Taʼlim hamma zamonda oʻzgarishlarga ehtiyoj sezgan. Ammo bugun yangilanishlar shunchalik tez roʻy bermoqdaki, uch yil oldin modaga aylangan yangi pedagogik texnologiya koʻp oʻtmay eski metodga aylanib qolyapti. Kishining ruhiy olami asosan maktabda boyitilishini inobatga oladigan boʻlsak, darsliklarga shakl va mazmun jihatidan yangiliklar kiritish kishidan oʻzgacha yondashuvni talab qiladi. 

Soʻnggi yillarda “4K”, “Bloom taksonomiyasi”, “5E”, “Problem based learning” va shu kabi bir qator yangi taʼlim texnologiyalari bir-biriga juda tez oʻrin boʻshatib berdi va navbati bilan “trend”ga chiqdi. Tabiiyki, darsliklar ham bu yangiliklarga moslashtirilishi davr talabi edi va yangilangan adabiyotlar bu talabga mos. Misol sifatida 8-sinf adabiyot darsligini oladigan boʻlsak, topshiriqlar qismida oʻrinli oʻzgarishlar bor. “Juftlikda ishlang”, “Muhokama qilamiz”, “Tavsiya”, “Ijodiy ish”, “Toʻgʻri-notoʻgʻri hukmlar jadvali”, “Ikki tomonlama kundalik”, “Farazlar jadvali”, “Qiyoslang”, “Guruhlarda ishlash”, “Oʻylab koʻring”, “Tadqiq qiling”, “Flayer tayyorlash” singari yangicha va rang-barang topshiriqlar qoʻshilgan. Bular bugungi tez chalgʻiydigan va tez zerikadigan “internet bolalari”ning diqqatini jalb qila oladi. “Mutolaadan oldin” rukni ham darslikning rang-barangligini taʼminlagan. Eng muhimi, bu rukn oʻquvchini asar mutolaasiga tayyorlaydi.

Darslikning mundarijasida ham yaxshi oʻzgarishlar bor. Masalan, avvalgi 7-sinf darsligidan chiqarib tashlangan “Ravshan” dostonini olaylik. Dostonning sheʼriy qismlari oʻziga xos musiqiylikka ega va bolani aynan shu jihat koʻproq jalb etadi. Genrining “Yigirma yildan soʻng” hikoyasi esa u qadar jonli emas, qandaydir xira. Genrining katta ijodiga hurmat saqlagan holda bu hikoyada chaqnash yoʻqligini aytishga majburmiz. Oʻquvchini jalb qiladigan badiiy elementlardan birontasi koʻzga tashlanmadi. Katta yoshdagi kitobxonlarga moʻljallangandek. “Mirkomilboyning qazo boʻlgan namozi” hikoyasi haqida oʻquvchilarim hikoya bir oz sunʼiydek, hissiyot uygʻonmadi oʻqiganimizda deya fikr bildirishdi. Va bu oʻquvchilar “Urushning soʻnggi qurboni” hikoyasini yigʻlab oʻqigan oʻquvchilar.

Oʻz-oʻzidan bir qancha savollar tugʻiladi: Oʻsmirlar nimani zavq bilan oʻqiydi? Nimadan turtki oladi? Uning ruhiyati qanday? Bu savollarga javob topish orqali sifatli darslik tuzish yoʻlida katta qadam tashlanadi. Bu oʻrinda biz pedagoglar ham turli soʻrovnomalar oʻtkazib turishimizga toʻgʻri keladi. 9-sinf darsliklari yangilangani bois mazkur sinf oʻquvchilari ishtirokida soʻrovnoma oʻtkazdim. Ular kitobdan va ustozning yordamidan foydalanmagan holda yil davomida adabiyot darsida oʻtilgan mavzularni eslab yozishi talab etilardi. Qaysi asar koʻproq esida qolgan boʻlsa, shuni birinchi yozishi va shu tariqa reyting yaratishi kerak edi. Yozma soʻrovnomadan soʻng har ehtimolga qarshi ogʻzaki soʻrovnoma ham tashkil qildim. Soʻrovnoma yakunida shunday reyting hosil boʻldi:

1. “Chinor” romani;

2. “Hayotga muhabbat” hikoyasi;

