Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam, deb atadi.

Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan 282 kilometrlik olti polosali avtomagistralda 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi barpo etiladi. Yo‘l yuqori tezlikdagi transport harakatiga mos monolit beton qoplama bilan quriladi.

Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 60–80 mingtagacha transport vositasiga xizmat ko‘rsatadi, yuk tashish tannarxi esa 20-24 foizga kamayishi kutilmoqda.