga harakat qilgan (Prentice, Miller 1993, pp. 243–256). Bunday vaziyatda alkogolning real isteʼmoli umumiy alkogol xohishidan yuqoriroq boʻlishini bashorat qilish mumkin.
Bu oʻziga xos ijtimoiy tuzoqdir: kimdir “boshqalar mendan shuni kutyapti” deb harakat qiladi, ikkinchisi esa “yana birov shuni talab qilmoqda” degan oʻy bilan unga ergashadi. Uchinchi shaxs esa zanjirdagi birinchisiga qarab ish tutadi. Aslida bu meʼyorni hech kim belgilab qoʻymagan boʻlsa-da, silsilaviy xato kutilma natijasida saqlanib qoladi va kuchayib boradi, shaxsiy norozilik esa yashirib kelinadi. Bikkieri bunday vaziyatlarni “belief trap” – “ishonchlar tuzogʻi” deb ataydi (Bicchieri 2017, pp. 42–44).
Nega bunday meʼyorlar saqlanib qoladi?
Ommaviy xatti-harakat koʻzga tashlanadi, shaxsiy fikr esa koʻrinmaydi. Biz qoʻshnimizning katta toʻyini koʻramiz-u, uning bu ishdan qanchalik norozi boʻlganini yoki tayyorgarlik paytidagi oilaviy tortishuvlarni koʻrmaymiz.
Bundan tashqari, odatdagi meʼyordan chekinish ijtimoiy maqomga taʼsir qiladi. Inson rasmiy jazodan emas, masxara, uyaltirish, mish-mish yoki yaqinlari bilan munosabatlarning yomonlashishidan qoʻrqadi. Bunday sharoitda meʼyorga rioya qilish xavfdan qochish vositasiga aylanadi.
Nihoyat, oilaviy marosimlar kamdan kam hollarda bir kishining qarori bilan hal boʻladi. Toʻy zinhor kelin-kuyovning shaxsiy ishi emas: kuyovning otasi birovning toʻyini “yegan” va endi uni toʻyga chaqirmasa, “qarz” boʻladi; onasi dugonalarining oldida bosh koʻtarolmay qoladi. Qolaversa, toʻy xarajatlarini koʻpincha kelin-kuyov emas, kattalar koʻtaradi.
Ijtimoiy meʼyorni oʻzgartirish mumkinmi?
Xullas, dabdabali toʻylarni antropologiyadagi qator nazariyalar orqali chuqur anglash mumkin. Bu yondashuv odamlarni shunchaki “aqlsizlik”da ayblash notoʻgʻri va samarasiz ekanini koʻrsatadi. Jamiyatning ichki mexanizmlari meʼyorni uzoq yillar davomida saqlab turadi. Agar uni oʻzgartirish kerak boʻlsa, faqat alohida shaxslarning emas, balki jamoatchilik kutilmalarining oʻzi oʻzgarishi lozim. Siyosiy elita, ziyolilar, jamiyatning faol aʼzolari meʼyorni oʻzgartirishni istasa, buni amalga oshirishning oʻziga yarasha usullari bor.
Oxirgi paytlarda boshqa yoʻnalishda jiddiy oʻzgarishlar kuzatilyapti – ramziy kapital hisoblangan “qimmat” avtoraqamlar narxi tushdi. Avtoraqamning narxi tushishi uning ijtimoiy ahamiyatini ham tushirib yubordi, – bunday masalalarda koʻpincha “qancha koʻp xarajat qilsam, shuncha obroʻga ega boʻlaman” degan mantiq ishlaydi. Aytaylik, toʻyga atalgan pulni boshqa ishga yoʻnaltirish obro‘ keltira boshlasa, bu tezda ommalashib ketishi mumkin. Kimdir toʻyga 500 mln soʻm atagan. Toʻy kamtarroq boʻlishi uchun asosiy shart – toʻy egasi yakunda oʻsha atagan pulini ishlatib tugatishi kerak: shu pulni ehson qilish, kelin-kuyovga uy olib berish, oʻqishiga toʻlov qilish orqali ishlatib, buning evaziga, birinchidan, jamiyatda obroʻsi oshishi kerak, ikkinchidan, jamiyat undan qoʻshimchasiga toʻkin dasturxon talab qilmasligi kerak. Yaʼni ijtimoiy maqomga investitsiya toʻy orqali emas, ehson, oʻqish, yoshlarni uy bilan taʼminlash orqali kelishi kerak. Mahalladoshlari “Qizingning uyi bilan nima ishim bor, shu bugun toʻyda bir maza qilmoqchi edim” deb ranjisa, toʻy egasi oʻzi kutgan natijaga erishmaydi.