3. “Farhod va Shirin” dostoni;

4. “Oqchorloq Jonatan Livingston” qissasi;

5. Shavkat Rahmon sheʼrlari va “Baxshiyona”.

Bolalarning tanlovi yomon emas-a? Aslida ular hech narsani tanlamadi. Eng koʻp esida qolganlarini aytdi, xolos. Bu asarlar oʻquvchi qalbiga ongli ravishda emas, beixtiyor singib ketgan. Aynan shu nuqtada adabiyot darsligini tuzishda qilingan toʻgʻri tanlovlar yuzaga chiqib keladi. Roʻyxatdagilarning deyarli hammasi kitobga yangidan qoʻshilgan. Demak, bu oʻquv yilidagi (2025-2026) 9-sinf adabiyot majmuasining yutugʻini koʻrsatadi. Yaʼni mundarijada oʻrinli oʻzgarishlar qilingan. Darslikning topshiriqlar qismi ham zamonaviy taʼlim yondashuviga mos. Bu darslik faqat bilish koʻnikmasini emas, qoʻllash, tahlil qilish, yaratish, dalillash, loyihalash singari oʻnlab koʻnikmalarni shakllantiradi. Oʻz-oʻzidan bu mashqlar “Shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim”, “Differensial taʼlim”, “Hamkorlikda oʻqitish”, “Vaziyatlarni tahlil qilish”, “Izlanishga asoslangan taʼlim” singari zamonaviy metodlar bilan uygʻunlashgan. Darvoqe, kitobning dizayni menga juda yoqdi. Bari bir Gʻafur Gʻulom nashriyoti ulkan tajribaga egaligi koʻzga tashlangan. Bir paytlar intervyuda darsliklar havaskor xususiy nashriyotlarga berilib tajriba quyonchasi qilinmasligi kerakligini aytgan edim. Maktab darsliklarini tayyorlash uchun nashriyotning uzoq va shonli tarixi boʻlishi lozim. Buning masʼuliyati badiiy kitob chop etishdan koʻra ancha ogʻir. Bu kitoblar buzilsa, badalini kitobxonlar emas, butun millat toʻlaydi. Adabiyot darsliklari millatning tafakkuriga, qalbiga va mentalitetiga masʼul.

Adabiy tanqidda “nimani aytish emas, qanday aytish muhim” degan qarash mavjud. Darslik mualliflari ham qisman emas, butunlay ana shu shiorga tayanib ish koʻrsa, bolalarning sevimli adabiyot kitoblari paydo boʻladi. Yaʼni “Ulug‘ saltanat” Amir Temurga bagʻishlangani uchungina 11-sinf adabiyotiga kiritilishi unchalik toʻgʻri qaror emasligini oʻquvchilarning munosabati koʻrsatib turibdi. Shu pallada kimdir ularning saviyasi va badiiy didini dastak qilishi mumkin. Bunga javoban bir nechta savol tugʻiladi: nega “Ulug‘ saltanat”ni oʻqiy olmagan bolalar “Choliqushi”ni zavq-shavq, hayajon va koʻzda yosh bilan oʻqib chiqadi? Nima uchun “Abulfayzxon” dramasiga bir koʻz yugurtirib yopib qoʻyadigan bola Chexovning “Garov” hikoyasi haqida internetga post joylaydi?

Vatanparvarlik mavzusida bir nechta asar joylashtiramiz. Lekin oʻquvchilar uchun vatan haqidagi eng zoʻr asar “Hellados” hikoyasi boʻlib qolaveradi. Bolalar bu borada samimiy. Ular hech qanday nazariyasiz, shov-shuv va targʻibotlarsiz, manipulyatsiyasiz, sof ishtiyoq bilan mutolaa qiladi. Katta yoshdagi kitobxonlarning falon kitob haqidagi taassuroti oʻzlariniki yoki qandaydir taqrizlar, shov-shuvlar, tavsiyalar orqali singdirilgan yoki singdirilmaganini ular har doim ham payqamasligi mumkin. Ammo oʻquvchilarning qaysidir asar haqidagi bahosi oʻziniki. Bu fikr qanchalik erish tuyulmasin, ular badiiyatni yuqori oʻringa qoʻyadi. Biz Kafkaning “Evrilish”ini shavq bilan oʻqib chiqqan oʻsmirlarni “Abulfayzxon”ga qiziqmagan nodon deya ayblay olmaymiz.

