Yangi qonun bolalarni zoʻravonlikdan asrash, ularning huquqlarini kafolatlash va bolaga ozor yetkazganlar javobgarligini kuchaytirish yoʻlida muhim qadamdir.
Bolalik inson umrining eng begʻubor, eng nozik davri. Bu davrda bolaga mehr berish, uni asrash va toʻgʻri tarbiyalash nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning burchidir. Zero, bolani himoya qilish ertangi kunimizni, millatimizning maʼnaviy qiyofasini va kelajagimizni himoya qilish demakdir.
2026-yil 14-oktabrda qabul qilingan «Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Qonunning eng muhim jihati bola huquqlarini qogʻozda emas, amalda himoya qilishga qaratilganidir.
Unga koʻra, bolalarga nisbatan jismoniy, ruhiy va jinsiy zoʻravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ayniqsa, bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlashda qatʼiyroq yondashuv belgilanmoqda. Bolani tarbiyalash va unga taʼlim berish masʼuliyatini zimmasiga olgan xodimning zoʻravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilishi esa taʼlim muassasalaridagi xavfsizlik va masʼuliyatni oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik zoʻravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh boʻlgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish imkoniyatining belgilanishidir. Bu bolaning yolgʻiz emasligini, uning ovozi eshitilishi va huquqlari himoya qilinishi kerakligini anglatadi. Shuningdek, bolaga yaqin qarindoshlari tomonidan zoʻravonlik sodir etilgan hollarda vasiylik va homiylik organlari vakillarining ishtirokini taʼminlash hamda soʻroq qilish jarayonida qoʻshimcha kafolatlar yaratish nazarda tutilmoqda.
Qonun ota-onalarning masʼuliyatini ham kuchaytiradi. Bolaning asosiy ehtiyojlarini qasddan qondirmaslik, uning sogʻligʻi va rivojlanishiga beparvo qarash ham javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Demak, bolani dunyoga keltirishning oʻzi kifoya emas uni asrash, tarbiyalash, taʼlim berishi va munosib sharoit yaratish ham ota-onalik burchidir.
Shu bilan birga, bolalar uchun zararli axborot tarqatganlik, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar qarorlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu esa bola xavfsizligi faqat oila yoki maktab doirasida emas, balki axborot muhiti va jamoatchilik hayotida ham taʼminlanishi zarurligini koʻrsatadi.
Qonunning maʼnaviy ahamiyati shundaki, u jamiyatni befarqlikdan masʼuliyatga, sukutdan himoyaga, jazolash bilangina cheklanishdan esa zoʻravonlikning oldini olishga chorlaydi.
Albatta, eng yaxshi himoya zoʻravonlik sodir etilganidan keyin chora koʻrish emas, uning oldini olishdir. Buning uchun oilada mehr va ishonch muhitini yaratish, maktabda bolaning shaʼnini hurmat qilish, har bir murojaatga befarq boʻlmaslik va bolaga nisbatan zoʻravonlikni «tarbiya usuli» deb oqlamaslik lozim.
Zero, bola qoʻrquv bilan emas, mehr bilan ulgʻayishi kerak. Uning koʻz yoshiga befarq qaralgan joyda adolat zaiflashadi, huquqlari himoyalangan joyda esa ishonch va ezgulik mustahkamlanadi.
Yangi qonunning haqiqiy samarasi uning moddalaridagina emas, balki har bir oila, har bir taʼlim muassasasi va har bir fuqaroning munosabatida namoyon boʻladi.
Bolani asrash qonun talabi, vijdon amri va insoniylik mezonidir. Har bir bola xavfsiz yashashga, mehr koʻrishga va baxtli kelajakka haqli!
Bahora AHMEDOVA
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari maslahatchisi