Yana bir radikalroq ssenariy – hashamatli toʻyga koʻp pul sarflash obro‘ emas, aksincha, uyat keltirib chiqarishi. Bunday sharoitda meʼyor tezda oʻzgaradi. Boshqa turli-tuman yoʻllar ham taklif qilingan va roʻyxatni davom ettirsa boʻladi.
Asosiy xulosa shuki, oʻzgarmas ijtimoiy meʼyorning oʻzi yoʻq. Eʼtiborli jihati, yuqoridagi ssenariylarning ikkalasida ham atrofdagilarning fikri baribir muhimligicha qolaveradi. Bundan toʻliq qutulib boʻlmaydi.
Qizigʻi shundaki, toʻy yoki mashina tanlashda birovlarning fikriga ergashishni qoralaydigan targʻibot boshqa masalalarda jamiyat tartibiga soʻzsiz boʻysunishni talab qilishi mumkin. Ammo bir odamdan turli vaziyatlarda ikki xil reaksiya kutish xato. Yoshlar “toʻy – shaxsiy ishim, birovning ishi yoʻq” deyishini istasangiz, ular boshqa sohalarda ham jamiyat fikriga quloq solmasligiga tayyor turishingiz kerak. Chunki individuallik va jamoaviylik bitta tugma bilan oʻchirib-yoqilmaydi.
“Odamlar nima deydi?” – faqat oʻzbek jamiyatiga yoki Markaziy Osiyoga xos hodisa emas. U butun dunyoda kuzatilgan va jahon antropologiyasida chuqur oʻrganilgan. Uning ortida insonning ijtimoiy mavjudot sifatidagi fundamental xususiyatlaridan biri yashiringan. Biz shunchaki atrofdagilarga qarab yashamaymiz, maʼlum darajada oʻzimizga ham ularning koʻzi bilan qaraymiz. Shu sababli ayrim jamoaviy odatlar har birimizning shaxsiy ishonch va xohishimizdan ancha barqaror boʻladi.
Eldar ASANOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Adabiyotlar roʻyxati:
1. Bicchieri C. Norms in the Wild: How to Diagnose, Measure, and Change Social Norms. – New York: Oxford University Press, 2017.
2. Bourdieu P. Outline of a Theory of Practice. Trans. by R. Nice. – Cambridge: Cambridge University Press, 1977.
3. Cooley C.H. Human Nature and the Social Order. Revised ed. – New York: Charles Scribnerʼs Sons, 1922.
4. Goffman E. The Presentation of Self in Everyday Life. – New York: Anchor Books, 1959.
5. Prentice D.A., Miller D.T. Pluralistic Ignorance and Alcohol Use on Campus: Some Consequences of Misperceiving the Social Norm // Journal of Personality and Social Psychology. – 1993. Vol. 64, No. 2. P. 243–256.
6. Maromiylik tadqiqoti: OTM talabalari, professor-oʻqituvchilar va xodimlari orasida toʻy madaniyati, iqtisodiy omillar va ijtimoiy normalar. Sotsiologik tahliliy hisobot. – Toshkent, 2026.
7. Maromiylik tadqiqoti: davlat xizmatchilari orasida toʻy madaniyati, iqtisodiy omillar va ijtimoiy normalar. Sotsiologik tahliliy hisobot. – Toshkent, 2026.
8. Абашин С. Вопреки “здравому смыслу”? (К вопросу о “рациональности/иррациональности” ритуальных расходов в Средней Азии // Евразия. Люди и мифы. – М.: 2003. С. 217–238.