Shu oʻrinda 2022-yilgacha chop etilgan darsliklarda muallifni tanishtirish masalasi bir oz oqsagani haqida soʻz yuritsak. Masalan, oltinchi va oʻn birinchi sinf adabiyotidan Xurshid Davronning ayrim sheʼrlari oʻrin olgan. Albatta, bu shoirning har bir sheʼri mulohazaga undaydi. Lekin oʻquvchi tasavvurida “Ota qabri” sheʼri ularning barchasidan yorqinroq emasmi?! Juda yaxshi esimda: 5-sinfga oʻtganimda darsliklar berilgan kuni kechki ovqat ustida dadam va akalarim “Adabiyot” kitobingda zoʻr rivoyat bor, oʻqib koʻr-chi”, deyishdi. Bu “Ota qabri” sheʼri edi va u menga ham juda qattiq taʼsir qildi. Shu tariqa bu bizning oilaviy sheʼrimizga aylanib qoldi!

Oradan yillar oʻtib oʻquvchilarim Xurshid Davron ijodiga kirisholmay turganlarida shu sheʼrni oʻqib berdim. Bolalar toʻlqinlanib ketishdi va “nega bu kitobimizda yoʻq?”, deb soʻrashdi. “Xudo xohlasa, yana darslikka qaytadi”, dedim. Beixtiyor “Bizda ham vatan mavzusida “Hellados” bilan bitta turkumga kiritishga arziydigan asarlar bor” degan oʻy kechdi koʻnglimdan. Shoirning darslikka kirgan “Shoir, qush va qish” sheʼri juda toʻgʻri tanlangan. Lekin “Oʻgʻlim Temurga” sheʼri ham shakl, ham mazmun jihatidan 6-sinf bolasi uchun bir oz ogʻir, deb oʻylayman.

Yuqoridagi fikrimizga, yaʼni muallifni tanitish masalasiga qaytadigan boʻlsak, darsliklarda Xurshid Davronni juda yaqindan tanitadigan, kuyga solingan sheʼrlari haqida hech gap yoʻq. Azim Mullaxonov ijrosidagi “Ota” qoʻshigʻi, Gʻayrat Usmonov ijrosidagi “Kelmadingiz”, “Ikki qadam” taronalarini nazarda tutyapman. Aslida mana shu kuylar va “Ota qabri” sheʼri Xurshid Davronning tashrif qogʻozi, nazarimda. Na ulardan parcha, na ularni tinglab koʻrish uchun tavsiya bor.

Xayriyatki, yangi darsliklar, ayniqsa, 9-sinf adabiyoti mana shu boʻshliqni toʻldirgani bilan ham qadrli. Ularda sheʼrlarning MP3 varianti va asarlar asosida ishlangan kinofilm, spektakllardan fotolavhalar va ularga oʻtish uchun havola (QR kod) qoldirilgan. Bu jihat zamonaviy oʻquvchining dunyoni koʻproq vizual idrok qilishiga juda mos keladi.

Infografika, dizayn, texnika rivojlangan zamondamiz. Gʻafur Gʻulomning boshqa atoqli adiblar bilan tushgan surati adabiyot kitobidan oʻrin olishi juda katta yangilik. Bu orqali adibning boshqa ijodkorlar bilan aloqalarini rasm bilan jonlantirgan holda taqdim etish, bitta adib tarjimai holida bir nechta adibning qiyofasini tanishtirish juda samarali boʻladi. Axir yil davomida 15 ta adibni oʻqisangiz-u lekin 30 ta adibning rasmini koʻrgan boʻlsangiz va koʻproq taassurot bilan oʻquv yilini yakunlasangiz qanday yaxshi.

