📝 Prezident tomonidan "Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida"gi Konstitutsiyaviy qonun imzolandi.
Bu joriy yilning eng muhim iqtisodiy yangiliklaridan biri hamda qariyb oʻn yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan tizimli islohotlarimizning mantiqiy natijasidir,- deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.
📌 Ushbu hujjat mamlakatimizda xalqaro standartlarga mos moliyaviy infratuzilmani shakllantirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va Oʻzbekistonning xalqaro kapital bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan muhim institutsional islohot hisoblanadi.
✅ Toshkent xalqaro moliya markazi hududida investorlar va moliyaviy tashkilotlar uchun alohida huquqiy rejim joriy etiladi. Markazda mustaqil moliyaviy regulyator, Toshkent xalqaro tijorat sudi va nizolarni hal etishning zamonaviy mexanizmlari faoliyat yuritadi. Bu esa xalqaro investorlar uchun huquqiy kafolatlar va barqaror biznes muhitini taʼminlashga xizmat qiladi.
🔅 Yangi markaz bank va investitsiya xizmatlari, kapital bozori, sugʻurta, islom moliyasi, fintex, raqamli aktivlar, aktivlarni boshqarish, yuridik va konsalting xizmatlarini qamrab olgan zamonaviy moliyaviy ekotizim sifatida rivojlantiriladi.
❗️ 2030- yilgacha mazkur tashabbus orqali 20–25 mlrd AQSH dollarigacha qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilish, iqtisodiyotning yillik oʻsishiga qoʻshimcha hissa qoʻshish, 15 minggacha yuqori malakali ish oʻrni yaratish va 10 ming nafar mutaxassisning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
✅ Bu esa xususiy sektorni rivojlantirish, innovatsion moliyaviy xizmatlarni kengaytirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
📌 Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi – Oʻzbekistonning ochiq, raqobatbardosh va xalqaro moliyaviy tizimga chuqur integratsiyalashgan iqtisodiyotni barpo etish yoʻlidagi muhim strategik qadamidir.