...ilm-maʼrifat, maʼnaviy va intellektual taraqqiyot jamiyat ravnaqining hal qiluvchi kuchi...
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi xalqaro forumi ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida bugungi murakkab va tahlikali davrda ilm-fan, maʼrifat, madaniyat hamda yuksak axloqiy qadriyatlar tinchlik, oʻzaro ishonch va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori ekanini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari islom sivilizatsiyasi asrlar davomida jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshganini, Yangi Oʻzbekiston esa buyuk ajdodlar merosini chuqur oʻrganish, asrab-avaylash va keng targʻib etishni davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida izchil davom ettirayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Prezident Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda Sharq va Gʻarbni, tarix va zamonaviy ilmni bogʻlovchi nufuzli xalqaro ilmiy-gumanitar maydonga aylanayotganini taʼkidlab, barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlarni ilm, maʼrifat va oʻzaro hamkorlik yoʻlida birgalikda harakat qilishga chaqirdi.
"Biz ilm va maʼrifat zamonamizning eng buyuk birlashtiruvchi kuchi ekaniga, uning bunyodkorlik asosi, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori boʻlib qolishiga qatʼiy ishonamiz", — deyiladi Prezident murojaatida.