Bugun odamlar koʻproq koʻz bilan oʻylayapti, koʻz bilan oʻrganyapti va koʻz bilan his qilyapti. Rasmli tasavvur suyak-suyagimizga singib ketdi. Agar siz bolaga “Shum bola” qissasi kino qilingani haqida qoʻshimcha maʼlumot bermoqchi boʻlsangiz, buni aytmang. Sahifaning bir chekkasiga filmdan fotolavha joylang va uning tagiga ishlab chiqarilgan yilini qisqa qilib yozib qoʻying. Bu mediamakonda tili chiqqan avlodda taassurot hosil qilish uchun juda samarali vosita. Albatta, tarjimai hol qismida matnning oʻrni va roli qisqarsin demayman. Matn va rasmli maʼlumot bir-birini toʻldirib, izohlab tursin, demoqchiman. Yaxshi tarjimai hol, ayniqsa, u birinchi shaxs tilidan yozilgan voqeaband, hikoyasifat biografiya boʻlsa, uni jadvalga solib boʻlmaydi.

Modomiki, soʻz adibni yorqin tanishtirish xususida ketayotgan ekan, davrning oʻzi ijodkorlarning tarjimai holiga bir oz boʻyoq berilishini taqozo qiladi. Negaki, yosh avlod internetda jozibador avtobiografiyalar bilan tanishishni odat qilgan. Qaysidir millioner ularning qahramoniga aylangan. Bu yerda faqat “shohona hayot sindromi” emas, balki, taʼsirchan biografiya ham oʻz ishini qilgan. Nega shoir va yozuvchilarning hayot yoʻlini afsonadek, drama yoki tragediyadek koʻrsatib berishdek imkoniyatdan foydalanmasligimiz kerak?! Nazarimda, Abdulla Qahhorning realistik hikoyalar bitganiga sabab uning alam va iztirobga toʻla bolaligida. Kichik sinfdaligimda akamlarning adabiyot kitobida Abdulla Qahhorning oʻkinch va mashaqqatlarga toʻla tarjimai holini oʻqigan edim. Bu bir umrlik xotira boʻlib qoldi. Adashmasam, “Oʻtmishdan ertaklar” qissasidan olingan parcha edi bu. Shu parchani qaytarish orqali “bir oʻq bilan ikki quyonni urish” mumkin: birinchisi adibni yaqindan, avtobiografik metod orqali tanitish, ikkinchidan, yozuvchining yana bir asarini “reklama” qilish. Oʻquvchi bir vaqtning oʻzida ham Abdulla Qahhorning kechmishlari bilan tanishadi, ham “Oʻtmishdan ertaklar” asaridan parcha oʻqiydi. Bu orqali sanoqli sahifadan unumli foydalanish mumkin.

Asarni avtobiografik metod asosida tahlil qilishda tarjimai hol namunalari beqiyos ahamiyatga ega. Koʻp yillar oldin bu anʼana bor edi: Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Chingiz Aytmatov, Ernest-Seton Tompson singari ijodkorlarning hayot yoʻllarini bilish orqali bizning avlodda badiiy ijodga qiziqish kuchaygan. Ayniqsa, Seton Tompsonning oʻzi sevgan kitobni sotib olish uchun misqollab pul yigʻish voqeasi sinfdoshlarimni nihoyatda ilhomlantirgani esimda. Noliyotganimiz yoʻq – har tugul bu borada ham 9-sinf darsligida ajoyib ishlar qilingan. Ijodkorlar oʻzi haqida oʻzi “hikoya qilmoqda”.

Menimcha, eng muhim masala – kitobga oʻquvchibop asarlarni jamlash va bu kishidan moslashuvchanlikni talab qiladi. Men bu oʻrinda mutaxassis boʻla turib, asarni oʻquvchi nigohi bilan koʻra olishni nazarda tutyapman. Masalan, “Yevgeniy Onegin” 10-sinf darsligi uchun toʻgʻri tanlangan. “Don Kixotning boshidan kechirganlari” haqida ham shunday deyish mumkin. Bu asarlar oʻquvchilarni ijobiy maʼnoda muvozanatdan chiqara oldi. Masalan, Tatyana va Oneginning maktubini oʻqiy turib, oʻpkasi toʻlib ketgan shogirdlarimiz ham boʻlgan.

Mutanosiblik asar bolada qanchalik taassurot qoldirgani bilan oʻlchanishi kerak. 10-sinf majmuasidagi “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” romani ham oʻquvchilarga “yuq”di. Ijobiy qabul qilindi. Bu yerda gʻoya yoki syujetdan ham koʻra koʻproq asarning tili koʻp narsani belgilab berdi. Aynan shu jihatni taʼkidlamoqchiman. Yaʼni asar gʻoyasini koʻtarib turadigan “tirgak” boʻlishi lozim. Bu yo oʻtkir syujet yoki badiiy asar tili yoki qoyilmaqom tarzda olib kirilgan yangi adabiy uslub ham boʻlishi mumkin. Shular boʻlmasa, bolalar uchun bu gʻoya oddiy balandparvoz soʻzlar boʻlib qoladi. Albatta, “Iliada” dostoni dunyo adabiyotining gultoji hisoblanadi. Ammo bu eposga oʻquvchilarimning “tili kelishmadi”. Asar tili qaysidir maʼnoda kitobxonlik saviyasini, maʼlum tayyorgarlikni talab qiladi. Oʻzim ham bu dostonni toʻxtab-toʻxtab, oʻyga choʻmib oʻqiganman. Asar, shubhasiz, durdona. Biroq maʼlum darajaga yetib oʻqilganda. Aslida doston qay darajada mahorat bilan oʻgirilganini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu yogʻi shunchaki mutanosiblik masalasi. Maktab adabiyoti kitoblaridagi bu jihat shoh asarlarni ham ayab oʻtirmaydi. “Odisseya” haqida ham nomutanosiblik borasidagi fikrlarni takrorlashga toʻgʻri keladi. Albatta, adabiyot oʻqituvchisi ham obrazlarni jonlantirib, asarni bola uchun soddalashtiradi va jozibasini yetkazishga harakat qiladi. Lekin oʻquvchi badiiy asar matnini oʻqib, his etishi kerak-ku? Agar hamma narsani oʻqituvchi hikoya qilib bersa, unda dars monologga aylanib qoladi.

Darslikka kiritilayotgan har bir asar oʻquvchi uni uyda yolgʻiz oʻqiydigan lahzaga moʻljallab joylashtirilishi yaxshi samara beradi. Yaʼni mualliflar asarni bolaga yetkazish masalasini pedagogning yordamisiz amalga oshirishi lozim. Deylik, maktabida adabiyot oʻqituvchisi yoʻq boʻlgan oʻquvchi darslikni mustaqil oʻqib ham qalbi larzaga kelishi lozim. Masalan, maktabda mening adabiyot ustozim boʻlmagan. Lekin adabiyot darsliklari meni “yetaklab keta olgan”. Va yana bir narsa: ilgʻor oʻquvchini emas, qoloq oʻquvchini koʻz oldiga keltirgan holda adabiyot kitobiga tartib berilsa, mantiqan toʻgʻri boʻladi. Shundagina butun sinf oʻqiy oladigan darslik paydo boʻladi. Buni darslik sifatini tushirmasdan, joʻnlashtirmasdan qandaydir umumiylikni topgan holda ham qilsa boʻladi.

Darsliklarda rasmlardan oʻrinli foydalanish yangi davr darsliklarining nafasini beradi. Qadimgi dunyo adabiyoti bobining kirish qismida oʻsha davr asarlarining aks ettirilishi, hatto devorlarga chizilgan tasvirlar orqali yaxlit va yorqin tasavvur berish – zamonaviy darslik yaratishdagi yutuqlarimizdan biridir. Dizayn boʻyicha chuqur bilimga ega emasman. Biroq oʻzimning va oʻquvchilarning darslikka boʻlgan munosabatimizdan, kitob bizga berayotgan yoqimli hissiyotdan uning dizayni aʼlo darajada degan xulosaga keldim. Asarlarning asl qoʻlyozma variantidan parchalar sahifaning chekkasida xazon rangida berilgani oʻzgacha manzarani hosil qilgan va darslik kichik muzey tusiga kirgan.

10-sinf adabiyot darsligida (2025-2026) mundarija ham oʻrniga tushgan, menimcha. Chunki deyarli har bir davrdan oʻquvchiga mos asar berilgan. Tegishli davrning batafsil maʼlumotlar bilan boyitilishi ham bolaga kerakli koʻnikmani beradi. Aynan shu qismlarda maʼlumotlar batafsil berilishi qogʻozbozlikka oʻtib ketmaydi. Darvoqe, yangi darsliklardagi tarjimai hollarda maʼlumotbozlik kasali tuzalgan. Adib “falon yili bu yerda ishlagan, falon kitoblari falon yillarda chop etilgan” qabilidagi son-sanoqsiz yillar endi yoʻq. Bu borada darslik mualliflaridan barcha minnatdor.

Milliy oʻzlikni saqlash haqida gap ochganda, “Qutadgʻu bilig” va “Devonu lugʻotit turk” asarlari darslikdan tushib qolmasligi kerakligiga urgʻu bermasak boʻlmaydi. Bu manbalar bizning tilimiz, folklorimiz, milliy ruhimiz. Har safar bu mavzulardan oldin sinfga yuzlanib: ming yil oldin tilimiz qanday holatda boʻlgani, ajdodlarimiz qanday gapirganini koʻrishni istaysizlarmi? deb soʻrayman. Oʻquvchilarga bu qiziq tuyuladi. Mavzuga eʼtiborsiz boʻlmaydi. Menimcha, inson oʻzining ildizlari bilan uchrashganida shunday diqqat bilan kuzatadi. Bu manbalar bilan bir qatorda “Toʻnyuquq”ni ham qaytarishimiz kerak adabiyot kitoblariga. Bu bitiklar qiziqarlilik bandi boʻyicha emas, milliy oʻzlik rakursidan qaragan holda majmuada muqim qolishi shart. Qolaversa, xalq qoʻshiqlari va maqollariga ham har bir darslikdan keng oʻrin ajratilishini taklif qilaman. Har bir sinfda folklor namunalari boʻlsa, milliy tafakkurimiz globallashuv taʼsirida “ola-bula” koʻrinishga kelib qolmaydi. Xalq ogʻzaki ijodiga keng oʻrin berildimi, demak, unda “bu dengizdan suv ichgan” shoirlarning xalq termalari yoʻlida bitgan sheʼrlariga ham kengroq oʻrin ajratilsa, bu oʻzini oqlaydi deb oʻylayman. Xususan, Toʻra Sulaymonning folklor yoʻlida yozgan sheʼrlariga yetarlicha oʻrin ajratilsa, yosh avlodni milliy adabiyotga, milliy ohanglarga oshno qilishda muhim vosita boʻlar edi.

Darsliklarga kitobxonni muvozanatdan chiqara oladigan asarlar kiritilishi shartligi haqida bot-bot takrorladik. Shunday savol yuzaga qalqib chiqadi: demak, “adabiyot”ga faqat oʻtmishdagi buyuk shoirlarimizni kiritish kerakmi? Yoʻq, yuqoridagi qarashlardan bunday xulosa kelib chiqmaydi. Albatta, darslikdan bugungi yosh, isteʼdodli ijodkorlarga ham oʻrin ajratilishi kerak. Alibek Anvariy, Bek Ali, Nargiza Odinayeva, Shahriyor Shavkat, marhum shoir Mansur Jumayev, Nurmuhammad Abduzoirov kabi ijodkorlar shular jumlasidan. Albatta, bu roʻyxatni davom ettirsa boʻladi. Bu avlod uchun ham “adabiyot”dan kamida 10 sahifa ajratilishiga loyiq. Har biridan hech boʻlmaganda bitta sheʼr. Nosirlardan esa kichik hikoya.

Birinchidan, oʻquvchi oʻz zamondoshining hislarini, bugungi hayot nafasini tuyishi juda muhim. Ikkinchidan, bu globallashuv davrida ham yozishdan toʻxtamagan isteʼdodlar uchun katta ragʻbat, faoliyatiga berilgan munosib mukofot boʻladi. Katta isteʼdodlarni tor davralar emas, butun xalq tanishi lozim. Qolaversa, oʻquvchilar bugungi yosh ijodkorlarning nafis ijodidan bahramand boʻlishga haqli. Masalan, maktab bolasi uchun Nargiza Odinayevaning quyidagi satrlari vatan tuygʻusini goʻzal his ettiradi:

Singlimning oʻsmasi oqmasin,

Yuziga termilib turaman.

Akamga koʻzim tik boqmasin

Yuragim egilib turaman.

Oʻzbekchilikning naqadar goʻzal tasviri. Samimiy faxr tuygʻusini beradi kishiga. Sheʼr shunday oddiy soʻzlar bilan davom etadi:

Onam sut pishirib tong sahar,

Zuhroni eng avval koʻradi.

Otamning yelkasi bir shahar –

Biz qurgan orzular turadi.

Vatan haqida mana bunday yozish ham mumkin. Sodda, samimiy, tiniq va hayotiy. Ha, aynan hayotiy. Va yurtparvarlik tuygʻusidan ancha olis boʻlgan oʻquvchiga mana shu vatan obrazi koʻproq tanish. Men yosh avlod zamondosh shoirlarining shunday sheʼrlaridan bexabar va bebahraligidan xafaman. Darslik tuzishda oliygohlarning professor-oʻqituvchilari maktab pedagoglari bilan bamaslahat ishlashi kerak ekan. Butunlay bir tarafga topshirib qoʻyilsa, oʻta ilmiy, zerikarli yoki yuzaki, silliq asarlar bilan toʻla kitoblar paydo boʻlib qoladi.

Hozir biz pedagoglar uchun bir noqulaylik paydo boʻlgan. Bir necha yildan beri amalda boʻlgan 11-sinf adabiyotidagi ayrim mavzular yangi 10-sinf darsligida ham paydo boʻlmoqda. Masalan, Mashrab ijodi, “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostoni, “Qarolar falsafasi”, “Saddi Iskandariy” dostoni va hokazolar. Albatta, navbatdagi 11-sinf kitobi yangilanib, hozirgi yangi 10-sinf darsligining mantiqiy davomiga aylanishi maqsad qilingani, shubhasiz. Lekin bu muddat choʻzilmoqda. Yaʼni bu yilgi bitiruvchilar yuqorida sanalgan asarlarni har ikkala kitobda ham oʻqidi. Oʻrinsiz takrorlash oʻquvchilarni zeriktirib, kitobga ajratilgan bir nechta sahifaning, salkam bir oʻquv choragining va bolalardagi qiziqishning havoga sovurilishiga sabab boʻldi. Chunki, har oʻn sekundda yangi video koʻruvchi avlod bir narsada, bir xillikda uzoq qolishni istamaydi. Demak, darsliklarni yangilashda ham qandaydir tizimlashtirishga muhtojmiz.

Afsuski, yangi kitoblarda maktab darsligiga yarashmaydigan uslubiy xatoliklarga ham koʻzim tushdi. Masalan, 8-sinf adabiyotida “nazardan kechirish” iborasi ohang jihatidan juda gʻaliz tuzilgan. Bizdan oldingi davr kishilariga nisbatan “Oʻtmishdoshlarimiz” soʻzi ham mantiqan xató qoʻllangan. “Sherali Joʻrayev ushbu sheʼr asosida kuylangan “Ketma, bahor” qoʻshigʻini tinglang” degan jumla nimani anglatadi oʻzbek tilida? Gapda harakatning egasi turgan boʻlsa, majhul nisbatdagi feʼlga nima bor? Majhul nisbat harakatning egasi nomaʼlum boʻlgan gapda ishlatiladi-ku?! Jumlani toʻgʻri tuzish uchun filolog boʻlish shart emas. Yuqoridagi soʻz va jumlalar kitobni varaqlab oʻtirganimda tasodifan koʻzga tashlangan xatolar. Bunday nuqsonlar qanchaligini aniq bilmayman. Biroq kelasi safar bu kamchiliklar bartaraf etilishiga ishongim keladi.

Qaysidir yangi darslikda bir roʻyxatga qoldirilgan havolaga koʻzim tushdi: Insoniyat tarixidagi eng yaxshi 100 ta asar. Muayyan bir davlat kitobxonlari ishtirokidagi soʻrovnoma ekan. Boʻlar ekan-ku! Maktab bolasi bu reyting haqida oʻsmirligidayoq “xabardor qilinmoqda”. Roʻyxatning kiritilishi darslik mualliflarining oʻquvchiga qoʻshimcha maʼlumot berish borasida zamon bilan hamnafas ekanini anglatadi. Bitta havola orqali, bitta roʻyxat bilan 100ta sara asarni tavsiya etish har jihatdan foydali usul. Bizning davr odamlarini reytinglar juda qiziqtiradi. Top-100 film, Top-1000 universitet, Eng yaxshi uch hokim va hokazo. Hamma narsani tavsiya bilan tanlayapmiz. Hatto kitoblarni ham. Bir paytlar sifatli va sifatsiz kitoblarni qoʻlga tushgan narsani oʻqib ketaverish orqali ajratganimiz esimda. Hozirgi zamon kishilari uchun vaqt yetishmayotgandek tuyuladi va nimanidir shaxsiy tajriba orqali aniqlashga intilmaydi. Kitob oʻqimoqchi boʻlsa, reyting yoki taqrizlarga tayanadi. Bolalar ham shunday. Ular oldindan yaxshi kitob ekani aniq boʻlmagan kitobni oʻqishga shoshilmaydi. Va shu zamonda bunday yondashuv mantiqiy.

Menga shogirdlarim gohida: “Kitob doʻkonidaman, qaysi kitobni tavsiya qilasiz?” deb qoʻngʻiroq qiladi. Demak, darslikda havola qoldirilgan roʻyxat oʻquvchilarning mana shunday ehtiyojini ragʻbatlantiradi. Umumiylik emas, aniqlik odamni harakatga undaydi. 100 ta asar oʻqi, deyishdan koʻra vaqt sinovidan oʻtgan 100 ta asar nomini aytish afzalroq. Shu jihatdan olib qaraganda ham mualliflar adabiyot kitoblariga juda kerakli maʼlumotlar qoʻsha olgan. Bu ham oʻquvchilarning umumiy qiziqishlarini topa olish natijasi.

Ikki yil avval bir intervyuda adabiyot darsliklari masalasiga ham toʻxtalganimda asosan kamchiliklarni tilga olgan edim. Undan beri ayrim sinf kitoblari yangilandi. Va bu safargi yangi adabiyot kitoblarida yorqinlik bor. Albatta, fikrlarimiz nisbiy ekanini unutmaymiz. Har qanday darslikdan yutuqlarni ham yetishmovchiliklarni ham topish mumkin. Biroq bu safargi adabiyotlarda yutuqlar kamchiliklarni bosib keta oladigan darajada koʻpligi barchamizga bir oz boʻlsa-da qoniqish tuygʻusini beradi. Albatta, birgina uzuq-yuluq maqolada butun darslikni, barcha jihatlarni qamrab olish imkonsiz. Oʻylaymanki, bu mavzu hali davom etadi va har safar adabiyot kitoblarining ochilmagan qirralari tahlil qilinadi. Muhimi, darslikni sayqallash yoʻlida maqsadlarning mushtarak boʻlishi.

Vaqtlar oʻtadi, oʻquvchilarning kitoblari yangilanaveradi, lekin “Qochoq” hikoyasida Tursunboy oʻz onasi dafn etilayotganida ham qamishlar orasidan qarab turib, borolmagani manzarasi oʻquvchining xotirasida chuqur iz qoldiradi. Yangi-yangi asarlar kiritiladi, ammo bolalar “Chinor” romanida kondagi portlashdan keyin Akbaralining har kuni oʻz qabriga qarab vijdon azobida qolishi tasvirini unutmaydi. Kitoblarga yuzlab asarlar kiritiladi, ammo “Asrni qaritgan kun” asarida onasiga oʻq uzgan Joʻlomon, otasining vasiyatidan boʻyin tovlab, padarini tezroq duch kelgan joyga dafn etib ishiga qaytishga oshiqqan Sobitjonni boshqacha his-tuygʻu bilan eslaydi. Koʻp mavzular oʻzgaradi, biroq oʻquvchilar Yangulini, “Hellados”ni qalbida mangu saqlaydi. Xullas, darsliklar qancha yangilanmasin, bola qalbini zabt etuvchi mana shunday asarlargagina oʻrin berilishi kerak. Shu tariqa orzudagi adabiyot darsligini oʻqiymiz va oʻqitamiz. Ana shundagina adabiyot fani katta qalbga ega millatni tarbiyalay oladi.

Oybek MAMATALIYEV,

Surxondaryo viloyati 45-sonli umumiy

oʻrta taʼlim maktabning adabiyot fani oʻqituvchisi

Tahririyatdan: Oʻqituvchi boʻlsangiz, siz ham darsliklarni tahlil qilgan maqolangizni  @oyinauz_bot manziliga yuborishingiz mumkin.